Yunus Rajabiy (05.01.1897 – Toshkent – 23.04.1976) bastakor, xonanda va sozanda (nay, dutor), oʻzbek musiqa merosini toʻplovchisi, Oʻzbekiston xalq artisti (1953), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1966) hisoblanadi (Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi “R” harfi, – Toshkent: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2004 // www.ziyouz.com kutubxonasi manbasi. – B. 133).

Yunus Rajabiy dastlab madrasada, keyinchalik Turkiston xalq konservatoriyasida (1919–1923), Toshkent Oliy musiqa maktabining tayyorlov kursi (1934) hamda Moskvada tashkil etilgan bastakorlar kursi (1940–1941)da taʼlim olgan. Dutor chalishni Mirza Qosimdan, keyinchalik oʻzbek mumtoz musiqa merosini Sh. Shoumarov, Hoji Abdulaziz, Toʻychi hofiz, Domla Halimlardan oʻrgangan. Samarqand pedagogika bilim yurtida musiqa oʻqituvchisi (1923–1925), Samarqand teatrining musiqa rahbari (1925–1927), Oʻzbekiston radiokomiteti qoshidagi xalq cholgʻu sozlari ansambli (keyinchalik xalq cholgʻulari orkestri) tashkilotchisi va badiiy rahbari (1927–1942, 1945–1959), Yangiyoʻl teatri musiqa rahbari (1942–1945), Oʻzbekiston teleradiosining “Maqom” ansambli tashkilotchisi va badiiy rahbari (1959–1976) boʻlib ishlagan.

Yunus Rajabiy bir qancha qadimiy oʻzbek xalq kuy va ashulalarini qayta ishlab tiklagan: “Subhidam”, “Yolgʻiz” “Sayqal”, “Figʻon”, “Oraz”, “Begi Sulton” va boshqa ijrochilik faoliyatini bastakorlik bilan birgalikda olib borgan Yunus Rajabiy oʻzbek musiqali dramasining shakllanishiga muhim hissa qoʻshgan. Dastlab, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Rustam”, “Avaz”, “Xolisxon” kabi spektakllarga xalq ashulalari asosida kuylar bastalagan. Keyinchalik B. Nadejdin bilan hamkorliqda “Qasos”, N.Mironov bilan “Qoʻchqor Turdiev”, G.Mushel bilan “Muqanna”, O.Halimov bilan “Nodira”, B.Zeydman bilan “Oʻgʻil uylantirish”, Sayfi Jalil bilan “Navoiy Astrobodda” singari musiqali dramalarni yaratgan. U “Zaynab va Omon” operasining yozilishida ishtirok etgan.

Yunus Rajabiy, shuningdek, “Fabrika yallasi”, “Bizning davron”, “Mirzachoʻlda toʻy”, “Oʻzbekiston”, “Yangrasin Gulyor”, “Dugonalarga”, “Qadah”, “Koshki”, “Gul sochar”, “Judo”, “Raʼnolanmasun”, “Chavandoz”, “Kuygay” kabi qoʻshiq va ashulalar, “Oʻyin Bayoti”, “Oʻyin Dugohi”, “Paxta” singari raqs kuylari yaratgan.

Yunus Rajabiyning, ayniqsa, oʻzbek musiqa merosini toʻplashdagi xizmatlari katta. U 1935-yildan xalq, kuy va ashulalarini notaga yoza boshlagan. Natijada, Y.Romanovskaya va I.Akbarov tuzgan “Oʻzbek xalq qoʻshiqlari” (1939) toʻplamidan Yunus Rajabiy notaga olgan 29 ta xalq musiqa namunasi oʻrin olgan. 1955–59-yillarda Yunus Rajabiy 5 jildli “Oʻzbek xalq musiqasi” (I. A. Akbarov tahririda) toʻplamini nashr ettirdi. Unga mingga yaqin turli janrdagi oʻzbek (bir qancha tojik, uygʻur) kuy va ashulalari, Buxoro shashmaqomi, Fargʻona — Toshkent maqom yoʻllari, katta ashulalar, XX asr bastakorlari (Hamza, K. Jabborov, N. Hasanov, S. Kalonov, F. Sodiqov, T. Jalilov, M.Mirzaev va boshqa)ning asarlari kiritilgan.

