Vatan
Juda kichkina edim – eshitayotgan yangi soʻzlarimga izoh soʻraydigan vaqtim. Momom qaysidir boʻyinsasining uyiga mehmonga borib kelib, falonchi bir vatan solibdi, bir vatan solibdi, deb Enamga gurung berdi. Bir muddat ichimda “vatan” nimaligi haqida oʻyladim. Tiniq tasavvur topmagach, tomorqada yer chopayotgan boboming yoniga bordim (bobom ketmonni yerga har urganda ich-ichidan “hih” degan ovoz chiqarardi), vatan nimaligini soʻradim. Bobom bir muddat ketmoni dastasiga suyanib atrofga sinchiklab boqdi, keyin uyimizni, tuproqda oʻynayotgan ukalarimni, ulkan, yam-yashil bogʻimizni, oʻchoqda choy qaynatayotgan qaddi egik momomni koʻrsatdi (esimni taniganimdan boshlab momom engashib yurardi. Nega unday yurishini soʻraganimizda, Xudoga salom berib yuribman, derdi). Eng chiroyli narsalar “vatan” dedi. Men uyga qarab chopdim. Vujudimda bir narsa boshlandi, koʻnglim ichimga sigʻmay anchagacha yugurdim. Eng chiroyli vatan biznikida, deb baqirib yugurdim. Bobom kulib tomosha qilib turdi. Biron harakatimizga bobomning jilmayib qarashi tasdiq, toʻgʻri degan xulosani anglatardi.
Bahor kunlarining birida bobom bilan adirga qoʻy haydadik. Yomgʻirdan oldingi shamol esib, ajib boʻylarni olib keldi, yuragim hapqirib ketdi. “Bobo, vatanning isi kelyapti”, dedim. Bobom yana jilmayib, yelkamga alqovli qoqib qoʻydi. Shundan keyin vatanning sarhadi kengayib bordi.
Bobomning qaysi oʻgit, momomning qaysi rivoyatlari taʼsirida, bilmadim, keyinchalik uyimizning ertasi uchun peshonam terlab ish qilmagan kunim, ota-onam qancha qistamasin, ishtaha bilan, osh boʻlib ovqat yeyolmaydigan boʻldim. Boʻynimdagi vazifamni sidqidildan maromiga yetkazmasam, oʻzimni vatanga xiyonat qilayotgandek his etardim (Xudo kechirsin, oʻsha vaqtlarda Xudo va Vatan chegaralarini farqlolmasdim). Koʻchada koʻrgan har qaysi odamimga vatandoshligi uchun qoʻlini siqib, minnatdorchilik bildirgim keladigan davrlarni ham yashab oʻtdim.
Ustoz
Sinfimizning eng aʼlochisi boʻlganman. 1-sinfdan boshlab sinf sardori edim (bu maʼlumotni mazkur voqeada oʻzimni oqlash uchun keltiryapman, chogʻi). 2-sinfda ustozimiz “Ertaga maktabga kelmasligimizni, qishloqning boshida toʻy boʻlayotgani, hammamiz oʻsha toʻyga borishimiz”ni tayinladi. Uyga kelib ustozimning bor gapini bobomga (uydagi barcha qarorlarni bobom belgilardi) aytdim. Ertalab esa dalaga mol haydab ketdim. Tushda bir sinfdoshim maktabdan kelayotganini koʻrdim. Unga “bugun ustoz maktabga bormasligimizni aytgandi-ku”, dedim. U ustoz bu gapni bizni sinash uchun aytganini, maktabga mendan boshqa hamma borganini bildirdi. Ustozdan juda xafa boʻldim. Ichimda tushuniksiz hislar dovul koʻtardi.
Ertasi maktabga bordim. Ustozim kecha nega kelmaganimni soʻradi. Ustozdan xafaligimga diqqat qaratib, shu vaziyatgacha biron bahona oʻylab qoʻymagan ekanman. “Oʻzingiz kelmanglar, toʻyga boringlar degandingiz-ku”, deyolmadim. Tilimga kelgan yolgʻonni aytdim. Bobom kasal boʻlib qoldi, yolgʻiz oʻzini qoldirmaslik uchun men yonida oʻtirdim, dedim (Unda hali dunyoda eng ishongan insonlarim bobom va ustozim edi. Ular yolgʻon gapirmasdi, xato ish qilishmasdi – insoniylikni shu jihatlar belgilaydi deb oʻylardim). Ustozim boshqalar qarasa boʻlmasmidi, degan savolni “post” qilgandi, barcha oila aʼzolarimning band boʻlgan ishlarini sanab beraverdim. Ustozimga yolgʻonni yodlangan sheʼrdek aytdim-u, koʻz oldimda dunyoni suv bosayotgani tasviri aylanaverdi. Ichimda ustozimdan juda xafa boʻldim, meni shu yolgʻonlarni eng hurmat qiladigan insonimga gapirtirayotgani uchun.
