Şaxmat ming yillardan beri turonliklarning sevimli öyini bölib kelmoqda. Bu öyin, ayniqsa, 9-10-yuzyilliklarda jadal rivojlandi. Aynan şu davrda Abu Bakr Muhammad Suliy, Zayrab Katan, Abul Abbos Ahmad Saraxsiy singari turonlik mohir şaxmatçilar yetişib çiqdi. Eʼtiborli jihat şundaki, köhna turonlik erkaklargina emas, ayollar ham şaxmat öyinida mohir bölişgan. Bu çoğda yaşagan turonlik eng taniqli ayol şaxmatçi Arib Barmakiyyadir. 

Arib Barmakiyya arab manbalarida köproq Arib Maʼmuniyya nomi bilan tilga olinadi. U şeʼr yoziş, qöşiq kuylaş, kuy bastalaş, turli musiqa asboblarini çaliş, gözal xat yoziş, ayniqsa, şaxmat öynaşdagi mahorati bilan maşhur bölgan.

Arib töğrisidagi eng muhim maʼlumotlar Abul-Faraj Isfahoniyning “Kitob al-ağoniy”, Ibn al-Mötazning “Tabaqot aş-şuaro”, Ibn Asokirning “Tarix Dimaşq”, Ibn as-Soiyning “Niso al-xulafo” hamda Nuvayriyning “Nihoya al-arab fi funun al-adab” asarlarida saqlangan. Aribning şaxmatdagi şuhrati töğrisida söz oçişdan oldin uning hayoti, adabiyot va şeʼriyat, musiqa, xattotlik sanʼatlaridagi mahoratiga töxtalib ötsak.

Arib ismi arab tilida “fasohatli, ravon sözlovçi, nutqi aniq kişi”, “serharakat, faol, ğayratli” maʼnolarini anglatadi. Şuningdek, bu söz “toza, sof, asl”, “sersuv” maʼnolari bilan ham aloqador sanaladi.

Arib hijriy 181-yilda (milodiy 797–798) Bağdodda tuğilgan, deb taxmin qilinadi. Örta asr arab tarixçilari uning maşhur Abbosiylar vaziri Jaʼfar ibn Yahyo Barmakiyning (8-asrning ikkinçi yarmi – 803) qizi ekanligini yozadilar. Xususan, Abul-Faraj Isfahoniy “Kitob al-ağoniy” asarida Ibn al-Mötaz orqali yetib kelgan xabarlarni bayon qilib, Aribning Barmakiylar xonadoniga mansubligi töğrisidagi rivoyatni qayd etadi.

Manbalarga köra, Aribning onasi Fotima ismli ayol bölib, u Barmakiylar xonadonida tarbiyalangan. Jaʼfar ibn Yahyo Fotimani sevib qolgan va unga uylangan. Biroq bu nikoh Jaʼfarning otasi Yahyo ibn Xolid Barmakiyning noroziligiga sabab bölgan. Rivoyatda Yahyo ibn Xolid öğliga Fotimadan voz keçişni buyurgani, şundan keyin Jaʼfar uni Bağdodning Bob al-Anbor mahallasidagi alohida uyga joylaştirib, nikohini otasidan yaşirgani aytiladi. Boşqa manbalarda, xususan, ibn Soiyning “Niso al-xulafo” asarida aytilişiça, Aribning onasi şarifa ayol bölgan. Şarif deb örta asrlarda Hazrat Alining Hasan va Husayn ismli öğillari avlodidan bölgan kişilarga, yaʼni alaviylarga aytilgan. Biroq Aribning onasi ulardan ekanligi xususidagi qaydlar işonçli emas, deb qaraladi. Arib bolalik çoğida onasi Fotima vafot etgan. Jaʼfar esa qizini nasroniy ayol tarbiyasiga topşirgan.

