XIII–XV asrlar Markaziy Osiyo, xususan Movarounnahr iqtisodiy va madaniy hayotida tub burilish davri boʻldi. Chingizxon istilosidan keyingi qisqa turgʻunlik, Chigʻatoy ulusidagi ichki islohotlar va eng muhimi, XIV asr ikkinchi yarmi – XV asrda Amir Temur hamda Temuriylar saltanatining barpo etilishi xalqaro savdo aloqalarining misli koʻrilmagan darajada yuksalishiga – Buyuk Ipak yoʻlining haqiqiy “oltin davri”ga zamin yaratdi.
Samarqand va Buxoro shaharlari Gʻarbiy Yevropa, Yaqin Sharq, Hindiston, Xitoy hamda Sibir dashtlarini oʻzaro bogʻlovchi yirik xalqaro iqtisodiy markazga aylandi. Bu shaharlar orqali nafaqat anʼanaviy mahsulotlar, oʻz davri uchun nodir, qimmatbaho va oʻziga xos “noanʼanaviy” tovarlar oqimi ham oʻtdi.
“Pax Mongolica” (“Moʻgʻul tinchligi”)
XIII asr boshlaridagi moʻgʻullar istilosi anʼanaviy shaharsozlik va bozor tuzilishiga jiddiy zarar yetkazgan boʻlsa-da, asrning ikkinchi yarmida yagona imperiya hududida “Pax Mongolica” (“Moʻgʻul tinchligi”) geosiyosiy tartibining oʻrnatilishi xalqaro savdoning yangicha shaklda tiklanishiga imkon berdi. Tinchlik va markazlashgan boshqaruv Tinch okeanidan Qora dengizgacha boʻlgan ulkan hududda karvon yoʻllari xavfsizligini kafolatladi.
Chigʻatoy ulusi tarkibiga kirgan Movarounnahr bu tizimning markaziy boʻgʻiniga aylandi. 1269-yilgi Talas qurultoyidan soʻng oʻtroq hayot va hunarmandchilikni tiklashga qaratilgan eʼtibor bozorlar faoliyatini yanada jonlantirdi.
Amir Temur va uning vorislari davri
1370-yilda hokimiyatga kelgan Amir Temur va uning vorislari davrida Buyuk Ipak yoʻlining Movarounnahr qismi oʻzining haqiqiy choʻqqisiga chiqdi. Sohibqiron shimoliy (Oltin Oʻrda) va janubiy yoʻnalishlarni yagona markaz – Samarqandga yoʻnaltirish siyosatini amalga oshirdi.
Temuriylar davlatida karvon yoʻllari xavfsizligi eng oliy darajadagi davlat vazifasiga aylantirilib, maxsus soqchilar xizmati yoʻlga qoʻyildi. Qonun-qoidalarga koʻra, agar saltanat hududida biror xorijiy savdogar talansa yoki uning tovariga zarar yetkazilsa, oʻsha hududning hokimi yoki dorugʻasi zararni oʻz hisobidan toʻliq qoplashi hamda jinoyatchilarni qattiq jazolashi shart edi. Bu qatʼiy maʼmuriy tizim Movarounnahr yoʻllarini Gʻarb va Sharq savdogarlari uchun eng xavfsiz va jozibador yoʻlakka aylantirdi.
Ibn Battutaning “Sayohatnoma”si va Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida Kebekxon davri bilan bogʻliq adolat va qonun ustuvorligini koʻrsatuvchi tarixiy voqealar bayon etilgan. Jumladan, “Zafarnoma”da xonning choʻlda tasodifan topilgan inson suyaklari asosida uch yil oldin oʻldirilgan xurosonlik savdo karvoni qotillarini fosh etgani, talon-taroj qilingan boyliklarni yigʻdirib, marhumlarning Xurosondan chaqirtirilgan vorislariga toʻliq qaytarib berishni buyurgani adolatparvarlikning yorqin namunasi sifatida keltiriladi.
Temuriylar davrida Samarqand dunyo boyliklari va noyob tovarlar jamlanadigan xalqaro megapolisga aylandi. Ispaniya elchisi Ruy Gonsales de Klavixoning yozishicha, bu yerda Xitoy, Hindiston, Tatariston va Gʻarbiy oʻlkalardan kelgan mahsulotlar oqimi yigʻilgan. Amir Temur buyrugʻi bilan usti yopiq rastalar tizimi barpo etilib, shahar markazidagi Chorsu va Tim inshootlari kecha-yu kunduz ishlaydigan xalqaro birja vazifasini oʻtagan. Buxoro esa mintaqaning eng yirik ulgurji tovar almashuv va moliya markazi maqomini saqlab qolgan.