Ustozlarni uyida ham yangi kiyimda yuradi deb oʻylardim (4-sinflargacha ustozlarni uy kiyimida koʻrmaganman. Birinchi marta eski kiyimda, boshqalar qiladigan yumushlarni qilayotganini koʻrganimda hayotdan xafa boʻlib ketganman). Ustozlar aytgan har qanday gap toʻgʻri, rost deb oʻylaganman. Hozir ham ustozlarning koʻnglimdagi maqomi oʻzgarmagan. Umrim oyoqlagan sayin ustoz maqomi (xilqati), bahosini teranroq anglab boryapman!
(Hozir ustozimning oʻsha gapiga ishonib (garchi sinfdoshlarim nazdida sinfimizdagi eng anqov oʻquvchi “bahosi”ni olgan boʻlsam-da) maktabga bormaganim uchun oʻzimdan xursand ham boʻlaman.)
Odamlar
Hali maktabga bormasdim, “Otalar soʻzi”da bir mushtipar ona taqdiri koʻrsatildi. Himoya qilib turadigan nevara armiyaga ketgach, oʻgʻil va kelin buvini qariyalar uyiga topshiradi. Buvining joni uzilayotganda oʻgʻil uyida doʻstlariga “oʻtirish” qilayotgandi. Buvi qoʻlini choʻzib, bolalariga ilhaq joni uziladi.
Momom bilan Enam menga ishora qilib shivirlashdi, bu nimani tushinadikan, deb. Yigʻimni amallab tutib turgandim...
Meni yupatish uchun ular rol oʻynaganini, oʻlgan momo hozir uyida, nevaralari oldida mazza qilib, issiq koʻk choy ichib oʻtirganini aytishdi. Lekin... “Odamlar nega bunday?” degan alammi, bir narsa tomogʻimda turib qolib, “Si” notada 2-3 soat, balki undan ham koʻproq yigʻladim. Bobom bozordan kelganda ham baqirib yigʻlayotgandim. Akam Bobomni boshlab keldi, tentak boʻlganmi, oʻzidan oʻzi baqirib yigʻlab yotibdi, hech kim hech narsa qilgani yoʻq, deb. Bobomning “nima qildi?” degan savoliga ichimdagi ogʻriqni soʻz bilan ifodalab aytolmadim. Ichimdagi ogʻriqni tushuntirishga ojizlik noqulayligi birinchi marta oʻshanda boʻlgandi, keyin-keyin bunday vaziyatlar “dehqonchilik”ka aylandi.
Hayot
Boshlangʻich sinflarda oʻqiyman, bir qoʻshnimiz olamdan oʻtdi. Bolalarining kattasi 5 yoshlarda edi. Ketgan qoʻshnimizning “yettisi” kechasi 3-4 uy naridagi boshqa qoʻshnimiznikida kursdoshlar uchrashuvi boʻldi. Toʻydek shovqin chiqardi. Oliy maʼlumotli mehmonlarni koʻrishga qishloq yigʻildi. Tomoshaga men bilan Bobom bormadik. Hayotning beshafqat, keskirligiga birinchi guvohligim edi. Koʻrpaning tagiga kirib, azador qoʻshnimizdan xijolat boʻlib qancha yigʻlasam yigʻladim.
Ilk ilojsizlik
Televizorda koʻringan qahramonlarning dastroʻmol tutishi qiziq tuyulardi. Menda ham shunaqasi boʻlsa-yu, xuddi shulardek ishlatib koʻrsam, roʻmolcha tutish hissi qanday boʻlarkan derdim. Tilanim turtib uydan bitta shokilali roʻmolcha topib oldim. Yoyib, yuzimni obdon artdim. Burnimdan olov kirgandek besaranjomlik boshlandi. Momomga yugurdim. “Momo, chidolmayapman”, dedim. Qoʻl kuchi bilan hal qilib boʻlmaydigan ilojsizlik, ojizlik tuygʻusiga birinchi marta duch kelishim edi. Momom roʻmolchani koʻriboq, “Ha, bolam-a, qalampir tuyilgan edi. Endi tomorqani aylanib chop, toʻxtamay chopaver, kuygani soviydi”, dedi. 80 sotixli tomorqamizni necha marta aylandim, bilmayman. Yuzimning kuyishi ogʻrigʻini orqamda qoldirib ketoladigan misol oʻqdek uchganman va oʻsha tezlikdan taskin tuyganman. Hozir ham ilojsizlik, ojizlik nuqtalarida oʻsha voqeadagi kabi qattiq yugursam, yelkamdan qarab turgan yoqimsiz chorasizliklarni ortda qoldirib ketolsam, degan oʻy koʻp oʻtadi.