Şu orada Jaʼfar Barmakiy xalifa Horun ar-Raşidning işonçli va sevimli vaziriga aylanib ulgurgandi. Ammo Jaʼfar va xalifaning munosabatlari buziladi, u 803-yil yanvar oyida (hijriy 187-yil muharram oyi) qölga olinib qatl etiladi, otasi va boşqa qarindoşlari esa zindonga taşlanadi. Rivoyatga köra, mol-mulklari musodara qilingan Jaʼfar öldirilganidan keyin, Aribni tarbiyalagan ayol uni qul savdogariga sotib yuborgan. Şunday qilib, maşhur vazirning qizi bölgan oliynasab Arib, afsuski, yoşligidanoq qaramlik şaroitiga tuşib qolgan.

Aribning isteʼdodi şakllanişida uning yoşligidan olgan taʼlimi muhim ahamiyat kasb etgan. Manbalarda u Abdulloh ibn Ismoil Marokibiy ismli saroy amaldori xonadonida tarbiyalangani töğrisida maʼlumot bor. Yaʼni yoş Arib bu kişiga qul çöri bölib qolgan. Marokibiy Horun ar-Raşid saroyining transport va kemalar xizmati bilan boğliq amaldorlardan edi. Aribning taʼlimi Bağdod va Basra şaharlarida davom etgan. U arab tili grammatikasi, adabiyot, şeʼriyat, musiqa, qöşiqçilik, sozandalik va çiroyli yoziş sanʼatini örgangan. Manbalarda uning ot minişni ham bilgani, çavandoz bölgani tilga olinadi.

Arib arab tilining nozik qoidalarini yaxşi egallab, şeʼriy vazn, baloğat va fasohat masalalarida bilimdon bölgan. Keyinçalik adabiy majlislarda olimlar va şoirlar bilan suhbatlaşib, öz bilimini namoyon etgan. Uning arab tili grammatikasi böyiça maşhur olim Abu Usmon Moziniydan (ölimi 863) bilim olganligi töğrisida ham xabar saqlangan. Xalifa Vosiq majlisida şeʼriy matndagi bir sözning grammatik şakli yuzasidan bahs kelib çiqqanda, Arib şu ustozidan örgangan qoidani tuşuntirib bergani rivoyat qilinadi.

Aribning hayoti Abbosiylar xalifaligining bir neça hukmdorlari davri bilan boğliq bölgan. Ayrim manbalarda u dastlab xalifa Amin ibn Horun ar-Raşid (809–813) saroyiga kelgani, keyin esa uning ukasi xalifa Maʼmun (813–833) saroyida katta şuhrat qozongani aytilgan. Aslida Arib dastlab Abdulloh ibn Ismoil Marokibiyning çörisi bölgan. Biroq yoş qiz baloğatga yetib esini taniy boşlagaç, kelib çiqişi qul emas, zodagonlardan ekanligini bilib xöjayiniga qarşi çiqadi, undan qoçib ketişga harakat qiladi. Şuningdek, bu paytlarda Arib xalifaning turkiy harbiy sarkardasi Muhammad ibn Homid Xoqoniy bilan sevişadi, hatto bir safar sevgilisining yoniga qoçib ketadi. Baxtga qarşi uning xöjayini Aribni tutib keltiradi, keyinçalik esa xalifa Aminga berib yuboradi. Amin öldirilgaç, Arib yana Marokibiyning qöliga tuşadi.

Aribning Maʼmun saroyiga kelişi töğrisida bir neça turli rivoyat mavjud. Ularning birida xalifa uni 50 ming dirhamga sotib olgani xabar qilinadi. Boşqa bir rivoyatda esa maşhur musiqaşunos Isʼhoq Mavsiliyning tavsiyasi bilan 100 ming dirham sarflangani aytiladi. Xalifa Maʼmun uning ovozi, musiqiy mahorati va zukkoligini yuqori baholagan. Şuning uçun Arib uning nomi bilan boğlanib, “al-Maʼmuniyya” deb atalgan.

