Turkiy til tilsimlarini oʻrganish chogʻida ayrim soʻzlar qalbimizga chiroq yoqqanday, tiynatimizga nur yugurtirib, fikratimizga bir shukuh indirganday boʻladi. Xususan, yor soʻzi ham shunday.
Mumtoz adabiyotimizda yor soʻzini koʻp uchratamiz. Baʼzida oshiq yo maʼshuqa, baʼzida doʻst, goho xudo maʼnosida keladi u. Izohli lugʻatda yor soʻzi fors tilidan oʻzlashgani qayd etilgan (Oʻzbek tilining izohli lugʻati. Yo harfi. 43-bet.). Haqiqatan ham shundaymi? Yor forsiy soʻzmi yo turkiy? Mazkur masalaga aniqlik kiritish uchun yor leksemasini oʻzak deb, ayni undan yasalgan boshqa soʻzlarni tahlil qilib koʻramiz. Inchunin, turkiy soʻzlar kichik oʻzaklardan yasalib, ular aglyutinativ xususiyatiga koʻra buzilmaydi.
Yor soʻzining turli lahjalardagi talaffuziga eʼtibor bersak: qarluq lahjasida yor, oʻgʻuz lahjasida yar, qipchoq lahjasida jar. Qarluq lahjasida, jumladan, oʻzbek adabiy tilida ham yor oʻzagidan yasalgan ayrim soʻzlar yar shaklida yoziladi: yaratgan, yarqiroq. Bu oʻzbek tili kirill alifbosiga oʻtgach, rus tilidan yo harfining oʻzlashishi bilan bogʻliqligi maʼlum. Oʻgʻuz va qipchoq lahjalarida esa bunday farq yoʻq. Oʻgʻuz lahjasidagi yar va qipchoq lahjasida jar oʻzagi oʻzgarmaydi.
Agar tarixiy manbalarga quloq tutadigan boʻlsak, yor qadimgi turkiylarning anʼanaviy diniy eʼtiqodida muqaddaslashtirilgan soʻzlar qatorida boʻlgan va bu shimol xalqlarining quyoshga yoki shimol yogʻdusiga sigʻinishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Tangrichilik dinida Yor tangrining ismlaridan biri. Keyinchalik ayni soʻzdan yaratgan (jaratqan), yaratuvchi (jaratuvchi) kabi teonimlar paydo boʻlgan.
Ozarboyjonning janubiy-sharqiy qismida Yardamli degan shahar bor. Qardosh xalqning buyuk olimi Ajdar Farzali shahar nomining etimologiyasi xususida toʻxtalar ekan, yardamli quyoshga sigʻinuvchi otashparastlar maʼnosini anglatishini aytadi. Shu oʻrinda mumtoz adabiyotimizda “yor” nega Alloh maʼnosida kelishiga endi eʼtibor qaratsak boʻladi chamamda. Demak, yor – yorugʻlik taratuvchi, yaratuvchi maʼnosida qoʻllangan teonim boʻlishi ham mumkin ekan.
Aslida yor leksemasining teonim sifatida qoʻllanishi yangilik emas. Turkiy xalqlar adabiyotida, ayniqsa, tasavvuf shoirlari ijodida yor eng koʻp qoʻllanadigan latif soʻzlardan biri. “Yor”ning teonim xususiyati Olloyor, Xudoyor, Tangriyor kabi ismlarda ham yaqqol koʻzga tashlanadi.
Bu borada yorlaqash (jarlaqash) soʻzi ham alohida oʻringa ega. Yorlaqash tangrining qoʻllashi, gunohlarni avf etishi maʼnosini anglatgan. Xoqonim bilan lashkarlar tortdik, tangri yorlaqasin (Tunyuquq bitigi)! Hozirgi kunda bu soʻz “Alloh yorlaqasin” yoki “Xudo yorlaqasin” shaklida ishlatiladi.
Yordam – tangrining yordami
1990-yili Naxichevanning Sadarak degan qishlogʻida edik. Yoʻlda bir kishining kajavali mototsikli oʻchib qoldi. Mototsikl egasi har qancha urinmasin, uni qayta oʻt oldirolmadi. Shunda men:
– Keling, sizga yordam beramiz, dedim.
