Yaponiya deganda koʻz oʻngimizda dunyoni texnologiya moʻjizalari bilan lol etgan, taraqqiyot dolgʻalariga qaramay, milliy qadriyatlarini saqlab qolgan, qisqa muddatda obod va maʼmur davlat barpo qilgan oʻlka gavdalanadi. Darhaqiqat, mehnatkash-u mirishkor, bunyodkor-u ijodkor, kamtarin-u kamsuqum bu millatdan juda ko‘p jihatlarni oʻrganish mumkin.
Sirtdan qaraganda, yaponlar hamma-hammasiga tugʻma xislatlari bois erishgan degan yanglish xulosaga kelish mumkin. Aslida esa... Keling, asl haqiqatni Yaponiya taraqqiyot modelini bir qur tahlil qilgach, maqolaning xulosasida bayon etaylik.
Hayot-mamot masalasi
Asosan Yaponiyaning buguni haqida maqola-yu risola oʻqigan mushtariy, ehtimol, bu fikrimizni dafʼatan qabul qila olmasligi mumkindir, ammo oʻtgan asrning 80-yillarida kunchiqar oʻlka taʼlim-tarbiya borasida ulkan muammolar domida qolgan edi. Muallimlarga nisbatan hurmatsizlik, sinfxonalardagi tartibsizlik, darsdan boʻyin tovlash kabi illatlar butun mamlakat boʻylab tarqalgan edi. Oʻquvchilar oʻrtasida mushtumzoʻrlik, noravo muomala-munosabat keng quloch yoygani ham taʼlim-tarbiya islohtalab ahvolda ekanidan dalolat berardi. Boz ustiga, oʻsmirlarning ijtimoiy masʼuliyatdan qochishi, shaxsiy manfaat va boylikka ruju qoʻyishi, hoy-u havaslarga berilishi oqibatida mayda huquqbuzarliklar koʻpayib ketgan edi.
Ulug‘ maʼrifatparvar adib, oʻzbek pedagogikasining otalaridan biri Abdulla Avloniy “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur”, deganda yuz karra haq edi. Yapon faylasufi Fukudzava Yukitining “Mamlakat hurriyati va shaʼnini munosib himoya qilmoq uchun, avvalo, millatning intellektual salohiyatini oshirish kerak” degan fikri ham Avloniy nuqtayi nazariga hamohangdir.
Taʼlim-tarbiya millat kelajagini belgilovchi bosh omil ekanini teran anglagan yaponlar bu jabhada jiddiy islohotlar oʻtkazishga kirishdi.
Birinchi navbatda, taʼlimga oid qonunchilik meʼyorlari tubdan yangilandi. Jumladan, 1947-yildan amal qilib kelgan taʼlim toʻgʻrisidagi qonun jamoa ruhiyati, oʻzgalarga gʻamxoʻrlik, anʼanalarni hurmat qilish, xudbinlikni cheklab, xalqsevarlikni kuchaytirish tamoyillari asosida takomillashtirildi. Maktabning vazifasi shunchaki bilim berish emas, balki masʼuliyatli, millatsevar fuqaroni tayyorlash etib belgilandi.
Ikkinchidan, odob-axloq darslariga jiddiy eʼtibor qaratildi. Jumladan, 2018-2019-yillardan boshlab “dotoku” (odob-axloq) ixtiyoriy mashgʻulotdan majburiy fanga aylantirildi. Eng muhimi, ushbu fanning metodikasi zamon talablari asosida yangilandi: bolalarga “yolgʻon gapirmanglar” qabilidagi quruq vaʼzxonlik, zerikarli didaktika oʻrniga real hayotiy vaziyatlar (keyslar) asosida saboq berish yoʻlga qoʻyildi.
Uchinchidan, kenja avlodga mehnatsevarlik fazilati singdirila boshladi. Xususan, “osoji” amaliyoti doirasida oʻquvchilar oʻz maktabi, sinfxonalarini tozalashga odatlandi. Vazirning farzandi ham, zavod ishchisining farzandi ham bab-baravar peshona teri toʻkish koʻnikmasini oʻzlashtirdi. Buning ortidan yapon maktablarida farroshlarga ehtiyoj qolmadi.
Qonun, axloq va amaliyot uygʻunligida koʻrilgan chora-tadbirlar qisqa muddatda oʻz mevasini berdi. Maktablarda tartib-intizom tiklandi, taʼlim sifati yuksaldi, oʻquvchilar orasida jinoyatchilik kamaydi. Hozir Yaponiya maktab taʼlimi dunyoda eng yuqori oʻrinlardan birini egallaydi. Oʻquvchilarning savodxonlik darajasi deyarli 100 foizni tashkil etadi. PISA tadqiqotlarida yapon oʻquvchilari matematika, tabiiy fanlar va oʻqish savodxonligi boʻyicha doimiy ravishda kuchli beshtalikka kiradi.
