Muqaddima
Jinoyat tushunchasi davlat tuzilmasi kabi qadimiy. Tabiat qonunlaridan huquqiy tartib-nizomga oʻtgan jamiyatda jinoyatning xilma-xil turlari paydo boʻlgan. Xoʻsh, mazkur istiloh davlat qonunlarini buzishga nisbatan ishlatiladimi yoki mavjudlik qonunlarini buzishga nisbatan? Deylik, qotillik mudhish jinoyat hisoblanadi, ammo urushda dushmanni oʻldirish ayb emas. Yaʼni odamkushlik uchun bir holatda jazo tayinlansa, boshqasida mukofot beriladi.
Masalaga falsafiy yondashsak, dunyoda asosan ikki nuqtai nazar keng tarqalganiga amin boʻlamiz. Birinchisiga koʻra, olamni Xudo yaratgan va biz ilohiy qonunlarga koʻra yashashimiz, yaqinlarimizni sevishimiz va ojizlarga yordam berishimiz kerak. Ikkinchi yondashuvga muvofiq, bizning dunyomiz uzoq davom etgan evolyutsiya mahsulidir. Binobarin, biz tabiiy tanlanish qonuniyatiga muvofiq umrguzaronlik qilishimiz kerak. Bunda eng kuchlilar omon qoladi, zaiflar esa nobud boʻladi. Xoʻsh, qay bir qonuniyat asosida yashagan maʼqul: inson har qanday holatda ham omon qolmoq uchun kurashishi kerakmi yo yaqinlari, doʻst-yori uchun jon fido etmogʻi lozimmi?
Bunday bahs-munozaralar faylasuflar va huquqshunoslar oʻrtasida necha zamondan beri davom etib kelayotir. Ilgari jinoyatchilik sabablarini ijtimoiy shart-sharoitlardan izlash kerak deyilgan boʻlsa, zamonaviy nuqtai nazarga koʻra, uning ildizlari inson genetikasida yotadi. Bugungi voqelik jinoiy xatti-harakatlarning sodir etilishi nafaqat jamiyatdagi norasoliklar, balki inson ichki olamidagi beqarorliklarga ham bogʻliqligini koʻrsatmoqda.
Inson ruhiyatida mudom ezgulik bilan yovuzlik oʻrtasida kurash kechadi. Bu ziddiyat inson tabiatida gohida bunyodkor, gohida vayronkor hissiyotlar shaklida yuzaga chiqadi. Inchunin, inson hayoti ana shunday tuygʻular qorishmasidan iborat. Ammo masalaning yana bir muhim jihati bor. Insonlar ruhiyati davlatning ijtimoiy, maʼnaviy asoslarini belgilaydi, oʻsha oʻlchamlarga hamohang siyosiy tuzum vujudga keladi. Inson, jamiyat va davlat oʻrtasidagi murakkab munosabatlar, xususan, atoqli rus adibi Fyodor Dostoyevskiy asarlarida teran tadqiq etilgan.
Dostoyevskiy asarlari bashariyatning qimmatli maʼnaviy merosiga aylangan. Adibni Zigmund Freyd, Erix Fromm kabi olimlardan-da yuksakroq shuhrat choʻqqisiga olib chiqqan badiiy gʻoya ham aynan inson falsafasining ziddiyatli qirralariga daxldordir. Yozuvchi choʻng isteʼdodi ila inkishof etgan badiiy, hayotiy haqiqatlar davlat va inson oʻrtasidagi aladdavom ixtilof, odamzodning maʼnaviy-ruhiy inqirozi, zoʻravon siyosat asoratlari, jamiyatdan ajralib qolgan, begonalashgan yolgʻiz inson fojiasi, axloq va huquq tafovutlarida namoyon boʻladi. Muallif “Jinoyat va jazo”, “Telba”, “Jinlar” kabi romanlarida insonning vijdoniy tanlovini tahlil qilar ekan, achchiq xulosalarga keladi.
