Qorbobomiz oppoq,
Peshonasi yalpoq,
Hassasi uzunchoq,
Koʻproq bering oʻyinchoq.
Yoqimli xotiralarimizni eslatuvchi ushbu sheʼr qahramoni aslida kim boʻlgan, hech oʻylab koʻrganmisiz? Nega bu qahramon baʼzi xalqlarda Santa Klaus, baʼzilarida Ded Moroz, turkiy xalqlarda esa Ayoz Bobo deb turli jumlalar bilan ifodalanadi-yu, soʻzma-soʻz tarjimasi “muz+odam” tushunchasini bildirib, mohiyat oʻzgarmay qolaveradi? Yaʼni u xoh Santa boʻlsin, xoh Ded Moroz yoki Ayoz Bobo, qayerda qaysi nom bilan atalishidan qatʼi nazar u yangi yil arafasida kelib, bolalarga sovgʻa ulashuvchi “inson” sifatida gavdalanaveradi.
Milodiy IV asrda Rim imperyasining Lisiya dahasida (bugungi kunda Turkiyaning Derme shahriga toʻgʻri keladi) yashovchi yunon nasroniy yepiskopi Avliyo Nikols (Sancte Nicholas) “Mavlud” (Rojdestvo) bayrami arafasi, 6-dekabrga oʻtar kechasi yetim va kasal bolalarga sovgʻa ulashardi (Balki, sogʻlom bolalar ota-onasi ham farzandi koʻngli oʻksimasligi uchun Avliyo Nikols nomidan bayram daraxti yoniga sovgʻa qoldira boshlagach, bu holat ommalashib, avvaliga odat tusiga kirib, soʻng qadryatga aylanib ketgandir). Keyinchalik Avliyo Nikols haqidagi gap-soʻzlar ogʻizdan ogʻizga oʻtib borgani sayin folklorga aralashib ketadi.
Adabiyotshunoslik ilmida “sayyor sujet” degan tushuncha mavjud. Bu makon va zamon farqlanishiga qaramay, oʻxshash obraz motivlarining yuzaga kelishiga aytiladi. Masalan, deyarli barcha xalq folklorida oʻgay onadan jabr koʻrgan qiz motivi mavjud. Bu qiz bizda Zumrad deb atalsa, oʻrislarda Zolushka, inglizlarda Sindrella deb nomlanadi. “Sayyor sujet”ni yuzaga keltiradigan sabablar esa yer yuzidagi insonlarning millati, irqi, dinidan qatʼi nazar shodlikni ham, ogʻriqni ham bir xil his qilishidir. Shuning uchun ham badiiy adabiyotda doʻstlik, sevgi, din kabi umumiy va oʻlmas motivlar bor. Bu mavzuni bejizga ochmadim, albatta. Yuqorida taʼkidlab oʻtganimdek bolalarga sovgʻa ulashuvchi qorboboning prototipi (obraz yaralishiga asos boʻlgan inson) Avliyo Nikols boʻlsa-da, folklor izlari ham yoʻq emas. Ushbu maqolada bir nechta xalqlarning qorbobosini birma-bir koʻrib chiqamiz. Demak, qurʼani ochib bergan Santa Klausdan boshlasak...
Santa Klaus.
Amerika qitʼasini mustamlaka qilgan davlatlardan biri Gollandiya yangi yerga oʻzi bilan oʻz madaniyatini ham olib keldi. XVII asrdan boshlab Amerikada ham “Mavlud” arafasi Sinterklass (Avliyo Nikolsning Gollandcha nomi) bolalarga sovgʻa ulasha boshladi.
XVI asrda Angliyada Genrix VIII hukmronligi davridan moʻynali yashil yoki qizil toʻn kiygan moʻysafid odam sifatida tasvirlanuvchi “Mavlud otasi” obrazi Avliyo Nikols bilan tipiklashtirildi.
Mavlud otasi. Angliya.
Niderlandiya va Belgiyada Santa Klaus hamda Avliyo Nikolsga asoslangan Sinterklass obrazlari bir-biridan farqlanishidan tashqari, oʻzaro raqobatlashadi ham.
Avliyo Nikols.
Fransiyada “Mavlud” arafasi bolalarga sovgʻa ulashuvchi shaxs Pére Noël boʻlib (soʻzma-soʻz tarjimasi “yangilanish otasi”), u XVII asrdan boshlab ommalashgan. Bu obrazning Santa bilan oʻxshash jihatlari bor boʻlsa-da, farqli jihatlari ham yoʻq emasdi. Bu farqlar kiyimlarida, yordamchilarida yaqqol koʻzga tashlanardi. Pére Noël baʼzan Santa kabi qizil toʻn kiysa, baʼzan qora yoki toʻqroq rangdagi toʻn kiyishi ham mumkim edi. Lekin hech qachon qalpoq kiymasdi. Shuningdek, yordamchilari ham Santaniki kabi elflar boʻlmagan.