Yapon futbol muxlislari jahon chempionatlari va xalqaro musobaqalarda oʻyindan soʻng stadion tribunalarini tozalab ketishi bilan tilga tushgan. Bu odat ham yaqin yillarda taʼlim-tarbiya sohasida amalga oshirilgan choralar mahsulidir.
Albatta, “Har toʻkisda bir ayb”, deganlaridek, Yaponiya taʼlim muassasalarida kamchiliklar ham talaygina va biz bu tizimni ideallashtirish fikridan yiroqmiz. Ammo kunchiqar oʻlka taʼlim islohotlari borasida koʻrsatgan iroda, jasorat, tizimlilik, masʼuliyat, kreativlik xususiyatlaridan ibrat olish lozim.
Sabr qilsang, gʻoʻradan halvo bitar
Yoʻlingiz tushib, Yaponiyaning Tokio, Osaka, Nagoya kabi shaharlariga borsangiz, jamoat joylaridagi tartib-intizom va orastalikni koʻrib hayratga tushishingiz aniq. Bir necha oʻn millionli megapolislarda kiroyi ozodalik va qoyilmaqom intizomni taʼminlash uchun qancha xarajat, qancha harakat qilmoq kerak?!
Inglizlarda “Rim bir kunda bunyod boʻlmagan” degan naql bor. Oʻzbekona aytganda, bu “Sabr tagi – sariq oltin” yoki “Sabr qilsang, gʻoʻradan halvo bitar”, degani. Yaponlar ham jamoat joylarida hozirgidek tozalik va intizomga temirdek chidam, poʻlatdek iroda evaziga erishgan.
1970-yillarda Tokioda “chiqindi urushi” deb nom olgan ijtimoiy mojaro roʻy bergan: poytaxt tumanlari bir-birining chiqindisini qabul qilishdan bosh tortgan. Odamlarning koʻcha-koʻyga keraksiz roʻzgʻor anjomlari, televizor-u muzlatkich kabi eski buyumlarni kishibilmas tashlab ketishi odatiy holga aylangan edi. Oqibatda shahar-u qasabalarda chiqindi togʻlari hosil boʻlgan. 1981-yilda vokzallar atrofida bir millionga yaqin nosoz velosiped tashlab ketilgan. Jamoat joylarida tamaki chekish ommaviy tus olgan edi. Poyezd yoki metroda baland ovozda suhbatlashish, janjallashish, jamoat transportida mast holda uxlab qolish holatlari ham koʻp uchrardi.
Davlat va jamiyat bir yoqadan bosh chiqargan holda ushbu illatlarga barham berish yoʻlida keng koʻlamli choralarga kirishdi. Tozalikni taʼminlash maqsadida 2001-yilda maishiy texnikani qayta ishlash toʻgʻrisidagi qonun qabul qilindi. Noqonuniy chiqindi tashlagan jismoniy va yuridik shaxslarga yuz millionlab iyena jarima, qamoq jazolari joriy etildi. Chiqindi saralashni nazorat qilish politsiya emas, balki mahalla qoʻmitalariga yuklandi. Jamoat maskanlarida chekish uchun otning kallasidek jarima tayinlandi. Notoʻgʻri saralangan chiqindini maxsus stiker yopishtirgan holda egasiga qaytarish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Bu esa yaponiyaliklar uchun uyatli holat darajasiga olib chiqildi.
Qiziq vaziyat shuki, yaponlar koʻcha tozaligini saqlash uchun chiqindi qutilarini koʻpaytirmadi, aksincha, kamaytirdi. Natijada odamlarda chiqindisini oʻzi bilan olib ketish va saralash masʼuliyati paydo boʻldi. Farroshlar shtati ham keskin qisqardi.
Kashandalik qatʼiy tartibga solindi: aholi gavjum joylarda kuchli ventilyatsiya tizimi oʻrnatilgan maxsus chekish xonalari qurildi.
Ichimlik idishlarini toʻplash tizimlashtirildi: avtomatlardagi teshiklar faqat idish sigʻimiga mos boʻlgani plastik idishlarning 90 foizidan ortigʻini darhol qayta ishlash zavodiga yoʻnaltirish imkonini berdi.