Sheʼr zavqi
8-sinfdan adabiyot darsini Boboyeva Nargiza ismli (Xudo rahmat qilsin) oʻzimdan 7 yosh katta oʻqituvchidan ola boshladim. Umuman boshqa olam boshlandi. Men sheʼrni his qiladigan boʻldim. Shu vaqtgacha kundalik muloqotimdagi gaplarni ham qofiyalab, vaznsiz “sheʼr” shaklida sayrab yurardim. Sheʼr tabarruk narsaligini tushundim. Turoq, vazn, tashbeh, obraz, och va toʻq qofiya, missiya, gʻoya, falsafa kabi jihatlarni tushundim. Oʻqigan sheʼrimni his qilib uchadigan boʻldim. Adabiyot oʻqituvchim har darsida sheʼr oʻqib beradi. Soʻzning karomati meni tentak qilardi. Adabiyot ustozimning eng yaxshi koʻrgan oʻquvchisi boʻlish uchun har kuni “sheʼr” yozib boraman. Ilhomim oqsagan kunlari goho Momom “qarashib” yuboradi. “Momo, avval kimdir yozmaganmi, aniq oʻzingiz toʻqiyapsizmi?” deb ikkilanaman. Momom “Yo‘, yo‘, bolam, ishanayber!” deydi. Sheʼrlarimni oʻqib Boboyeva ustozim mendan oʻtib quvonadi, men ustozimning eng yaxshi koʻrgan oʻquvchisiga aylanaman. Kayfiyatim yerning kayfiyati boʻlmay qoldi. Ovqatni koʻrsam yetadi, yemasdan qornim toʻyib qoladi. Oldinda katta safar, tavakkallikdan yoʻl topish zavqi kutib turgandek hovliqardim. Har qaysi harakat, tezlik va kuch talab qiladigan ish-yumushlarda bir kishining vaqt imkoniyatida 2-3 kishining natijasini koʻrsatardim. Atrofimdagilar buning ichida dev bor, shu uchirayapti, deyishardi. Qishlogʻimizning mendan 5-6 yosh katta terimchi qizlari kechgacha teradigan miqdorni men tushgacha tergan kunlarim ham boʻlardi. Uncha-muncha bilagi baquvvat qizlar ham izzatini qilib, 4-5 kun toʻqiydigan qoqma gilamlarga qurilgan kunining ikkinchi shomini yuzlatmay adogʻiga yetardim. Oʻzimni shu qadar qudratli – ikki qoʻlim bilan zaminni belbogʻdek ushlaydigan xomchoʻt olardim. Chunki sheʼrni bilardim, his qilardim, goʻyo uchar edim.
Qoʻshnimiz bilan bir kunda piyoz uzimiga tushdik. Oʻrkanlab ketgan oʻtlarni chalgʻilab, keyin piyoz terilardi. Qoʻshnimizning piyoz maydoni 20, bizniki 18 sotix. 20 sotixni mendan biri bir yosh, ikkinchisi ikki yosh kichik yigitlar chalgʻilashga shay turibdi. Poyga taklif qilishdi. Oxirida qolgan bijildoq suv olib beradigan boʻlib kelishdik. Chalgʻi bilan suzyapman. Shu oʻrmondan oʻtib ketsam, tezroq maktabni tugatsam, “Yerga qoʻnmaydigan qushlar” hududiga yetib olsam, degan xayolda 18 sotixni tekislab chiqdim. Qoʻshnimizning tomorqasidagi “oʻrmon”ning anchasi hali tik edi. Yigitlarga bijildoq suv olib berishlari shartmasligini, hozir his qilgan kayfiyatimning oʻzi yetishini aytib “rahm” qildim.
Sheʼr zavqi menga fantastik shuur berardi. Otmagan tonglardan kelayotgan ohanrabo ruhimni oʻziga jodular edi, oshiqtirardi.
Keyin obdon kallaklandim.