Germaniya xalqlari masihiylikni qabul qilishidan avval “Yule” bayramini nishonlagan. Bu Yevropa xalqlarining eng qadimgi anʼanasiga asoslangan boʻlib, quyosh oʻlishi va yangi quyosh tugʻilishini bildirgan. “Yule” bayrami, odatda, 21-22-dekabrda, yaʼni eng qisqa kun va eng uzun tun (yaldo kechasi)da nishonlangan. Bayramning mohiyati quyosh tugʻilishi va qora kunlar nihoyasiga yetganini nishonlash boʻlgan. Bu bayram urf-odatiga koʻra, alamazon hosil qilingan, maxsus oʻyin va marosimlar oʻtkazilgan. Skandinaviya va Germaniya anʼanasida “Yule olovi” uchun bahaybat daraxt tanlangan va uni uyga olib kirib, maxsus rasm-rusumlarni oʻtkazgan holda yoqishgan. Bu olov oʻz navbatida qayta tugʻilgan quyoshning bir parchasi boʻlib, xonadonga farovonlik keltirishiga ishonilgan. Hozirgi kunimizning Yangi yil va “Mavlud” bayramlarida ham “Yule”dan qolgan olqindilar mavjud. Masalan, bayram daraxti – yangi yil archasi va sovgʻalar ham “Yule”dan boshlangan anʼanadir. Bundan tashqari, “Yule” bayramida sharaflanuvchi xudo – Vodinning fazilatlari ham Santa Klaus haqidagi afsonalarga singib ketgan, deb taxmin qilinadi. Bu gipotezaning isboti tariqasida esa Vodinning yarim tunda otini egarlab, uyma-uy bolalarga sovgʻa ulashishi keltiriladi.
Vodin.
Finlandiyada esa mifologik Joulupukki obrazi Santa bilan qorishib ketgan. Joulupukki – Finlandiyaning Yangi yil bayramidagi asosiy qahramon. U “Mavlud” tunida bolalarga sovgʻa ulashuvchi sehrgar qiyofasida tanilgan boʻlsa-da, ammo uning tarixi bir muncha murakkabroqdir. Qadimiy mifologik talqinda Joulupukki hayvon shaklida (asosan, echki) tasvirlangan. Bu hayvon zulmat hukmdori ekaniga ishonilgan va qorongʻilikdan tashqari, sovuqlik ham uning izmida deb qaralgan. XIX asrga kelib Yevropada katolik anʼanalarining keng yoyilishi folklorga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmadi. Natijada Joulupukki obrazi Santa obraziga uygʻunlasha boshladi. XIX asr oxiri XX asr boshlarida Joulupukki obrazi Santaning ayni oʻziga aylandi. Vengriyada Télapó bolalarga sovgʻa ulashuvchi obraz sifatida tanilgan. Uning ildizi esa qadimgi german va skandinaviya xalqlari eʼtiqodi bilan bogʻliq boʻlib, bu obrazning tarixi masihiylikdan oldingi va undan keyingi davrlarni oʻz ichiga oladi. Sloveniyada bolalar “Mavlud”ni Božičekdan, Yangi yil tuni esa Dedek Mrazdan sovgʻa oladilar. Bu ikkisi turli obraz boʻlib, Božiček xorvat tilidan “mavlud” deb tarjima qilinadi. Dedik Mraz esa Ded Marozning slaviyancha shaklidir. Božičekning kelib chiqishi haqida aniq maʼlumotlar yoʻq. Dedek Mraz slavyan xalqlari mifologiyasi bilan bogʻliq.
Slavyan xalqlari folkloridagi taqvim xudosi keyinchalik Maroz obraziga aylandi. Uning sehrli uzugi boʻlib, uni navbatma-navbat taqvim oylariga taqardi. Shu orqali u vaqtni, mavsumni, ob-havoni nazorat qilardi. Taqvimning soʻnggi kuni bayram daraxtini yoqib, tantana qilishardi, degan qarashlar ham mavjud (Lekin XIX asrda Maros Ivanovich obrazi shakllantirilgan boʻlib, u “Mavlud” tunida bolalarga sovgʻa ulashuvchi qahramon sifatida talqin qilingan).