Savollarga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi direktorining oʻrinbosari Gʻulomiddin XOLBOYEV javob berdi.
– Agar savdogar oz boʻlsa-da yolgʻon aralashtirsa, undan kelgan pul halol boʻladimi?
– Sotuvchi savdoda yolgʻon ishlatgani uchun undan kelgan puli ochiq harom boʻlmasa-da, yolgʻoni sababli gunohkor boʻladi va topgan molining barakasi ketadi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam koʻplab hadisi shariflarida ummatlarini ommatan, savdogarlarni esa xossatan yolgʻon gapirishdan qaytargan. Rifoa roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, u kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallam bilan namozgohga chiqqan ekan. Paygʻambar alayhissalom savdo qilayotgan odamlarni koʻrib, “Ey tojirlar jamoasi!” dedi. Ular boshlarini koʻtarib qaradilar. Shunda u zot “Albatta, tojirlar qiyomat kuni fojir hollarida tirilurlar. Faqat Allohga taqvo qilgan, yaxshilik va rostgoʻylik qilganlar bundan mustasno” dedi (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, tijoratchi odam taqvodor, yaxshilik qiluvchi va rostgoʻy boʻlmasa, bu kasbi unga oxiratda nadomat keltirar ekan. Boshqa bir hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilgan:
“Oluvchi va sotuvchi bir-biri bilan savdoni kelishib olguncha ixtiyorlari oʻzlaridadir. Agar ular bir-birlariga rost gapirib, molining aybini yashirmasa, bunday savdoda ularga baraka boʻladi. Agar molning aybini yashirsa va bir-birlarini aldasa, savdolarida baraka boʻlmaydi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, savdo-sotiq ishlari rostgoʻylik va xolislik asosida amalga oshirilsa, har ikki taraf ham foyda topish bilan birga rizqlarida fayz-u barakaga erishadi. Aks holda ushbu savdolarida barakadan mahrum boʻlib, oxiratda nadomatga qolishadi. Vallohu aʼlam.
– Shom payti bolamni koʻtarib, qoʻshni ayollar bilan koʻchada gaplashib turgan edik, mahallamizdan bir otaxon bizni “Jin-u shaytonlar toʻziydigan mahal yosh bola bilan koʻchada nima bor sizlarga?” deb koyidi. Otaxonning gaplari qanchalik toʻgʻriligini bilmoqchi edim.
– Otaxon toʻgʻri aytibdi. Avvalo dinimiz ayollarning koʻchada behuda gap sotib oʻtirishiga ruxsat bermaydi. Shuningdek, shom payti jin va shaytonlar izgʻib yurishi ham hadisi shariflarda bayon qilingan.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Idishlaringiz ustini yoping, meshning ogʻzini bogʻlang, eshiklarni qulflang, kech kirganda bolalaringizni qaytaringlar. Sababi, (bu paytda) jinlarning tarqalishi va tez harakatlanishi bor” dedi” (Imom Buxoriy, Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyati).
Bu hadisda bir nechta foydali maslahat berilgan. Keksalarimizning “Shom chogʻi koʻchada sayoq yurmang” degan gapi ana shu hadisga asoslanib aytilgan boʻlsa ajabmas. Shom payti jinlar yer yuzi boʻylab tarqaladi. Bu paytda jinlar koʻchada yurgan bolalarga ziyon yetkazib qoʻyishi mumkin. Chunki ular oyatlar, zikr-u tasbehlarni aytib yurishni bilmaydi. Baʼzida bolalarning injiq boʻlib qolishi, uyqusida bosinqirashiga ham ana shu payt koʻchada yurishi sabab boʻladi. Bu noqulayliklardan qutulish uchun hadisi sharifdagi koʻrsatmalarga amal qilganimiz yaxshi. Vallohu aʼlam
– Esnagan paytimizda nima uchun qoʻl bilan ogʻiz berkitiladi? Buning biror asosi bormi?
– Esnash paytida qoʻl bilan ogʻizni toʻsish sunnat. Bu haqda hadis bor. Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdi: “Agar birortangiz esnasangiz, qoʻlingizni ogʻzingizga qoʻying, chunki shayton kiradi” (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolarimiz mazkur holatda ogʻizni chap qoʻlning orqa tarafi bilan berkitish odobdan ekanini aytishgan. Shuningdek, boshqa hadislarda esnab turib “hooh” deb ovoz chiqarib boʻlmasligi, chunki bunda shaytonning kulgisiga sabab boʻlish borligi ham bayon qilingan.
Yana baʼzi rivoyatlarda Paygʻambarimiz alayhissalom hech esnamagani rivoyat qilingan. Vallohu aʼlam.
– Dinimizdagi tush koʻrishga aloqador hukmlarni bayon qilsangiz.
– Tushlar uch xil boʻladi:
tahorat bilan yotilganda Alloh taolo tomonidan berilgan va tongga yaqin koʻriladigan yorqin tushlar;
shayton taʼsiridagi aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga oʻxshash yomon tushlar;
kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.
Paygʻambarlardan boshqa odamlarning rost tushlari amal qilinishi shart boʻlgan ish emas, balki kelajakdagi biror yaxshilikdan bashorat boʻladi, xolos. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, zid kelsa, qatʼiy amal qilinmaydigan ishdir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bomdod namozidan keyin “Bu kecha birortangiz (yaxshi) tush koʻrdingizmi? Mendan keyin faqat rost tushlar qoladi” der edi”. Yaʼni mendan keyin vahiy boʻlmaydi, faqat rost tushlar moʻminlarga yaxshiliklardan bashorat boʻlib qolaveradi.