Ochigʻi, yordam berishga qoʻl choʻzgan kamina baloga qolib ketdim.
– Sen kimsanki, yordam berasan? – degan dashnom eshitdim mototsikl egasidan. – Alloh yordam bersin!
Gap nimada ekanini tushunmay, angrayib qoldim. Bu haqda ozarboyjon doʻstlarimdan soʻrab-surishtirdim. Ularning aytishicha, ozarboyjonlik turklar yordamni faqat xudo beradi degan aqidani saqlab qolgan va “yordam” soʻzi oʻrniga “koʻmak”ni maʼqul koʻrishar ekan. Oʻz-oʻzidan maʼlum boʻladiki, “yordamchi” soʻzi ham tangrini anglatadi. Baʼzan bu soʻz farishtalar yoki paygʻambarlarga nisbatan ham qoʻllangan boʻlishi mumkin.
Yorliq (jarliq) soʻzi qadimda tangrining xabari, hukmi, muhri maʼnosini bildirgan. Ibroniy dinlardagi vahiy yoki zardushtiylikdagi paygʻom maʼnosida tangrichilikda yorliq (jarliq) qoʻllangan. Keyinchalik xon va sultonlarning farmon va buyruqlari, shuningdek, biron matn yozilgan qogʻozlari ham yorliq deb atala boshlagan. Islom dinini qabul qilgan turkiylar orasida yorliq (jarliq)ning xudo bilan bogʻliq maʼnosi asta-sekin unutilib borgan. Misol uchun, hozirgi kunda oʻzbek tilida yorliqchi (jarliqchi) soʻzi mutlaqo qoʻllanmaydi. Ammo oltoylarning burxoniylik dinida ruhoniylarni, tangrichilar esa shomonlarni ham jarliqchi deb atashadi. Јarlikchiga bararista, јer solizin degen (K.Telesov). (Yorliqchi (folbin)ga borgan ekan, yashayotgan yeridan koʻchmasin debdi).
Mumtoz adabiyotda yor bilan birga yoron soʻzi ham koʻp keladi. Bu soʻz qipchoq tillarida jaran shaklida dindosh, doʻst maʼnosida qoʻllanadi. Turkiy anglashimda yoron (jaran) doʻst soʻzidan ancha farq qiladi. U dindosh, gohida esa farishta maʼnosida ham qoʻllanadi. Doʻst sifatida faqat eng ishonchli doʻstga nisbatan ishlatilgan. Bugungi kunda Qirgʻizistonda jaran fuqaro maʼnosini bildiradi: Kirgiz Respublikasinin jarani.
Yorug‘ (jariq) soʻzi ham yor oʻzagidan yasalgan. Chunki tangrichilik dinida dunyo uchga – yer osti, yer usti va osmon olamiga boʻlingan. Yer osti dunyosi tamug‘, yer usti dunyosi yorug‘ (jariq) deyilgan. Oltoy tilida hozir ham dunyo oʻrnida јariq ishlatiladi: Men bu јarikka јo‘rele, “balam” dep aytpaska neniҥ kiyinin etkem? (K.Telesov) (Men bu dunyoga kelib, “bolam” degan soʻzni aytmaslik uchun nima gunoh qildim?). Biz oʻzbeklar ham bu soʻzni dunyo soʻzi bilan birga ishlatamiz: “bu yorug‘ dunyo”.
Shu oʻrinda yana bir mulohaza paydo boʻladi. X asrda turkiy elning olimi Sengi Seli Tudung buddaviylik dinining muqaddas kitoblaridan biri “Suvarnaprabxasa”ni uygʻur tiliga tarjima qilganda nega Oltin yoruq (Altin yaruq) deb nom bergan ekan-a?
“Aqjariq” (oqyorug‘) nimani anglatadi?
