Yozuvchi Joʻra Fozil bilan suhbat.
– Joʻra aka, bedor bir ziyoli oʻlaroq Siz bugungi dunyoning past-balandi, odamlarning kor-amalini mushohada etsangiz, obrazli tasavvur qilsangiz kerak. Agar men karikaturachi rassom boʻlganimda, uzun til, chagʻir koʻz, xoʻppa semiz qorin, boshsiz tana, yurib ketayotgan boʻyinbog‘ yoki olti barmoqli qoʻlni chizgan boʻlardim...
– Bugungi dunyo, odamlar haqida nainki ijod ahli, balki har bir uygʻoq fikrli zamondoshimiz oʻylashi shubhasiz. Zero keyingi yillarda kuzatilayotgan turli ofatlar, katta-kichik urushlar, maʼnaviy xatarlar oʻzini insoniyat taqdiriga daxldor hisoblaguvchi har bir kishini teran mushohadaga undayotir. Ayniqsa, adabiyot, soʻz sanʼati zamon-u makondan chetda tura olmaydi.
Davrning eng yomon illati poraxoʻrlik, korrupsiya degan boʻlardim. Oʻtgan yili Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurash ramzi sifatida “Ochiq qoʻl” monumenti oʻrnatildi. Oʻzimcha shunday fikr qildim: mahobatli kompozitsiya fotih Iskandarning ochiq ketgan qoʻliga ishora boʻlsa ajab emas. OAVda bot-bot korrupsiyada ayblanib qamoqqa olingan yoki mahkamaga tortilgan sudyalar, prokurorlar, hokimlar haqida xabar beriladi. Ana shu toifaga mansub hokimlardan birini yoshligidan yaxshi tanirdim. Oʻzi chalasavod, mahmadana boʻlsa-da, qay bir fazilati yoqib rahbarlik kursisiga oʻtirgan edi. Oʻsha yigit (u mahallar hokim oʻrinbosari edi) yigirma yilcha oldin maʼnaviyatga bagʻishlangan yigʻilishda menga soʻz berib, “Domla, bitta sheʼr aytib bering...” deya rosa xunobimni oshirgan, hamkasblarim “Bu kishi sheʼr emas, hikoya yozadi” desa ham, “Nahotki katta-katta kitoblarida bitta sheʼr boʻlmasa?” deya tiqilinch qilgan edi...
Xoʻsh, nafs koʻyiga kirganlarni adabiyot tarbiyalay oladimi? Menimcha, bu mushkul vazifa soʻz sanʼatining qoʻlidan keladi. Ulug‘ mutasavvif Jaloliddin Rumiy hikmatiga eʼtibor bering: “Dori bor, ammo bemor uni ichmasa, vujud hazm etmasa, xastalik hech qachon chekinmaydi”. Ahmad Yassaviy umrining soʻnggi yillarini yer ostida, tanholikda oʻtkazgani maʼlum. Ul zot zolim hokimlar, adolatsiz qozilarning raiyatga oʻtkazgan jabr-sitamiga norozilik sifatida shunday yoʻl tutgan deyishadi. Yassaviy bobo zamonamizning ayrim mansabdorlari qilmishlarini koʻrsa, maʼnaviyatdan, axloqdan, insof-u diyonatdan ayro tushganimizdan voqif boʻlsa, yer bagʻriga yanada chuqurroq kirib ketarmidi deng?!
Kamina dunyoi noqisning noxush manzaralaridan dilgir boʻlganimda, mumtoz kuy-qoʻshiq tinglayman, dardimni oq qogʻozga toʻkib solaman, tabiat qoʻyniga oshiqaman. Sokin tabiat insonni xuddi adabiyotdek tarbiyalay oladi.
Ha, adabiyot mudroq qalblarni uygʻotib, yumuq koʻzlarni ochishga xizmat qilishi kerak. Har qanday olamshumul kashfiyot inson koriga xizmat qilsagina buyuk atalishga loyiq. Biroq... boyagi xayoliy suratlaringizda tasvirlagan odamlarni faqat kitob oʻqitish bilan tarbiyalab boʻlmaydi, nazarimda. Qorin bandalarini kitob oʻqishga oʻrgatish ham oson ish emas. Yana shunday kimsalar borki, binoyidek kitobxon, ammo qilib yurgan ishlarini koʻrib tavba deysiz. Mutolaa hayotiy zaruratga aylanmas ekan, majburlov yoʻli bilan nimagadir erishish mushkul.
