Ushbu maqoladan maqsad ichishni targʻib etish emas, balki til nuqtayi nazaridan baʼzi soʻzlarni tahlil etishdir. Gap pivo haqida. Tushunarli boʻlishi uchun, kundalik lugʻatimizda ruscha boʻlsa-da, “pivo” soʻzini qoʻllab turamiz, chunki hozirgi oʻzbek tilida shu soʻz qabul qilingan: “pivoxona”, “Qibray pivosi” deymiz.
Bu ichimlikning inglizcha nomi – “beer”, fransuzchada – “bière” va boshqa koʻpgina ovroʻpa tillarida ham shunga yaqin (olmon: “bier”, italyan: “birra”, yunon: “býra”, turk: “bira”). Bu yaqinlik tasodifiy emas, koʻpincha bir tilda paydo boʻlgan soʻz boshqa tillarga ham oʻtganda shunday oʻxshashlik boʻladi. Xoʻsh, mazkur ichimlik va uning nomi dastlab qayerda paydo boʻlgan?
Bu savol albatta koʻpchilikni qiziqtirgan. Shu nuqtayi nazardan angliyalik olima, eski ingliz tili (Old English) mutaxassisi Kristina Ye.Fellning “Qadimgi ingliz beori” (“Old English Beor”. 1975) nomli maqolasi diqqatga sazovor. K.Fell ushbu maqolasida hozirgi ingliz tilidagi “beer” eski ingliz tilidagi “beor”ga borib taqaladimi yoki ular boshqa-boshqa ichimliklarmi? – degan masalani eski ingliz (Old English) va unga qarindosh eski skandinav (Old Norse) tillarida XI asrgacha bitilgan sheʼriy asarlar, tibbiyotga oid qoʻlyozmalar asosida oʻrganadi.
Gap shundaki, oʻrta asrlarda ham anglosakson va skandinav-vikinglarda sarxush qiluvchi “beor” (yoki “bjor”) degan ichimlik boʻlgan ekan. K.Fell oʻz maqolasida “beor”ni oʻsha davrlarda asaldan tayyorlangan shirin ichimliklar: “medu” (hozirgi inglizchada “mead”) va “ealu” (hozirgi inglizchada “ale”) hamda uzumdan olinadigan “win” (hozirgi inglizchada “wine”, yaʼni sharob, vino) bilan qiyosan oʻrganadi. K.Fell qadimgi qoʻlyozmalar asosida mazkur toʻrt spirtli ichimlikni oʻrganar ekan, “win” (sharob) oʻrta asr qoʻlyozmalarida juda koʻp ishlatilganiga, “medu” va “ealu” nomlari “win”ga nisbatan ikki-uch barobar kam, “beor” esa yanada kamroq qoʻllanganiga eʼtibor qaratadi. Eski bitiklarda “beor” soʻzining kam uchrashi sababi – bu ichimlikni anglosaksonlarning oʻzlari tayyorlamagan, balki chetdan keltirilgan, degan xulosaga keladi K.Fell.
Albatta “win” (sharob)ning qoʻlyozmalarda koʻp uchrashi tabiiy, chunki Tavrot va Injilda ham koʻp tilga olingan bu ichimlik nasroniylar uchun deyarli muqaddas, hatto ularning diniy marosimlarida ham sharob ichiladi. K.Fell tadqiqotiga koʻra, mazkur ichimliklarning hammasi uzum suvi, asal, meva sharbatlaridan tayyorlangani uchun shirin boʻlgan.
