Qarachay-Cherkas va Qabardin-Balqar respublikalarida istiqomat qiladigan qarachaylilar Elburs togʻini Mangutov deb ataydi. Uning janubi-gʻarbiy etaklaridan Qoʻban daryosi boshlanadi. Daryoning ikki qirgʻogʻi boʻylab Qoʻban tarixiy viloyati joylashgan. Uni ruslar Kuban shaklida ishlatgani uchun hozir koʻpchilik shunday ataydi. Aslida daryoga qarachaylilar nom bergan. Qoʻban qipchoqcha “qoʻpqan” (qarachaycha: qoʻpxan) – qoʻpadigan, toshadigan daryo maʼnosini beradi, yaʼni bu nom daryoning feʼlini anglatadigan toshmoq feʼlidan yasalgan. Qoʻban daryosiga quyiladigan barcha oʻzanlar turkiycha nomlangan.

Qarachay togʻli oʻlkasi Qoʻbanning yuqori qismidagi Teberda[1], Aqsavut[2], Qum kabi oʻzanlar atrofida joylashgan boʻlib, hozirgi kunda Karachevsk shahar okrugi shu yerda barpo etilgan.

Qarachaylilarni xuddi balqarlar kabi tavli(q)lar deb ham atashadi. Bunda ularning millatiga emas, balki togʻda yashashiga nisbat berilgan boʻlib, aslida kelib chiqishi va mental xususiyatlariga koʻra qarachaylilar balqarlardan farq qiladi. Balqarlar toʻliq islom dinida, ammo qarachaylilarning bir qismi nasroniylikda qolgan. Buning asosiy sababi – qarachaylilar juda kech, aniqrogʻi, XVIII asrga kelib islomni qabul qila boshlagan[3]. Qarachaylilarning eng taniqli islomshunos olimi Aysandir Dudov (1612–1722) XVIII asrning oʻrtalarida Buxoro va Samarqandda tahsil olib, keyin oʻz eliga asl dinni oʻrgatgan[4].

Qarachaylilar eʼtiqodida tangrichilik dini unsurlari saqlanib qolgan. Is chiqarish, yetti, qirq, yil kabi motam marosimlari oʻtkazish keng tarqalgan. Chunki ular islomgacha Tangri[5] bilan bir qatorda Ulkan, Jer Anasi, Su Anasi, Qaya qizi (Tog‘ qizi) kabi ilohlarga ham sigʻinishgan. Qurbonliklar qilishgan[6].

Xazar xoqonligi davrida barcha Kavkaz xalqlari qatori qarachaylilar ham yahudiylikni qabul qilgan boʻlishi mumkin. Balki bir qismi qabul qilgandir, ammo keyinchalik yana nasroniylikka qaytishgan. Nasroniylik elementlari Qarachay oʻlkasidagi arxeologik yodgorliklarda, shuningdek, leksikada ham saqlanib qolgan.

Qarachaylilarning etnik shakllanishi XIII-XIV asrlarga toʻgʻri keladi. Bu davrda ular yashagan joylar Alaniya deb atalgan. Yerli xalq IV asrda nasroniylikni qabul qilgan. Qarachayli millatining toʻliq shakllanishi XIV asrda yakunlangan va unda alanlar, xazarlar va qipchoq turklari ishtirok etgan. Shuning uchun boʻlsa kerak, qarachaylilar orasida boʻylari va qoʻllari uzun yevropoid kishilarni ham, koʻzlari qisiq qipchoqlarni ham uchratish mumkin.

Turmush tarzi

Turkiy anglashimda “irisqi” degan tushuncha bor. Buni koʻpchilik arabchadan oʻzlashgan “rizq” soʻzi bilan adashtiradi. Biroq bunday emas. “Rizq” arabcha soʻz boʻlib, undan Razzoq, yaʼni rizq beruvchi Alloh tomonidan har bir maxluqqa beriladigan ham moddiy, ham maʼnaviy boyliklar tushuniladi. “Irisqi” turkiy soʻz boʻlib, Tangri tomonidan insonlar va hayvonlarga beriladigan neʼmatlardir[7]. Uni inson oʻzi topishi kerak va shuning uchun “eskicha fikrlaydiganlar” hozirgacha irisqisini qandaydir hayvonda yoki oʻsimlikda degan eʼtiqodda yuradi. Shu tushuncha qarachaylilarning maqollarida ham saqlangan ekan:

Qarachayni irisxisi – malda.