Yigʻlagim kelgan, lekin erkin yigʻlashning iloji boʻlmagan kezlarda, yonimdagilarga, “Men aktrisa boʻlishim kerak edi oʻzi. Hozir yigʻla, denglar, yigʻlab beraman”, derdim. Aktrisalikka uquvimni bajonidil sinashardi. Men shu niqob ostida ovozsiz yigʻlab berardim. Yonimdagilar, e, chini bilan yigʻlayapti, qaranglar. Sening koʻz yoshing ham katta-katta-ey, deb hayratlanishardi. Men shu tariqa mazza qilib yigʻlab olardim.
Nafsga teskari qutb
Oʻsha kezlari uyda qattiq taʼqibda edim. Kitob oʻqiyotganim, daftarga biron narsa yozayotganimni koʻrib qolishsa baqir-chaqir, qattiq besaranjomlik boshlanib ketardi (Issiq kunlari ham nimcha kiyib yurardim. Ichki tomoniga “oʻgʻri kissa” tikib olgandim, ruchka va daftar solishga qulay qilib. Imkon boʻlishi bilan daftarni devorga tutibmi, tizzamga qoʻyibmi, bitta satr boʻlsa ham yozib olardim). Yozmay desam ichimdagi oʻtga chidolmas edim.
Qorin gʻamiga konflikt hudud, nafsga butkul teskari qutb borligini his qilardim, unga yetib olish uchun bir yoʻl umidida radio, televideniye, gazeta, jurnallarga sanoqsiz xat yozardim. Birov-yarim xatim efirda oʻqilgani, aytib oʻtilganining oʻzi yetardi menga – “Yerga qoʻnmaydigan qushlar bor!”ligiga ishonchimni mustahkamlardi. Kelganimdan keyin qiyomat boʻlishini bilsam-da, imkon qadar adabiyot tadbirlariga borib kelardim. Oʻsha kezlar koʻnglimni ukamdek his qilardim. “Shu goʻdakni bir mazza qildirib kelay, ichimda oʻlib-netib ketmasin” derdim.
Surxondaryoda “Adabiyot kunlari” boʻlayotgan ekan. Termizdagi litseyda uchrashuv boʻlishini, Usmon Azim “Nargiz ham kelsin” deganini aytib Shodmon aka Otamga telefon qildi (Shodmonqul Salomning Akasi bilan Otam qalin doʻst boʻlishgan). Otam Usmon Azim ismini eshitib, “Nargizni aytgan”iga ishonib-ishonmay tadbirga yubordi.
Tadbirda mening butun tanam uyushib qoldi – Usmon Azimning eʼtiroflarini eshitib. Yonimdagilarga “Gap aniq men haqimdami?” degan savol nazari bilan qarab qoʻyaman.
Oʻsha tadbirda Otamning bir hamkasbi ham qatnashgan ekan. Otamga kelib qizingiz katta shoir ekan, Usmon Azim aytdi, shunday uchirdi-shunday uchirdi, endi... rosa maqtadi, debdi. Otam shu kuni ichib keldi, butun oila davrasida menga rasman ochiqcha kitob oʻqish va nima yozgim kelsa yozaverishim ixtiyori berildi.
Bitta xona mening shaxsiy hududim etib xatlandi. Hatto, 50 mingga (yaxshi pul edi) ataylab xontaxta sotib olishib, imkon qadar qulaylik yaratib berishdi. Uncha-muncha ishlardan ham ozod qilindim. Ovqat vaqtida chaqirishadi, boshqa vaqt “ijod” qilaman. Otam derazadan har zamonda qarab ketadi. Xontaxta ustiga bir nechta kitobni ochib qoʻyganman. Shoshib qolganimdan 3-4 ta kitobni parallel oʻqiyman. Otam yana derazadan qarab turganini sezdim. Xursand boʻlib Otamga qaradim, qarashimni kutib ketmay turgan ekan. Xontaxtadagi ochiq kitoblarga ishora qilib, “Qizim, tagʻin birovlarning kitobidan koʻchirib, bizni sharmanda qilma”, dedi. “U yogʻidan xavotir olmang!” dedim. Ovqatlanishga borganimda Enam “Nechta yozding?” deb soʻrab turadi. Bir xil vaqtlari hazillashaman: “Yozolmayapman”, deb. Enam “Endi nima qilamiz?” deb qaygʻurib qoladi. Men kulaman, ichimda Usmon Azimni bir alqayman, minnatdor boʻlaman.
Oʻsha yil tugab, Yangi yil kirayotganda telefonimizga Usmon Azimdan men va oilamizga bayram “sms”i keldi. Telefon Akamda turardi. Akam hovliqib kirib keldi. “Ey, Usmon Azim bayram bilan tabriklabdi, mana, oʻqi!” Endi uyimizdagi kayfiyat toʻpolon boʻlib ketdi. Yangi yil bayrami ham esimizdan chiqib, undan yuqoriroq, boshqacha xursandchilik boʻluvdi.