Paygʻambarimiz alayhissalomni koʻrish ham rost tushlardan hisoblanadi. Hayotda shayton u zotning suratiga kira olmagani kabi tushda ham suratiga kira olmaydi.
Ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallam “Kim meni tushida koʻrsa, haqiqatda oʻzimni koʻribdi. Chunki shayton mening suratimga kira olmaydi” degan (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyati).
Yomon tush koʻrgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh soʻrashi kerak.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam “Birortangiz yomon tush koʻrsa, shayton u bilan oʻyin qilganini odamlarga aytmasin” dedi” (Imom Muslim va Ibn Moja rivoyati).
Bu yerda yomon tushdan murod odamni gʻam-qaygʻuga soladigan tushlardir. “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qoʻrqinchli tush koʻrsa, chap tomoniga tuflab qoʻysin va tushining yomonligidan (Allohdan) panoh soʻrasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”. Yaʼni yomon tush koʻrgan kishi chap tomoniga yengilgina tuflab, “Ey Rabbim! Koʻrgan tushimning yomonligidan panoh soʻrayman” deb qoʻyadi.
Baʼzi ulamolar imkon boʻlsa, oʻrnidan turib, tahorat olib, ikki rakaat nafl namozi oʻqigani yana ham yaxshi deyishgan.
Tushining taʼbirini soʻramoqchi boʻlgan kishi soʻrovchini yaxshi koʻradigan boʻlishi yoki olim kishiga aytishi kerak. Zero, tushni nimaga yoʻysa, oʻshanday boʻladi. Doim tushni yaxshilikka taʼbir qilish kerak. Hadisda kelishicha, bir ayol uch marta kelib, Paygʻambarimizga “Erim tijorat bilan ketgan, oʻzim homiladorman, tushimda uyimning ustuni sinibdi, gʻilay bir bola tugʻibman” deydi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam har safar “Ering safardan qaytadi, solih bir farzand tugʻasan” der edi. Oxirgi marta Oysha onamizdan tushining taʼbirini soʻraganda, uning eri vafot etishi, fojir bir bola tugʻishini aytadi, shunda Paygʻambarimiz alayhissalom “Ey Oysha! Unday dema! Musulmon kishining tushini taʼbir qilsangiz, yaxshilikka taʼbir qiling. Chunki tush egasi qanday taʼbir qilsa, shunday boʻladi” degan (Imom Dorimiy hasan sanad ila rivoyat qilgan).
Koʻrmagan tushini koʻrdim deb toʻqima tush aytish shariatimizda yolgʻonchilik, yaʼni gunoh sanaladi. Bu haqda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday degan: “Eng katta boʻhton – otasi boʻlmaganni otam deb daʼvo qilish, koʻrmagan tushini koʻrdim deyish va Allohning Rasuli sollallohu alayhi va sallam aytmagan gapni aytdi deyishdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu mavzuda yoʻl qoʻyiladigan xatolar shuki, baʼzilar shariatga zid narsani tushida koʻrib, amal qilib yuradi. Baʼzida tushimda xudo bilan gaplashdim deb paygʻambarlikni daʼvo qiladi. Baʼzilar tonggacha tush koʻrib, kechgacha uni odamlarga aytish, yo taʼbirini izlash, yo soʻrash bilan kunni kech qiladi. Tush taʼbiri yozilgan kitoblarni izlaydi. Vaholanki, bunday kitoblarning aksariyati asossiz, toʻqima gaplardan iborat boʻladi. Aslida tush haqidagi dinimiz koʻrsatmalariga amal qilib, islom asoslari, halol-harom, farz-u vojib, sunnatlarni oʻrganish, amal qilish burchimiz, vazifamizdir.
Inson tush koʻrgani uchun savob ham, gunoh ham olmaydi, lekin yuqoridagi burch va vazi falarini bajarmasa, gunohkor boʻladi, soʻraladi. Zero, ulugʻlarimizning bir gapi bor: “Oʻngingda Allohdan qoʻrq, tushingdagi narsadan qoʻrqma!”. Vallohu aʼlam.
– Xoʻroz farishtani koʻrsa qichqiradi deyishadi. Shu gapning asosi bormi? Hayvonlarning bemahal ovoz chiqarishi biror narsaga dalolat qiladimi?
– Ha, bu borada koʻplab sahih hadislar bor. Yaʼni Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallam “Agar xoʻrozning qichqirigʻini eshitsangiz, Alloh taolodan fazli va marhamatini soʻrang. Chunki xoʻroz farishtani koʻrgan boʻladi. Agar eshakning hangrashini eshitsangiz, Alloh taolodan shaytondan asrashini soʻrang. Chunki eshak shaytonni koʻrgan boʻladi” degan (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).
Yana bir rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Kechasi itlarning hurishini va eshaklarning hangrashini eshitsangiz, Alloh taolodan shaytondan asrashini soʻrang. Chunki ular siz koʻrmagan narsani koʻradi. Kechasi hamma uxlab yotgan paytda kamroq koʻchaga chiqinglar. Alloh taolo tunda maxluqotlaridan xohlaganicha yuboradi” degan (Imom Nasoiy, Imom Hokim rivoyati). Vallohu aʼlam.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2023-yil 4-son.
“Qaltis savollarga nozik javoblar” suhbati