Darhaqiqat, qarachaylilar qadimdan asosan chorvachilik bilan shugʻullanib kelgan va irisqini chorvadan topgan. Mangutovning etaklaridagi adir-qirlar, Qoʻban daryosining boʻylari qoʻy boqish uchun juda qulay boʻlgan. Bu yerlarda asosan qoʻy, buyvol va ot yetishtirilgan. Qarachayli qoʻylari sermahsulligi  boʻyicha dunyoning eng yaxshi oʻntaligiga kiritilgan[8].

Qarachaylilar turmush tarzi asosan chorvachilik bilan bogʻliqligi diniy eʼtiqodi, jumladan, duolarida ham aks etgan:

Ulu Teyri, xan Teyri,

bulutlarni iy, Teyri!

Javunlarni javdur, Teyri,

jilqilarni to‘ydur, Teyri!

Teyri, Teyri, bilebiz

kuchungni, qaruvungni, Teyri[9].

Qarachaylilar Tangrini Teyri shaklida talaffuz qilishadi va bunday duolarni “Teyri algʻish” deb atashadi. Ayni duolar nasroniylikni yoki islomni qabul qilgan davrlarda ham oʻzgarmagan.

Qarachaylilar jun ishlatishga mohir boʻlishgan. Bunda ularning zotdor qoʻylari muhim oʻrin tutgan. Qarachay yerlarida uch xil zotli qoʻylar yetishtiriladi: qora myuyyuz, yaʼni qorashoxli qoʻylar. Ularning tusi qora, tanasi baquvvat va katta boʻladi. Tumaq zotli qoʻylar ham jundor, ammo tanasi kichikroq, eti shirin boʻladi. Koʻkbosh qoʻylarining tusi koʻk, goʻshtdor va juda gavdali boʻladi[10].

Kiyiz (kigiz) azaldan qarachaylilarning milliy brendi sanalgan. Kiyizlarning tuurluq, alacha, oyuvlu (naqshli) va jiyma (yigʻib qoʻyiladigan bezakli) turlari ommalashgan. Qora myuyyuz qoʻylarning dagʻal junidan toʻshama tuurluq kiyizlar tayyorlanadi. Alacha kiyizlar uchun esa tumaq va koʻkbosh qoʻylarning juni ishlatiladi. Koʻkboshning junidan jiyma va alachalarni tayorlashda bezak uchun foydalaniladi.

Qarachayli oilasida oʻrmak, urchuq, iyna, biyiz (bigiz), chinday iyne, irchiq iyne boʻlishi shart boʻlgan. Ularda ayollar junroʻmol va turli kiyimlar toʻqishda usta boʻlishadi. Qarachayli ayollarining toʻqigan junroʻmollari butun dunyoga mashhur boʻlib kelgan. 1990-yillarda Toshkentning Eskijoʻva bozorida ham qarachay roʻmollari sotilar edi.

Qarachaylilarning jauliq – yengil roʻmolchasi juda mashhur. Men dastavval jauliq qoʻlni artadigan moysochiq boʻlsa kerak deb oʻylagandim. Keyin oʻrganib koʻrsam, ajoyib tarixi bor ekan. Bu roʻmolni faqat balogʻatga yetgan qizlar toʻqir va qaysi yigitni sevsa, oʻshanga atar ekan. Keyin unga oshiq yigitlar oʻzaro yovlashib qolsa, roʻmolchani olgan yigit kuyov boʻlar va shu bilan nomzodlar orasidan yovlik koʻtarilar ekan. Jauliqning kattaroq oʻlchamdagisi ham boʻladi va uni koʻpincha yoshi katta ayollar yopinib yuradi.

Qarachaylilar hamma turkiylar qatori naqshni oyma (oʻyma) deydi. Ularning bezaklari orasida muyiz nusxa, baliq dum va oʻsimlik gulli naqshlar koʻp uchraydi. Koʻplab bezaklarning markazida turkiylik ramzi – Oʻgʻuzxon yulduzi – sakkiz burchak oʻrin olgan. Ammo ayrim ornamentlarda oltiburchak – Dovud yulduzi va xoch ham koʻzga tashlanadi.