“Maqom” ansambli bilan ishlashi jarayonida Yunus Rajabiy Shashmaqomning 6 jildli yangi nashrini (1966–74, F.Karomatov tahririda) hamda grammplastinka yozuvlar mukammal toʻplamini (Toshkent grammyozuvlar studiyasida, 1970 yillar) tayyorladi. T. Sodikov, D. Zokirov, D. Soatqulov, F. Sodikov, N. Hasanov, K. Jabborov, S. Kalonov, K. Moʻminov, O. Imomxoʻjaev, B. Dovidova, K. Ismoilova, O. Alimahsumov, T. Alimatov va boshqa sanʼatkorlar Yunus Rajabiyning shogirdlaridir (Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi “R” harfi, – Toshkent: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2004 // www.ziyouz.com kutubxonasi manbasi. – B. 133).

Yunus Rajabiy Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1971), “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni (2000) bilan mukofotlangan. Uning hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Yunus Rajabiy” (“Oʻzkinoxronika” studiyasi, 1967; “Oʻzbektelefilm” studiyasi, 1990), “Umr daftari” (Oʻzbekiston televideniyesi, 2001) filmlari suratga olingan.

Oʻzbekiston KP MK va Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1976-yil 9-iyuldagi 408-sonli “Oʻzbekiston SSR xalq artisti, Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi akademigi kompozitor Yunus Rajabiy xotirasini abadiylashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Jizzax musiqali drama teatriga, Toshkent musiqa pedagogika bilim yurtiga, Toshkentdagi koʻchalardan biriga Yunus Rajabiy nomi berilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi qoshidagi “Maqom” ansambli va metro bekati Yunus Rajabiy nomi bilan yuritiladi. 2001-yil Yunus Rajabiy madaniyat markazi ham tashkil etilgan.

Oʻzbekiston Hukumatining 1989-yil 13-sentabrdagi 301-sonli qarori va Madaniyat ministrligining 1989-yil 28-sentabrdagi 385-sonli buyrugʻiga asosan Yunus Rajabiy 1957–1976-yillarda yashab ijod etgan uy (Toshkent, Yunus Rajabiy koʻchasi, 20-uy)da muzey tashkil etilgan.

Muzeyning umumiy maydoni 484 kv.m., koʻrgazma maydoni 181 kv.m. boʻlib, 6 ta koʻrgazma xonasi mavjud. Uning har biri maʼlum voqelikni yoritishga bagʻishlangan: “Yoshlik va oʻsmirlik davri”, “Meʼmorial xona”, “Oʻzbek xalq musiqasi”, “Shashmaqom”, “Abadiyat”, “Musiqa tinglash va filmlar koʻrish” xonalari. Muzeyda 6700 ga yaqin eksponat saqlanadi. Shulardan 847 tasi muzey ekspozitsiyalarida koʻrsatilgan. Ekspozitsiyadagi XIX asr boshlarida tanbur chizigʻida Komil Xorazmiy tomonidan yozilgan oʻzbek maqomlarining eskicha nota yozuvi kitobi, Yunus Rajabiy oʻzi chalgan nay hamda pianino, Yunus Rajabiy yozgan 12 jildli kitob qoʻlyozmalari, 5 jildi “Oʻzbek xalq musiqasi”, 6 jildi “Shashmaqom”, “Musiqa meʼrosimizga bir nazar” nomli musiqiy risolasi, kiyim-boshlari, konsert kiyimlari, oʻzbek xalq cholgʻu sozlari kolleksiyasi, oʻz oilasi, ustozlari, shogirdlari va safdoshlarining moyboʻyoqda ishlangan portretlari, fotosuratlari uy-muzeyining noyob eksponatlar hisoblanadi.

Uy-muzey Yunus Rajabiyning 100 yillik yubileyi munosabati bilan 1997-yili rasman ochilgan. Mazkur muzey binosi 2 qavatli boʻlib, binoning old tomoniga Yunus Rajabiyning haykali oʻrnatilgan. Muzeyning birinchi qavatida memorial va cholgʻu sozlar ekspozitsiyasi xonasi, mehmonxona joylashgan. Memorial xonada Yunus Rajabiyning mebellari, radio, ustki kiyimi, stolining ustida esa musiqa sozi, notalari, ruchka, choynak-piyolalari qoʻyilgan. Uning hayotligidagi muhit saqlanib qolgan. Yunus Rajabiy uy-muzeyining direktori Hasan Rajabiydir.

Muzeyda maxsus katta zal boʻlib, u oʻzbek maqomiga bagʻishlanadi. Unda Oʻzbekiston madaniyati musiqa tarixiga doir nodir hujjatlar – qoʻlyozmalar, rasmlar va boshqalar bor. Bu yerda mehmonlar va sayyohlar uchun maxsus konsertlar uyushtiriladi. Unda oʻzbek musiqasi mashhur artistlar tomonidan ijro etiladi. Muzeyda Yunus Rajabiy va boshqa mashhur musiqachilar tomonidan yaratilgan kuylarni tinglash va audio kassetalarini sotib olish, qoʻshiqchi haqidagi videofilmni tamosha qilish mumkin.