833-yilda Maʼmun vafot etganidan keyin Arib uning meros mulki tarkibida sotilgani töğrisida maʼlumot bor. Keyingi xalifa Mötasim (833–841) uni sotib olgan va ozod qilgan, deb ayrim manbalarda qayd etiladi. Boşqa maʼlumotlarga köra, esa Aribni Maʼmun ozod qilgan va özining sarkardasi Muhammad ibn Homid Xoqoniyga nikohlab bergan, hattoki, bunda nikoh xutbasini şaxsan xalifaning özi öqigan.

Aribning ozodlikka çiqişi hayotida muhim buriliş bölgan. Keyinçalik u şaxsiy mulk, daromad va xizmatkorlarga ega bölgan mustaqil sanʼatkor sifatida faoliyat yuritgan. Eri bilan baxtli hayot keçirayotgan Arib bitta qiz farzandli bölgan. Biroq bu köpga çözilmaydi, Muhammad Xoqoniy biroz vaqtdan keyin vafot etadi va Arib beva qoladi. Oğir ayriliqqa qaramay yoş ayol tuşkunlikka tuşmay yaşaşda davom etadi.

Keyingi yillarda Aribning Solih Munziriy bilan munosabati töğrisida ham maʼlumotlar uçraydi. Arab tarixçilari uning şaxsiy hayotini köpinça adabiy hikoya va latifalar şaklida bayon etgan. Bu rivoyatlarning barçasini sözma-söz tarixiy haqiqat sifatida qabul qiliş töğri emas. Çunki “Kitob al-ağoniy” kabi asarlarda tarixiy maʼlumotlar bilan adabiy-hikoyaviy unsurlar birgalikda keltiriladi. Lekin bunday hikoya va rivoyatlar keng tarqalganligi örta asrlar arab adabiyotida Arib Barmakiyya juda maşhur bölganligini körsatadi.

Aribning eng katta şuhrati musiqa sanʼati bilan boğliq edi. 9-asrda Bağdod nafaqat Abbosiylar xalifaligining siyosiy markazi, balki Şarqning eng yirik adabiy, ilmiy va musiqiy markazlaridan biri edi. Bu davrda xalifalar saroyida atoqli şoirlar, sozandalar, qöşiqçilar, olimlar va sanʼatkorlar faoliyat yuritgan. Ular orasida ayol ijodkorlar ham muhim örin egallagan. Ana şunday isteʼdodli ayollardan biri Arib Barmakiyya edi.

Arab adabiyoti va musiqasi tarixida Arib öz davrining eng bilimdon va isteʼdodli ayol sanʼatkorlaridan biri sifatida eʼtirof etiladi. Uning ijodiy salohiyati, zehni, suhbatdoşlik mahorati va hukmdorlar saroyidagi mavqei zamondoşlarini hayratga solgan. Masalan, Abul-Faraj Isfahoniy uning qöşiqçilik, kuy bastalaş, musiqa asboblarini çaliş hamda musiqiy pardalar va torlarni bilişda ğoyat yuksak darajaga erişganini taʼkidlaydi. Maşhur tarixçi uni qadimgi Hijoz qöşiqçilari Jamila, Izza al-Maylo va Saloma az-Zarqo kabi maşhur ayol sanʼatkorlar bilan taqqoslaydi. Arib ayniqsa ud çaliş bilan maşhur bölgan. U uddan taşqari boşqa torli çolğu asboblarini ham çalgan. Qadimiy musiqiy usullarni egallagani, ularni ijodiy qayta işlab, yangi kuylar yaratgani haqida xabarlar bor. Uning musiqiy mahoratini maşhur sozanda va musiqaşunos Isʼhoq Mavsiliy ham eʼtirof etgan.