Savolingizga javob beryapman-u mening ham xayolimga turli ramz, timsollar kelyapti. Masalan, ulkan muztoq. Uni loqaydlikning muztogʻi deb atasa boʻladi. Loqaydlik goʻzallikni, ezgulikni, agar qoʻyib bersangiz, butun borliqni-da mahv etadi. Bu muzliklarni mehr, ilm-urfon, kitobxonlik, adabiyot quyoshi eritishiga ishongim keladi.
– Maʼnaviyat haqida oʻylasam, yana bir masala yuragimni oʻrtaydi. Onalarimiz bizga, ayniqsa, ayollarimizga yoshlikdan “Turmush uyining uch devori zahar, bir devori shakar” deb tarbiya berganlar. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda ayrim yurtdoshlarimiz oʻz haddini bilmay, shaʼnini oʻylamay arzimas, oʻtkinchi muammolar haqida ham pashshadan fil yasagudek boʻlib ayyuhannos solyapti. Holbuki, ozgina sabr, mehnat, muomala-murosa qilinsa, hal boʻladigan ishlar. Bugun dunyo shiddat bilan oʻzgarib, global muammolar koʻlami ham kengaymoqda. Shunday murakkab sharoitda biz millat sifatida oilani mustahkamlamas ekanmiz, najot topishimiz qiyinga oʻxshaydi.
– Albatta, har bir jamiyatning tayanchi, ustuni – oila. Inson bolasi oilada kiroyi tarbiya koʻrsagina barkamol boʻlib voyaga yetadi. Men oddiy oʻzbek oilalarida sharqona axloq-odob va tarbiyaning mukammal koʻrinishlarini koʻp kuzatganman. Sharqona tarbiyada esa musulmon axloqi ustuvor. Bu – oʻzaro hurmat-izzat, kichiklarning kattalarga ehtiromi, birovni bekorga ranjitmaslik, “chumoliga ham ozor bermaslik” kabi qadriyatlardir.
Bozor iqtisodiyotining ijobiy jihatlarini inkor etmagan holda aytmoqchimanki, bebiliska daromad, tovlamachilik, oʻgʻrilik, poraxoʻrlik va boshqa shubhali yoʻllar bilan pul topish istagi jamiyatni butunlay oʻzgartirib, izdan chiqardi. Bel ogʻritmasdan topilgan boylik ayrim zamondoshlarimizni havolantirib yubordi. Ular oʻzini koʻz-koʻz qilmoq uchun dabdabali toʻylar, bachkana urf-odatlarga ruju qoʻydi. Kattaga hurmat, kichikka izzat ham unutilayotgandek. Oppoq soqolli moʻysafidga doʻq urayotgan, hatto qoʻl koʻtarayotgan yoshlarni koʻrib, ichdan zil ketasiz, “Shular ham oʻzbek bolalarimi?” deya yoqa ushlaysiz. Koʻcha-koʻyda yosh-yalangni kuzataman: qoʻlida smartfon, qulogʻida eshitish moslamasi. Koʻzlari hech nimani koʻrmaydi, quloqlari ajnabiy ohanglardan boshqasini eshitmaydi. Na salom bor, na alik... Bu hol uchun faqat “ommaviy madaniyat”ni ayblash, menimcha, unchalik toʻgʻri emas. Oʻzimizda ham kamchilik-illatlar toʻlib yotibdi. Aksarimiz xatti-harakatimizni tanqidiy baholashga jurʼat qilmaymiz. Koʻpchilik oilalarda ham shu hol – hech kim oʻzining, farzand-nevaralarining kamchiligini koʻrmaydi, tan olgisi kelmaydi. Aytaylik, siz radio-televideniye orqali toʻgʻrilik, halol mehnat va pokiza luqma haqida gapirsangiz-u, oʻzingiz qingʻir yoʻl bilan olingan qimmatbaho xorij markabida yursangiz, oilangiz shohona qasrda yashasa, quruq safsatangizga kim ishonadi?! Puldorlarning quyushqondan chiqishi ayrim qoʻli kalta, ammo dabdabaga oʻch kishilarni ham yoʻldan ozdiryapti. Ular qanoatni unutib noshukrlik qilmoqda. Alhol, adolatsizlik alamzadalikka, alamzadalik esa qanoatsizlikka yoʻl ochadi.