Birinchi kitobimga yozilgan soʻzboshini oʻqib (Usmon Azim yozgan!) ham Otam (ichgan vaqtlari juda tiniq boʻlib ketardi) yigʻlagan edi. “Lahzam ibodatdir, manzilim qiblam, / Yoʻlim joynamoz deb chiqdim safarga” deb yozibsan, qizim, otaman, bilib-bilmay ozor bergandirman, kechir. Bu yoʻl oson emas. Igna bilan quduq qazish degani shu boʻladi, boʻyningga olgan boʻlsang, mayli, qanday yashaging kelsa yashayver, dedi.
Sheʼriyat
MTS kompaniyasi 2 sentga 20 daqiqa gaplashadigan taʼrif eʼlon qilgan vaqtlar. Xudo bersa quliga... Siroj bilan uzoq gaplashamiz, nechta 20 daqiqa tugab, yana ulanadi. Oʻzi yaxshi koʻrgan sheʼrlarini kulminatsiya qilib navbati bilan oʻqiydi. Telefonni qulogʻimga oʻnglab qoʻyib, roʻmol oʻrab olaman. Ishimni qilib yuraveraman. ...Dunyo bozorining odamlari, ho, / Oling, yuragimni sotgani keldim...; Bu dunyokim, mening koʻnglim yarim etdi, / Yarmi bilan kuylasam ham olam toʻlar...; Yerga bogʻlab qoʻyilganman, ildizim yer ostida...; Menga berolmaysiz hech qanday baho, / Oyoqyalang boʻlib dunyodan oʻtdim...; Tuproq boʻlay desam nega qoʻymaydursan?..; Meni ham bir alqang, ota, / Men yer boʻldim, ota, yer...; Nimagadir kelmaydi oʻlging, / Yashaging ham kelmaydi biroq...; Umrim tugayapti, yoʻqdir daraging!..; Oʻzingni ayama, / Beshafqat boʻlgin, / Joningga solib tur gohida burov...; Ona zamin, bir uchayin, qoʻyib yubor...; Menga bir tosh topib berolmading sen, / Toshlari tuproqqa aylangan dunyo...
Men telba boʻlaman. Oʻzimga, turgan hududimga sigʻmay qolaman.
Yerga qoʻnmaydigan qushlar
Doʻrmon seminari boʻlyapti. Uyushma binosida boʻladigan tadbirga ishtirokchilarni olib borishgan. Liftda nechtadandir chiqib, boshqalar kutib turibmiz. Mening chiqish galimda Usmon Azim kelib qoldi. Men turgan joyimda xoʻrozqandday qotib qoldim. Ustoz – “Yerga qoʻnmaydigan qush”ni birinchi marta “jivoy” koʻrishim edi. Liftda u kishining yonida chiqish hurmatsizlikdek tuyuldi. Liftning eshigi “yana kimdir chiqsa” degandek bir muddat ochiq kutib turdi, keyin yopildi. Men shu qotishda ancha qoldim.
Tadbir tugab, qatnashchilar avtobusga chiqib, yo shu atrofda oʻzaro gurunglashib turibdi. Usmon Azimdan 3-4 metr berida men ham toʻxtab qolgan vaqtning ichida karaxtman, goʻyo. Shodmon aka Usmon Azim bilan “tanishtirdi”. Oyogʻim oʻzimga boʻysunmadimi, tortindimmi, hurmat yuzasidanmi, yonlariga borolmadim, uzoqdan salom berdim. Keyin ular joʻnashdi. Abdulla Oripov, Usmon Azim, Shodmonqul Salom yurish uchun qilingan yoʻlak qolib, gazonning ustidan, bir-birining izidan iz bosib, ritmda qadam tashlab ketishdi. Bularning yurishi ham sheʼr, deb to binolar pana qilguncha koʻz uzmay turdim.
“Azim” majlislar
Termizda kechki vaqt viloyat hokimiyati binosi (!) yonida yigʻilamiz. Sirojiddin Ibrohim navbati bilan Abdulla Oripov, Usmon Azim, Sirojiddin Sayyid, Eshqobil Shukur boʻlib sheʼr oʻqib beradi. U sheʼrini oʻqib bering, bu sheʼrini oʻqib bering, deb taklif aytib turamiz. Siroj ohanglarini mixlaydi, biz shoirlarning oʻzidan eshitgandek qarsak chalamiz. Oʻsha kezlar moddiyatimiz ruhiyatimizga shu qadar teskari proporsional edi. Bu majlisdan dunyodagi birinchi raqamli milliarderlar kayfiyatida qaytamiz. Qaytishda hammamiz Usmon Azim boʻlib sheʼr oʻqib qaytamiz. Azim – buyuk degani!