Dostoyevskiy inson, Arastu taʼriflaganidek, siyosiy mavjudot ekanini eʼtirof etgani holda, u qonunlarni buzishga moyil ijtimoiy maxluqot ekaniga ham eʼtibor qaratadi. Adib talqinidagi insonning koʻp qatlamli, koʻp qiyofali “men”i biron qolipga sigʻmaydi, uning ruhiyatidagi isyonkorlik ijtimoiy fazilatlarga ega boʻlgan bunyodkor shaxs “men”idan koʻra murakkabroq va jamiyat uchun xatarlidir. Uni keltirib chiqaruvchi omillar qalbning ichki “oshxona”si yoxud “jinoiy fikrlar laboratoriyasi” bilan chegaralanmaydi (Бачинин В. Антропокриминология Достоевского: типы преступников. Журнал социологии и социальной антропологии. Том III. 2000, № 2. Стр. 67–81).
Yozuvchi qahramonlarining “men”ida sof eʼtiqodga zid daʼvolar bilan birga mushohadaga undovchi axloqiy, huquqiy dalillarni kuzatish mumkin. Inson ruhiyatining tushuniksiz, hatto paradoksal xususiyati shundaki, u vaqti-vaqti bilan mavjud hukmron tartibdan norozilik tuyib, ijtimoiy meʼyorlar, qonunlarga “asirlik”, yakranglikdan bezor boʻlgani bois tartib oʻrnida tartibsizlik, yaratuvchanlik oʻrnida buzgʻunchilikni qoʻmsay boshlaydi.
“Jinoyat va jazo”dan anglashiladiki, “jinoyatchilikda gʻayrioddiy qobiliyat”ga ega shaxsiyat zulmatda qolmoqqa mahkumdir. U erkinlikni suiisteʼmol qilib, hokimiyat va umumeʼtirof etilgan qadriyatlarni inkor etadi. Asar qahramoni ruhiyatiga soya solgan qorongʻi xarizma uni pirovardida dunyoda Xudo borligini his qilish neʼmatidan ham mosuvo qiladi.
Roman tafsilotlariga koʻra, “jinoyatchi odam” obrazi ijtimoiy-tarixiy nuqtai nazardan istiqbolli boʻlib chiqadi. Qahramon timsolida biz davr daʼvatlariga qarshi kurashuvchi “mashina-odam”ni koʻramiz. Har qanday axloqiy toʻsiqlarni osongina bosib-yanchib oʻtadigan sovuqqon “mashina-odam” siyosiy jinoyatchining yangi bir avlodi sifatida namoyon boʻladi. “Jinoyat va jazo” qahramoni bunday deb xitob qiladi: “Qonun bu, Sonya! Shunday!.. Men kimda-kim qudratli, aql-irodada kuchli boʻlsa, ularning ustlaridan hokim boʻlishini endi bildim! Kim qancha koʻp uddalay bilsa, ular ichida oʻsha haq boʻlib chiqarkan. Kim uzoqroq tupursa, oʻsha ularning nizomi boʻlarkan, kim chovutini qancha koʻp narsaga urishga jurʼat qilsa, oʻsha ularning hammasidan ham haqliroq boʻlib chiqarkan! Shu zamongacha shunday boʻlgan va bundan soʻng ham shunday boʻlib qolajak!” (Ibrohim Gʻafurov tarjimasi.)
1
Dostoyevskiycha “mashina-odam” istilohi birinchi navbatda gʻarbona ishbilarmonlik muhiti vakili boʻlgan qahramonlarga nisbatan qoʻllanadi. U hisob-kitobli, shafqatsiz, maqsadiga erishish uchun har qanday yoʻldan borishga shay, hatto qabohat va jinoyatlardan-da tap tortmaydi. Hokimiyatga intiladigan kuchli mexanik irodaga ega boʻlgan Rodion Raskolnikov ham oʻz tabiatiga mos mashinamonand siyosiy dasturni maqbul deb biladi. Unga muvofiq, totalitar boshqaruv usullariga asoslangan davlat oʻz fuqarolarini doimo qoʻrquv, tahlikada tutib turishi, fuqarolar ustidan muttasil kuzatuv olib borishi, isteʼdodlar va yorqin shaxslar mafkuraviy bosim, politsiya terrori orqali yoʻldan supurib tashlanishi kerak edi. Bu dasturni amalga oshirmoq uchun axloqiy tutumlarni butunlay yoʻq qilish, tartibni tartibsizlikka aylantirish lozim boʻlar edi.