– Virtual makon boshqa illatlarni ham urchityapti: qalbaki baxt, yoʻqni bor qilib koʻrsatib, oʻzini koʻz-koʻz qilish, ijaraga mashina olib ota-ona, yor-doʻstlarga “hadya” etish, toʻy (hatto aza) dasturxonidagi ijaraga olingan neʼmatlar... Yana bir antiqa holat: qari puldorga tegib olib, toʻyda soxta kuyov – yosh yigitni toʻrga oʻtqazib qoʻyilishiga nima deysiz! Bular komediyami yo tragediyami – bilmayman...
– Yoʻlini yoʻqotgan gumrohlarga achinaman, rahmim keladi. Yomoni shundaki, endi bu illatlarni achinish, rahm-shafqat bilan yoʻqotish mushkul. Ular bilan keng jamoatchilik, OAV, qoʻyingki, hammamiz kurashmogʻimiz darkor. Chin oʻzbekona odamgarchilik, aql, fahm-farosatni esa na ijaraga olib boʻladi, na xarid qilib! Ijara neʼmatlarga hech eʼtibor qilmagan ekanman, hayotdan butunlay orqada qolib ketibmanmi, degan xayolga ham boryapman. Ijaraga olingan kuyovtoʻralar haqida esa hatto gapirgim ham kelmayapti.
Oʻtgan asr oʻrtalarida nikoh toʻylari kamchiqimroq boʻlsa-da, kelin-kuyov uchun liboslar, tilla taqinchoqlar, qimmatbaho buyumlar, uy, palos va zarur jihozlar ijaraga olinganini yaxshi eslayman. Noilojlik ortidan paydo boʻlgan bu udum Buxoro shevasida “erati” deb atalar, shu soʻz zamirida ham buyum birovniki ekaniga nozik ishora, qolaversa, andak kamsitish maʼnosi bor edi. Bu narsalar uchun, adashmasam, haq toʻlanmasdi. Kelin yoki kuyov obroʻsini saqlash uchun oʻylab topilgan yordam usuli edi-da. Bugungisi esa shuhratparastlik, oʻzini koʻz-koʻz qilishdan boshqa narsa emas.
Eʼtibor qilsangiz, qarindosh-urug‘, aka-uka, opa-singil, hatto farzand va ota-ona oʻrtasidagi munosabatlarda ham yolgʻon, riyo, subutsizlik koʻpayib boryapti. Bir-birimizning koʻzimizga tik qaragancha yolgʻon gapiramiz, vaʼdaga vafo qilmaymiz.
Qarz oldi-berdisidan-ku aziyat chekmagan odam yoʻq hisobi. Aytaylik, siz kimgadir qarz berdingiz, qaytarish muddatini ham kelishdingiz. Afsuski, yillar oʻtsa-da, omonat qaytarilmaydi, qarzdor qochib yuraveradi. Agar oldi-berdini hujjatlashtirgan boʻlsangiz, sud pulni undirish toʻgʻrisida qaror chiqaradi, janobi qarzdor esa qamalsa qamaladiki, bir tiyiningizni ham qaytarmaydi, vassalom!
Kimdir bularni mayda gap deb hisoblar. Yoʻq, birodar, adashasiz, mana shu ikir-chikirlar katta illatlarga doyalik qiladi!
– Mamlakatimizda maʼnaviyat masalasiga davlat darajasida eʼtibor qaratilyapti. Ammo har qancha kuch va mablag‘ sarflamaylik, koʻngiltoʻlar natijaga erisholmayotgandekmiz. Yurak larzaga tushadigan xabarlardan bezib qoldik: birov ikki qarich yer deb qoʻshnisiga bolta oʻqtalgan, oʻgʻil otasining, ota oʻgʻlining umriga zomin boʻlgan, qay bir juvon bola tugʻib daraxt tagiga tashlab ketgan-u boshqasi erining qasdiga bolalari bilan yuqori qavatdan sakragan, yana birovi mashina olib beraman deb yuzlab odamlarni chuv tushirgan... Kishi aytmoqqa xijolat boʻladi: yurtdoshlarimiz hali u mamlakatdan fohishaligi, qoʻshmachiligi uchun, hali bu yurtdan firibgarligi uchun tutib keltiriladi. Xullas, bugungi manzara qoʻlga dastroʻmol olib yigʻlagudek... Joʻra aka, siz ham, men ham ziyolimiz, maʼnaviyat sohasining vakilimiz. Bizlar mamlakat boʻyicha yuzlab-minglabmiz. Baʼzan achchiq oʻyga tolaman: demak, biz oʻz vazifamizni uddalay olmayapmiz, nonimizni halollab yemayapmiz...