Logistika va karvonsaroylar tarmogʻi
Samarqand va Buxoro atrofida hamda ular orasidagi “Shoh yoʻli” boʻylab “Malik raboti” va “Sangdor” kabi yirik karvonsaroylar barpo etiladi. Mudofaa tizimi, bojxona omborlari, sarrofxonalar, “Yom tizimi” va shifoxonalarga ega boʻlgan bu markazlar chet ellik savdogarlarga tovarlarini oylab saqlash va ulgurji savdo qilish imkonini bergan.
Toʻqimachilik va mato ishlab chiqarish
Samarqandga Amir Temur tomonidan Suriya, Eron va Hindistondan keltirilgan mohir ustalar jamlanib, kimxob, atlas, shoyi va baxmal ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
Klavixoning guvohlik berishicha, saroylardagi tilla va kumush ipli naqshin matolar Yevropadagi eng dabdabali qirollik liboslaridan ham ustun turgan.
Buxoroda tayyorlangan mustahkam paxta va boʻz matolar koʻchmanchi dasht xalqlari (Oltin Oʻrda, Moʻgʻuliston) orasida eng xaridorgir import tovarlar boʻlgan.
Samarqand ipak qogʻozi
Konigil hududidagi tegirmonlarda tut daraxti poʻstlogʻidan tayyorlangan Samarqand ipak qogʻozi oʻzining silliqligi, namlikka chidamliligi va bardoshliligi bilan butun islom dunyosi va Yevropada yuksak qadrlangan. “Sultoniy”, “Ipakiy” va “Nimkanop” kabi navlari boʻlib, shohona farmonlar va qoʻlyozmalar aynan shu qogʻozga bitilgan.
Shisha va metall buyumlar
Amir Temurning Damashq va Halabdan olib kelgan mutaxassislari tufayli Samarqandda nafis shisha idishlar, qadahlar va bezak buyumlari yasalgan. Fargʻona va Kesh poʻlatidan tayyorlangan qurol-aslahalar hamda Termiz va Samarqand misgarlarining oltin suvi yuritilgan bronza idishlari Yaqin Sharq va Yevropada katta qiziqish uygʻotgan.
Ziravorlar, dori-darmon va qimmatbaho toshlar
Hindiston va Janubiy Osiyodan karvonlar orqali kelgan murch, dolchin, zanjabil, zaʼfaron va muskat yongʻogʻi muhim ahamiyatga ega boʻlgan. Ziravorlar nafaqat oziq-ovqat, balki goʻshtni saqlash va dori-darmon tayyorlashda ishlatilgani sababli ularning narxi oltin bilan tenglashtirilgan. Shuningdek, “Bozori attoron”da shifobaxsh giyohlar, mushki anbar va kamfora kabi xushboʻy moddalar savdosi yoʻlga qoʻyilgan.
Qimmatbaho toshlar savdosi
Temuriylar davri elitasi va xorijiy savdogarlar uchun qimmatbaho toshlar savdosi eng nufuzli soha hisoblangan. Badaxshondan keltiriladigan laʼl, Eron hamda togʻli hududlardan olinadigan feruza, shuningdek, Hindistondan import qilingan zumrad va yoqutlar Samarqand zargarlik rastalarining koʻrki boʻlgan. Amir Temur va Mirzo Ulugʻbek saroyidagi shohona tojlar, taqinchoqlar, xanjar dastalari va oltin idishlar aynan shu toshlar bilan bezatilib, ularning xalqaro savdodagi aylanmasi davlat xazinasiga ulkan boj daromadlarini keltirgan.
Kamyob va zotdor hayvonlar savdosi
XIII–XV asrlarda Movarounnahr bozorlari va saroylarida yovvoyi hamda zotdor hayvonlar savdosi davlatning siyosiy nufuzi va diplomatik aloqalari ramzi boʻlgan. Harbiy-strategik ahamiyatga ega Turfon otlari va dasht zotdor tulporlari Samarqand hamda Buxoroning “bozori aspan” bozorlarida oltin yoki ipak matolarga ayirboshlangan. Xitoy manbalariga koʻra, Amir Temur va Shohruh Mirzo Xitoy imperatoriga yuborgan elchilik karvonlari tarkibida oq otlar bilan birga Yevropa va Yaqin Sharqdan keltirilgan sherlar, leopardlar va ovchi gepardlar boʻlgan. Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyodan keltirilgan fillar Ruy Gonsales de Klavixo esdaliklarida qayd etilganidek, Samarqand atrofida saqlanib, yirik qurilish ishlarida ogʻir yuklarni tashishda foydalanilgan.
