Samarqand ilgaridan dunyoning goʻzal shaharlaridan edi. Men uni yana ham goʻzallashtirdim va dunyoning obod shaharlaridan qildim.
Amir TEMUR
Buyuk shaharlar ham xuddi buyuk insonlar kabi tugʻiladi, ulgʻayadi, sinovlardan oʻtadi. Vaqt oʻtishi bilan oʻzini bino qilgan millatning chegarasidan chiqib, butun bashariyatning maʼnaviy boyligiga aylanadi. Bunday shaharlar Yer yuzida sanoqli boʻlgani uchun ularning har biri haqida aytiladigan soʻz taroziga solinib, adolat mezoni bilan oʻlchanishi lozim. Samarqand ayni shunday shaharlar sirasiga kiradi.
Zero, u qariyb uch ming yil davomida oʻz bagʻrida turli xalqlarni, dinlarni tillar va ilm maktablarini jamlab, ularni yagona tamaddun oʻzaniga birlashtirgan va bugun insoniyat tafakkurining tajalliysi sifatida jahonning madaniy merosidan munosib oʻrin olgan.
Samarqandning ilk qoʻrgʻoni boʻlgan Afrosiyob shaharchasining eng quyi madaniy qatlamlari miloddan avvalgi VIII-VII asrlarga oid ekani arxeologik tadqiqotlar natijasida aniqlangan.
2007-yilda shaharning 2750 yilligi UNESKO ishtirokida xalqaro miqyosda nishonlangan ekan, bu sanalar Samarqandni Rim, Afina va Bobil kabi qadimiy shaharlar bilan bir qatorga qoʻyadi. Miloddan avvalgi VI-IV asrlarda Soʻgʻd oʻlkasi Ahamoniylar davlatiga qaram boʻlgani, miloddan avvalgi 329-yilda esa shaharni Iskandar Zulqarnayn egallagani va yunon tarixchilari asarlarida u Marakanda nomi bilan tilga olingani maʼlum. Bu qisqa muddatli siyosiy tobeliklar shaharning madaniy qiyofasini belgilab bergan omillar qatoriga kirmasligini tarixchilar bir ovozdan eʼtirof etadilar. Vizantiya tarixchisi Menandr Protektor yozib qoldirganidek, 568-yilda Turk xoqoni Istami Konstantinopolga elchilar yuborib, ipak savdosi boʻyicha imperator Yustin II bilan muzokara olib borgan ekan, bu hodisa Buyuk Ipak yoʻlidagi savdoning eng muhim markazlaridan biri boʻlgan Samarqandda oʻsha davrdayoq xalqaro diplomatiya yuksak darajaga koʻtarilganini isbotlaydi.
VIII asrning oʻrtalarida Xitoydan kelgan qogʻoz ishlab chiqarish sanʼatining Samarqandda rivoj topib, keyin Bagʻdod orqali butun Islom olami va Yevropaga yoyilgani bu shahar moddiy mahsulotlar bilan birga tafakkur vositalarini ham butun insoniyatga ulashgan maskan boʻlganini koʻrsatsa, UNESKO 2001-yilda Samarqandni Jahon merosi roʻyxatiga aynan “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” nomi bilan kiritgani shu tarixiy haqiqatning xalqaro eʼtirofi boʻlib qoldi.
712-yilda Qutayba ibn Muslim boshchiligidagi arab qoʻshini Samarqandni egallaganidan soʻng, shahar islom ilmi va madaniyatining yetakchi markazlaridan biriga aylanib bordi. X asrning oxiridan XIII asr boshlarigacha boʻlgan qariyb ikki yuz yil mobaynida Samarqand turkiy Qoraxoniylar davlatining, keyinroq Gʻarbiy Qoraxoniylar xonligining poytaxti boʻlib turdi va shahar hayotida turkiy sulolaning bunyodkorlik siyosati hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Samarqandning iqtisodiy qudrati oʻsha asrlardayoq qitʼalar osha tanilgan boʻlib, IX-X asrlarda Samarqand va Shosh zarbxonalarida zarb qilingan kumush dirhamlar Buyuk Ipak yoʻli va Volga savdo yoʻli orqali Sharqiy Yevropa va Skandinaviyagacha yetib borgan. Bu Samarqand oʻsha davrda mintaqaviy shahar doirasidan chiqib, Yevroosiyo savdosining moliyaviy markazlaridan biriga aylanganini, uning tanga-pullari esa uzoq shimoliy oʻlkalarda ham ishonchli toʻlov vositasi sifatida qabul qilinganini koʻrsatadi.
