Deraza – oynadan yasaladi. Koʻzgu ham. Farqi shuki, koʻzgu oʻzingni oʻzingga koʻrsatadi.

Deraza esa hammasini koʻrib turadi-yu, oʻzini koʻrmaganga soladi... Koʻzguga koʻproq qara!

                                      Oʻtkir Hoshimov

2001-yil 1-yanvar, mana shu kundan XXI asrga qadam qoʻydik. Shu kundan eʼtiboran (baʼzi manbalarda 2003–2024-yillar oraligʻida, ayrim tadqiqotlarga koʻra esa 1995-yildan keyin) dunyoga kelganlar “Z” (zed) avlod deya ataladi. Xoʻsh, buning sababi nima?

Asosiy sabab: “Ogʻir mehnat va moddiy yetishmovchilikda oʻsib-ulgʻaygan ota-onalarning farzandi ekinliklaridir!”. Bu avlod vakillari qadriyatlarining shakllanishi qattiq siyosiy kurashlar ostida qolgan, hududlarni qayta boʻlib olish mashmashalari avj olgan, dunyoning axborot urushi tomonidan mahv etilgan davriga toʻgʻri kelmoqda.

Mutaxassislar bu avlod vakillarining mamlakatlar iqtisodiyotini yanada koʻtarishlari va umuman kutilmagan, olamshumul oʻzgarish qilishlariga ishonishmoqda. Chunki indigo bolalar, gʻayrioddiy iqtidorli, oʻziga xos falsafiy dunyoqarashga ega, ijodkor va “qoʻlida gadjet bilan tugʻilganlar” aynan Z avlodga mansub.

– Axborot oqimining kuchayishi va uni olishdagi imkoniyatlarning kengayishi natijasida Z avlod vakillari biror kasbni egallash yoki biror ishni boshlashdan oldin “Bu oʻzidan avvalgi davrda qanday boʻlgan va hozirgi vaqtda qanday samara beryapti”, degan savolni oʻrtaga qoʻyib, taqqoslaydi, – deydi Yoshlarga ijtimoiy psixologik xizmat koʻrsatish markazi psixologi Gulbahor Yusupova. – Ana undan keyin xulosa chiqaradi.

Bolaligida qiyinchilik koʻp koʻrgan bugungi kunning oila boshliqlari moddiy boylik orttirishga zoʻr gʻayrat bilan kirishib ketganki, goʻyo pul toʻplovchi va tarqatuvchi qurilmaga aylanib qolishgan.

Keling, ota-onalarning oʻzlari katta boʻlgan va hozir farzandlari ulgʻayayotgan oila muhitini solishtirib koʻramiz! Ilgari maktabga otlanayotgan farzandga “Darsing qachon tugaydi? Darsliklaringni oldingmi? Choyingni ichdingmi?” deyishgan boʻlsa, bugun esa “Pulingni olish esingdan chiqmadimi? Berilgan pulni koʻzingga qarab sarfla!” kabi xitoblar bilan kuzatishadi.

Kun yakunida ishdan qaytgan otaning diqqati televizordagi futbol oʻyinida, ona esa bir qoʻlida kapkir, bir qoʻlida telefon, dugonasi bilan onlayn suhbatda... Kechki dasturxon atrofida oila aʼzolarining suhbati kun davomida kim qancha foyda koʻrgani, xarajat qilgani, nima qilishsa kam kuch ketkazib, koʻp pul topish mumkinligi va “oilasi uchun ishlash kerak boʻlgan vaqtda ishlab, uy-joy qilish” kerakligi haqida boʻladi.

Bugun uydan maktabga deb chiqib ketayotgan bolalarning aksariyati internet kafelar-u koʻngilochar joylarda balogʻat yoshidagi oʻzgarishlar va depressiyalarni yengish uchun psixotrop moddalar xarid qiladi. Baʼzilar bunaqa dorilarni ichish orqali imtihonga yaxshi tayyorgarlik koʻrish, asablarni tinchlantirish, diqqatni jamlash va ruhiy yengillik his qilish mumkin, degan safsatalarga ishonib, oqibatda sogʻligʻini jiddiy xavfga qoʻyadilar.

Arzimasdek koʻringan psixotrop vositalar yoshlarni yoʻldan adashtiradigan, sogʻlom hayot tarzidan uzoqlashtiradigan omilga aylanib boryapti. Ularda giyohvand moddalardagi kabi oʻziga oʻrgatib qoʻyish xususiyati bor. Bu esa hayotimizda giyohvandlikning yangicha koʻrinishini paydo qilmoqda. Joriy yilda respublikamizda psixotrop moddalar taʼsirida boʻlgan yoshlar ishtirokida 1 mln 740 mingga yaqin huquqbuzarlik, 23 ming 440 ta jinoyat sodir etilgani barchamizni ogohlikka chorlaydi.

Qadrli ota-onalar! Endi bir oʻylab koʻring-a, siz kecha-yu kunduz kim uchun ter toʻkyapsiz?  “Kelajagingiz egalari” qandaydir dorilarga yoshligini qurbon qilib qoʻyishi mumkinligi Sizni tashvishga solmaydimi? Yaxshi niyatda olib bergan qimmatbaho smartfoningiz ichidagi oʻyinlar, foto va videolardan xabardormisiz? Telefonidagi kolleksiya farzandingizning yoshiga mosmi, ruhiy holatini buzib qoʻymaydimi? Bir parcha temir matoh uchun ukasi yo singlisiga qoʻl koʻtarishdan toymaydigan toshbagʻirga aylanib qolganini sezyapsizmi?..

Davronbek MELIQOʻZIYEV,

Toshken shahri Shayxontohur tumani xalq taʼlimi boʻlimi maʼnaviy-axloqiy tarbiyalash va bolalarni ijtimoiy himoyalash shoʻbasi mudiri