Usmon Azimning sheʼrlari mardonalik, boʻyinga kelgan kunni tap tortmay, oliyjanob boʻlib yashash, hayotga tik qarash, dushmanga ham kenglik qila olish, oʻz tarzingdan uyalmaslik, oʻzni ayamaslik, Xudoga qarab borish, qoʻyingki, zamindagi inson tushishi mumkin boʻlgan barcha holatlarning nomini, sheʼrning sarhadini, eng muhimi ruh ekanini hujayralarimizga singdiradi. Hali hammasi zoʻr boʻladi, deymiz.
Shu zavqda, “Siroj, Usmon Azimning qanday odam boʻlishini bobosining otasi ham bilgan. Oʻgʻliga Azim deb ism qoʻygan”, deyman. Siroj ham kulib tasdiqlaydi. Odamlar kim bilan zamondoshligini bilishmaydi, deb oʻzimiz bilganimizdan xursand, havoda suzib qaytamiz.
“Buyuk chevar”
Bir gal men, Ustoz, Shodmon aka tushlik qildik. Surxondaryodan nimadir yumush yuzasidan Toshkentga kelganman. Ustozning tanlovi bilan hammamizga koʻza shoʻrva aytildi. Oʻsha kezlar men ham parxezni jiddiy tutardim. Shodmon aka koʻza shoʻrvani tanovulga sozlayapti – biznikini ham. Ustoz “noʻxat mumkinmasdi-ku, aytmabmiz-ku” dedilar. Men va Ustozning koʻzasidan noʻxat chiqmadi, Shodmon akaga atalganida bor ekan. Ustoz zavqlanib ketdi: “Koʻrdingmi, Nargiz, Xudo buyuk chevar, koʻrdingmi?! Ikkovimizga ham noʻxat mumkinmas! Shugina joylarini ham hisobga oladi”, dedi. Oʻsha kundan lugʻatimga “Buyuk chevar” ifodasi kirdi va keyin bu hikmatga koʻp iymon keltirdim.
Hali hammasi zoʻr boʻladi!
Oʻqishga kirolmay yigʻlab yurgan yillarim. Sirojiddin Ibrohim Ustoz sizni maqtabdi, yuring, jurnalni topamiz, dedi. Yozning jaziramasida, Siroj, Xurshid, men nechta “kioski”ni bajonidil aylandik. Axiyri topdik. Uchalamiz bir-birimizdan oʻtib shodlanamiz. Keyin oʻsha atrofdagi oshxonada tushlik qilamiz. Anʼanaga muvofiq, Siroj bizni mehmon qiladi. Termizning egalaridek, oʻzimizdan mamnun ishtahada gurunglashamiz (Mahmud Abulfayz ustoz Sirojning atrofidagi oʻzidan katta, kichik yigit-qizlarni, oʻgʻillaring, qizlaring, deb yarim hazil, yarim chin koʻp gapirardilar. Sirojning bizga rahnamo joylari bisyor boʻlardi).
Bu gaplarim maqtovga oʻch ekan xulosasini bermasin. Koʻp his qilaman: qushga don tashlab ushlab turamiz, kerak nuqtaga “qamaymiz”-ku, Xudoyam bandalariga shunaqa donlar tashlab boradi. Men bu joylarini umrimdagi shunday “don”lar sifatida sanadim.
“Azim” Inson
Baxtiniso (Mahmudova)ni soʻnggi yoʻlga kuzatishdamiz. Uy hovlisida tumonat odam. Ular miyamdagi savol, oʻylardek betartib harakat va shovqinda. Men ham bir burchakda, hayot bunga nega buncha beshafqat, nomard boʻldi degan ogʻriq, tushuniksiz eʼtirozlar bilan ichimga soʻngsiz tushib turibman. Uzoq, yaqindan taniganlarimga koʻzim tushganda (har xil hududlardan borishgan) ulardan minnatdor boʻlib qoʻyaman, shugina goʻdakning izzatini qilib kelgani uchun inson zotiga hurmatim oshib, baridan minnatdor boʻlaman.