Qarachay taomlari

Qarachaylilar goʻshtli va sutli mahsulotlarni xush koʻradi. Ular goʻshtli ovqatlarni “qish taomi”, sutli ovqatlarni esa “yoz taomi” deb atashadi. Koʻpincha yozda soʻyilgan qoʻy, mol, ot goʻshti tuzlanib, quritilib qishga saqlanadi. Qarachaylilarning hamma goʻshtli taomlari ajoyib, ammo ular orasida quritilgan goʻshtdan tayyorlangan shulum shorpa (shoʻrva) alohida ajralib turadi.

Qarachay bovursoqlari ham juda shirin. Ayniqsa quvvat manbai sifatida qaraladigan bulamiq (atala) qarachaylilarning eng sevimli taomi. Qarachaylar ayron, pishloq, boʻza, qimiz tayyorlashda ham usta. Ular vinoni chagʻir deb atashadi.

Qarachayli tili

Qarachayli tili turkiy tillarning qipchoq tillari guruhiga mansub. Dastlab uni rus tilshunoslari “tavli tatar tili” (tog‘ tatarlari tili) deb xato nomlab kelishgan. Ammo XX asrning boshlaridan alohida til sifatida tan olingan. Sovet davrida kam sonli millatlarga nisbatan qoʻlangan til siyosati sabab bugungi kunda qarachayli va balqar tili bitta til sifatida oʻrganiladi. XX asrning boshlarida va unga qadar ham ikkala til alohida oʻrganilgan. Bunga misol tariqasida I.Aqbayev, B.Shaumyan va U.Aliyevlarning tadqiqotlarini keltirish mumkin. Shuningdek, ikki til oʻrtasidagi farqlar Zuhra Qoʻrqmazovaning “Лексико-семантические различия между карачаевским и балкарским вариантами литературного карачаево-балкарского языка” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasida ham oʻz tasdigʻini topgan.

Qarachayli tili grammatik xususiyatlariga koʻra boshqa qipchoq tillaridan farq qilmasa-da, ayrim morfologik farqlar koʻzga tashlanadi. Leksikasida oltoy plastidagi soʻzlar ham talaygina. Misol uchun aslan, altin, at, baba, babay, saqal, talqi, agʻach, bavur kabi soʻzlar umumoltoy soʻzlaridir. Ammo shunday boʻlsa-da lugʻat fondining asosiy qismi turkiy qipchoq soʻzlaridan tarkib topgan. Shu bilan birga, ayrim holatlarda oʻgʻuzcha talaffuzdagi soʻzlar ham uchraydi. Eng qizigʻi, tilning shaklanishiga chigʻatoy tilining ham taʼsiri boʻlgan va bu albatta XVIII asrning oʻrtalarida Buxoro va Samarqandda tahsil olgan mullalar va soʻfiylarning taʼsirida shakllangan. Islomni qabul qilgandan keyin arab, fors tillaridan soʻzlar oʻzlashgan. Shuning uchun boʻlsa kerak, qarachayli tiliga “tatar chagʻataycha”si degan nom ham berilgan. XIX asrdan boshlab rus tilidan soʻzlar kirib kela boshlagan va hozirgi kunda lugʻat boyligining 20 foizi ruscha soʻzlardir.

Qarachayli tilida shevalar asosan j tovushining talaffuziga koʻra farqlanadi. Mangutovning shimoli-gʻarbiy etagida qarachay-basxan-chegem shevasi, janubi-gʻarbiy tomonida balqar shevasi keng tarqalgan. Shimolliklar “j”ni qattiq, janubda yashovchilar yumshoq talaffuz qiladi. Shu bilan birga, balqar shevasida ch oʻrniga s qoʻllanadi: chach – sas, chachqi – sasqi va h.

Qarachayli va balqarlar uchun bitta qilib yaratilgan adabiy tilni tushunish biroz qiyin. Chunki unda xalqona soʻzlardan kam foydalanilgan va natijada qipchoq tiliga xos xususiyatlari yoʻqolgan. Masalan, muomalada ishlatiladigan joʻq (yoʻq) soʻzi adabiy tilda yoʻq. Adabiy tildagi joʻq (yoʻq) “mavjud emas” maʼnosida qabul qilingan. Ammo qishloq shevalarida saqlangan[11].