Dostoyevskiyning mushkul-murakkab vaziyatda siyosiy sahnaga chiqqan qahramonlari oʻz mayllarini qondirish yoʻlida dahshatli vositalarni oʻylab topadi. Ularning aql-tafakkuri nainki gʻoyalar, balki hukmronlik qutqusidan kuch oladi. “Gʻayrioddiy” odamlar ezgulik yoʻlida har qanday jinoyatni sodir etishi mumkin, degan sogʻlom aqlga zid daʼvoni ilgari suradi ular. Yodingizdadir, Raskolnikov ham “Men jamiyat uchun ziyon keltirayotgan bir sudxoʻrni oʻldirdim, davlat esa minglab odamlarni qurbon qilib yubormoqda. Nega u jinoyatchi emas, nega u javob bermaydi?” deya oʻzini oqlamoqqa urinadi.
Aslida, inson ruhiyatini majruh etgan, davlatni oʻzak mohiyatidan mahrum qilgan inkvizitsiya hodisasi “jinlar jamiyati”ning tamal toshini qoʻygan edi. Darvoqe, barcha “izm”larning aynan Gʻarbda vujudga kelishi sabablaridan biri ham shu boʻlsa ajab emas. Xususan, fashizm va bolshevizm taʼlimotlari “telbalar va jinlar jamiyati”ni tartibga solishga urinar ekan, inson qiyofasini yoʻqotgan “xoʻrlangan va haqoratlanganlar” uchun goʻyo xaloskor gʻoyalarni taklif etdi.
Ziddiyatli shaxs, ulkan isteʼdod sohibi Fyodor Dostoyevskiyning oʻzi ham uzoq muddat tutqunlik va surgun azobini totgan boʻlsa-da, yolgʻizlik, yovuzlik iztiroblaridan qutula olmaydi. 1861–1863-yillar “Время” jurnalida ishlab yurgan davrlarida rus dvoryanlarining maʼnaviy qashshoqligi, axloqiy tubanligi hamda xalqni shafqatsiz ekspluatatsiya qilishini fosh etadi. Keyinroq esa adib Turkistonni zabt etish targʻibotchilaridan biriga aylanadi. Ruslar Yevropaga yurish qilsa, “varvarlar” deb atalar ekan. Osiyoda esa ular madaniyatli millat oʻlaroq kutib olinar emish (qarang: Достоевский Ф. Собрание сочинений в 15 томах. Том 14. СПб, “Наука”, 1995).
Rossiyada bolshevizmning vujudga kelishi qisqa muddatli inqilob mahsuli emas edi. Uning nazariy ildizlari imperiya aholisi ongi va qalbida shakllangan shovinistik ruhiyatga borib taqaladi. Biz bejiz inson va u yashab turgan muhitga urgʻu bermayotirmiz. Faylasuf Karl Popper “ochiq jamiyat dushmanlari”ni sanaganda, gapni shunchaki Aflotundan boshlamaydi. Gap shundaki, erkinlik va mutlaq erkinlik oʻrtasidagi muvozanat tanlovi koʻpincha ikkinchisining foydasiga hal boʻlgan. Mutlaq erkinlikka ega boʻlgan ruhiyat axloqiy chegarani unutadi. Bu esa jinoyatning jazosiz maydonini vujudga keltiradi.