Baxtinisoning qushdek jonsarak yashagani, Turkiyaga shoshgani, uning jonsiz tani odamlar ustidan uchib kelgani va yana koʻp koʻnglini boʻgʻinlagan ogʻriqlarini eslab, yigʻlab turibman. Bir bitigida otasining ortidan ergashib borgani, otasi unga qayrilib ham qaramagani haqida yozgandi. Uning taqdirida jumboq koʻp edi.
Koʻchadan erkaklar ovozi kelib turibdi. Navbati bilan Baxtiniso haqida gapirishyapti. Bir vaqt tanish ovozni ilgʻadim. Beixtiyor diqqatimni oʻsha tomonga yoʻnaltirdim. Usmon Azim Baxtiniso haqida katta ehtirom, samimiyat, mahzunlik bilan gapirayotgan edi. Tomogʻimda bir narsa tilimni ham, nafasimni ham bogʻladi. Ustozning ovozlarini eshitib, yelkam silkinib-silkinib yigʻlay boshladim. Bilmadim, bu yigʻi musibatdanmi yoki Ustozga ehtiromdanmi... Har qanday tuygʻu insonni yigʻlata oladi. Bir murgʻak qizning hurmatiga shuncha yoʻl bosib, shu yoshda, shunday katta odam kelishlari mumkin ekan. Xudo yorlaqasin!..
Oʻsha kuni Ustozning yonlariga salom berishga borolmadim. Qandaydir salobatlari bosdimi yoki salomlashishning mavridi emas, deb oʻyladimmi... Shu tashrif Ustozni yanada “Azim” odamga aylantirgandi, nazdimda. Shaxs sifatidagi hurmatim nechi karra oshgan edi.
Sheriklarim bilan shom aralash Termizga qaytdik. Baxtinisoni kuzatishga borganlar telegram guruh orqali yozishib ketyapti. Belgilangan bir sanada har yili yigʻilib, Baxtinisoni xotirlashga, nimadir tadbirlar qilishga kelishishyapti.
Men ichimda bu aytilganlari boʻladimi, yoʻqmi, Xudo biladi, Ustozning bugun kuzatishga kelganlari muhimi (yetadi), Baxtinisoga adabiyotning, katta sheʼriyatning ehtiromi shu, deb ketyapman.
Vo-ya, dunyo-ya!
TerDUda tanishlar koʻrishib qolsak, Usmon Azimning biron misrasi bilan muxtasar qilib ahvol soʻrashardik, holatlarimizdan bir-birimizni ogohlantirardik. Bir-birimizdan qolishmay, satrdan satrga portlab borib, oxirida Usmon Azim odam emas, deb toʻxtardik. Insonning qirq bir qavat ichkarisidagi holatlarini sheʼrga bu qadar tiniq sola olish odamning imkonidan xorij, deb mast boʻlardik. Keyin, Ustozning gaplarini oʻzlarining ohangida takrorlab qoʻyardik: Vo-ya, dunyo-ya!...
Men keyinchalik, ayniqsa talabalikdan oldingi va talabalik yillarimda juda moʻrtlashib ketdim. Zarurat boʻlganda ortimga qarasam, moddiyat tomonlama yordam olishga koʻngil toʻq hech kimim yoʻqdek edi. Va oʻzimni oʻzim tortishga erinib qolgan vaqtlar koʻp boʻlardi. Shunday vaqtlarda Buyuk chevarning kulminatsiyalaridan shu qadar lol edimki, aksariyat toʻxtab qolgan nuqtalarimda Ustoz toʻsatdan telefon qilib qolardilar. “Nargiz, yaxshimisan, qiynalmayapsanmi?” Nechidir daqiqa davom etgan gurunglarini, albatta, “Hali hammasi zoʻr boʻladi!” degan sehrli soʻz bilan yakunlardilar. Men yana bajonidil yashashga kirishardim. Hali hammasi zoʻr boʻladi!
Oliyjanob xazinabonga ehtirom
Ustozning oʻzlarini mukammal qura olishlarida boʻlinmay ijod qilish sharoitini yaratib bergan ayolga rahmat aytishimiz, alqashimiz kerak eng avval. Xudo isteʼdoddan qismagan taqdirda ham, agar ijodkorning biqiniga oilaviy dilxiraliklar botib tursa, diqqati boʻlinsa, arzigan-arzimagan tashvishlarga andarmon etilsa, ovozi oʻziga ham yetmaydigan boʻlib umrini xarjlashi hech gapmas. Bizga Usmon Azim fenomenini mukammal holda taqdim etgani uchun Yangamga millat va adabiyot nomidan har bir hujayram bilan taʼzim qilaman. Ustozning sarhadlarini bizga toʻla-toʻkis (xiyonatsiz) saqlolganlari, tuhfa etolganlari uchun tashakkur!.. Noyob mulkning oliyjanob xazinaboniga tashakkur!..