Qarachayli tilini oʻrganish qiyin emas. Buning uchun qipchoq tillaridan birini yoki uning oʻziga xos xususiyatlarini bilish kifoya qiladi. Shunda hatto soʻzlashgich ham kerak boʻlmaydi. Keling, qarachaycha soʻzlashuvga eʼtibor qaratamiz:

Salom

Sau kel (sog‘ kel)

Xayr

Sau bar (sog‘ bor)

Rahmat

Sau qal (sog‘ boʻl)

Oq yoʻl

Joʻlingiz boʻsin

Yashashingiz qalay?

Jashauung qalaydы?

Nima yangiliklar bor?

Ne jangыlыq bardы?

Bu nimani koʻrsatadi? Bundan koʻrinadiki, qarachaylilar salomlashuvda sof turkiy soʻzlarni saqlab qolgan va bu oʻzaro muloqotni osonlashtiradi. Hozirgi kunda islomiy aqoidga koʻra qabul qilingan “assalamu alaykum”, “va alaykum assalam” shaklida salomlashish urfga aylangan. Ammo qishloqlarda “sau kel” koʻproq ishlatiladi.

Bu tilda feʼl orqali gap yasalishi ham umumturkiy qolipda:

Ovqat ye – ashni asha, suvni ich – suuni ich, otni qoʻyvor – atni iy, otni egarla – atni jierle, otga min – atxa min, otdan tush – atdan tyush, egarni yech – jierni tesh.

Oxirgi jierni tesh (egarni yech) soʻziga eʼtibor qaratilsa, qipchoqcha chech (yech) soʻzida t va sh tovushlarining oʻzgarganini koʻrish mumkin.

Qarachayli tilida ravishning qoʻllanishi ham turkiy qolipda va bu oʻrin-payt ravishlarida yaxshiroq koʻzga tashlanadi:

oʻtgan yil – biltir;

bu yil – bijil;

kelasi yil – keli jil;

kecha – tyunene (tunovun);

bugun – byugyun;

ertangi kun – tambla.

Oxirgi tambla soʻzi turkiy soʻz boʻlmasligi mumkin, chunki bu soʻz hech bir turkiy tilning lugʻatida yoʻq.

Qarachay tilida olmosh, son va sifat boshqa turkiy tillarniki bilan aynan bir xil. Faqat fonetik farqlar bor xolos:

Bu yuch sari alma (Bu uchta sariq olma).

Men tert say tabaq bishgen blamuq salib, adamlagʻa yuleshdim (Men toʻrt tarelka blamuq (atala) solib odamlarga ulashdim).

Arabcha va forscha soʻzlar islom dinini oʻrganish jarayonida oʻzlasha boshlagan va hozirgi kunda zaman زمان, tarix تاريخ, sagʻat ساعة, daqiyqa دقيقة, ustaz أستاذ, kitab كتاب, daftar دفتر, qalam قلم, ders درس, axir آخر, ramadan (ay) رمضان, jannet جنة, ummet أمة, din دين, namaz kabi soʻzlar leksikada faol qoʻllanadi. Ayniqsa, arab tilidan Muhammad, Fatima, Zuhra, Oyisha, Umar, Usmon kabi yuzlab ismlar oʻzlashtirilgan.

Qarachayli tilining lugʻat boyligida nasroniylikka xos ismlar ham saqlangan. Filologiya fanlari doktori Tamara Bittirovaning yozishicha, qarachaylilarda oy va hafta kunlarining nomlarida nasroniylikka oid soʻz va ismlar koʻp uchraydi. Ammo bu ismlar buzib talaffuz qilingani uchun ularni bir eshitganda anglab olish qiyin kechadi. Misol uchun, hozirgi kunda grigoriy kalendari amalda boʻlsa-da, hamon qarachaylilar eski oy nomlari sifatida nasroniycha nomlarni ham saqlab kelishadi.

Ammo shu bilan birga qadimdan qoʻllangan turkiy oy nomlari ham saqlangan:

Aqton ay (oq toʻn oyi) – yanvar.

Burul ay (buruladigan oy) – fevral.

Baldir ay (boldir oyi) – may.