Bolshevizm totalitarizm demakdir. Totalitarizm – hokimiyat ijtimoiy hayot, jamiyat va shaxs ustidan yalpi nazorat oʻrnatgan tuzum. U jamiyat qarashlarini rasmiy mafkuraga boʻysundiruvchi siyosiy usullar orqali qaror topadi. Garchi noinsoniy va adolat tamoyiliga ters boʻlsa-da, bolshevizm gʻoyasini bayroq qilgan totalitar davlat muayyan huquqiy tamoyillarga tayangan, bu maqom uning Konstitutsiyasida muhrlangan edi.
2
Sovet davlati oʻta markazlashgan va buyruqbozlik xarakteriga ega boshqaruvni shakllantirdi. Siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy sohalar ustidan toʻliq davlat nazorati oʻrnatildi. Fikrlar xilma-xilligi, tafakkur hurligi, muxolifatchilik qatʼiyan man etildi, siyosiy erkinliklar taqiqlandi. Millatlarning qadimiy urf-odat va qadriyatlari cheklandi, adolatparvar ziyolilar qatagʻonga uchradi. Hukmron partiyaning oʻzboshimchaligi va zoʻravonligi millionlab odamlarning umriga zomin boʻldi.
Stalin davrida siyosiy zulm va zugʻum eng yuqori choʻqqiga chiqdi. Bu davrning xarakterli jihati shuki, repressiv organ sanalgan Davlat xavfsizligi qoʻmitasi tizimli ravishda barcha katta-kichik tashkilotlar ustidan yalpi nazorat oʻrnatdi. Shoʻrocha tipdagi bu tuzilma jamiyatda yuz minglab begunoh kishilarni nohaq jazoga mustahiq etdi. Chinakam qoʻrquv saltanati bunyod etildi.
1940-yillar oxiri – 1950-yillar boshlarida Butunittifoq Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi direktivalarini amalda tatbiq etish jarayonida dastavval ilm-fan, adabiyot va ishlab chiqarish sohalaridagi yetakchilar, ziyolilarni ijtimoiy qatlam sifatida mahv etishga qaratilgan maxfiy hujjatlar ishlab chiqiladi. Jumladan, 1947-yil iyun oyida Ichki ishlar xalq komissarligining (NKVD) 44 banddan iborat (003) 47-sonli yoʻriqnomasi (“Josusnoma” dasturi – T. A.) qabul qilinadi. Oʻta maxfiy hujjatda Sovet davlati tasarrufidagi mustamlaka respublikalarni tobelikda tutib turishning oʻziga xos usullari belgilab berilgan edi. Yoʻriqnoma, jumladan, quyidagi koʻrsatmalarni oʻz ichiga oladi:
– Tashkilotchilik qobiliyatiga ega va xalq orasida mashhur boʻlgan kishilarga alohida eʼtibor berish kerak. Bunday kishilarni ogʻdirib olishga urinish zarur, mabodo taklif rad etilar ekan, ularning yuqori lavozimlar tomon yoʻlini toʻsib qoʻyish lozim boʻladi.
– Shunday bir vaziyat yaratish kerakki, davlat xizmatchilarining (maxsus xizmat va harbiy sanoatdan tashqari) daromadlari juda kam miqdorni tashkil etsin. Bu, avvalo, sogʻliqni saqlash, sud va taʼlimga, qolaversa, barcha rahbar xodimlarga taalluqlidir.
– Boshqarmalar va korxonalardagi idoraviy lavozimlarga (joylardagi hukumat organlari bilan kelishuvsiz) maxsus xizmat bilan hamkorlikda boʻlgan kishilarni tayinlash zarur.
– Shunday qilish kerakki, har qanday masala bilan bir vaqtning oʻzida bir qancha qoʻmita, muassasa va tashkilotlar shugʻullansin, ammo ularning birortasi uni hal etish huquqiga ega boʻlmasin. Rahbarlarning faoliyati faqat topshiriqlarni bajarish bilan chegaralanishi kerak.