Qoraxoniy hukmdor Ibrohim Tamgʻach Bugʻraxonning 1066-yilda Samarqandda madrasa va shifoxona uchun bitgan vaqfnomasi bugungacha saqlanib qolgan boʻlib, bu hujjat turkiy hukmdorning ilm-fan va tibbiyotga homiylik qilish anʼanasini aniq koʻrsatadi, Afrosiyob arki hududida Qoraxoniylar saroyidan topilgan XII asr oxiriga oid devoriy suratlarda turkiy kiyimdagi hukmdor va kamon tutgan jangchilar tasvirlangani esa arxeolog Y.Karev va F.Grene tadqiqotlarida ilmiy jihatdan asoslangan.
XI asrda Mahmud Koshgʻariy oʻzining “Devonu lugʻatit turk” asarida Samarqand nomini turkcha “Semizkent”, yaʼni, katta va obod shahar maʼnosida izohlagan ekan, zamonaviy tilshunoslik bu nomning kelib chiqishini boshqacha talqin qilsa-da, Koshgʻariy izohi turkiy xalqlar bu shaharni oʻz yurti va oʻz tili doirasida anglaganini aks ettiruvchi tarixiy hujjat sifatida qimmatini saqlab qoladi. 1220-yil martida Chingizxon Samarqandni qamal qilganida, shaharni Xorazmshoh Muhammadning asosan turkiy qangʻli qabilalaridan tuzilgan qoʻshini himoya qilgan boʻlsa-da, qamal ogʻir vayronagarchilik bilan yakunlangan edi, biroq moʻgʻul istilosi ham shaharning mintaqadagi markaziy maqomini oʻzgartira olmaganini manbalar aniq koʻrsatib beradi.
Samarqandni jahon tarixidagi eng ulug‘ poytaxtlardan biriga aylantirgan zot Sohibqiron Amir Temur boʻlib, u 1370-yilda oʻz davlatining poytaxti etib ayni shu shaharni tanlagan va uni butun Sharqning siyosiy, ilmiy va madaniy markaziga aylantirish uchun davlatining bor imkoniyatini safarbar qilgan. Bibixonim masjidi 1399–1404-yillarda bunyod etilib, oʻz davrida Movarounnahrdagi eng ulkan jome masjidi boʻlgani, Goʻri Amir maqbarasi 1403-1404-yillarda Sohibqironning sevimli nevarasi Muhammad Sulton xotirasiga qurilib, keyinchalik temuriylar xilxonasiga aylangani, Shohi Zinda majmuasi esa Qusam ibn Abbos ziyoratgohi atrofida XIV-XV asrlarda temuriy malikalar va amirlar uchun qurilgan maqbaralar silsilasidan iborat ekani meʼmorchilik tarixida batafsil oʻrganilgan. Bu inshootlarda Movarounnahr, Xorazm va Xuroson meʼmorchilik anʼanalari uygʻunlashgan boʻlsa-da, ularni bir butun gʻoya asosida tashkil etgan iroda temuriylar davlatiga tegishli ekanini mutaxassislar eʼtirof etadilar, shu bois Samarqand meʼmorchiligi jahon sanʼatshunosligida alohida “temuriylar uslubi” nomi bilan oʻrganiladi.
Mirzo Ulugʻbek 1409-yildan 1449-yilgacha Samarqand hokimi boʻlib turgan qirq yil mobaynida bu shahar dunyo ilm-fanining eng yuksak markazlaridan biri darajasiga koʻtarildi. Zero, Ulugʻbek 1417–1420-yillarda Registonda madrasa qurdirib, unda riyoziyot, hayʼat va falsafa ilmlarini madrasa taʼlimining asosiy qismiga aylantirgan, 1420-yillarning oxirida esa Koʻhak tepaligi etagida oʻz davrining eng yirik rasadxonasini barpo etgan. Samarqand ilmiy maktabining yutuqlari faqat astronomiya bilan cheklanib qolmagan, Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy 1424-yilda Samarqandda yozgan “Ar-Risolat al-muhitiya” asarida u sonini oʻnli kasr koʻrinishida oʻn olti xonagacha aniqlik bilan hisoblagan, bu natija Yevropada faqat bir yarim asr oʻtgachgina takrorlangan, Ulugʻbekning oʻzi esa bir darajali yoyning sinusini juda yuqori aniqlikda hisoblashning yangi usulini ishlab chiqqan.