Jannatni ibroniy dinlarda jannat, zardushtiylik dinida esa behisht deb atashadi. Oʻzbek tiliga jannat soʻzi arab tili orqali, behisht esa fors tili orqali oʻzlashgan. Shu yerda oʻrinli bir savol tugʻiladi: turkiylarda jannat tushunchasi boʻlganmi-yoʻqmi? Agar boʻlgan boʻlsa, uni nima deb atashgan? Toʻgʻri, oʻrta asrlar adabiyotida, jumladan, Navoiy asarlarida ham jannat maʼnosidagi uchmoq yoki uchmoh soʻzlari qoʻllangan:
Chuntamuqdin1 najot topqaylar,
Uchmoq2 ichra hayot topqaylar.
Kamina maqola yozish bahonasida zardushtiylik va ibroniy dinlarini qabul qilmagan yoki turkiy til qoliplarini saqlab qolgan xalqlar leksikasi bilan qiziqib koʻrdim. Jannatni chuvash tilida chatmax, boshqird va tatarlar ojmax, qozoqlar jumaq, oltoylar sureyen deb atashar ekan. Ammo shimol turklarida boshqa bir ibora saqlangan. Qipchoq, Argʻin, Moʻgʻuliston, Oltoy-soyon yerlarida “aqjariq” (oqyorug‘) degan joylar koʻp uchraydi. Men odamlardan uning maʼnosini soʻrab koʻrdim: “aqjariq” (oqyorug‘) jannatmakon degan maʼno berarkan.
Yorqin (Jarqin) ismining maʼnosi nima?
Yorqin turkiy xalqlar orasida tarqalgan eng goʻzal ismlardan biri. Bu ism qipchoq oʻzbeklari va boshqa qipchoq xalqlarida Jarqin shaklida uchraydi. Bunda “yor”ga “qin” affiksini qoʻshish orqali sifat hosil qiladi: yorqin nur, yorqin oy. Maʼnosi: jilolanuvchi, yorug‘.
Oltoy tilida jarqinning yana bir maʼnosi bor: yogʻdu. Shimol turklari shimol yogʻdusini tunduk jarqin deb atashadi.
Yor-yor nega aytiladi?
Turkiy toʻylar aslida tangriga atalgan marosimlar jamlanmasidir. Unda yor-yor, yaʼni kelin-kuyovga bagʻishlangan toʻy qoʻshigʻi muhim oʻrin tutadi. Bu yerda yor soʻzining maʼnosidagi polisemiya alohida eʼtiborga molik. Birinchidan, jar, yaʼni toʻy haqida xabar maʼnosini bersa, ikkinchidan, ikki yorning bir-biriga bogʻlanishini anglatadi. Uchinchidan esa tangridan, yaʼni “yor”dan ikki yoshga tilak tilash marosimi sifatida qoʻllanadi.
Ilgari men faqat oʻzbeklarning toʻyida yor-yor aytilsa kerak deb oʻylar edim. Keyin bilsam, boshqa qipchoq xalqlarida ham bu udum bor ekan va “jar-jar aytu” deyilar ekan. Misol uchun qozoq elining “Alpamis batir” dostonida Alpomish yor-yor aytadi:
Bіsmille dep o‘lendі
Kep aytamin, jar-jar,
Asiqpasan toyinda
Kep aytamin, jar-jar!
Bundan koʻrinadiki, “yor-yor” qoʻshiqlarining tarixi turkiy xalqlarning eng qadimiy folklori “Alpomish” dostoni bilan tengdosh.
Yaralgʻi (jaralgʻi), yaratilish (jaratilish) soʻzlari xususida
Tatar va boshqird xalqlarining lugʻatida yaralgʻi degan soʻz bor. Yaralgʻi homila, xudoning neʼmati maʼnosida qoʻllanadi (Башкирско-русский словарь: Российская академия наук. Уфимский научнiй центр. Академия наук Республики Башкортостан; под ред. 3.Г.Ураксина. М.: Дигора, Рус. яз., 1996. С. 843.). Qozoq tilida esa jaratilish degan soʻz bor va u tabiat maʼnosida qoʻllanadi (Bektұrov Sh., Bektұrova A. Qazaqsha-orissha sөzdіk: Mektep oqushilarina jөne qazaq tіlіnүyrenushіlerge arialgʻan. Astana: “Foliant”, 2001. 80.). Bundan koʻrinadiki, yaralish, yaratilish kabi soʻzlar ham Yaratgan bilan bogʻliq soʻzlardir. Aniqrogʻi, Allohning xoliq sifatini anglatadi.