– Kasaba tashkilotlari zinhor korxona rahbariyatiga qarshi chiqa oladigan huquqlarga ega boʻlmasligi kerak. Ularni boshqa ishlar bilan, masalan, dam olish va taʼtillar uyushtirish, pensiya, kredit arizalarini hal qilish, sayohatlar, madaniy va koʻngilochar tadbirlar oʻtkazish, kamyob mollarni taqsimlash singari yumushlar bilan band qilib qoʻyish kerak. Ular siyosiy rahbariyat qarorlarini yoqlashlari va tushuntirish ishlarini olib borishlari lozim.
– Partiya, davlat va xoʻjalik apparatida ishlayotgan tub yer kishilarini shunday vaziyatga solish kerakki, oʻz qoʻllari ostidagilar koʻz oʻngida ularning obroʻsi toʻkilib, avvalgi davralariga qaytishga imkoni qolmasin.
– Barcha ilmiy tekshirish institutlari va laboratoriyalarini doimiy kuzatib borish zarur.
– Mahalliy aholi orasidan yetishib chiqqan rahbarlarga milliy tus berilishiga yoʻl qoʻyiladi, ammo bu hol millatning oʻsishi, birlashuviga xizmat qilmasligi kerak.
– Xususiy korchalonlar va hunarmandlarni shunday dastgoh hamda xomashyo bilan taʼminlash kerakki, sifatli mahsulot tayyorlashning imkoni boʻlmasin. Ularning mahsulotlari narxi davlatnikidan qimmat boʻlishi kerak.
– Boshlangʻich va oʻrta maktablarda, eng asosiysi, oʻrta maxsus va oliy oʻquv yurtlarida oʻta eʼtibor qozongan oʻqituvchilar ishdan chetlashtirilishi lozim. Ularning oʻrniga biz tomonimizdan belgilanadigan kishilarni qoʻyish kerak. Fanlar orasidagi farq yoʻqotib yuborilishi, lotin va eski yunon tillari, umumiy falsafa, mantiq va genetika fanlari oʻtilishi toʻxtatilmogʻi shart. Tarix darslarida oʻtmishdagi siyosatdonlar vatan ravnaqiga xizmat qilgani yoki xizmat qilishga uringani haqida gapirish mumkin emas. Eʼtiborni faqat podshohlar zulmi va ularga qarshi xalq kurashiga burmoq lozim.
– Siyosiy rahbarlikka muqaddam qamalgan shaxslarni qoʻyish haqida oʻylab koʻrish lozim. Mahalliy aholi ixlos qoʻygan gʻanimlarimizni ogʻdirib olmoq yoki taʼzirini bermoq zarur. Ularni qonunbuzarlikda ayblab qamash yoki “baxtsiz hodisa” atalmish bahonai sabab ila yoʻq qilib yubormoq kerak.
– Siyosiy ayblov bilan qamalgan fuqarolarni oqlashdan mumkin qadar qochish kerak. Mabodo, oqlash lozim boʻlib qolsa, u holda yangi sud jarayonisiz (sudya, aybdor, qoralovchi va maʼlumot beruvchini chaqirmay) sudning xatosini tuzatish sifatida ish koʻrish mumkin.
– Partiya tomonidan tayinlanadigan rahbarlar ishimizga ziyon keltirsa ham, oʻziga boʻysunadigan kishilar oʻrtasida norozilik uygʻotsa ham baribir sudlanmasligi darkor. Oʻta qoʻpol xatolarga yoʻl qoʻyishsa, ularni lavozimidan boʻshatib, boshqa bir shunday mansabga yoki undan-da balandrogʻiga qoʻyish lozim boʻladi. Buning imkoni boʻlmagan vaziyatda ularni biron bir rahbarlik lavozimiga moʻljallab, zaxiradagi kadrlar roʻyxatiga kiritib qoʻyish kerak.
– Ish joylarida peshqadam mutaxassislar boʻshatilishi hamda ular oʻrniga chalasavod, mulohazasiz xodimlar qoʻyilishiga erishmoq kerak.