Muzey zallarini ziyorat etilayotgan vaqtlarda olib boruvchi soʻzlariga monand ravishda sokin ohanglarda barhayot navolar – oʻzbek, tojik, uygʻur muqomlari, ozarbayjon, arman tagilari, arab navolari, hind ragalari yangrab turadi. Tomoshabinga bu emotsional taʼsir koʻrsatadi va u Yunus Rajabiy yashab, ijod etgan davr ruhini his etadi. Keyingi xonada pianino, setor, dutor, rubob kabi koʻplab musiqaviy cholgʻu sozlari ekspozitsiyaga qoʻyilgan. Uchinchi xonada Toshkentning Chaqar mahallasidagi Rajabiy tugʻilib oʻsgan uyning maketi, mahallaning fototasviri, oʻsha uyda ishlatilgan uy roʻzgʻor buyumlari, onasining portreti, soʻzana, sanʼatkor zamondoshlarining fotosuratlari joylashgan.

Ikkinchi qavatga chiqaverishda rassom S.Raxmetov tomonidan yaratilgan kartina osilgan. Birinchi xonada Yunus Rajabiyning hayoti va ijodi, oila aʼzolari tasvirlangan fotosuratlar, hujjatlar namoyish etilgan. Ikkinchi xonada kompozitorning kutubxonasi jamlangan ishchi xonasi oʻz holicha saqlangan. Mazkur xonada ham Rajabiy yashagan davr ruhi sezilib turadi.

Uy-muzeyning “Yoshlik yillari” boʻlimidagi: kashkul-chelak (Yunus Rajabiy oilasida ishlatilgan, XIX–XX asr), shahodatnoma (Yunus Rajabiy Toshkent musiqa  texnikumida  oʻqiganligi haqida), Yunus Rajabiy “Bahor” musiqiy asari qoʻlyozmasi, 1926-yilga tegishli Yunus Rajabiyning Samarqandda mashhur hofizlar va sozandalar bilan tushgan fotosurati, guvohnoma (Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi), safoyil (uygʻur xalq musiqa sozi), obdasta (XIX asr); “Sanʼat xonasi” boʻlimidagi: beqasam toʻn (Yunus Rajabiy Maqom ansambli  bilan konsertlarda kiygan), adras toʻn, “Zaynab va Omon” operasi programmasi, Yunus Rajabiyga 1953-yilda berilgan “Oʻzbekiston xalq artisti” nishoni, telegramma (Yunus Rajabiyni 70 yosh yubileylari bilan SSSR Radio va Televideniesining vaziri N.Mesyasev tabriklagan) fortopiano (Yunus Rajabiy 1930 yillarda sotib olgan); “Fond xonasi” boʻlimida: Yunus Rajabiyning   qoʻlyozmalari (“Layli va Majnun” musiqali dramasi), qamchin (Yunus Rajabiyning rafiqasi Qumri Mutalovaning otasidan esdalik qolgan,  XIX asr oxiri  XX asr boshlari); “Shashmaqom xonasi” boʻlimida: “Шест музыкалных поем” китоби (1924 yil Buxoroda Fitrat va N.Mironov tahririda nasʼhr ettirilgan), “Kichik bayoz” kitobi (XIX asr oxiri XX asr boshlari, Forsiy gʻazallar toʻplami (XVIII asrning ikkinchi yarmi); “Abadiyat xonasi” boʻlimida: ashula daftari (Yunus Rajabiy yonida olib yurgan), Yunus Rajabiy uy-muzeyini barpo yetilisʼhida bir guruh sanʼatkorlarning imzosi qoʻyilgan sahifalar kabi noyob buyumlar tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uygʻotadi.

Bugungi kunda Yunus Rajabiy uy-muzeyida ziyoratchilar iltimoslariga binoan taniqli sanʼat ustalari jonli ijrosini tinglashlari uchun imkoniyatlar yaratilgan. Uy-muzey ziyoratchilari mashhur hofiz va sozandalarning jonli ijrolarini tinglab hamda disk yozuvlaridan xarid qilishlari mumkin.

Ushbu muzey Toshkentdagi uy-muzeylari orasida eng koʻzga koʻringan, muzey ishini yaxshi tashkil etgan, juda koʻp sonli tomoshabinlarga xizmat qiladigan, yaxshi ekskursiya ishlarini olib boradigan muzeylar sirasiga kiradi. Muzeyga 360.vrmuseum.uz internet sayti orqali 3D vizual sayohat qilish imkoniyati ham mavjud.

Shohista ELMURODOVA,

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti”

Milliy tadqiqot universiteti doktoranti