Zamonamizning qay bir gazetasiga nazar tashlasangiz, unda teatr va musiqa boʻlimini topasiz; deyarli barcha sonda biror koʻrgazma yoinki kartina tavsifi, yangi chiqqan badiiy kitob, sheʼr, qissa va romanlar haqidagi hisobotlar uchraydi. Falon drama, komediya yoxud operada falonchi aktrisa yoki aktyor qanday rol ijro etgani, qandoq muvaffaqiyatlarga erishgani, yangi asarning mazmun-mundarijasi, yutug‘-u qusurlari batafsil bayon etiladi. Xuddi shunday tafsilot va nozik yondashuv ila biror sanʼatkor qaysidir asarni fortepiano yoki skripkada qay tarzda ijro etgani, asar va talqinda ne afzallig-u nuqsonlar borligi sharhlanadi. Har bir katta shaharda doimo yangi kartinalardan iborat jillaqursa bitta (agar bir nechta boʻlmasa) koʻrgazma ochiladi, munaqqid-u kuzatuvchilar esa asarlarning eʼtirofli va zaif jihatlarini chuqur tahlil qiladi. Xudoning bergan kuni borki, alohida holda va jurnallarda yangi roman-u sheʼrlar eʼlon qilinadi, gazetalar esa mazkur badiiy yaratiqlar xususida mushtariylariga toʻla-toʻkis maʼlumot berishni oʻz burchi deb biladi.

Butun boshli xalqni taʼlimga oshno etish uchun zarur mablagʻning atigi yuzdan birini xalq maorifiga sarflaydigan Rossiyada sanʼatni qoʻllab-quvvatlash uchun akademiya, konservatoriya va teatrlarga millionlab davlat subsidiyalari ajratiladi. Fransiyada sanʼatga sakkiz million yoʻnaltiriladi, Germaniya va Angliyada ham xuddi shunday. Katta shaharlarning barida muzey, akademiya, konservatoriya, drama maktablari, tomosha va konsertlar uchun mahobatli binolar bunyod etiladi. Yuz minglab ishchi – duradgor, tosh teruvchi, boʻyoqchi, pardozchi, tikuvchi, sartarosh, zargar, bronza ustalari butun hayotini sanʼat talablarini qondirish yoʻlida mashaqqatli mehnat bilan oʻtkazadi, harbiy sohani istisno etganda, odam bolasidagi bor kuchni soʻrib oluvchi yana shunday insoniy faoliyat turi bormikan?

Ammo bu faoliyatga nafaqat ulkan mehnat sarflanadi, balki urushda boʻlgani singari inson umri ham safarbar etiladi: yuz minglab odam yoshlik yillaridanoq butun hayotini oyoq likillatishni oʻrganishga bagʻishlaydi (raqqosalar), boshqalar (musiqachilar) klavish yoki torlarni tezkorlik ila chertishni mashq qilsa, uchinchi toifa (musavvirlar) koʻrgan narsasini ranglar jilosida aks ettirish, toʻrtinchisi har qanday iborani istalgan tarzda oʻynatish va har bir soʻzga qofiya topish koʻnikmasi uchun hayotini tikadi.

Beixtiyor shunday oʻy keladi: bu kim uchun qilinmoqda? Aytishlaricha, sanʼat uchun qilinadi va u juda muhim hodisa. Ammo chindan ham bu sanʼatmi va u shu qadar zarur narsamiki, unga shundayin qurbonlik qilish lozim boʻlsa? Ayni savol shunisi bilan ham muhimki, sanʼat uchun millionlab inson mehnati va hayoti safarbar boʻlmoqda, biroq uning oʻzi odamlar ongida tobora qorongʻi va tushunarsiz hodisaga aylanib borayotir.

Har qanday insoniy faoliyatni taʼriflashda uning maʼnosi va ahamiyatini tushunmoq lozim. Buni anglash uchun, avvalo, ushbu faoliyatni faqat biz oladigan zavq bilan emas, balki sabab-u oqibatlariga tayangan holda koʻrib chiqish zarur. Agar biz har qanday faoliyatning maqsadi faqat zavqlanish ekanini tan olsak va uni shu mezon bilan taʼriflasak, tabiiyki, bu tushuncha notoʻgʻri boʻladi. Sanʼatni taʼriflashda aynan shu hol yuz berdi.