Aribning eng muhim yutuqlaridan biri uning nihoyatda sermahsul bastakor ekanligidir. Ibn al-Mötaz asarida saqlangan maʼlumotga köra, xalifa Mötamid Aribning kuy va qöşiqlarini töplaşni buyurgan. Şundan söng uning daftarlari va alohida varaqlaridagi musiqiy asarlar yiğilgan. Natijada 1000 ta qöşiq va kuy qayd qilingan.

Boşqa rivoyatga köra, maşhur tarixçi ibn Xurdodbeh Aribning özidan qança kuy ijod qilganini söraganida, u mingtaga yetganini aytgan. Boşqa töplamlarni soliştirgan muallif esa ularning sonini 1 ming 125 ta deb körsatgan. Biroq bu raqamlar Aribning mingta mustaqil şeʼr yozganini emas, balki unga nisbat berilgan musiqiy asarlar va qöşiqlar sonini anglatadi. Afsuski, uning uşbu musiqiy merosi töliq saqlanmagan. Adabiy manbalarda qöşiqlarining ayrim matnlari va ularga oid maʼlumotlar yetib kelgan.

Arib nafaqat ijroçi va bastakor, balki yoş qöşiqçilarni tarbiyalagan ustoz ham bölgan. Arab manbalarida uning öz xonadonida musiqiy taʼlim olgan xizmatkor ayollari bölgani aytilgan. Jumladan, Bidʼa va Tuhfa az-Zomira ismli qöşiqçilar tilga olinadi. Arib ayrim hollarda adabiy-musiqiy majlislarga özi bora olmaganida, şogirdlarini yuborgan. Bu uning ijodiy anʼanalari boşqa, yaʼni keyingi sanʼatkorlar orqali ham davom etganini körsatadi.

Şuningdek, Urayb Turon yerlaridan yetişib çiqqan va bizga hozirgaça manbalar orqali maʼlum bölgan ilk şoira ayol hamdir. Uning arab tilida yozilgan şeʼrlari mingta daftardan iborat bölgan. U şeʼrlaridan bitta “Devon” ham tuzgan. Bu uning şeʼriyat sohasidagi merosi ham salmoqli bölganligini körsatadi. Arib arab şeʼriyatining ğazal va muhabbat lirikasida ham öz örniga ega edi. Uning şeʼrlarida sevgi, hijron, visol, sadoqat, ayriliq va inson qalbining nozik keçinmalari ifodalangan. Arab tarixçilari uning şeʼrlarini ravonligi, hissiyotga boyligi, badiiy tasvirlari va ötkir maʼnolari bilan tavsiflaganlar.

Arib faqat işqiy şeʼrlar emas, balki xalifalarga bağişlangan madhiyalar ham yozgan. Jumladan, xalifa Mustaʼin töğrisidagi şeʼrlari Ibn Asokirning “Tarixu Dimaşq” asarida saqlangan. Ularda xalifaning adolati, saxovati, hukmronligi va xalq farovonligi vasf etilgan.

Arib şeʼriy ijodi bilan birga adabiy suhbatlar, bahslar va ilmiy majlislarda iştirok etgan. U Ibrohim ibn Mudabbir, Said ibn Humayd, Yahyo ibn Iso ibn Manora kabi adabiyot va davlat işlari bilan şuğullangan ziyolilar bilan muloqot qilgan. Aribning merosi öz davrida şarq ayollarining arab adabiyotiga qöşgan hissasini örganişda muhim manba hisoblanadi.

Aribning sanʼatkorlik faoliyatining yana bir muhim jihati uning xattotlik mahoratidir. Abul-Faraj Isfahoniy uni xati çiroyli, sözlaş va fikr bayon qiliş uslubi gözal deb taʼriflaydi. Bu taʼrif Aribning xattotlik va oğzaki nutq sanʼatini yaxşi egallaganini körsatadi. Arib çiroyli yoziş bilan birga maktublar tuziş, şeʼriy murojaatlar yoziş va fikrni badiiy ifoda qilişda ham mahorat körsatgan. Manbalarda uning maktublarida öziga xos maʼno yaşiriş, söz öyinlaridan foydalaniş va qisqa iboralar orqali murakkab fikrni bayon etiş qobiliyati töğrisida maʼlumotlar uçraydi. Afsuski, bugungaça Aribning öz qöli bilan yozganligi aniqlangan xattotlik namunalari yoki dastxat qölyozmalari topilmagan.

