Usmon Azimning hayotimda kimligi xususida

Vatan

Juda kichkina edim – eshitayotgan yangi soʻzlarimga izoh soʻraydigan vaqtim. Momom qaysidir boʻyinsasining uyiga mehmonga borib kelib, falonchi bir vatan solibdi, bir vatan solibdi, deb Enamga gurung berdi. Bir muddat ichimda “vatan” nimaligi haqida oʻyladim. Tiniq tasavvur topmagach, tomorqada yer chopayotgan boboming yoniga bordim (bobom ketmonni yerga har urganda ich-ichidan “hih” degan ovoz chiqarardi), vatan nimaligini soʻradim. Bobom bir muddat ketmoni dastasiga suyanib atrofga sinchiklab boqdi, keyin uyimizni, tuproqda oʻynayotgan ukalarimni, ulkan, yam-yashil bogʻimizni, oʻchoqda choy qaynatayotgan qaddi egik momomni koʻrsatdi (esimni taniganimdan boshlab momom engashib yurardi. Nega unday yurishini soʻraganimizda, Xudoga salom berib yuribman, derdi). Eng chiroyli narsalar “vatan” dedi. Men uyga qarab chopdim. Vujudimda bir narsa boshlandi, koʻnglim ichimga sigʻmay anchagacha yugurdim. Eng chiroyli vatan biznikida, deb baqirib yugurdim. Bobom kulib tomosha qilib turdi. Biron harakatimizga bobomning jilmayib qarashi tasdiq, toʻgʻri degan xulosani anglatardi.

Bahor kunlarining birida bobom bilan adirga qoʻy haydadik. Yomgʻirdan oldingi shamol esib, ajib boʻylarni olib keldi, yuragim hapqirib ketdi. “Bobo, vatanning isi kelyapti”, dedim. Bobom yana jilmayib, yelkamga alqovli qoqib qoʻydi. Shundan keyin vatanning sarhadi kengayib bordi.

Bobomning qaysi oʻgit, momomning qaysi rivoyatlari taʼsirida, bilmadim, keyinchalik uyimizning ertasi uchun peshonam terlab ish qilmagan kunim, ota-onam qancha qistamasin, ishtaha bilan, osh boʻlib ovqat yeyolmaydigan boʻldim. Boʻynimdagi vazifamni sidqidildan maromiga yetkazmasam, oʻzimni vatanga xiyonat qilayotgandek his etardim (Xudo kechirsin, oʻsha vaqtlarda Xudo va Vatan chegaralarini farqlolmasdim). Koʻchada koʻrgan har qaysi odamimga vatandoshligi uchun qoʻlini siqib, minnatdorchilik bildirgim keladigan davrlarni ham yashab oʻtdim.