Sanʼatning maqsadi va ahamiyatini undan olinajak lazzatda deb bilish bamisoli taomning mohiyatini faqat uni tanovul qilishdan olinadigan lazzatga bogʻlash kabidir (bu esa axloqiy rivojlanishning eng quyi darajasiga xos). Ovqatlanishdan maqsad lazzatlanish deb hisoblaydigan insonlar uning asl maʼnosini tushuna olmaganidek, sanʼatning mohiyatini zavq deb biluvchi odamlar ham bu goʻzal olamning asl haqiqatidan gʻofil qoladi, chunki ular sanʼat deganda hayotning boshqa hodisalari bilan bogʻliq boʻlgan, yolgʻon va oʻziga xos rohatlanishdan iborat faoliyat turini koʻrsatadi. Taomning asl vazifasi tanani oziqlantirish ekanini odamlar lazzat ketidan quvishni toʻxtatgandagina anglab yetganidek, sanʼatda ham shunday qonuniyat amal qiladi. Insoniyat goʻzallik, yaʼni zavqni nafosat olamining bosh mezoni deb bilishdan voz kechsagina, sanʼatning asl mohiyatidan voqif boʻladi.

Tuygʻular xilma-xil boʻlishi mumkin: juda kuchli va oʻta zaif, juda muhim va oʻta ahamiyatsiz, juda yomon va juda yaxshi; bundan qatʼi nazar, modomiki, ular oʻquvchi, tomoshabin, tinglovchiga yuqsa, sanʼat obyektiga aylanadi. Dramada ifodalangan oʻz-oʻzini inkor etish va taqdir yoki Xudoga boʻysunish hissi; romanda tasvirlangan oshiqlarning muhabbat zavqi; tasviriy sanʼatda aks ettirilgan ehtiroslar; musiqiy marsh orqali yetkazilgan joʻshqinlik; raqsdan paydo boʻladigan quvnoqlik; latifa-yu hangoma sabab uygʻonadigan hushchaqchaqlik; osuda tun yoki sokin musiqa bagʻishlaydigan osoyishtalik – bular barchasi sanʼatdir.

Tomoshabin, tinglovchi sanʼatkor boshdan kechirgan tuygʻuni oʻziga yuqtirishi bu – sanʼat.

Inson oʻzi kechirgan tuygʻularni qayta uygʻotishi va uni soʻz bilan ifodalangan harakat, chiziq, rang, tovush, tasvirlar orqali boshqalarga ham yetkazishi sanʼatni tashkil etadi. Sanʼat bu – inson faoliyati boʻlib, bir kishi oʻz his-tuygʻularini maʼlum tashqi belgilar orqali ongli ravishda boshqalarga taqdim etishi va ularning ham bu his-tuygʻularni oʻziga singdirib, boshidan kechirish jarayonidir.

Sanʼat metafiziklar qayd etganidek, qandaydir sirli gʻoya, goʻzallik, Xudoning tajallisi emas; estetik-fiziologlar aytganidek, inson toʻplagan energiyaning ortiqcha qismini chiqaradigan mashgʻulot emas; tashqi belgilar orqali his-tuygʻularning namoyon boʻlishi yoki yoqimli narsalarni ishlab chiqarish, asosiysi, rohat-farogʻat ham emas; balki insonlar oʻrtasidagi hayotiy zarurat boʻlgan muloqot vositasi, odam va bashariyatning saodati uchun harakat qiluvchi, ularni mushtarak his-tuygʻular orqali birlashtiruvchi kuchdir.