Ammo “beer”, yaʼni pivo hamda turkiy xalqlarning boʻza ichimligi, koʻpchilikka maʼlumki, shirin emas, qolaversa, ular asaldan emas, undirilgan arpa, tariq, joʻxori kabi don mahsulotlaridan tayyorlanadi. Shu bois K.Fell oʻz tadqiqotida “beer” va qadimgi “beor” bitta ichimlik emas, degan xulosaga keladi. Muammo shundaki, XIX asrda tuzilgan bir inglizcha lugʻatda (BosworthTollerʼs Anglo-Saxon Dictionary): “beor” soʻzi – “beer” deb notoʻgʻri izohlanadi va bu keyinchalik koʻpgina chalkashliklarga olib keladi. Aslida esa qadimda inglizlarda undirilgan arpadan ichimlik tayyorlash tajribasi boʻlmagan. Shu nuqtayi nazardan XVI asr ingliz yozuvchisi Endryu Burd (Andrew Boorde)ning ushbu soʻzlari diqqatga sazovor: “El (ale) – inglizlar uchun tabiiy ichimlik... ber (bere) esa – undirilgan arpa, qulmoq (xmel) va suvdan tayyorlanadi va u olmonlar (Dutche) uchun tabiiy ichimlikdir” (“Ale for an Englysshe man is a naturall drynke... . Bere is made of malte, of hoppes and water: it is a naturall drynke for a Dutche man”). Ushbu iqtibosda guvohi boʻlganimizdek, XVI asr ingliz yozuvchisi “beer”ni “beor” emas, balki “bere” deb yozadi. Qolaversa, E.Burd eʼtiroficha, “bere” inglizlar uchun emas, german qabilalari uchun tabiiy ichimlik boʻlgan.
Hozirgi koʻpgina etimologiyaga oid lugʻatlarda beer soʻzi inglizcha emas, balki protogerman tillaridagi “beuwoz” yoki “beuza” soʻzidan kelib chiqqan, deb qayd etilgan. Protogerman tillarida bu soʻz qanday paydo boʻlgan? – degan savolga aniq javob yoʻq. Baʼzilar bu soʻz etimologiyasini proto hind-ovroʻpocha “bheusóm” soʻzidan, baʼzilar lotincha “ichmoq” maʼnosidagi “bibere”dan kelib chiqqan deb bilsa, baʼzilar qadimgi inglizcha “beor” keyinchalik “beer” shaklida hozirgi pivoga nisbatan ishlatila boshlagan, deydi. Shuningdek, inglizcha “barley” (“arpa”) va “beer” bir oʻzakdan degan qarash ham bor.
Xullas, “beer” oxir-oqibat protogermancha “beuza”ga borib taqalar ekan, bu esa bizga asosan turkiy xalqlar ichida keng yoyilgan boʻza ichimligini eslatadi. “Qomus.info” saytida boʻzaga shunday izoh beriladi: “boʻza – tariq, oqshoq, arpa, soʻli va bugʻdoy kabi donlardan tayyorlanadigan, kayf beradigan ichimlik. Oʻrta Osiyo xalqlari juda qadim zamonlardan boʻza tayyorlagan. Tariqdan quyidagi usulda boʻza tayyorlangan: tariq ivitilib, xaltaga solinadi va issiq joyga (koʻpincha kepakka koʻmib) qoʻyiladi. Tariq dimlanib yetilgach, maysalagach, oʻgʻirda yanchiladi, keyin xumga solib achitiladi va dokadan oʻtkazilib boshqa idishga solinadi, tingach, ichishga tayyor boʻladi. Tarkibida 4-6% etil spirti, oqsil, yog‘, vitamin, mineral moddalar bor”. Boʻzaga berilgan ushbu taʼrif va XVI asr ingliz yozuvchisi Endryu Burdning “undirilgan arpa, qulmoq (xmel) va suvdan tayyorlanadigan” olmonlarning “bere” ichimligi haqidagi soʻzlarini qiyoslab, aslida ular bir xil ichimlik ekanligini anglash qiyin emas. Ayni paytda, bu taʼrif bugungi pivo ishlab chiqarish texnologiyasiga ham aynan mos keladi. Qolaversa, ovroʻpalik tilchilar inglizcha “beer” protogerman tillaridagi “beuza”ga borib taqaladi, deyishmoqda. Xoʻsh, unda oʻsha protogerman tillaridagi “beuza” va bizning “boʻza” bir soʻz emasmikan?