Lukkul ay (yogʻoch omoch oyi) – iyun.

Buzchachar ay (muzsochar) – iyul.

Qirqar ay (qoʻy qirqim oyi) – avgust.

Qirqavuz ay – sentabr.

Sogʻum ay (mol soʻyiladigan oy), yana bir nomi Etiyiq ay (et yeyiladigan oy) – oktabr.

Arg‘ish ay (qishga zaxira gʻamlash) – noyabr.

Altayg‘ir ay – dekabr.

Hafta kunlarida ham xuddi shunday holat koʻzga tashlanadi:

Bash kyun – dushanba.

Gyurge kyun (avliyo Georgiy kuni) – seshanba.

Baraz kyun (avliyo Paraskeva kuni) – chorshanba.

Orta kyun – payshanba.

Bayrim kyun (muqaddas Mariya kuni) – juma.

Shabat kyun – shanba.

Iyix kyun (dam olish kuni) – yakshanba.

Eʼtibor berilsa, bu yerda faqat uch kun turkiyda nomlangan. Qolganlari nasroniylik bilan bogʻliq. Qarachaylilar nasroniy avliyolarni shiyix – shayx (shiyix Gyurge, shiyix Totur) deb atashgan. Cherkov popini esa – “kalisa qulluqchisi” degan. Troitsani (xristian dinida: ota xudo, oʻgʻil xudo va muqaddas ruhdan iborat yagona iloh) yucheulen, yucheu yaʼni uchovlon deb atashgan. “Kreshenie” soʻzini xach salirgʻa, dingʻa buru, iyman salu deyishgan. “Missiya”ni borch (burch), ish, jumush deb tarjima qilishgan. Umuman olganda, qarachaylilar uzoq muddat nasroniylik dinida boʻlgani uchun lugʻatida shu dinga oid leksemalarning turkiy variantlari ham koʻp saqlangan.

Qarachayli tiliga rus tilidan ham soʻzlar koʻp oʻzlashgan. Masalan, qarachaylilar dunyo tomonlarining ikkitasini turkiyda aytib kelishgan: kyun chiqgʻan jani va kyun batxan jani. Ammo shimolni sever, janubni yug deb atashgan. Misol uchun: severdagʻi teyri jariq (shimol yogʻdusi) yoki Yug Amerika (Janubiy Amerika). Faqat islomni qabul qilgandan keyin janub maʼnosida qibla[12] qoʻllana boshlagan. XIX asrdan diniy ulamolar orqali janub va shimol soʻzlari oʻzlashgan. Bu soʻzlarning turkiy variantlari esa faqat ayrim lugʻatlarda saqlangan xolos. Hozirgi kunda bu soʻzlarning turkiy yoki islomiy variantlarini lugʻatga kiritish boʻyicha ish olib borilmoqda.

Qarachayli tiliga begona soʻzlar qanchalik oʻzlashmasin, oʻz qatlam soʻzlar tilning asliyatini saqlab qolgan. Ayniqsa, qipchoq tiliga xos boʻlgan elementlar uni yanada goʻzal va ulugʻvor qilib koʻrsata oladi: tav, sav (sog‘), jav (dushman), juzuk (uzuk), ayuv (ayiq), jariq (yorug‘), siyliq (sovgʻa), tiyirmanchi (tegirmonchi), torba (toʻrva), jamgʻir (yomgʻir), javun (yogʻin), jiyin (yigʻin) va h.

Qarachaylilarda boshqa turkiylarda uchramaydigan leksik birliklar ham uchraydi:

Ayuu uluchaq (Ayiq bolasi), qozlagʻan qatin (qoʻzilagan, bolali xotin), tuqum/tuxum (familiya), myuyyuzchyuk (muguz, kichik shox), chariqchi (etikdoʻz), toshgrob (toshtobut), jyulgʻuch (ustara), saqal jyulyuter (sartarosh), achilmagʻan chichek (gʻuncha), jengil juru (tez yurish), jengil ayaq (chaqqon) va h.

Qarachay maqol va topishmoqlari

Qarachaylilar togʻning baland joylarida yashagani uchun jamiyat boʻlib birlashib yashash hayot-mamot masalasi sanalgan. Shuning uchun boʻlsa kerak, birlik va eldan ayrilmaslik, oʻzaro ahillik gʻoyalari maqollarga singib ketgan:

Birlikde – tirilik.