Sirasini aytganda, chiqindini saralash madaniyati va jamoat nazorati yaponlarni eng intizomli tabiat muhofizlari – ekologlarga aylantirdi. Taʼsir va taʼzir choralari orqali shaharlar noqonuniy qoʻyib ketilgan transportdan butunlay tozalandi. Yaponiya shaharlari dunyodagi eng ozoda, musaffo hududlar roʻyxatidan oʻrin oldi. Megapolislarda ham koʻchalarning yog‘ tushsa yalagudek holatda ekan, hatto ariq va kanallarda baliqlar suzib yurishi... chindan-da, havas qilsa arziydigan natija!
Jamoat joylarida osoyishtalik va intizom oʻrnatish boʻyicha oqilona usullar qoʻllandi. Masalan, lingvistik muhandislik usuliga muvofiq, mobil operatorlar smartfondagi “Ovozsiz rejim”ni “Odob rejimi” deb oʻzgartirdi.
Tartib-intizom va madaniyatni targʻib etishda OAV va sanʼat kuchidan unumli foydalanildi. Masalan, 2008-yildan Tokio metropolitenida “Iltimos, bunday xatti-harakatlarni uyingizda qiling!” degan kampaniya doirasida har oy yangilanadigan vizual posterlar turkumi eʼlon qilindi. Karikatura ruhidagi posterlar orqali bamisoli jamiyat ahliga koʻzgu tutildi. Jamoat nazorati kuchayib, politsiyaga zarurat kamaydi. Pirovardida, jamoat transportida shovqin-suron solish, telefonda soʻzlashish holatlari butunlay yoʻqoldi. Odamlarda oʻzgalarga hurmat hissi mustahkamlandi. Deylik, bugun Yaponiya jamoat transportidagi tirband vagonda yoʻlovchining sumkani orqasiga osib olishi, oyoqlarni yoyib oʻtirishi, hoʻl soyabonni ochiq holda avtobusga olib chiqishi kabi kichik qusurlarga ham barham berilgan.
“Dil ba yor-u dast ba kor”: unutilgan hikmat
Yapon moʻjizasining bizga zarur yana bir yoʻnalishi rahbarlik madaniyatining islohidir. 1990-yillargacha bu mamlakatda rahbarning qoʻl ostidagi xodimlarni boshqalar oldida haqorat qilishi, hujjatni yuziga otishi “qattiqqoʻl boshqaruv usuli” deb xaspoʻshlanar edi. Vaqt oʻtishi bilan inson qadr-qimmatini poymol etuvchi ushbu holatga huquqiy baho berildi. 2000-yillarda rahbarlarning vakolatdan foydalanib zoʻravonlik qilishi (pava xara) faol muhokama qilindi. Jamoatchilik taklifi asosida Yaponiya parlamenti bunga doir maxsus qonun qabul qildi. Unda xodimni tahqirlash, kamsitish, unga asossiz ravishda ortiqcha ish yuklash huquqbuzarlik deb belgilandi. Barcha kompaniyalarda anonim shikoyat tizimi yaratildi. Yuqorida zikr etilgan xatti-harakatlarni sodir etgan mansabdorlarga keskin choralar qoʻllandi. Shu tariqa yapon mansabdorlari xodimlarga qoʻli-yu ovozini koʻtarish odatidan voz kechdi. Boshqaruv va rahbarlik madaniyati yuksaldi.
2016-yilda yangi Oʻzbekistonda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak!” degan talab ilgari surildi. Bu – Yaponiya tajribasiga mushtarak, balki undan-da kengroq tamoyil. Bu ikki hayotbaxsh yondashuv bir-birini toʻldirishi aniq.
Kunchiqar oʻlka ziyolilarini xavotirga solayotgan yana bir jihatni aytib oʻtmasak boʻlmaydi. Globallashuv jarayonining kuchayishi, Gʻarb madaniyatining kirib kelishi ortidan yaponlar oʻz tarixiy ildizlari, qadriyatlaridan uzilish xavfiga roʻbaro‘ keldi. Mamlakat gʻarbona individualizm, isteʼmolchilik kayfiyatining kuchayishi, oila institutining zaiflashuviga sintaviylik, buddaviylik taʼlimotlari va adabiyot, sanʼat, madaniyat vositasida javob berishga intilmoqda.
Keyingi vaqtlarda bizning jamiyatimizda mehnatga munosabat oʻzgarmoqda. Ayrim vatandoshlarimizda jismoniy mehnatdan uyalish, “Farzandim qora ishda ishlamasin” qabilidagi yondashuv, deylik, farrosh yoki ofitsiantga nisbatan past nazar kuzatilmoqda. Yaponiyada mehnat qilish kult darajasiga chiqqan. Yuqorida qayd etganimizdek, bolalar maktabdanoq mehnatga oʻrgatiladi. Hatto pensiyaga chiqqan qariyalar ham maoshdan voz kechib boʻlsa-da, jamiyat koriga yaraydigan biror faoliyat bilan shugʻullanadi.