Aribning taşqi körinişi ham juda gözal bölgan. Birinçidan, turonlik ayollar öşa paytlarda oqbadanligi, tanasi tiniq va soğlomligi bilan arablarning eʼtirofiga sazovor bölişgan. Şuningdek, Arib öziga oro berişga jiddiy qaragan, buning uçun turli pardoz va zeb-ziynat vositalaridan foydalangan. U, hattoki, oyoğini suv örniga gulob bilan yuvganligi töğrisidagi maʼlumotlar bor.

Örta asr mualliflari Aribning faqat gözalligi va sanʼatini emas, balki zehni va hozirjavobligini ham alohida taʼkidlaydi. Rivoyat qilinişiça, Maʼmun Aribdan xafa bölib, bir neça kun uning huzuriga kelmagan. Keyin Arib kasal bölganidan xabar topib, uni körişga borgan. Xalifa undan ayriliqning taʼmi qanday ekanini söraganda, Arib: Ayriliqning aççiqligi bölmaganida, visolning şirinligi bilinmas edi, deb javob bergan. Maʼmun uning bu javobidan hayratga tuşib, Aribning sözini maşhur mutafakkir Nizzomning hikmatli sözlariga qiyoslagani aytiladi.

Arib saroy sanʼatkori böliş bilan birga, hukmdorlar va davlat amaldorlari bilan bevosita muloqot qiliş imkoniyatiga ham ega bölgan. Manbalarda uning Maʼmun, Mötasim, Vosiq, Mutavakkil va keyingi Abbosiy xalifalari majlislarida qatnaşgani tilga olinadi. Ayniqsa, xalifa Mötasimdan keyingi davrda u saroyga bemalol kira oladigan obröli ayollardan bölgan. Baʼzan xalifalarga maslahat berib turgan. Hattoki Maʼmun bilan birga harbiy yurişlarga ham borgan.

Ayrim rivoyatlarda uning siyosiy voqealarga ham aralaşgani töğrisida xabarlar uçraydi. Jumladan, “Kitob al-ağoniy”ga köra, xalifa Mötasim davrida Arib marhum xalifa Maʼmunning öğli Abbos ibn Maʼmunga maktub yozib, uni hukmdorga qarşi harakat qilişga undagan. Keyinçalik uşbu maktub foş etilgan, ammo Arib qatl etilmagan. Mazkur voqea uning saroy siyosatidan xabardor bölgani va hukmdorlar oilasi bilan yaqin aloqaga ega ekanini körsatuvçi xabarlardan biri hisoblanadi.

Şuningdek, uning uyida maşhur kişilar, olimlar, ziyolilar kelib mehmon bölib turişgan, suhbatlar uyuştirişgan. Masalan, xalifa Maʼmun uçun “Ziji Maʼmuniy” asarini yozgan Yahyo ibn Abu Mansurning öğli, turonlik taniqli astronom va tarixçi Ali ibn Yahyo Aribning uyiga kelib turgan. Arib Barmakiyya ançagina muhtoj ayollarga yordam bergan. Jumladan, Bağdodda qul bölib keyinçalik ozod qilingan Bidʼat, Farida ismli ayollar uning uyidan panoh topişgan.