Aksar insonlarda yuksak sanʼat asarlarini qadrlash hissi yoʻq deya xulosa qilish mutlaqo oʻrinsiz. Koʻpchilik odamlar doimo biz oliy sanʼat deb hisoblaydigan hodisalarning magʻzini chaqqan, masalan, Injilning badiiy jihatdan sodda hikoyalari, masallari, afsonalari, ertaklari, xalq qoʻshiqlari hamma uchun birdek tushunarli. Xoʻsh, u holda nega koʻpchilik birdaniga sanʼatdagi yuksaklikni anglash qobiliyatidan mahrum boʻldi?

Aytaylik, nutq gʻoyat chiroyli boʻlishi mumkin, biroq tilni bilmaganlar uchun tushunarsizligicha qolaveradi. Xitoy tilida goʻzal nutq irod qilinadi, ammo kamina xitoychani bilmasam, bu jozibali soʻzlardan hech vaqo anglay olmayman. Lekin badiiy asar bu va maʼnaviy faoliyatning boshqa turlaridan farqli oʻlaroq hammaga tushunarli boʻlishi va birdek taʼsir qilishi lozim. Xitoylikning koʻzyoshlari va kulgisi xuddi rus odamining yigʻisi va tabassumi singari meni hayajonga solishi mumkin, shu kabi rangtasvir va musiqa asarlari ham hech qanday tarjimasiz qalbga yetib boradi. Qirgʻiz va yapon qoʻshiqlari, garchi oʻsha millatlarning oʻzidan zaifroq his qilsam-da, ruhimga taʼsir koʻrsatadi. Shuningdek, yapon tasviriy sanʼati, hind meʼmorchiligi va arab ertaklarini ham yaxshi koʻraman va zavqlanaman. Agar yapon qoʻshigʻi yoki xitoy romani kaminani kamroq taʼsirlantirsa, bu – men mazkur asarlarni tushunmaganimdan emas, balki sanʼatning yuksakroq namunalarini bilganim va ularga koʻnikkanim uchundir, aslo u sanʼatlar mendan yuqori boʻlgani uchun emas.

Buyuk sanʼat asarlari barchaga birdek ravshan va tushunarli boʻlgani uchun ham buyukdir. Xitoy tiliga tarjima qilingan Yusuf hikoyasi chinliklarni ham mutaassir qilishi ayni haqiqat. Sakiya-Muni hikoyasi esa bizni chunonam taʼsirlantiradi. Xuddi shunday qudratga ega binolar, suratlar, haykallar va musiqiy asarlar mavjud. Binobarin, sanʼat modomiki hech qanday taʼsir quvvatiga ega emas ekan, bu holni tomoshabin va tinglovchining tushunmayotgani bilan xaspoʻshlash toʻgʻri emas, bundan oʻsha sanʼat asari soxta yoinki mutlaqo sanʼat emas degan xulosaga kelish mumkin.

Sanʼatning maqsadi – mubham va mavhum boʻlgan hodisalarni tushunarli qilishdir. Eʼtibor berganmisiz, inson chinakam badiiy taassurot hissini tuyayotganda, goʻyoki bu tuygʻular avvaldan unga tanishdek tuyuladi, faqat uni qay shaklda ifoda etishni bilmagandek sezadi oʻzini. Eng buyuk, yuksak sanʼat namunalari doim shunday hissiyotlarni taqdim etadi: “Iliada”, “Odisseya”, Yoqub, Isʼhoq, Yusuf va boshqa yahudiy paygʻambarlar qissasi, Zabur va Injil rivoyatlari, Sakiya-Muni hikoyasi hamda veda qasidalari barchaning qalbini birdek rom qiladi. Lekin negadir sanʼatning tushunarsizligi haqida koʻp gapiriladi. Modomiki, sanʼat odamlarning diniy ongidan tugʻiladigan tuygʻular izhori ekan, unda insonning dinga, yaʼni Xudoga boʻlgan munosabatini ifodalovchi tuygʻu qanday qilib tushunarsiz boʻlishi mumkin? Bunday sanʼat hammaga tushunarli boʻlishi lozim va shunday boʻlgan ham, chunki har bir insonning Xudoga intilishi mushtarak. Shu bois ibodatxonalar, diniy tasvirlar va qoʻshiqlar doimo barchaga tushunarli edi. Agar oliy, yuksak tuygʻularni his qilishda qandaydir toʻsqinlik mavjud boʻlsa, “Xushxabar”da aytilganidek, bu bilimsizlikdan emas, aksincha, notoʻgʻri shakllangan yolgʻon taʼlimotlar oqibatidir. Darhaqiqat, sermazmun va yuksak sanʼat asarlari tushunarsiz boʻlishi mumkin, ammo aslo xalqning maʼnan aynimagan, oddiy mehnatkash vakillariga emas (eng sara asarlarning hammasidan shular ogoh), balki bilimdon boʻlsa-da, maʼnan soʻqir, diniy tuygʻulardan mahrum kimsalargagina tushunarsizdir.