Adabiyotning boyligi
Dunyoda anglaganingiz sari bahosi tengsiz boʻlib boradigan nomli va nomsiz boyliklar bor. Shunday boyliklardan birining nomi “ustoz” deb ataladi. Ular vaqt, imkon, naf, burch kabi umrning qiymatini belgilovchi omillarning sarlavhasi. Ular shogirdlarning, ortidagilarning yoʻl xaritasini tepadan koʻrib turadi. Ular qalb meʼmori. Ularning xizmatlari evaziga insoniylikning qiyofasi tiniq, maʼnaviy va moddiy olamimiz bugun shu koʻrinishda.
Bir kishiga, bir oilaga, bir sulolaga, bir mamlakatga tegishli boylik, mulklar boʻladi. Shuningdek, millat, insoniyatga tegishli boyliklar ham. Usmon Azim ham millatning, adabiyotning, insoniyatning boyligi. Sheʼrlari, shaxsiyati-da umumbashariy qadriyat, tuygʻu, gʻoyalarimizni chiniqtiradi, ikkilanganda qiblamizni tiniqlashtiramiz, eʼtiqod komposimizni sozlab olamiz har gal. Negizni anglagan sari yashash oson emas. Shunday odamlar bor eslaganingizda, koʻrganingizda yashashga taskin olasiz, millat, vatan degan ogʻriqni yodingizga qaytarasiz, yashashga arziydigan sabablar bor-ku, deysiz. Gapimning avvalini bekorga vatan tushunchasi bilan boshlamagan edim. Ichimdagi bu iqrorga ancha boʻlgan – Usmon Azim mendagi Vatan hududining bir qismiga aylangan.
Qarz
Oʻzimni ancha irodali odam hisoblayman. Lekin, inson zoti ojiz, ikkilanib bir joyda turib qolishlar, hayotga yengilgan nuqtalarni his qilgan vaqtlar, oʻzimga ishonmaslik vayronaliklarida Ustozning Otamning menga sheʼr yozishga ruxsat berishiga sabab boʻlgan gaplaridan qarzdorlik hissi ruhimni sergaklantiradi. Sheʼrni his qiluvchi oʻquvchi sifatida Usmon Azimning har soʻzi madad boʻlib kelgan (tengqurlar, Ustozlar davralarda Usmon Azim sen haqingda shunday yaxshi gaplar aytdi, deb xabarlashib turishardi). Odam zoti shunday ojiz xilqat. Yelkasidagi yuk, bir taqdirni bir oʻzi yashashi, oldinga ishonch bilan qadam bosishi mushkul. Vaholanki, taqdirini hamma oʻzi yashaydi! Ammo atrofidagi, oʻzi hurmat qiladigan insonlarning daldasi, ishonchi koʻp muhim. Oʻzi, umuman, yaxshi odamlarning borligi yashashga dalda! Odamlardan yaxshilik, uni tushunish, odamiylik qarzdorligingiz umrga masʼuliyat, eʼtiqodni ikki karra oshiradi.
Oʻshanda Otamning Usmon Azimning gaplariga ishongani ham oddiy, yaqindan tanimagan, hayotiy tutum, faoliyati boshqa-boshqa odamlar-da Ustozni katta Shaxs sifatida hurmat qilishlaridan, uning har qaysi gapi toʻgʻriligiga ishonishlaridan boʻlgan.
Juda uzoqdan aylanib keldim. Ustozdan nihoyatda (!) (oʻzlarining taʼbiri bilan aytganda! “Nihoyatda!” Shu soʻzni boshqa hech kim Ustozchalik suyib (his qilib) aytmasa kerak) minnatdorman. Koʻzimni yumib koʻrgan sarhadlarim, koʻzimni ochib his qilgan, kashf etgan kengliklarim uchun Ustozga boʻlgan ehtiromim Oʻziga ayon. Oʻsha tadbirdagi gaplari boʻlmaganda, Xudo biladi, hozir qay koʻyda, qay ahvolda boʻlardim.
Gʻashlanmangizlar, hali biron karomat koʻrsatmadim. Oʻzi sogʻlik, xotirjamlik, umrdan qismasin, ichimda Ustozning ishonchini oqlaydigan kayfiyatim, katta nafas, safarlarim taraddudi bor. Hali hammasi zoʻr boʻladi!
Nargiza ODINAYEVA,
Oyina.uz