– Siz sanagan fojeiy holatlar aslida har bir millatdoshimizni larzaga solishi kerak. Ammo bunday boʻlmayapti-da. Nazarimda, jamiyat bunga koʻnikish paydo qilgandek. Bu sira qabih jinoyatlarning tub ildizini sal oldinroqdan izlagan maʼqul. SSSR parchalangach, koʻplab zavod-fabrikalar faoliyati toʻxtadi, ishsizlik koʻpaydi, odamlar hech nimaga ishonmay qoʻydi. Roʻzgʻor tebratish qiyinchiliklari oqibatida bolalar tarbiyasi buzildi. Axir, yarim och-yarim toʻq, ust-boshi yupun oʻsmirlar, yoshlarga tarbiya qanday kor qilsin? Qiyin iqtisodiy ahvolga tushgan ilmiy-ijodiy soha vakillari, shoir-yozuvchilar, ziyolilar ham amallab roʻzgʻor tebratish bilan ovora boʻlib qoldi. Ijtimoiy-iqtisodiy boʻhron, kamxarjlik va boshqa qiyinchiliklar odamlarni sekin-asta bir-biridan uzoqlashtirdi. Kishi koʻngliga vahm, dahshat soladigan hozirgi jinoyatlar ana oʻsha sinovli davr oqibati.
Har tur jinoyatlarga baʼzan arzimagan manfaat, rashk, hasad sabab boʻlayotgani ham kishini oʻyga toldiradi. Nega ayrim odamlar bunchalik qahrli, serjahl boʻlib qoldi? Nega oʻzgalarni, hatto oʻz yaqinlarini ham koʻrishga koʻzi yoʻq? Gap faqat ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklardami? Menimcha, faqat bunda ham emas. Sabablarni tarbiya va yana tarbiyadan izlash kerak. Maktab, oila, mahalla va jamoatchilik tarbiyasi kutilgan natija bermayapti. Yaqinda bir tanishim shikoyat qilib qoldi: “Nevaram maktabga borgim kelmaydi, deb xarxasha qiladi. Surishtirib koʻrsam, koʻp darslar oʻqitilmas, muallimlar allaqaysi til oʻrgatish kurslari uchun pul yigʻib olarkan-u, dars ham, xorijiy til mashgʻulotlarini ham oʻtmas ekan”. Ana xolos! Bola ilk qadamdanoq yolgʻon-u manfaatparastlikka guvoh boʻlsa, u ertaga olim boʻladimi yoki zolim?..
Jinoyatlar haqidagi axborotni tarqatishda ham ehtiyotkorlik lozim. Dahshatli tafsilotlar ayrim tajovuzkor, aqli noqis kishilarga, ayniqsa, yoshlar ruhiyatiga aks taʼsir etishi mumkin. Toʻgʻri, jinoyat jazosiz qolmasligi keng ommaga tushuntirilishi kerak, ammo xunuk gaplar erta-yu kech takrorlanaversa, inson ruhiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatishini ham unutmaslik darkor.
– Bir vaqtlar “Adabiyot oʻladimi?” degan savol qizgʻin muhokama qilingan, koʻpchilik ijodkorlar “Yoʻq, aslo, oʻlmaydi!” deya soʻz sanʼati himoyasiga oshiqqan edi. Hozir Sizdan soʻrasam ham shunday deyishingiz aniq. Adabiyot oʻlmas, ijod ahli yozaverar, yozaverar... Lekin uni oʻqiguvchi topilmasa-chi? Odamlar kitob oʻqimay qoʻydi, axir! Asar oʻqilmasa, insonni oʻzgartirmasa, hatto keraksiz bir matohga aylanib qolsa ham, yozilgani uchungina “Adabiyot oʻlmaydi” deb boʻlarmikan?
– Men “Adabiyot oʻlmaydi!” deya baralla aytaman. Zero, adibning buning teskarisini aytib obidiyda qilishi askarning jangsiz taslim boʻlganiday sharmandali holatdir!