Xitoy chinnisi va nefrit (yashma) buyumlari
Moviy va oq rangli naqshlar bilan bezatilgan Ming sulolasi davri chinnilari Samarqand elitasining eng qimmatbaho buyumi boʻlib, xon saroyidagi dabdabali ziyofatlarda barcha taomlar va sharbatlar shu idishlarda tortilgan. Xitoy va Xotandan keltiriladigan nefrit (yashma) toshi zahar asoratini qaytarish va omad keltirishiga ishonilgan. Jumladan, Mirzo Ulugʻbek Moʻgʻulistondan qoʻlga kiritib, bobosi Amir Temurning qabriga qoʻygan quyma nefrit toshi Osiyodagi eng nodir va qimmatbaho ashyolardan biri boʻlgan.
Maʼrifiy tovarlar va qoʻlyozmalar bozori
Buyuk Ipak yoʻlining “oltin davri”da savdo faqat moddiy boyliklar bilan cheklanib qolmagan. Amir Temurning Bagʻdod, Damashq, Sheroz va Dehliga qilgan yurishlari natijasida minglab tarixiy, tibbiy va falsafiy qoʻlyozmalar Samarqandga olib kelinib, oʻrta asrlar “kitob bozorlari”ning shakllanishiga turtki bergan. Mirzo Ulugʻbek davrida madrasalar va rasadxona uchun uzoq oʻlkalardan usturlob, kvadrantlar, xaritalar va matematik risolalar keltirilgan. Gretsiya, Misr va Hindiston olimlarining asarlari Samarqand ipak qogʻoziga koʻchirilib, butun islom dunyosi va Yevropaga tarqatilgan. Shu tariqa Movarounnahr oʻz davrining xalqaro maʼrifiy va madaniy markazga aylangan.
Valyuta va pul tizimining islohoti
XIII–XV asrlarda Movarounnahr orqali oʻtgan yirik hajmdagi savdo yoʻli iqtisodiy barqarorlikni taʼminlovchi valyuta tizimini talab etdi. Provardida XIV asr boshlarida Chigʻatoy xoni Kebekxon butun ulus hududida yagona vaznga ega kumush dinor va dirhamlarni muomalaga kiritib, bozorlarda narxlarning barqarorlashuviga va savdogarlarning ishonchiga zamin yaratdi.
XIV asr oxiri va XV asrda Amir Temur hamda Temuriylar davrida kumush tangalar (vazni taxminan 4,6–4,8 gramm) Yaqin Sharq, Oltin Oʻrda, Hindiston va Xitoy bilan chegaradosh hududlarda xalqaro valyuta vazifasini bajardi. Mirzo Ulugʻbek davrida esa mis pullar – falslar muomalasi tartibga solinib, chakana savdo rivojlantirildi.
Bojxona va soliq siyosati
Savdoning asosiy qismi savdo soligʻi – tamgʻa orqali tartibga solinib, timlar va maxsus rastalarda muhtasiblar tomonidan nazorat qilingan.
Shahar darvozalari va chegara punktlarida tovar turiga qarab boj undirilgan. Hukmdorlar uchun moʻljallangan noyob hayvonlar, nefrit toshlari va Xitoy chinnilari koʻpincha diplomatik imtiyozlar asosida bojdan ozod qilingan yoki davlat tomonidan ulgurji narxda sotib olingan.
Iqtisodiy faollikni pasaytirmaslik uchun Mirzo Ulugʻbek kabi hukmdorlar Xitoy bilan savdoni jonlantirish maqsadida tamgʻa soligʻini vaqtincha kamaytirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida maxsus farmonlar chiqaradi.
Shu tariqa XIII–XV asrlarda Movarounnahr Buyuk Ipak yoʻlining eng yorqin “oltin davri”ni boshdan kechirdi. Xitoy chinnisi, nefrit, hind ziravorlari va ekzotik hayvonlar bilan bir qatorda Samarqand ipak qogʻozi, kimxob matolari va poʻlat qurollar jahon bozoriga chiqarildi. Karvon yoʻllari xavfsizligi, mukammal logistika, ishonchli valyuta va adolatli soliq tizimi Movarounnahrni Yevroosiyoning erkin iqtisodiy markaziga aylantirdi.
Shahlo MAXAMOVA,
Iqtisodiyot va pedagogika universiteti oʻqituvchisi