Arib isteʼdodining yana bir qirrasi – şaxmat borasidagi mahoratidir. 9-asrda Abbosiylar saroyida şatranj öyini keng tarqalgan bölib, xalifalar, amaldorlar va ziyolilar orasida aqliy maşğulot sifatida qadrlangan. Öşa paytda oddiy qullardan tortib xalifalargaça bu öyinni maroq bilan öynaşgan, jamiyatda şaxmatni biluvçi va yaxşi öyinçilarning obrösi baland bölgan. Hattoki qul çöri şaxmatni yaxşi öynasa, uning narxi qimmatroq bölgan. Masalan, Bağdodda gözal, oqbadan, şeʼr va qöşiqni çiroyli aytadigan va şaxmatni yaxşi biladigan çörining narxi 2000 dinorga yetgan.

Arib ham şatranj öynaşda şuhrat qozongan. Uning şahmatdagi mahoratiga öz vaqtida xalifa Maʼmun ham qoyil qolgan. Bu borada eng muhim maʼlumot Abu-l-Faraj Isfahoniyning “Kitob al-ağoniy” asarida saqlangan. Unda Hammod ibn Isʼhoqdan naql qilinişiça, uning otasi Isʼhoq Mavsiliy Uraybdan köra aqlliroq, mahoratliroq, yuzi çiroyliroq, ruhi yengilroq, nutqi ravon, tezroq javob beradigan, şahmatni yaxşi öynaydigan ayolni körmaganligini aytgan. Hammod bu fikrlarni xalifalikning maşhur qozisi Yahyo ibn Aksamga aytganida, u ham Isʼhoq Mavsiliyning bahosini tasdiqlagan.

Bu yerda yana bir jihatga eʼtibor beriş kerak: Aribning şaxmat öynagani tarixiy manbada aniq tilga olingan, ammo uning qaysi maşhur şaxmatçilar bilan öynagani, muayyan musobaqalarda qatnaşgani yoki şaxmatga oid asar yozgani töğrisida hozirça işonçli maʼlumot aniqlanmagan. Biroq öşa paytlarda xalifalik saroyida şaxmat böyiça musobaqalar ötkazib turilgan va bularda Arib ham qatnaşib mahoratini namoyiş etgan bölişi tabiiy. Şuning uçun uni 9-asrning maşhur ayol şaxmatçilari qatoriga kiritiş mumkin. Bu xabar örta asrlarda Abbosiylar madaniy muhitida ayollar ham şaxmatni yaxşi egallaganini körsatuvçi qimmatli tarixiy maʼlumotdir.

Arib Barmakiyya milodiy yillar hisobida taxminan 94 yoş atrofida umr körib, 891-yilda Bağdod yaqinida turkiylar uçun maxsus qurilgan şahar Surramanraoda vafot etgan. Arib hayotining oxirgi yillarida ham adabiy muhit bilan aloqasini saqlagan.

Arib Barmakiyyaning hayoti va faoliyati Abbosiylar davri madaniy tarixining bir neça muhim jihatini yoritadi. Birinçidan, uning faoliyati IX asrda ayollarning şeʼriyat, musiqa, tilşunoslik va xattotlik kabi sohalarda yuqori darajada bilim va mahoratga ega bölganini körsatadi. Ikkinçidan, Aribning şaxmatçilik mahorati Şarqda ayollar şaxmat tarixi uçun alohida ahamiyatga ega. Uning şaxmat öynagani haqidagi maʼlumot 9-asr saroy madaniyatida xotin-qizlar ham aqliy öyinlarda faol iştirok etganini körsatadi. Uçinçidan, Aribning Barmakiylar nasliga mansubligi Bağdod madaniy muhiti bilan Balxdan çiqqan ziyoli oilalar örtasidagi tarixiy aloqalarni örganiş uçun qiziqarli masaladir.

Islom BÖRIYEV,

ÖzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Şarqşunoslik

qölyozmalar instituti kiçik ilmiy xodimi

Arib Barmakiyyaning otasi Jaʼfar Barmakiy haqida Oyina.uz portalida yoritilgan maqolani bu yerda öqişingiz mumkin.