Adabiyotning umrboqiyligiga nega bunchalik ishonishimni izohlashga harakat qilaman. Yigirma-yigirma besh yillar muqaddam, ahli oilam uchun bir qop un sotib olishga imkonim boʻlmaganida ham men yozishdan toʻxtaganim yoʻq. “Nima qilasiz buncha yozib, ularni chop etishga qachon ulgurasiz?” deya taʼna-malomat qilardi ayrim hamqalam oʻrtoqlar. Keyin hayot xiyla iziga tushgach, oʻzim ham bu haqda koʻp oʻyladim. Shunda muqaddas kitoblarning birida oʻqiganim yodimga tushdi: “Yozilgan nimarsa hech qachon toʻzimaydi”. Yo Xudo, men ana shu ulugʻvor hikmatdan kuch olganimni bilmagan ekanman-da!
Erinmagan odam borki, “Kitob kam oʻqilyapti” deb yozgʻiradi. Holbuki, yurtimizda xususiy nashriyotlar soni yuzga yaqinlashib qolgandir. Ular har yili ming-ming nusxada kitob chop etayotir. Shunday boʻlsa-da, haqiqiy soʻz sanʼati namunasi deb atamoqqa loyiq asarlar koʻp emas. Aksar xususiy nashriyotlar detektivlarni chop qilishga ishqiboz. Kitoblar orasida sayoz, maza-matrasiz, sehr-joduga bagʻishlangan qoralamalar ham talaygina. Ruhiyati navniholdek nozik yosh kitobxonga qaysi asar foydali, qay biri zararli ekanini tushuntirib beradigan haqiqiy adabiyotshunos va munaqqidlar kerak. Keyingi yillarda adabiy tanqidda zararli bir illat paydo boʻldi: badiiy asarga uning mohiyatiga qarab emas, muallifiga qarab baho berish. Muallif mabodo unvondor, mansabdor, puldor, oshna-ogʻaynisi koʻp kishi boʻlsa, kitob deyarli oʻqilmay, shundoq bir varaqlab chiqiladi-yu koʻklarga koʻtariladi.
Adabiyotshunoslik va tanqidchilik zamonaviy milliy adabiyotga shunday nopisand boʻlar ekan, sayoz, joʻn asarlardan qay birini oʻqishni bilmay arosatda qolgan kitobxonni qoralash toʻgʻri boʻlarmikan?
Shu kecha-kunduzda sunʼiy ong balosi kirib bormagan soha qolmadi. Internetda sunʼiy ong qurmagʻur kimningdir nomidan, unga oʻxshatib gapirib, mashhur qoʻshiqchidan oʻn ming yevro undirgani haqida xabar tarqaldi. Qarang-a, sunʼiy ong tuppa-tuzuk tovlamachi ham boʻla olarkan! Hatto BMT, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bashariyatni sunʼiy ong xavfidan ogohlantirmoqda. Sunʼiy intellekt – “temir odam” chapdastlik bilan hikoya, qissa, romanlarni yozib tashlayapti. Biz adabiyot oʻladimi-qoladimi deya munozara yuritar ekanmiz, allaqachon sunʼiy ong adabiyoti shakllanayotganini eʼtibordan chetda qoldirmasligimiz kerak.
Boshqa tomondan, kitobxonlik aholining ijtimoiy holati, kayfiyati bilan ham bogʻliq masaladir. “Och qoringa – achchiq ayron” deganlaridek, bola-chaqasini boqa olmayotgan odamning koʻngliga mutolaa sigʻmaydi-da.
Ulug‘ adib Chingiz Aytmatov deydiki, “Adib hayot boʻladimi-yoʻqmi, kitobxon albatta boʻladi!” Ana shu fikr menga kuch, taskin va umid beradi.
– Joʻra aka, tarixiy mavzularda “Ayriliq ostonasi”, “Buxoroyi sharif elchilari”, “Oshiq Buxoriy qissalari”, “Gʻoziyon zindoni” kabi asarlar yozgansiz. Tarixiy asarlar yozuvchidan fakt va raqamlar shaklidagi oʻtmishga badiiyat vositasida jon va ruh bagʻishlashni talab etadi. Qolaversa, buning uchun yuzlab manbalarni koʻrib chiqish lozim. Masalan, Alisher Navoiy hayotini qalamga olmoqqa azm-u qaror qilgan yozuvchi u davrda choy hali Markaziy Osiyoga kirib kelmagani, koʻproq sharbat ichilgani yoki patqalam emas, qamishqalam ishlatilgani kabi kichik detallardan ham xabardor boʻlishi kerak. Aks holda, bilgichlar oldida uyalib qolishi hech gapmas.