Shu oʻrinda ulug‘ mutasavvif Xoja Bahouddin Naqshbandning “Dil ba yor-u dast ba kor” (Qalbing Yaratganda, qoʻling mehnatda boʻlsin) hikmatini yodga olish lozim. Naqshbandiya tariqatining tamal gʻoyasi boʻlmish ushbu hikmat vositasida oʻz davrida jamiyatda tilanchilik, tarkidunyochilik rad etilib, halol luqma topish ibodat darajasiga koʻtarilgani holda oʻziga xos inqilobiy islohot oʻtkazilgan edi.
Yaponlarga xayrixoh ekanimiz sababi nimada?
Hech eʼtibor qaratganmisiz, biz Yaponiyaga oʻzgacha havas, ayricha xayrixohlik bilan qaraymiz. Masalan, Germaniya yoxud AQSh erishgan yutuqlarni koʻrganimizda qalbimizning tub-tubida “Harholda ular Gʻarb davlatlari” degan taskin-tasalli uygʻonadi. Ammo yaponlar erishgan muvaffaqiyatlarni koʻrganda “Buni biz ham qila olamiz, axir, biz ham Sharq vakilimiz” degan umidbaxsh fikr oʻtadi xayolimizdan. Darhaqiqat, oʻzbek va yapon millatlari oʻrtasida mushtarak, uygʻun jihatlar talaygina.
Bizda ham tozalik, ozodalik ilohiy majburiyat darajasiga koʻtarilgan. Bu talabga rioya eta olmayotganimiz – boshqa masala. Ota-bobolarimiz nonning ushogʻini ham ehtiyotlagan, yegulik isteʼmolimi, engil-bosh kiyishmi – hamma masalada isrof, uvoldan hazar qilgan. Kunchiqar oʻlkaning “mottainay” falsafasi ham isrof, uvoldan saqlanishni targʻib etadi.
Boshqalarga yuk boʻlmaslik, oʻzgalarda tashvish uygʻotmaslik (meyvaku kakenay) yapon tarbiyasining oʻzagini tashkil etadi. Bu oʻzbekona andishaga uygʻun tushunchadir.
Yaponlarda jamoat nazoratining “haji” deb atalgan qudratli mexanizmi mavjud. Jinoyat yoki axloqsizlik qilgan odamning sharmandaligi butun oilasiga, u ishlaydigan jamoaga ham tegadi. “Uyat – oʻlimdan qattiq”, deganlaridek, nomaqbul xatti-harakatni sodir etgan shaxs uchun jamoatchilik nafrati eng oliy jazo sanaladi. Korrupsiya yoki ogʻir jinoyatlar bilan bogʻliq holatlarni qoʻyaturaylik, hatto majlisga kechikish kabi uzrli koʻriladigan holatlarda ham yapon mansabdorlari, yirik kompaniya rahbarlari xalqdan, hamkasblaridan bosh eggan holda kechirim soʻrashi odati ham ayni shu “haji” tushunchasi bilan izohlanadi.
Bizda ham el-yurt qarshisida sharmanda boʻlish oʻlimdan-da ogʻir musibat sanaladi. Birgina “Falon ishni qilsang, uyat boʻladi!” degan tanbeh, ogohlantirish zamirida andisha, oriyat va nomus tuygʻulari mujassam.
Bizning mahalla boshqaruvimiz va yaponlarning “chonaykay” tizimi ham koʻp jihatdan bir-biriga mos keladi.
Ikki xalq oʻrtasidagi egizak xislatlar, mushtarak jihatlar haqida koʻp va xoʻb yozish mumkin. Qissadan hissa shuki, biz millatimizga butkul begona boʻlgan tajribani oʻrganish va tatbiq etish haqida emas, balki oʻzimizda mavjud boʻlgan, muayyan omillar sabab unutilgan xislat va fazilatlarni qayta tiklash haqida gapirmoqdamiz. Eng muhimi, yapon tajribasidan foydalanar ekanmiz, xoh taʼlim-tarbiya, xoh madaniyat, xoh shaharsozlik jabhasida boʻlsin, oʻzgarish va islohotlarni davlat – jamiyat – xalq birligida, kompleks chora-tadbirlar vositasida amalga oshirishimiz lozim.