– Oliy oʻquv yurtlariga shunday kishilarni qabul qilish kerakki, ular xalqning omi qatlamidan boʻlsin, ularni mutaxassislik boʻyicha chuqur bilim emas, balki faqat diplom qiziqtirsin (Oʻzbekistonning yangi tarixi. Ikkinchi kitob. Toshkent, “Sharq” NMAK, 2000. 510-bet).
Sovet davlati shu tariqa jamiyatning mafkuraviy-madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy jabhalarini “temir musht” siyosati asosida muvofiqlashtirish va yanada mustahkamlashga muvaffaq boʻldi. Insonlarni kodifikatsiya qilgani, qullikning industrial bosqichini boshlab bergani qizil imperiya siyosatining eng katta “yutugʻi” sanaladi.
3
Siyosat vositasida uyushtiriladigan jaholatni davlat sodir etadigan jinoyat deb atash mumkin. Shu maʼnoda Raskolnikovning ayrim mulohazalari muayyan mantiqqa ega. Dostoyevskiy qahramoni boʻysunmas odamning axloqiy qonunlarga qarshi jinoyat sodir etish huquqini yoqlaydi. Totalitar tuzum ham inson qiyofasidan mahrum boʻlgan xastalar jamiyatini vujudga keltiradi. Bunday muhit mudhish jinoyatlarga doyalik qiladi.
Maʼmuriy-buyruqbozlik usuli zamirida taraqqiyot yoxud farovonlikka intilish emas, balki jamiyatni yalpi parokandalik holatini vujudga keltirish orqali idora etish maqsadi yotadi. Bunda vazifalar ulug‘, amallar esa mavhum keladi. Ana shu maqsadlar ijrosiga kamarbasta boshqaruv tizimi ham shakllantiriladi. Parlament, sud hokimiyati va boshqa turli institutlar, mahalliy ijro organlari yagona partiya (shaxs) irodasiga boʻysundiriladi. Boshqaruv idoralari umumiy yoki mavsumiy yumushlarga jalb etilib, asosiy vazifalardan chalgʻitiladi. Aholi turli ommaviy yumushlarga yoxud qishloq xoʻjaligi ishlariga safarbar etiladi. Yoʻriqnomada uqtirilganidek, shunday muhit yaratiladiki, bironta vazirlik samaradorlikka erishish imkoniga ega boʻlmaydi.
Insonning madorini quritadigan, ruhiyatini charchatadigan usullardan yana biri bu – surunkali va davomli majlislar oʻtkazish amaliyoti. Majlislarda goʻyo tahliliy xulosalar chiqariladi. Aslida esa, ulardan koʻzlangan maqsad utopik gʻoyalarni (kommunizm qurish) singdirish, rahbarlarni manqurtlarga aylantirish edi.
Iqtisodiyot, moliya, soliq, sanoat va xoʻjalik yuritish ishlarining ilmiy tamoyillardan uzib qoʻyilishi ham ongli ravishda amalga oshirilgan usullar sirasiga kiradi. Byudjet tanqisligi, yoʻqchilik, inflyatsiya kabi qator muammolarning vujudga kelishi yoʻriqnomada koʻrsatilgan talablarga mos keladi. Bu hol korrupsiya tegirmoniga suv quyadi. Oqibatda aksar rahbarlar muttahamga aylanadi va ularning har biri ustidan jinoiy ish ochish mumkin boʻlib qoladi. Inson boʻlsa bas, ayb-u nuqson topiladi, jazo ham tayyor! Asosiy daromadlar esa yuqori qatlam orasida taqsimlanadi. Quyi boʻgʻindagi ijrochilar rejalarni bajara olmayotganidan oʻzini mudom aybdor his qilib yuradi. Jamiyatda oddiy tadbirkorlarning daromadlari soliqlar asosida cheklab qoʻyiladi. Qarabsizki, barcha qatlam nazoratda va tobelikda!