Birikgen ish artxa (ortga) qalmaz.

Birlik bolmagʻan jerde nasib bolmaz.

Birikmegen ish bishmez (pishmas).

Elinden ayirilgʻan – qanati sinngan (Eldan ayrilganning qanoti singan).

Eki qargʻa jagʻalashsa bir quzgʻunga ash tyusher (Ikki qargʻa yoqalashsa, bir quzgʻan ularning oshini oladi).

Umuman olganda qarachayli maqollarida turkona ruh, qalbga yaqin bir shukuh hukmronligi seziladi va bu ularning bizning yaqin qardoshlarimizdan biri ekanini his qilish imkonini beradi. Shuning uchun qarachayli maqollari orasidan saralangan quyidagi maqollarga eʼtibor qaratamiz:

Ach ash ayirmaydi (Och kishi ovqat tanlamaydi).

Ach qarnim, tinch qulag‘im.

Adam – tuvgʻan jerinde, it – toygʻan jerinde (Odam tugʻilgan yerini, it toʻygan yerini vatan tutadi).

Aqilli erkishi atin maxtar, aqilsiz erkishi qatinin maxtar (Aqlli erkak otini maqtar, aqlsiz erkak xotinini).

Ana qoynu – balagʻa jannet.

Ana quchag‘i balagʻa beshik.

At erkeshining qanati (Ot er kishining qanoti).

Ata jurtumu bashi bolmasam da, bosagʻasini tashi bolayim (Ota yurtimning boshi boʻlmasam-da, boʻsagʻasining toshi boʻlayin).

Atligʻa bir ayt, jayaugʻa eki ayt (Otliga bir ayt, yayovga ikki ayt).

Ayibni suu bla juualmazsan (Aybni suv bilan yuvolmassan).

Bay arbazinda qoyan tutar (Boy aravasida turib ham quyon tutar).

Bildirib kelgen jaudan qorqma, bildirmey kelgen jaudan qorq (Bildirib kelgan yovdan qoʻrqma, bildirmaganidan qoʻrq).

Bireu seni tash bla ursa, sen anы ash bla ur (Birov seni tosh bilan ursa, sen uni osh bilan ur).

Byoryu bir kyozyu bla juqlar (Boʻri bir koʻzi bilan uxlar).

Byoryu da adjashxan malni ashar (Boʻri ham adashgan molni oladi).

Jangiz bala jilauuq bolur (Yolgʻiz bola yigʻloqi boʻladi).

Jangiz balasi barni chigʻar-chiqmaz jani bar (Yolgʻiz bolasi borning chiqar-chiqmas joni bor).

Jau syoz bla yolmez (Yov soʻzlaganga oʻlmas).

Jaugʻa janingi berseng da, siringi berme (Yovga joningni bersang ham siringi berma).

Jer tausuz bolmaz, el jausuz bolmaz (Yer togʻsiz, el yovsiz boʻlmas).

Jilanni bassang, bashindan bas (Ilonni bossang, boshidan bos).

Ilker batmay, tang atmaz (Hulkar botmay tong otmas).

It qutursa iesin qabar (It qutursa egasini qopar).

Kyok jashnamay, kyok kyukyuremez (Osmonda yashin boʻlmasa, oʻt koʻkarmas).

Qaygʻisi joq quru suudan semirir (Qaygʻusi yoʻq faqat suv ichsa ham semiradi).

Qizim, sanga aytama, kelinim, sen eshit.

Qilich jara bitelir, auuz jara bitelmez (Qilichning jarohati bitadi, ogʻizniki bitmaydi).

Oynay bilmegen oyun buzar (Oʻynay bilmagan oʻyin buzar).

Eki anani emgen buzounu tili tatli (Ikki onani emgan buzoqning tili shirin).

Eki xarbiz bir quuuchxa siyinmaz (Ikki tarvuz bir quchoqqa sigʻmas).

Hamma qipchoq xalqlari kabi qarachaylilar ham topishmoq toʻqishda usta. Inchunin, ularning topishmoqlari juda ham mazmunli va odamni topqirlikka undaydi. Eng asosiysi, ularda ham oʻzbeklarga tanish ruh, xalqona ulgilar koʻzga tashlanadi:

Bir altin juzugum bar, bar dunyani jaritar (Bir oltin uzugim bor, bor dunyoni yoritar) (quyosh).

