18. 11. 2023-yil.

Davlat bayrogʻi qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan muhtasham “Xalqlar doʻstligi” maydonida “Muqaddasdir Vatan bayrogʻi!” shiori ostida tantanali bayram oʻtkazildi. Shu haqida qisqacha hikoya qilamiz!

Yomgʻir ham tomoshabinlarni tarqatib yubora olmadi

Kun davomida ob-havo yomgʻirga jiddiy tayyorgarlik koʻrdi va tantana avvalida oʻz natijasini koʻrsatdi. Davlat va jamoat arboblari, taniqli shoir va yozuvchilar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, sportchilar, harbiylar, Milliy gvardiya otliq qismlari, faol yoshlar, OAV vakillari va keng aholi ishtirok etayotgan bayramga yomgʻir toʻsqinlik qila olmadi. Katta ijobiylik bilan yomgʻirga baraka va kuz neʼmati deya qaraldi.

 






Hammani birlashtirgan qoʻshiq

Tadbir Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzoning kirish soʻzi bilan ochildi. “Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug‘ sanaladi. Chunki u xalqning oʻtmishi, buguni va kelajagini oʻzida mujassam etgan vatanning yorqin timsolidir. Shunday ekan, milliy davlatchiligimiz va qadrimiz timsolini hamisha eʼzozlaylik va boshimiz uzra baland koʻtaraylik!”, – mazmunidagi chaqiriqqa javoban maydonda sanoqsiz bayroqlar yuksakka koʻtarildi.

Kirish soʻzi davlat madhiyamizga ulandi: tantanavor qoʻshiq maydondagi yosh-u qari tomonidan katta gʻurur bilan ijro etildi.


 





Mobil telefonlar kamerasi yoqildi

Tomoshabinlarga harbiy va vatanparvarlik ruhidagi chiqishlar hamda davlat bayrogʻi ishtirokidagi ommaviy tomoshalar juda manzur boʻldi. Tomoshani oʻz mobil telefoniga muhrlashga uringan sanoqsiz tomoshabinlar fikrimizni tasdiqlaydi.

 









Seni koʻzga surtsam, koʻzimga quvvat...

Bayram shodiyonasining taʼsirchan pallasi Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoira Zulfiya Moʻminovaning “Oʻzbekiston bayrogʻi” nomli sheʼriga toʻgʻri keldi. Maydonni zabt etgan otashin misralar tomoshabinlarga yanada iliq kayfiyat ulashdi:

“...Seni koʻzga surtsam koʻzimga quvvat,

Magʻrur hilpiragin abadul-abad,

Oʻzbekiston bayrogʻi,

Oʻzbekiston bayrogʻi!”

 






Sportchilar vaʼdasi

Tantana davomida soʻzga chiqqan bir guruh sportchilar – Boks boʻyicha Osiyo va jahon chempioni, Olimpiada oʻyinlari gʻolibi Hasanboy Doʻsmatov, tosh koʻtarish boʻyicha jahon chempioni Nuriddin Ergashev, baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha Osiyo oʻyinlari sovrindori Nilufarxon Zokirova, kurash boʻyicha jahon chempioni Abdurahmon Abduvaliyev yurtdoshlarimizni bayram bilan tabrikladi. Ular bundan keyin jahon arenalarida davlat bayrogʻimizni yuksaklarga koʻtarishga vaʼda berishdi.




 


Maʼnaviyat fidoyilari bilan tanishing

“Muqaddasdir Vatan bayrogʻi!” shiori ostida oʻtayotgan bayramning muhim voqeasi – bir guruh sanʼat va adabiyot vakillariga “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni topshirildi:

1. Tesha Moʻminov, Oʻzbek Milliy akademik drama teatri aktyori, Oʻzbekiston xalq artisti;

2. Odinaxon Narzullayeva, Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik musiqali teatri solist-vokalisti, Oʻzbekiston xalq artisti;

3. Aleksandr Bekjonov, Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik musiqali teatri aktyori, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist;

4. Yodgora Ziyomuhammedova, Oʻzbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri aktrisasi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist;

5. Faridaxon Umarova, Oʻzbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri aktrisasi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist;

6. Hakima Otaxonova, Oʻzbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri aktrisasi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist;

7. Adolat Ismoilova, Yunus Rajabiy nomidagi oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi xonandasi;

8. Umida Abduazimova, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira;

9. Farogʻat Xudoyqulova, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi boʻlim boshligʻi, shoira;

10. Sayyora Toʻychiyeva, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira, falsafa fanlari doktori, professor.

 






Musiqiy chiqishlar, sanʼatkorlarning quvnoq qoʻshiqlaridan soʻng bayramga yakun yasaldi.
Ishonch bildiramizki, tantana tomoshabinlarga chin maʼnoda bayram kayfiyatini ulashdi. Har bir yurtdoshimiz yuragida bayroq hilpiradi.

Sirojiddin RUSTAMOV,

Oyina.uz

Oyina.uzʼni Telegramda kuzating!