– Toʻgʻri taʼkidladingiz, tarixiy mavzuga qoʻl urgan adib oʻsha makon va zamonni birbutun idrok etishi, yurakyurakdan his qilishi, minglab tafsilotlarni puxta oʻrganishi kerak. Boz ustiga, qahramonlar tilidan bayon etiladigan fikrlar tarixiy haqiqatga toʻgʻri kelishi haqida koʻp bosh qotirishi lozim. Aks holda, siz aytganingizdek qovun tushirib qoʻyib zukko kitobxonlar oldida uyalib qolish mumkin.
Har bir tarixiy-badiiy asar – adib uchun yangi sinov. Professional bokschi har bir jangda nimaga qodir ekanini zarbalari bilan isbotlashga majbur boʻlganidek, yozuvchi ham har bir asarida oʻz soʻzi, bilimi, dunyoqarashi nimaga loyiq ekanini qayta-qayta isbotlamoqqa majburdir.
Atoqli adib Konstantin Paustovskiy “Tasavvur – badiiy ijod ustunlaridan biri” deb taʼkidlaydi. Ilmiy manbalarda biror voqea-hodisa falon vaqt, falon joyda sodir boʻldi, deya muxtasar tarzda bayon qilinadi. Qolganini soʻz sanʼatkorining oʻzi taxayyul kuchi bilan tasvirlaydi. Qahramonlar qanday kiyinishi, qay lahjada soʻzlashi, ahvol-ruhiyasi – bari tasavvur mahsuli. Yagona shart shuki, tasavvur tarixiy haqiqat sarhadlarini buzmasligi kerak.
“Ayriliq ostonasi” romanini yozishda Hazar dengizidan Tinch okeangacha boʻlgan hududda imperiya barpo etgan turkiy millat va elatlarning bobokaloni Oʻgʻuzxon hayotiga doir juda koʻp adabiyotlarni oʻqib-oʻrgandim. Janglarda ishlatilgan qurol-aslaha haqida katta-kichik detallar qidirishga majbur boʻldim. Masalan, Oʻgʻuzxon ixtiro etgan ovozli yoy oʻqi qanday ekanini bilish uchun talay manbalarni varaqladim. Oxir-oqibat, oʻq naysimon shaklda boʻlgan degan toʻxtamga keldim. Hali qogʻoz ixtiro etilmagan davrda qahramonlar maktublarni nimaga, qanday bitgani haqida ham koʻp bosh qotirishga toʻgʻri keldi.
– Badiiy tarjima bilan ham shugʻullanasiz. Konstantin Paustovskiyning “Sevgi” romani va talay hikoyalarini, yana Viktor Astafevning “Gʻamgin sarguzasht” romanini oʻzbekchalashtirgansiz. Tarjima mashaqqatli, lekin, shunday desak boʻlarmikan – foydasi kamroq yumush. Xuddi birov uchun – oʻquvchining rohati-yu muallifning shuhrati deya mehnat qilayotganga oʻxshaysiz. Ikki oʻrtada yo ozgina qalamhaqi olasiz, yo kitobni oʻz hisobingizdan chiqarib, sotolmay sarson boʻlasiz. Oʻquvchi tarjimani ura-ura qilib oʻqiydi-yu, koʻp hollarda mutarjimning kimligini bilmaydi, qiziqmaydi ham. Tarjimon oʻz ruhiga yaqin ijodkorni tanlaydi deyishadi. Lekin, nazarimda, Siz tarjima qilgan mualliflar bilan uslubingiz oʻrtasida uygʻunlik sezilmaydi.
– “Sardaftarimni kovlab” qoʻydingiz, Ilhomjon inim. Tarjima uchun juda koʻp vaqt sarfladim, ranj-u alam chekdim. Tarjima sanʼatidan yiroq, ammo uning ortidan bola-chaqa boqayotgan kishilarning qarshiligiga duch keldim. Shu bois tarjima kamfoyda mashgʻulot degan gapingizga qoʻshilaman. Alhol, pulni, foydani oʻylagan odam tarjima koʻchasiga yoʻlamagani maʼqul. Badiiy ijod ham sohibiga hamisha davlat va shuhrat olib kelmaydi-ku! Nachora, soʻz sanʼatini chidaganga chiqargan.