“Boʻza” soʻzini Navoiy oʻz asarlarida ishlatgan, ammo “Devonu lugʻotit-turk”, “Qutadgʻu bilig” kabi asarlarda bu soʻz uchramaydi. Ammo “Devonu lugʻotit-turk”da inglizcha “beer”ga yana ham oʻxshab ketuvchi boshqa bir soʻz – “bor” (“بُورْ”) mavjud boʻlib, Koshgʻariy bobomiz unga shunday izoh beradi: “بُورْ bor – boʻza. Maqolda shunday kelgan: bor bolmazїp sirkä bolma – sharob boʻlmay turib, sirka boʻlib qolma” (DLT. III t. T. 1963. 133-b). “Devon”da bu soʻz arab imlosida بُورْ shaklida yozilgan, yaʼni u inglizcha “beer”ga yaqin “bo‘:r” shaklida talaffuz etilgan boʻlishi mumkin. “Bor” soʻzi qadimda nafaqat boʻza, balki sharob, umuman, spirtli ichimlik maʼnosida ham ishlatilgan. Shu bois ichishga ruju qoʻygan odamga nisbatan “borchi” deyilgan.
“Bor” soʻziga biz, ayniqsa, Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarida koʻp duch kelamiz. Asarda koʻplab baytlar ichimlikning zararlari, ichishdan qaytarishga bagʻishlangan. Bir baytda, jumladan, shunday deyiladi:
“Bor ichmә aya borchi bogʻzi quli,
Bor ichsә achildi chigʻayliq yoli”, –
Mazmuni: “Ichimlik ichma, ey mayparast, boʻgʻzining quli, may ichsang, senga gadolik yoʻli ochiladi” (QB. T. 1971. 350-bet).
Yuqorida hind-ovroʻpacha deb qaraladigan “bheusóm” soʻzi ham tilga olindi. Baʼzi mutaxassislarga koʻra, protogermancha “beuza” ana shu soʻzga borib taqaladi. Ammo “bheusóm” nomi ham bizga “Devonu lugʻotit-turk”da keltirilgan “buxsum” ichimligini eslatadi. “Devon”da unga shunday izoh berilgan: “بُخْسُمْ buxsum – tariq, soʻklardan qilingan ichimlik, boʻza” (DLT. I t. 1960. 447-bet).
“Buxsum” va “bheusóm” bir soʻzmi va ular “boʻza”ga aloqadormi, bu haqda bir narsa deyish qiyin, ammo turkiy xalqlarda “buxsum” hozir ham “maqsim”, “maqsima” shakllarida saqlanib qolgan. Xususan, Qirgʻizistondagi “Shoro” kompaniyasi 90-yillardan boshlab “maqsim” ichimligini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan. Qirgʻiz, qozoq va boshqa qardosh xalqlarda hozir ham uy sharoitida bu ichimlikni tayyorlash anʼanasi bor va uni “jarma”, “maqsim” kabi nomlar bilan atashadi. Kavkazdagi turkiy xalqlar bu ichimlikni “maqsima” deb bilishadi.
“Boʻza” soʻzi fors tilidan turkiy va boshqa tillarga oʻtgan, degan qarash ham bor. Ammo turkshunos olim G.Dyorfer “boʻza” soʻzi, aksincha, fors tiliga turkiy tillardan oʻzlashgan, degan qatʼiy fikr bildirgan. Ayni paytda, baʼzi forsiy lugʻatlarda “boʻza” (بُوظَة) arabcha soʻz deb izohlangan. Yaʼni, eronlik olimlarning oʻzlari ham “boʻza”ga fors tiliga chetdan kirgan soʻz sifatida qarashadi.