Shu tariqa, haqiqiy diniy va ulugʻvor sanʼat faqat maʼnan qashshoqlashgan tor doiradagi odamlargagina tushunarsiz boʻlishi mumkin.

Aslida yuksak saviyali sanʼat asarlarini keng omma mudom tushunib, anglab kelgan. Agar xalq sanʼatni idrok etmayotgan boʻlsa, bu oʻsha asarning hech bir qimmatga ega emasligi yoki umuman sanʼat emasligidandir.

Koʻpincha ezgulik, goʻzallik va haqiqat bir darajaga qoʻyiladi hamda bu uch tushuncha asosiy va metafizik xususiyatga ega deb eʼtirof etiladi. Aslida bunday qarash asossizdir.

Ezgulik hayotimizning abadiy va oliy maqsadidir. Uni qanday tushunmaylik, hayotimiz yaxshilikka, yaʼni Yaratganga intilishdan boshqa narsa emas.

Darhaqiqat, ezgulik – metafizik jihatdan ongimizning asl mohiyatini tashkil qiluvchi asosiy tushuncha boʻlib, u shunchaki aql bilan belgilanmaydi.

Ezgulikni hech kim mukammal taʼriflay olmaydi, biroq u hayotdagi hamma narsaning qimmatini belgilab beruvchi hodisa ekani aniq.

Goʻzallik esa, agar bir soʻz bilan qanoatlanmay, tushungan narsamiz haqida gapiradigan boʻlsak, shunchaki biz yoqtirgan narsadir.

Bu tushuncha nainki ezgulik bilan muvofiq kelmaydi, balki unga qarama-qarshidir; chunki yaxshilik koʻp jihatdan ehtiroslar ustidan gʻalaba qozonishni taqozo qilsa, goʻzallik – barcha ehtiroslarimiz asosidir.

Biz goʻzallikka qanchalik maftun boʻlsak, ezgulikdan shunchalik yiroqlashamiz. Bilaman, goʻzallikning axloqiy va maʼnaviy koʻrinishlari ham bor, deyishlari mumkin, ammo bu shunchaki soʻz oʻyinidir. Zero, ruhiy yoki axloqiy goʻzallik yaxshilikdan boshqa narsani anglatmaydi. Maʼnaviy goʻzallik yoki ezgulikning asosiy qismi nafaqat goʻzallik bilan mos kelmaydi, balki unga ziddir.

Yevropa dunyosiga mansub yuqori tabaqa vakillarining dindan uzoqlashishi oqibatida insoniyat yetib kelgan oliy tuygʻular – diniy ongga asoslangan oliy tuygʻularni yetkazishni maqsad qilgan sanʼat oʻrnini maʼlum bir odamlar jamiyatiga shunchaki zavq bagʻishlovchi boshqa bir faoliyat turi egalladi. Sanʼatning keng maydonidan oʻsha tor yoʻnalish ajralib chiqdi va sanʼat deb atala boshladi.

Oliy tabaqaga xos sanʼatning xalq sanʼatidan ajralib chiqish ibtidosi shunday edi: xoslar sanʼatining bosh mazmunini gʻurur tuygʻusi tashkil etardi. Uygʻonish davrida ham, undan keyin ham yaratilgan sanʼat asarlarida asosan kuchli shaxslar: papalar, qirollar, gersoglar madh etilgan. Ularning shaʼnini ulugʻlash uchun turli qasidalar, madrigallar, kantatalar, madhiyalar yozilgan, portretlari chizilgan va haykallari oʻrnatilgan. Vaqt oʻtib bu sanʼatga shahvoniyat hissi tobora chuqurroq kirib bordi. Bugungi kunga kelib bu illat badavlat tabaqalar uchun yaratilayotgan har qanday (roman va dramalarda ham istisnosiz) sanʼat asarining zaruriy shartiga aylanib qoldi.