Ikki oʻrtada ruhan va qalban yaqinlik boʻlmasa, tarjimaga unnamaslik kerak. Uslubdagi yaqinlik esa, menimcha, butunlay boshqa masala. Men aynan Paustovskiydek yoza oladigan boshqa bir adibni bilmayman. Adib romantizmining buyukligi shundaki, u hatto oʻlim haqida yozganida ham kitobxon tushkunlikka tushmaydi. Adibning “Ingliz ustarasi” degan hikoyasini oʻgirganda buni his etgan edim. Men tarjima eshigini qoqqan zamonda Paustovskiydek zabardast adibning kitoblarini topish nihoyatda qiyin edi. Toʻqqiz jildli asarlariga obuna chiptasini tuman markazidagi kitob doʻkonidan xarid qilganman. Toʻplamning har bir jildi Moskvadan ikki oyda yetib kelardi. Qalingina jildni bir hafta-oʻn kunda “xatm” qilardim-u navbatdagisini kutishga sabrim chidamay, yana qayta-qayta oʻqirdim. Nihoyat, bir yildan ziyod vaqt mobaynida toʻqqiz jildning hammasini qoʻlga kiritganman. Ularni yigirma yil mobaynida, takror-takror oʻqiganimdan keyingina birinchi roman tarjimasiga kirishgandim.
Paustovskiyning menga, umuman, oʻzbek xalqiga yaqinligi haqida ikki ogʻiz izoh. Biz oʻzbeklar romantizmga moyilmiz. Paustovskiy esa romantik adabiyotning eng yirik, koʻzga koʻringan vakili. Shu boisdanmi, tarjima qilayotganimda omma uni sevib oʻqishiga umid qilganman. Lekin... Paustovskiyni oʻqiydiganlar hozir oʻtgan asrning 60-yillaridagiga nisbatan ancha kam. Ayrim ziyolilar, adiblar, olimlar va haqiqiy kitobxonlar – shu, xolos.
Tarjima asnosida V.Astafev, K.Paustovskiyning uslubi menga taʼsir etmay qolmadi. Bu hol yozganlarimda yaqqol sezila boshlagach, ulardan uzoqlashishga qaror qildim. Astafev asarlari 32 yil, Paustovskiy roman va hikoyalari esa 25 yil oʻtib chop etildi. Ular “Rus adabiyoti durdonalari” 100 jildligiga kiritildi.
– Bizga “Adabiyot – adab demak”, “Adabiyotning bori – tarbiyadir” deb oʻrgatilgan. Soʻz sanʼatining tarixi ham bu xil yondashuv ustuvor boʻlganiga shohidlik beradi. Adabiyot butun jamiyatning murabbiysi oʻlaroq maydonga chiqqan davrlar ham boʻlgan. Afsuski, bugun unday emas. Nima deysiz, jamiyat va inson ruhiyatidagi “yirtiqlar”ga adabiyot yamoq boʻla olarmikan?
– Adabiyot tarbiya vositasi ekanini inkor etib boʻlmaydi. Lekin soʻz sanʼati shunchaki didaktika bilan emas, balki ramzlar, nozik ishoralar vositasida tarbiyalaydi. Yalangʻoch, quruq gʻoyalar aks taʼsir etib, odamlarni ezgulikdan bezdirishi ham mumkin. Ulug‘ soʻz sanʼatkori Anton Chexov qalam ahliga bunday oʻgit beradi: “Siz insonni yaxshi-yomonga ajratib oʻtirmang, unga oʻzini bor boʻyi bilan, aniq-tiniq koʻrsating. Shunda u oʻzi xulosa chiqarib oladi”.
Baloyi nafs qutqulari sabab adabiyotning jamiyatdagi oʻrni yoʻqolib borayotgani achchiq haqiqat. Shunday boʻlsa-da, soʻz sanʼati jamiyatni, odamlarni oʻzgartirishiga ishonchim soʻngani yoʻq. Insonni oʻzgartirish koinotni oʻzgartirish bilan barobar, deyishadi. Bu muqaddas vazifaga pok koʻngil va toza qoʻl ila kirishmoq lozim.
Ilhom GʻANI suhbatlashdi.
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 3-son.
“Loqaydlik muztogʻlari” suhbati