U har kuni do‘stlari bilan inglizcha so‘zlashadi, TikTok’da koreys stilidagi liboslarda raqs tushadi, turk taomlari jon-u dili. Ammo shu bilan birga unga milliy libos kiyish erish tuyiladi, xalqona ohangdagi qo‘shiqdan uyaladi. U g‘arbcha hayot tarzi va o‘zbekona qadriyatlar o‘rtasida sarson bo‘layotgan, o‘zini topa olmayotgan, “Qaysi tomonda turish kerak?” degan savol bilan yashayotgan avlod. Uni doim bir narsa o‘ylantiradi: “Agar men zamonaviy bo‘lsam, millatga xiyonat qilayotgan bo‘lamanmi?” yoki “Milliyligimni saqlab, zamonaviy jamiyatda o‘z o‘rnimni topa olamanmi?” 

Xullas, milliylik va zamonaviylik o‘rtasida muvozanat topish bugungi avlod uchun oddiy tanlov emas, balki doimiy ichki tortishuvdir. Ular kim bo‘lishni istaydi? Zamonaviy dunyoga mos, lekin milliy ildizlardan uzilmagan shaxsmi? Yoki global standartlarga to‘liq moslashgan, biroq o‘zligini yo‘qotgan insonmi?

Psixolog va madaniyatshunoslar bu holatni “identitet konflikt” deb atashadi. Bu inson o‘zini turli madaniyatlar, qadriyatlar va jamiyat talablari o‘rtasida o‘zligi yo‘qolayotgandek his qiladigan jarayon.

Psixolog Abdurashid Mamatqulov bu holni identitet inqirozi deb ta’riflarkan,

“O‘zini tan olmagan, tanimagan yoki tan olishdan uyalganning qadr-qimmati yo‘qoladi. Aynan shuning uchun ham ko‘pchilik yoshlar o‘z shaxsiyatini xorijiy madaniyatlar orqali yasamoqchi bo‘ladi. Bunda esa ichki muvozanat yo‘qoladi, shubha, ruhiy beqarorlik kuchayadi”, deydi.

Bu jarayon nafaqat o‘zlik inqiroziga, balki umumiy avlod ishonchsizligiga olib borishi mumkin. O‘zbekligidan uyala boshlagan, ildizini faqat bayramlardagina eslaydigan, biroq uni ichki qadriyat sifatida qabul qilolmayotgan yoshlarning ruhiy dunyosi tobora ikki yo‘ldan birini tanlashga majbur bo‘lmoqda: yo o‘zini rad etadi yo o‘zligini yo‘qotadi. Bu beqarorlik nafaqat shaxsiy, balki avlodlararo aloqa, ota-ona va farzand o‘rtasidagi uzilish, murakkab tushunmovchiliklarni keltirib chiqaryapti. “Biz senlarni shunday tarbiyalagandikmi?”, deya norozilik bildirayotgan ota-onalarning qarshisida yoshlar “dunyo o‘zgardi, sizlar tushunmaysizlar”, deb turibdi. Achinarlisi esa bu jarlik tobora kengaymoqda.

Zamonaviylik va milliylik qarama-qarshi tushunchalar emas

Boshqa tomonda ayrim yoshlar milliy qadriyatlar bilan zamonaviy dunyo o‘rtasida muvozanatni topishga harakat qilyapti. Bu esa doimiy psixologik bosim, tanbehlar, yakkalanishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Bunda ko‘pchilik o‘zini topish o‘rniga, yolg‘izlik, tushkunlik, hatto identitet inqiroziga tushib qoladi. Bunday qarama-qarshiliklar nafaqat shaxsiy hayotda, balki jamiyat ongida ham parokandalik keltirib chiqaradi. O‘zbek jamiyati hali globalizmga aniq munosabat bildira olmagan: na to‘liq rad etmoqda, na to‘liq qabul qilyapti. Bu esa yoshlar uchun aniq yo‘nalish bermaydi. Ularga “shunaqa bo‘l” deyilgan, ammo qanday bo‘lishi haqida tushuncha berilmagan. “Zamonaviy bo‘l” degan da’vatlar G‘arbga o‘xshashga undash, “milliy bo‘l” degan talablar esa qadriyatlarni majburan saqlab qolish holatiga aylanib qolgandek go‘yo. Vaholanki, bu ikki tushuncha qarama-qarshi emas. Ular uyg‘unlashishi, bir-birini boyitishi mumkin.