Totalitar tuzumda hatto qonunlar ham mustabid mafkura va yakkaqoʻl iqtisodiy tartibotni himoya etishga xizmat qiladi. Qonunlar mavhum, mubham boʻlishiga alohida eʼtibor qaratiladi. Muayyan qonunlar ommaga tushunarli boʻlib qolsa, u darhol oʻzgartiriladi. Boz ustiga, qonunlarni amalga tatbiq etish mexanizmi ishlab chiqilmaydi. Bor-yoʻgʻi falon qonunlar qabul qilingani ovoza etiladi, xolos. Yana bir salbiy jihat shuki, qonunlar orqali inson manfaatlari davlat manfaatlariga qurbon qilinadi. Inson shaʼni, qadr-qimmati, eʼtiqod-irodasi, erkinlik orzusi davlat qonunlari qolipiga kiritiladi. Bu qolipdan chiqqan shaxs jinoyatchiga aylanadi.
Masʼul lavozimlarga munosib kadr tanlash va tayinlash davlatning ustuvor vazifasi hisoblanadi. Ammo NKVD yoʻriqnomasida qayd etilganidek, shoʻro davrida koʻpincha topshiriqlarni ogʻishmay ijro etadigan, ammo tahlil, tafakkur layoqatidan mahrum shaxslarga lavozim pillapoyalaridan koʻtarilishga imkon berilgan. Zotan, bu toifa rahbarlar tuzumga sadoqat bilan xizmat qilgan, uning barqarorligi, poydorligiga hissa qoʻshgan. Mustaqil fikrli kadrlar esa siqib chiqarilgan.
Boshqa mustabid rejimlar kabi sovet davlati ham “quloqlar” texnologiyasidan keng foydalangan. Aksar ishlab chiqarish muassasalarida aygʻoqchilik shtati joriy etilgan. Ularning vazifasi “nomaqbul” odamlar ustidan doimiy nazorat oʻrnatishdan iborat edi.
Totalitar tuzum ilm-fan va taʼlim sohasini ham oʻz yoʻrigʻiga solishga uringan. Shu sababdan, oʻrta maxsus va oliy oʻquv yurtlarida katta eʼtibor qozongan, odamlarni oʻz ortidan ergashtirish salohiyatiga ega oʻqituvchilar turli sabablar bilan, koʻpincha “sopini oʻzidan chiqarib” ishdan chetlashtirilgan. Sovet davlati ijtimoiy-gumanitar fanlarni qisqartirishga alohida eʼtibor qaratgani bejiz emas. Zero, bu fanlar fikr erkinligi, ijodkorlik qobiliyatini oʻstirishda muhim oʻrin tutadi. Maxfiy yoʻriqnomadagi oliy oʻquv yurtlariga chuqur bilim egalarini emas, balki quruq diplom ixlosmandlarini qabul qilish haqidagi koʻrsatma ham mustabid tuzum juda uzoqni koʻzlaganidan dalolat beradi. Chunki bilimdon, mustaqil fikrli odamlarning koʻpayishi sardor-u sarkorlarning boshqaruv faoliyatiga xalal berishi mumkin edi. Universitetni amal-taqal bitirgan talabalar esa parokanda va alamzada jamiyatga singib, yoʻq boʻlib ketar edi.
NKVD ishlab chiqqan maxfiy hujjat shoʻro davlati boshqaruvida dasturulamal vazifasini oʻtagan desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Ayni shu yoʻriqnoma asosida Kommunistik partiyaning siyosati shakllantirilgan, hayotga tatbiq etilgan. “Insonparvarlik”, “xalqlar doʻstligi” kabi jozibador gʻoyalar bilan niqoblangan qizil mafkura, aslida, ulkan mamlakatni insoniyatga qarshi koʻz koʻrib quloq eshitmagan nobakorliklar sodir etilgan jazo koloniyasiga aylantirgan edi. Taassufki, mudhish jinoyatlarning aksari huquq doirasida, qonun shamsiyasi ostida amalga oshirilgan edi.
