Sotsiologlar oilaning mustahkam boʻlishi er va xotinning kasbu koriga ham bogʻliqligini taʼkidlaydi. Xalqaro ilmiy tadqiqotlar xulosasiga koʻra, erkaklar aktrisa, raqqosa, qoʻshiqchi, ayollar esa haydovchi, sotuvchi, pedagog kabi kasb egalari bilan oila qurishni unchalik istamas ekan. 19 foiz ayollar esa turmush oʻrtogʻi qanday kasb egasi boʻlishining ahamiyati yoʻqligini aytgan. Dunyo boʻyicha turli millat erkaklari asosan rafiqalikka shifokor, hamshira, menejer, iqtisodchi, huquqshunos ayol-qizlarni afzal koʻrar ekan.
Amerikalik olimlar oʻrganishganida uzoq yillar baxtli va inoq yashagan oilalarning sohiblari asosan qishloq xoʻjaligi injeneri, veterinar va oʻqituvchilar ekani maʼlum boʻlgan.
Redford universiteti psixologi, doktor Maykl Amot oilaviy ajralishlarga kasblarning taʼsiri borasida oʻtkazgan keng koʻlamli soʻrovnomasi natijasiga koʻra, koʻp muloqot talab qiladigan, stressga boy ishlar oilaviy munosabatlarga taʼsir oʻtkazmay qolmaydi.
Eng xavfli guruhga raqqos va xoreograflar kirgan – 43,05 foizi oilasini saqlab qola olmagan. Ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni barmen (38,43 foiz) va uqalovchi (massajchi)lar (38,22 foiz) egallagan. Yuqori oʻntalikda, shuningdek, hamshira, psixolog, shoumen, telemarketolog, ofisiant, oqsoch, oshpaz ham boʻlib, ularning har besh nafaridan biri ajrashib ketar ekan.
Tibbiyot sohasi vakillaridan oftalmolog, dantist va ortopedlar orasida ajralishlar nisbatan kam. Sayyohlik firmasi agentlari, yozuvchilar, polisiyachilar va ruhoniylar orasida esa bu koʻrsatkich 16 foizdan oshmaydi.
Ekspert Natan Yauning xulosasiga koʻra, quyidagi oʻn kasb egalari orasida ajralish koʻp uchrar ekan: kazino boshqaruvchisi, barmen, styuardessa, operator, mardikor, telemarketolog, zavod ishchisi. Shuningdek, er-xotin topayotgan maosh ham nizolarga sabab boʻlishi mumkin. Aksariyat erkaklar rafiqasi oʻzidan koʻp oylik olishini istamaydi. Ayollar uchun esa daromaddan koʻra erining oʻzidan aqlli boʻlishi muhim.
Oʻzbekistonda mazkur tanlov qanday? Bir necha oʻn yillar ilgari uyda oʻtiradigan, oʻqimagan qizlarga talab koʻproq edi, hozirda esa yigitlar ham, qaynonalar ham imkon qadar oʻqigan yoki hunarli qizni kelin qilishga intilmoqda.
Oyina.uz yurtdoshlarimiz fikrini oʻrganish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkazgan “Turmush oʻrtogʻingiz qaysi kasb egasi boʻlishini istaysiz?” mavzusida soʻrovnomada mingdan ortiq kishi qatnashdi.
Yigitlarning javoblari hisoblab koʻrilganida quyidagi foizlar qayd etildi:
1.Oʻqituvchi (29%)
2.Uy bekasi (20%)
3.Tibbiyot xodimi (18%)
Koʻrib turganingizdek, erkaklar asosan muallima va hamshiralarni afzal koʻrishmoqda. Shuningdek, hech qayerda ishlamay, uyda farzand tarbiyasi va roʻzgʻor yumushlari bilan band boʻladigan qizlarga ham har besh yigitdan biri uylanishga tayyor.
Yuqori oʻntalikdan qoriya, oshpaz, dizayner, bogʻcha tarbiyachisi, chevar, olima, shoira ham oʻrin olgan. Ayollar orasida nisbatan kam uchraydigan sportchi, dasturchi, diplomat, psixolog, arxitektor, kosmonavt kabi javoblar ham qayd etilgan.
Soʻrovnomada qatnashgan qizlarning javoblari oʻrganib chiqilganda ular uchun eng muhimi – kasbiy forma (tibbiy, harbiy...) ekani maʼlum boʻldi. Demak, natijalar:
1.Shifokor (25%)
2.Harbiy (11%)
3.IT mutaxassis (10%)
4.Tadbirkor (9%)
5.Huquqshunos (9%)
Bankir, olim, uchuvchi, injener, ijodkor keyingi oʻrinlarni egallagan. Olim, sartarosh, arxitektor, qori, oshpaz, sportchi, oʻqituvchi erkaklarga esa talab nisbatan kamligi maʼlum boʻldi. Detektiv, faylasuf, haker kabi kamyob kasb egalariga ham qiziqish bildirilgan.
Soʻrovnoma ishtirokchilarining ayrimlari kasbning umuman ahamiyati yoʻqligi, muhimi, yaxshi inson boʻlishi lozimligi, kasb insonni emas, inson kasbni bezashi haqida yozishgan.
Oʻzbekistonda oilaviy ajrashishlar sabablari surishtirilganda asosan xarakterning toʻgʻri kelmasligi, moddiy yetishmovchilik, uchinchi shaxsning aralashuvi, befarzandlik kabi omillar tilga olinadi. Psixologlar ikki yoshning bir-biriga feʼl-atvori mos tushishida kasblarning oʻrni muhimligini taʼkidlaydi.
Er-xotin bir-birining kasbi haqida maʼlumotga ega boʻlishi, qiziqish bildirishi, fikr almasha olishi, majburiyatlarini qabul qilishi, hechqursa kasbini yerga urmasligi juda muhim. Inson hayotda sevimli ishi bilan shugʻullansa va buni turmush oʻrtogʻi ham qoʻllab-quvvatlasa, oilaviy muhitga ijobiy taʼsir etmay qolmaydi. Bu esa nafaqat oʻzlarining hayotida, balki farzandlarining kelajagida muhim rol oʻynadi.
Nodira IBROHIMOVA
oyina.uz
Foto: Xolida Musurmonova
Suratda: OʻzJOKU talabalari