Temuriylar davrida Samarqand va Hirot turkiy adabiy tilning yetakchi markazlariga aylangani alohida taʼkidlashga arziydi, chunki Mirzo Ulugʻbek saroyida ijod qilgan Sakkokiy oʻz qasidalarini turkiy tilda bitib, Ulugʻbek va Xalil Sulton kabi temuriy hukmdorlarni madh etgan, Mavlono Lutfiy esa turkiy gʻazalning shunday yuksak namunalarini yaratganki, keyinchalik Hazrat Alisher Navoiy uni “Malik ul-kalom” deb ulugʻlagan. Ulugʻbek qalamiga mansub “Toʻrt ulus tarixi” asari turkiy hukmdorlar oʻz tarixini oʻzlari yozib qoldirishni davlat vazifasi deb bilganini koʻrsatsa, Amir Temurning 1391-yilda Toʻxtamishxonga qarshi yurish chogʻida Qarsaqpoy togʻidagi qoyaga turkiy tilda oʻydirgan bitigi Sohibqiron davlatining tili va oʻzligi haqidagi eng ishonchli hujjatlardan biri boʻlib xizmat qiladi.
Temuriylardan keyin ham Samarqandning bunyodkorlik anʼanasi uzilib qolmadi, chunki 1500-1501-yillarda shaharni egallagan Muhammad Shayboniyxon Samarqandni yangi oʻzbek davlatining poytaxtiga aylantiradi, bu maqom XVI asrning oʻrtalarigacha saqlanib qoldi. Ashtarxoniylar hukmronligi davrida esa oʻzbeklarning olchin urugʻidan chiqqan Samarqand hokimi Yalangtoʻsh Bahodir Registonda Sherdor madrasasi (1619–1636) va Tillakori (1646–1660) masjidini qurdirib, bugun butun dunyo Samarqandning ramzi deb biladigan Registon ansamblini yakuniga yetkazdi.
Shaharning shuhratini podshohlar va meʼmorlar bilan birga, bu yerda yetishib chiqqan va nomiga “Samarqandiy” nisbasini qoʻshib oʻtgan allomalar ham butun Islom olamiga yoygan, ular diniy ilmlarning eng yuksak choʻqqilarini zabt etgan edilar. Imom Abu Mansur Moturidiy (vafoti 944) shu shaharda yashab, bugun dunyo musulmonlarining katta qismi ergashadigan Moturidiya kalom maktabiga asos solgan, Abdulloh ad-Dorimiy (vafoti 869) “Sunan” asari bilan hadis ilmida, Abu Lays Samarqandiy (vafoti 983) “Tanbehul gʻofiliyn” asari bilan axloq va fiqhda, Najmiddin Umar Nasafiy (vafoti 1142) “Al-Aqoid an-Nasafiya” asari hamda Samarqand ulamolari haqidagi “Al-Qand” tazkirasi bilan ilm tarixida oʻchmas iz qoldirgan. Alouddin Samarqandiyning “Tuhfatul fuqaho” asari esa Hanafiy fiqhining asosiy manbalaridan biri sifatida bugungacha oʻrganilmoqda.
Dunyoviy ilmlar sohasida ham Samarqand maktabining vakillari yetakchilik qilgan.
XIII asrda tibbiyot boʻyicha “Asbob va alomat” asarini yozgan Najibuddin Samarqandiy, mantiq, geometriya va munozara ilmida asarlari asrlar davomida darslik boʻlib xizmat qilgan Shamsuddin Samarqandiy, XII asrda “Chahor maqola” asari bilan mashhur boʻlgan Nizomiy Aruziy Samarqandiy, XV asrda “Matlaʼi saʼdayn” solnomasini bitgan tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy va 1487-yilda “Tazkiratush shuaro” asarini yaratgan Davlatshoh Samarqandiy kabi olimlarning merosida Samarqandning ilmiy maktabi koʻp tilli va koʻp qirrali boʻlgani yaqqol koʻrinadi.