Foydalanilgan manba va adabiyotlar:

1. Abul-Faraj Isfahoniy. Kitob al-agʻoniy. 21-jild. – Bayrut, 2008.

2. Abul-Faraj Isfahoniy. Al-imo ash-shavoir (“Shoira joriyalar”). Tahqiq: Jalil al-Atiyya. – Bayrut: Dor an-Nizol, 1983.

3. Tojuddin Abu Tolib Ali ibn Anjab ibn Soiy. Niso al-xulafo. – Qohira, 1968.

4. Ibn Asokir. Tarixu madinati Dimashq. 69-jild. – Bayrut, 1995.

5. Ibn al-Moʻtaz. Tabaqot ash-shuaro al-muhdasin. Tahqiq: Abdusattor Ahmad Farroj. – Qohira: Dor al-Maʼorif, 1968.

6. Ahmad ibn Abdulvahhob Nuvayriy. Nihoyat al-arab fi funun al-adab. 5-jild. – Qohira, 1925.

7. Ibn Kasir. Al-Bidoya va-n-nihoya. 11-jild. – Bayrut: Dor al-Fikr, 1986.

8. Ibn an-Nadim. Al-Fihrist. – Qohira, 1348 hijriy.

9. Jaloliddin Suyutiy. Tarix al-xulafo. – Toshkent, 2020.

10. Abu Bakr Muhammad ibn Jaʼfar Narshaxiy. Buxoro tarixi. – Toshkent, 2022.

11. Nizomulmulk. Siyosatnoma. – Toshkent, 2023.

12. Abu Abdulloh Ahmad ibn Muhammad ibn Isʼhoq Hamadoniy. Kitob al-buldon. – Bayrut, 1996.

13. Abul-Hasan Ali Masʼudiy. At-Tanbih val-ishrof. – Qohira, 1938.

14. Qosim Hasan Oli Shomon Somroiy. Naqobat al-ashrof fi al-mashriq al-islomiy hatta nihoyati fitrati hukm al-usrat al-jaloiriya. – Bayrut, 2013.

15. Qosim Hasan Oli Shomon Somroiy. Ithof al-uquli fi axbori Oli bayt ar-rasul. – Bayrut, 2013.

16. Komil Salmon Juburiy. Moʻjam al-udabo min al-asr al-johiliy hatta sanati 2002 milodiy.  4-jild. – Bayrut, 2003.

17. Ibn Wadih al-Yaʼqubi. The Works of Ibn Wāḍiḥ al-Yaʿqūbī: An Edition and Translation. Volume 3: The History (Taʼrikh): The Rise of Islam to the Reign of al-Muʼtamid. – Leiden-Boston, 2018.

18. Al-Ṭabarī. The History of al-Ṭabarī.  Vol. 30. Clifford Edmund Bosworth translation. – Albany, 1989.

19. Xayriddin Zirikliy. Al-Aʼlom. 4-jild. – Bayrut: Dor al-Ilm li-l-Maloyin, 2002.

20. Murat Bıyıklı. “Cariyelikten Şöhrete Giden Yolda Arîb El-Meʼmûniyyeʼnin Hayatına Panaromik Bir Bakış.” Tokat İlmiyat Dergisi. – 2022. – Vol. 10, No. 1. – P. 119–144. DOI: https://doi.org/10.51450/ilmiyat.1058825.

21. Muḥammad Aḥmad Barāniq. Arib: al-mugʻanniyay al-Maʼmuniyya. – Qohira: Maktabat Miṣr, 1986.

22. Ihsan Abbas. Barmakids. Encyclopaedia Iranica. Vol. III, Fasc. 8. – 1988. https://www.iranicaonline.org/articles/barmakids/

23. Chase Robinson. ʻArib al-Maʼmuniyya: the enslaved medieval woman who sang her way to wealth. BBC World Histories / HistoryExtra. – 14 September 2021.

24. Al-Mavsuʼa al-arabiyya. Arib al-mugʻanniyya. 13-jild. – Damashq, 2005.