“Bir paytlar menga “sen juda zamonaviysan” deyishganida faxr bilan kulardim. Ofisda faqat inglizcha gapirardim, keng futbolka, o‘sgan soch imijimga aylangandi. Vaqtlar o‘tdi, bir kun uyga qaytib, jimjit xonaga kirganimda o‘zimni tamoman begona his qildim. Bu men emas edim. O‘zbekcha gapirishga qiynaladigan darajagacha yetgandim. Madaniy qatlamlarim birin-ketin to‘kilib ketayotganini tushundim. Shundan so‘ng xalq og‘zaki ijodi bo‘yicha loyihada ishlashni boshladim. Ilk bora mukammal kod yozish emas, balki bir o‘zbek ertagini qayta yozish meni baxtli qildi. Tushunganim shu bo‘ldiki, zamonaviy bo‘lish uchun g‘arbga o‘xshash shart emas. O‘zingni tanish – eng katta zamonaviylik. Men endi milliylikni tashqaridan emas, ichdan izlayapman. Bu qiyin yo‘l, lekin chinakam o‘zligimni aynan mana shu yo‘lda topyapman”, – deydi Umidjon Ergashev.

Iroda Komilova esa “To‘g‘risini aytsam, milliylik haqida o‘ylash menga avval boshda biroz qarama-qarshi tuyg‘ular bergan. Chunki bolaligimdan bu so‘zga jiddiylik, sovuqlik, hatto biroz majburiyat singdirilgan edi. Institutda “Zamonaviylik va an’anaviylik” mavzusida maqola yozishimiz kerak bo‘lib qoldi. O‘sha maqolani yozish jarayonida birinchi marta o‘zimga savol berdim: “Men o‘zligimni qanday tasavvur qilaman?” G‘arb madaniyati, modasi, tili – bular qiziq, chiroyli, ammo ular menga hech qachon “o‘zimniki”dek tuyulmagan. O‘zbeklikni esa yuragimda his qilaman, lekin negadir tan olishga biroz uyalardim. Endi tushunyapman, milliylik bu faqat do‘ppi yoki atlas emas, bu yuragingdagi til, oila, o‘zingni eslash. Menimcha, biz zamonaviy bo‘lishdan oldin o‘zimiz bo‘lishni o‘rganishimiz kerak”, deydi bu boradagi fikrlari bilan bo‘lisharkan.

Milliylik zamonaviylik bo‘la olmaydimi? Bunday ziddiyatli sharoitda jamiyatning o‘zi ham yo‘qotganini qayta kashf etishi kerak. Milliylikni bugungi kontekstda qayta talqin qilmasdan turib, yosh avloddan uni tushunishini kutish nohaqlik. Biz an’analarni qadrlashimiz kerak, to‘g‘ri, lekin ularni eski ko‘rinishda saqlashga majburmizmi? Aksincha, ularni zamonaviy kontekstda qayta talqin qilish, yoshlar ongiga qiziqarli, estetik va amaliy shaklda singdirish kerak emasmi? Chunki bugungi avlod vizual fikrlaydi, estetikani qadrlaydi.

Balki doira raqsini 3D animatsiyada ko‘rib hayratlangan, maqomni neofolk uslubida tinglab ilhomlangan yoshlar orqaligina biz o‘sha “yo‘qolgan” madaniyatni qaytadan jonlantira olarmiz. Shu bois faqat tanqid qilish emas, balki muqobil variant yaratish ham kerak.

Masalan, O‘zbekiston san’atida yangi-yangi harakatlar ko‘zga tashlanyapti: ba’zi yosh rassomlar miniatyura san’atini zamonaviy pop-art bilan uyg‘unlashtirmoqda, musiqa sohasida maqom ohanglari bilan elektron janrni sinab ko‘rayotganlar bor, milliy naqshlar bilan ishlab chiqilgan “streetwear” brendlar paydo bo‘lyapti. Bu urinishlar, ehtimol, hali ommaviy emasdir. Ammo ular yo‘nalishni belgilaydi. Chunki yosh avlodga o‘zligini faqat ta’lim orqali emas, balki madaniyat, moda, kontent orqali his qildirish kerak. U “milliylik – zamonaviylikmas” degan stereotipdan voz kechishi uchun o‘z oldida zamonaviy milliylikning yorqin misollarini ko‘rishi kerak. Shu ma’noda, bugun jamiyatga ham savol bor: “Siz yoshlarga qanday milliylikni ko‘rsatyapsiz?”

Agar biz ular uchun milliylikni faqat majburlov, taqiq va didaktikaga aylantirsak, yoshlar uni rad etadi. Bugungi yosh faqat tanqid emas, muqobilga muhtoj. Milliylik zamonaviy bo‘la olmasligi haqidagi stereotipni buzish uchun esa

- zamonaviy dizayndagi milliy brendlar (kiyim, musiqa, san’at);

- yangi avlod o‘qituvchilari, blogerlar, san’atkorlar orqali milliylikni qayta talqin qilish;

- ijtimoiy tarmoqlarda “men shundayman va bu zamonaviy” degan ijobiy aks-sado yaratish;

- ta’limda milliy identitetga oid amaliy loyihalarni joriy etish lozim.

Chunki yoshlik bu o‘zligini topish jarayoni, ammo bu o‘zlikni yo‘qotish evaziga bo‘lmasligi kerak. Shu bois endi biz G‘arbga ergashayotgan emas, o‘ziga ergashtira oladigan yoshlar tarbiyasi haqida o‘ylashimiz kerak.

 

Shahruza SATTOROVA