XX asr boshida Samarqand Turkiston jadidligining eng muhim markazlaridan biriga aylandi. Mahmudxoʻja Behbudiy bu shaharda 1913-yilda “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnalini tashkil etib, 1911-yilda yozilgan “Padarkush” dramasi bilan oʻzbek teatrining poydevorini qoʻygan, oʻz maktablari va nashrlari orqali yangi usul taʼlimi gʻoyasini butun oʻlkaga yoygan edi.
Mustaqillik yillarida Samarqandning xalqaro nufuzini tiklash va yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Shaharning tarixiy qismi 2001-yilda UNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan ekan, bu eʼtirof shaharning muhofazasi uchun masʼuliyatni xalqaro hamjamiyat oldida mustaqil Oʻzbekiston davlati oʻz zimmasiga olganini ham anglatadi.
Yangi Oʻzbekiston davrida bu siyosat yangi bosqichga koʻtarilib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqandda Imom Buxoriy va Imom Moturidiy nomidagi xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari tashkil etildi, Imom Buxoriy majmuasi yangidan bunyod etildi, 2022-yilda esa “Buyuk Ipak yoʻli” xalqaro turizm markazi foydalanishga topshirildi. Davlatimiz rahbari ushbu markazning ochilish marosimida Samarqand milliy davlatchiligimiz va, umuman, jahon sivilizatsiyasi tarixida alohida oʻringa egaligini taʼkidlab, bu shahar tariximizdagi har ikkala Renessansning yuzaga kelishida muhim rol oʻynaganini qayd etar ekan, Samarqandning ham milliy, ham umuminsoniy qadriyati bir jumlada ifodalab berdi.
Shu siyosatning natijasida Samarqand soʻnggi yillarda xalqaro siyosat va madaniyatning eng nufuzli uchrashuvlari boʻladigan shaharga aylandi. 2022-yil sentyabrda bu yerda ShHT davlat rahbarlarining sammiti, 2023-yil oktyabrda BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi, 2024-yil fevralda esa BMTning Koʻchmanchi yovvoyi hayvon turlarini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi konvensiyasi ishtirokchilarining 14-konferensiyasi boʻlib oʻtdi.
2025-yilda Samarqand Islom hamkorlik tashkilotining taʼlim, fan va madaniyat boʻyicha tashkiloti tomonidan Islom dunyosining madaniyat poytaxti deb eʼlon qilinib, shu yilning oktyabr-noyabr oylarida UNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi birinchi marta Parijdan tashqarida, aynan Samarqandda oʻtkazildi. 2026-yil oktyabrda Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining VII kongressi va “Markaziy Osiyo + AQSh” formatidagi vazirlar uchrashuvining ham shu shaharda boʻlib oʻtgani Oʻzbekiston davlatining Samarqandni zamonaviy dunyoning muhim muloqot maydoniga aylantirgani natijasidir.
Bunday uchrashuvlar uzoq yillar davomida asosan Jeneva, Vena, Parij va Nyu-York kabi shaharlarda oʻtkazib kelingani hisobga olinsa, Samarqandning soʻnggi toʻrt yil ichida bir necha yirik xalqaro forumga mezbonlik qilgani bu shahar dunyo siyosati va madaniyatining yetakchi markazlari bilan tenglashib borayotganini koʻrsatadi. Buning uchun shaharda yangi aeroport terminali, xalqaro kongress markazi, zamonaviy mehmonxonalar va transport tizimi barpo etilib, tarixiy yodgorliklar bilan zamonaviy infratuzilma uygʻun rivojlantirilmoqda. Shu tariqa, Samarqand qadimiy merosni munosib asrab-avaylab, ayni paytda, zamonaviy dunyo talablariga javob bera oladigan shahar namunasiga aylanmoqda.
Akrom MALIK,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori
“Jadid” gazetasi, 2026-yil 6-noyabr 45-son.
“Asriy madaniyatlar chorrahasida” maqolasi