Bir anani – ming balasi (oy va yulduzlar).

Bir atim bardi da, chapsa jerni kʼirtishin kʼobaradi (Bir otim bor, chopsa yerning terisini shilib oladi) (randa).

Bir tyobede jeti teshik (bir tepalikda yetti teshik) (Bosh va undagi ikki koʻz, ikki quloq, ikki burun va ogʻiz).

Beti – ak’, chachi – burma (oq qayin).

Bir syuryuuyum bardi da, jatsam da birge, qo‘bsam da birge (Bir suruvim bor, yotsam ham birga, tursam ham) (munchoq).

Bir kʼara kishichik taudan auub baradi (Bir qora kishi, togʻdan ogʻib boradi) (qoʻngʻiz).

Bir kʼizim bardi da, iyneli chepken kiedi (Bir qizim bor, ignali chepkan kiygan) (kirpi).

Bir terekde – besh butaq, besh butaqda – besh chapraq (Bir daraxtda – beshta shox, beshta shoxda besh yaproq) (barmoqlar va tirnoqlar)

Xulosa oʻrnida

Tilshunoslar, xususan qarachay tilshunoslari qarachayli tilining “Qumanlar qomusi” tiliga yaqinligini taʼkidlab keladi. Toʻgʻri, boshqa qardoshlardan farqli oʻlaroq, to XVIII asrga qadar nasroniylik dinini saqlab kelgani uchun ularda “Qumanlar qomusi”ga yaqinlik boʻlishi mumkin. Ammo shuni unutmaslik kerakki, “Qumanlar qomusi”ning tili qirim tiliga yaqinligi boʻyicha olimlarning fikri mushtarak.

Mazkur maqolani oʻqigan oʻquvchi anglab yetgan boʻlsa kerak, qarachayli tili oʻzbek tilining qipchoq lahjasiga oʻxshaydi. Ikki tilning bir-biridan farqlari esa sovet davrida yaratilgan alifbolarning turlichaligi sabab kelib chiqqan. Shuning uchun mazkur maqolada qarachayli maqollari va topishmoqlariga alohida eʼtibor qaratildi. Chunki tilshunoslikda yangi davrda amalga oshirilgan oʻzgartishlar koʻproq zamonaviy leksikaga taʼsir qilgan, ammo folklorda oʻz qatlam soʻzlar, soʻzlardagi milliy ruh saqlanib qolgan.

Anvar BOʻRONOV,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 1-son.

“Mangutovning manguligi” maqolasi



[1] Qarachaycha: Teberdi – tub yer, tub yur.

[2] Oqsovut.

[3] Семенов П. Карачай // Географическо-статистический словарь Российской империи. – Санкт-Петербург, 1865. – Т. II. – С. 505.

[4] Игнатенко А.А. Ислам в современном мире. Ислам в Карачае: гомогенные и гетерогенные факторы. Дисс. раб. на соиск. доктора философии.; Койчуев А.Д. Карачай: вопросы истории, культуры и религии. – Ставрополь: Изд-во КЧГУ, 2006.

[5] Qarachaycha: Teyri.

[6] Bittirova T.Sh. Karachaevo-balkarskaya dukhovnaya literatura: rukopisnoe nasledie. [Karachay-Balkar Spiritual Literature: Manuscript Heritage] / Nalchik, 2016 [in Russian]

[7] Boʻronov A. Tangrichilik maʼnaviyatga tahdid sifatida. – Toshkent: “Maʼnaviyat”, 2019. – 34-b.

[8] Государственный реестр селекционных достижений, допущенных к использованию (Породы животных) (по состоянию на 08.04.2015 г.)

[9] Карачаево-балкарский фольклор. Хрестоматия / сост., вступ. ст., коммент. Т.М.Хаджиевой. Нальчик: Изд. центр «Эль-Фа», 1996. 592 с.

[11] Русско-карачаево-балкарский словарь. Под редакцией X. И. Суюнчева и И. X. Урусбиева. М: «Сов. энциклопедия», 1965. 744 стр.

[12] Kaʼba Kavkazning janubida joylashgan.