Prezidentimiz 2025-yil dekabrda Yaponiyaga tarixiy tashrifi davomida imperator Naruxito, bosh vazir Sanae Takaichi bilan muzokara oʻtkazdi. Ushbu uchrashuvlarda ham oʻzbek va yapon xalqlari geografik jihatdan bir-biridan olis boʻlishiga qaramay, ularni mentalitetlar, urf-odatlar va oilaviy qadriyatlar oʻxshashligi, shuningdek, ildizlari Buyuk ipak yoʻli davriga borib taqaladigan koʻp asrlik tarixiy aloqalar bogʻlab turishi qayd etildi. Chindan-da, ikki xalq maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-ijodiy salohiyat borasida ham bir-birini toʻldirishi aniq.
“Millatning billurlanishi”
Nihoyat, maqola debochasida koʻtarilgan masalaga yetib keldik. Ayon boʻlmoqdaki, yapon moʻjizasining siri ushbu millatning tugʻma fazilatlarida emas, balki aql-zakovat, sabr-matonat bilan amalga oshirilgan madaniy islohotlarda, mashaqqatli izlanishlarda! Ulug‘ tarjimon va adabiyotshunos Ibrohim Gʻafurov millatning oʻzini tarbiyalashi, komillik sari intilishini “millatning billurlanishi”, deb atagan edi. Bugun biz havas qilayotgan Yaponiya ham 25–30 yilda “billurlanish” jarayonini bosib oʻtdi. Bu borada qonunchilik amaliyoti, jamoatchilik nazorati, zamonaviy pedagogik yondashuvlar, axboriy vositalardan unumli foydalanildi. Milliy-diniy anʼana va koʻp asrlik falsafiy qarashlar esa poydevor vazifasini oʻtadi.
Diqqatga molik jihat shuki, islohotlar jarayonida nafaqat shaharlarning tashqi qiyofasi, infratuzilmalar, balki insonlarning dunyoqarashi, tafakkuri ham oʻzgardi, anʼanalar yangilandi. “Bir qilgan – madad, ikki qilgan – odat”, deydilar. Dastlab piyoda yoki haydovchilar jarima jazosi yoxud jamoatchilik dashnomidan qoʻrqqan holda svetoforning taqiq ishorasiga itoat etgan boʻlsa, chorak asr ichida qizil chiroqqa boʻysunish yangi avlod uchun tabiiy refleksga aylandi. Buni bemalol “madaniyat muhandisligi” deb atash mumkin.
Yapon tajribasi yuksak madaniyat xalqning genetik xususiyati emas, balki davlat va jamiyat birgalikda amalga oshiradigan uzoq muddatli loyiha ekanidan dalolat beradi. Alqissa, dunyoda biror-bir inson ona qornidan donishmand boʻlib tugʻilmaydi. Millatlar ham taʼlim-tarbiya orqali takomil kasb etadi. Prezidentimiz boshchiligidagi ulkan islohotlardan koʻzlangan ezgu maqsad ham shu: tarixiy anʼanalar, boy meros va zamonaviy ilm-fanga tayangan holda millatimizning maʼnaviy saviyasi, intellektual darajasini yanada yuksaltirish va Uchinchi Renessans poydevorini shakllantirishdan iborat.
Toshkentdagi “Fozil ota” qabristonida Ikkinchi jahon urushidan keyin asir oʻlaroq yurtimizga kelib qolgan oʻnlab yapon askarlari mangu qoʻnim topgan. Bu qabristonni obod qilishda bir oʻzbek oilasining uch avlodi – Fozil ota, Miroqil Fozilov va Xurram Fozilovning xizmati katta. Darvoqe, 40 yil davomida mazkur qabristonni obod qilib kelgan Miroqil Fozilov 2017-yilda Yaponiyaning “Koʻtarilayotgan quyosh, kumush nurlar” imperatorlik ordeni bilan taqdirlangan.
“Fozil ota” qabristonida har yili mart oyida sakura gullaydi. Qiygʻos gullab barchaning koʻngliga koʻklam iliqligini olib kiruvchi bu ogʻochlar yigirma yilcha muqaddam Yaponiyadan keltirib ekilgan. Qarangki, yapon sakurasi oʻzbek tuprogʻida oʻz vatanidagidek unib oʻsmoqda. Bu shunchaki shoirona metafora emas, real faktdir. Demak, oʻzga xalqning ilgʻor madaniyati urugʻini zaminimizga qadab gʻamxoʻrlik qilsak, u ildiz otadi, gullaydi va moʻl-koʻl hosil beradi. Zero, taraqqiyparvar gʻoyalar, ilgʻor qarashlar butun insoniyatning mulkidir.
Olimjon DAVLATOV
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2026-yil 2-sentyabr, 181-son.
“Oʻzbek zaminida gullagan yapon sakurasi” maqolasi