Arab tiliga boshqa tillardan oʻzlashgan soʻzlarni arabcha lugʻatlardan tezda ilgʻab olish mumkin. Aksariyat arabcha ot va masdarlar, albatta, biror feʼl bobidan yasalgan va lugʻatda oʻsha feʼlga bogʻlangan holda keladi. X.K.Baranovning “Арабско-русский словарь” lugʻatida “boʻza” (“بُوظَة”) soʻzining oʻzidan oldin kelgan feʼlga bogʻlanmasdan, alohida kelishi uning arab tiliga boshqa tildan oʻzlashganligini anglatadi (ARS. M. 1989. 92-bet). Qolaversa, bu soʻz faqat Misrda qoʻllanilar ekan, shu bois koʻpchilik turkshunos olimlar bu soʻz mamluklar davrida arab tiliga turk tilidan oʻtgan, deb hisoblaydi.
Bizningcha, boʻza Osiyo kengliklarida yashagan koʻchmanchi xalqlar, xususan, turkiylarga xos ichimlik. Chunki issiq mintaqalarda oʻtroq qabilalar uzum va boshqa mevalardan ichimlik tayyorlashgan, qimiz, boʻza kabi ichimliklar esa, bizningcha, iqlimi biroz salqin hududlarda yashagan koʻchmanchi xalqlar madaniyatiga yaqinroq.
Xoʻsh, “boʻza” soʻzi “Devonu lugʻotit-turk”, “Qutadgʻu bilig” kabi manbalarda tilga olingan “bor” (yoki “boʻr” – “بُورْ”) bilan etimologik jihatdan bir manbaga borib taqalishi mumkinmi? Unda qanday qilib “bor” soʻzidagi “r” tovushi “z” tovushiga aylangan? Yoki, aksincha, agar ingliz tilidagi “beer” – protogermancha “beuza”dan kelib chiqqan boʻlsa, qanday qilib “beuza” soʻzidagi “z” – “r”ga aylangan?
Umuman, tilshunoslikda soʻzlar bir tildan boshqa tilga oʻtganda yoki bir tilning oʻzida davrdan davrga koʻchganda tovush almashinuvi hodisasi bor. Aytaylik, baʼzi qadimiy soʻzlardagi “r” tovushi keyinchalik “l”, “y”, “z” kabi tovushlarga oʻzgargan, bu hodisa tilshunoslikda rotatsizm deb ataladi. Yoki soʻzlarda “z” tovushining oʻzgarishiga nisbatan zetatsizm deyiladi va hokazo. Shu nuqtayi nazardan turkshunos olim I.G.Dobrodomovning “Slavyan tillariga bulgʻorchadan oʻtgan soʻzlarda ikki xil rotatsizmning ifodalanishi” (“Отражение двух видов разновидностей ротацизма в булгарских заимствованиях славянских языков”) nomli maqolasi diqqatga sazovor. Bu yerda hozirgi slavyanlashgan bolgar tili emas, balki VII asrda Sharqiy Ovroʻpa, hozirgi Ukraina hududida Buyuk Bulgʻor xonligini barpo etgan sof turkiy qavm – bulgʻor turklari tili koʻzda tutilmoqda. Qadimgi bulgʻor turkchasida boshqa turkiy lahjalarga nisbatan rotatsizm, yaʼni baʼzi soʻzlardagi “z” yoki boshqa tovushning “r”ga aylanishi hodisasi mavjud boʻlgan. Qadimgi bulgʻor turkchasiga eng yaqin til – hozirgi chuvash tili hisoblanadi. Shu bois chuvash tilida ham bu holatni kuzatish mumkin, aytaylik, boshqa turkiy tillardagi “qiz” soʻzi chuvash tilida “xer”, yaʼni “z” tovushi “r”ga aylangan.