Yorgʻi (jargʻi) nima?
Alisher Navoiy lugʻatida yorgʻi quyidagi maʼnolarda qoʻllangan: 1. Hukm chiqarish; jazolash. 2. Qarshilik koʻrsatish, urishish. 3. Himoya. 4. Qabul (NAL – Ibrohimov S., Shamsiyev P. Navoiy asarlari lugʻati. T.: Adabiyot va sanʼat, 1972.). Oʻzbek tilining izohli lugʻatida esa ikki maʼnosi berilgan: 1. Jarima. 2. Arra (Oʻzbek tilining izohli lugʻati. 5 jildli. II jild. Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, 2006. 49.). Bu nimani anglatadi, bilasizmi? Bu tilda soʻzlarning unutilib borayotganidan darak. XV asrda “yorgʻi”ning besh xil maʼnosi boʻlsa, XX asrda u ikkitaga tushib qolgan.
Oltoy tilida jargʻi–sud, jargʻichi–sudya, jargʻilash–sudlov, jargʻilat–sudlangan, jargʻilash–sudlashish maʼnosini beradi: Kudaydiҥјargizina turar (xudoning sudi oldida javob berish); Qudayla ogo jargichi bolgoy (xudoningoʻzi jazo bersin).
Umuman olganda, jargʻi koʻplab turkiy sultonlar va xonlarning asosiy qonuni sanalgan. Shunisi eʼtiborliki, bu qonunlarning aksariyati tangri nomidan chiqarilgan, yorgʻichi (qozi)lar esa hukmni tangri nomidan oʻqigan. Yorgʻi oʻzbek tilida jarima maʼnosini anglatadi: Olib borib xon Dallining otasi, besh yuz tilla menga yorgʻi ayladi (“Ravshan” dostonidan. OʻTIL. Yo harfi. 49-bet.).
Turkiy xalqlar leksikonida yor oʻzagidan yasalgan salbiy maʼnodagi yaramas (jaramas) soʻzi ham saqlangan va xudoga doʻst emas, dinsiz, vijdonsiz maʼnosida qoʻllanadi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, yor leksemasi koʻp maʼnoga ega, barcha turkiy tillarning lugʻatida saqlangan sof turkiy soʻzdir. Yor oʻzagidan yasalgan soʻzlar tahlili shuni koʻrsatadiki, mazkur maqolada keltirilgan soʻzlar oʻrganilishi kerak boʻlgan soʻzlarning yuzdan biri ham boʻlmasligi mumkin. Chunki turkiy tillarda soʻzlarning fonetik farqlari tufayli ayrim tillardagi soʻzlarni tahlil qilish katta qiyinchilik tugʻdiradi. Misol uchun, yoqut (saxa) tilida yar (jar) soʻzi der shaklida, yorqin soʻzi esa derekeen shaklida yoziladi va talaffuz qilinadi (Якутско-русский словарь. Москва. ИСЭ. 1972. С. 138.).
Yar (jar) soʻzi nafaqat turkiy, balki gipotetik oltoy tillari oilasiga mansub boshqa tillarda ham uchraydi. Masalan, eski moʻgʻul tilida yorug‘ yar, buryat tilida yalagʻar deyiladi, ammo hozirgi kunda ularning boshqa sinonimlari koʻproq qoʻllanadi.
Umuman olganda, yor soʻzi qanday maʼnoga ega ekanidan qatʼi nazar oʻzbek tili boyligining eng yirik manbasi sanalgan mumtoz adabiyotdan oʻrin olgan. Oʻzbek toʻylarida yor-yorlar aytilib turibdi. Bu mulohazalar diniy yondashuvda emas, tilshunoslik yoʻnalishida yozildi. Koʻngil uchun yozilib, til qaygʻusidagi millat oydinlarining hukmiga havola qilindi. Mashrab soʻzi bilan aytganda:
Koʻnglumni bir dam men shod etarman,
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?
1Doʻzax.
2Jannat.
Anvar BOʻRONOV
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2022-yil 3-son.
“Yorga yetar kun bormu, yoronlar?..” maqolasi