Xulosa
Hokimiyatning axloq sarhadlarini buzishi va zulmga berilishi davlatni tanazzulga olib keladi. Boz ustiga, zoʻravonlik siyosati uzoq muddat davom etsa, bu hol butun xalqlar dunyoqarashiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, ularning milliy gʻururi va vatanparvarlik fazilatlariga zaxa yetadi. Oʻtgan asrning 90-yillarida Sovet davlati ham intihoga yuz tutdi. Xoʻsh, milliy respublikalar shu bilan qizil mafkuraning gʻayriinsoniy merosidan butkul forig‘ boʻldimi? Mustabid tuzum inson, jamiyat va davlat munosabatlarida, maʼnaviy jabhada qanday asoratlar qoldirdi?
Jamiyatda totalitar siyosat turli ijtimoiy shart-sharoitlarga koʻra qaror topadi. Bunday jamiyat shakllanishi inson tafakkuri bilan bogʻliq hodisa ekan, uni oʻtmishga aylandi, deb boʻlmaydi. Boz ustiga, jamiyatda raskolnikovlar ham mudom mavjud. Har doim zoʻravonlik qilishga “qodir va haqli” odamlar chiqadi. Shunga koʻra aytish mumkinki, totalitar tafakkurning milliy qiyofasi yoʻq, u insoniyatga xos xususiyatdir. Bugun ham dunyoning baʼzi mamlakatlarida millionlab odamlar oʻz erki va taqdirini ixtiyoriy ravishda mavhum gʻoyalar yoxud gʻayriinsoniy mafkuralar ilkiga topshirib qoʻyayotgani mazkur xulosani tasdiqlaydi.
Darvoqe, dunyo boʻylab tomir otgan bozor iqtisodiyoti va liberalizm ruhiy qullikning isteʼmolchilik deb atalgan yangi koʻrinishini paydo etdi. Ayni vaqtda ana shu ehtiyoj va mayllarni qondiruvchi davlat mashinasi mukammallashtirilmoqda. Endilikda insonni tobelik va mutelikka olib kelayotgan omil ogʻir ijtimoiy turmush emas, balki isteʼmolchilik psixologiyasidir. Modomiki, jamiyat taraqqiyoti isteʼmolchilikning oʻsishiga bogʻliq boʻlsa, bu davlatning asosiy tamoyiliga aylanib, oxir-oqibat uning yoʻq boʻlishiga olib kelishi tayin.
Odamzod yaxshilik va yomonlik, nafosat va zalolatni qorishtirib yuborgan, soxta qadriyatlar asirligida yashayotgan bir davrda Fyodor Dostoyevskiyning inson haqidagi falsafiy qarashlari yanada muhim ahamiyat kasb etayotir. Yozuvchi romanlarida qalamga olganidek, aksar jamiyatlarda sodir boʻlayotgan zulm va zoʻravonlik, tengsizlik va umidsizlik sababli odamlarning qizil chiziqlardan hatlash ehtimoli ortmoqda.
Ogʻir sharoit yoki noinsoniy muhitni qotillikka oqlov sifatida koʻrsatuvchilar ham bor. Ammo jinoyatni biror nazariya bilan xaspoʻshlab boʻlmaydi. Shu maʼnoda, Raskolnikovning qonunsizlikka izn berish, “ezgu maqsadlar yoʻlida jinoyat sodir etish” nazariyasi oʻta xavfli, halokatlidir.
Dostoyevskiy shaxslar, hatto eng aʼlo odamlar boʻlsa ham, zulm-zoʻravonlik qilishga haqli emasligini butun dunyoga anglatdi. Bugun ham insonning maʼnaviy olami, xulq-atvori, xatti-harakatlari, umuman, jamiyat oldidagi javobgarligi muammosi dolzarb boʻlib qolmoqda. Zotan oʻzgaruvchan, beqaror dunyoda har bir inson oʻzi va butun insoniyat kelajagi uchun masʼuldir. Bu jihatdan, daho adibning “Inson ruhiyatida faqat bunyodkorlik qudratigina mavjud emas” degan xulosasi bizni hamisha, har doim ogohlikka undaydi.
Toʻlqin ALIMARDON
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.
“Jinoyat jazosiz qolganda” maqolasi