I.G.Dobrodomov mazkur maqolasida bulgʻorchadan slavyan tillariga oʻtgan soʻzlardagi rotatsizm hodisasini oʻrganar ekan, boshqa turk tillarida “boʻza” deb ataluvchi ichimlik bulgʻor turkchasida “*bura” deyilganligi haqida yozadi. Olimga koʻra, bu soʻzning bulgʻorcha asliyatga eng yaqin shakli – buræğ (burag‘, buragʻa) hozir ham osetin tilida saqlanib qolgan. Keyinchalik bu soʻz rus tiliga “braga”, Sharqiy Ovroʻpadagi boshqa tillarga: rumin tiliga – braga, polyak, hungar, moldovan tillariga: braha, bráha, osetin tiliga – buræğ shakllarida oʻzlashgan. Shuningdek, olim mazkur bulgʻorcha soʻzning fin-ugor tillarida ham izlari borligi, xususan, mordoviya tilida bu soʻz – “puré” shaklida saqlanganligini yozadi.
“Braga” deb hozirgi rus tilida uyda tayyorlanadigan xonaki pivo turiga nisbatan aytiladi. Shuningdek, bu soʻzdan “brajnik” (“aroqxoʻr”), “brajnichat” (“aroqxoʻrlik”), “sbrajivat” (“achitmoq”) kabi soʻzlar ham yasalgan. Eski rus tili, slavyan tillarida “braga”, “kvas” deganda aynan undirilgan arpa, tariq kabi don mahsulotlaridan tayyorlangan ichimlik – boʻza tushunilgan. “Pivo” esa slavyancha “ichmoq” maʼnosidagi “piti” feʼlidan yasalgan boʻlib, dastlab barcha spirtli ichimliklarga nisbatan ishlatilgan.
Maks Fasmer ham “Этимологический словарь русского языка” lugʻatida “braga” soʻzining kelib chiqishiga doir yunoncha, keltcha, hind-ovroʻpacha kabi barcha farazlarni rad etib, bu soʻz aynan qadimgi turkiydagi “bʼraga” soʻzining rus tiliga oʻzlashgani, deb taʼkidlaydi (M.Fasmer. ESRYA. M. 1986. T-I. 205-bet). “Этимологический словарь тюркских языков” (ESTYA) lugʻatida “braga” – “boʻza”ning Oltoy va Shimoli-Sharqiy tillardagi koʻrinishi ekanligi aytiladi.
Bizningcha, “Devonu lugʻotit-turk”dagi “bor” (“bo‘:r”) va qadimgi bulgʻor turkchasidagi “bura” (burag‘, buragʻa) bir oʻzakka borib taqaladi. Keyinchalik bu soʻz zetatsizm hodisasiga uchrab “boʻza”ga aylangan. Tarixdan maʼlumki, eramizning IV asrida sodir boʻlgan Xalqlarning buyuk koʻchishi arafasida va undan keyingi davrlarda german qabilalari: qirim gotlari, ostgotlar, vestgotlar Sharqiy Ovroʻpada turkiy qavmlar bilan qoʻshni boʻlib yashashgan. Ayniqsa, qirim gotlari turkiy qavmlar va ovroʻpa xalqlari oʻrtasida vositachilik vazifasini oʻtagan. Got qabilalari keyinchalik juda koʻp ovroʻpa xalqlari etnogenezida ishtirok etgan. Gotlarning turkiy qavmlar bilan koʻp asrlik qoʻshnichiligi davrida til va turmushda albatta baʼzi oʻzlashtirishlar boʻlgan. Oʻylaymizki, ovroʻpa tillaridagi beer, bière, bier, birra, býra, ehtimol, “beor” ham, oʻsha davrlarda “r”lovchi shimoliy turkiy lahjalar, xususan, bulgʻor turkchasidagi “bura”ning ovroʻpa tillariga oʻtgan koʻrinishidir.
Shu bilan birga, bolqon yarim orolida yashovchi xalqlarda “boza” soʻzi va ichimligi hozir ham mavjud. Bu esa “boʻza” soʻzining usmonli turkchasi orqali Sharqiy Ovroʻpa tillariga ikkinchi immigratsiyasidir.
Abduvohid HAYIT