Bokachchodan tortib Marsel Prevogacha boʻlgan davrda yaratilgan barcha roman, poema, sheʼrlar, shubhasiz, jinsiy muhabbat tuygʻusini turli koʻrinishlarda ifodalaydi. Zino – hamma romanlarning nafaqat sevimli, balki yagona mavzusidir. Agar spektakl qandaydir bahonai sabab ila old yo orqa tarafidan yalangʻoch ayollarni koʻrsatmasa, spektakl emas. Romanslar, qoʻshiqlar – bular bari turli darajadagi sheʼriyatning shahvoniy ifodasidir.

Fransuz musavvirlarining aksari ayollarning yalangʻoch tanasini turli koʻrinishlarda tasvirlagan. Zamonaviy fransuz adabiyotida yalangʻochlik tasvirlanmagan yoki tasodifan va oʻrinsiz tarzda sevimli nu (fr. “yalangʻochlik”) soʻzi ishlatilmagan biror sahifa yoki sheʼrni topish deyarli mahol. Remi de Gurmon degan yozuvchi bor, asarlari nashr etilgan va isteʼdodli ekani eʼtirof qilingan. Yangi yozuvchilar haqida tasavvurga ega boʻlish uchun men uning “Diomed otlari” degan romanini mutolaa qildim. Asarda bir janobning turli ayollar bilan boʻlgan jinsiy munosabatlari ketma-ket, ijikilab bayon qilingan. Ishonsangiz, butun boshli romanda hirs qoʻzgʻatuvchi tavsiflardan xoli biror sahifa yoʻq. Oʻquvchilar orasida muvaffaqiyat qozongan Per Luisning “Afrodita” asarida hamda men yaqinda tanishgan Gyuismans qalamiga mansub romanda ham xuddi shunday holni kuzatish mumkin. Umuman olganda, barcha fransuz romanlari, ayrim kichik istisnolarni aytmaganda, deyarli bir xil. Bular hammasi shahvatparastlikka chalingan kimsalar asarlaridir. Yevropa va Amerikaning butun badiiy dunyosi ham erotika balosiga mubtalo boʻlgan ijodkorlarga koʻr-koʻrona taqlid qiladi.

Muxtasar aytganda, boy tabaqa hayotining dindan uzoqlashuvi va eksklyuzivligi natijasida ushbu muhit sanʼati mazmunan qashshoqlashib, behuda maishat, hayot iztiroblari va eng achinarlisi, shahvoniy tuygʻularni targʻib qiluvchi vositaga aylanib qolgan.

Yuqori tabaqa vakillarining eʼtiqodsizligi oqibatida bu xalqlar sanʼati mazmunan gʻarib ahvolga keldi. Shu bilan birga, u tobora tor doiragagina xos, haddan tashqari murakkab va tushunarsiz boʻlib qolmoqda.

Fransuz adabiyotida Bodler va Verlenning nega hayratlanarli darajada mashhurligiga hech aqlim yetmaydi. Shene, Myusse, Lamartin va, eng muhimi, Hyugo kabi daholarga ega boʻlgan, yaqindagina parnaslar degan nom bilan maydonga chiqqan Lekont de Lil, Syulli-Pryudom kabi shoirlari bor fransuz halqi qanday qilib shakl jihatidan oʻta xom, mazmunan sayoz va dagʻal yozadigan bu ikki ijodkorga eʼtibor qaratishi va ularni buyuk deb hisoblashi mumkin? Bodler dunyoqarashi qoʻpol xudbinlikni nazariya darajasiga koʻtarish va axloq tushunchasini tuman kabi mavhumlik bilan almashtirishdan iborat; uning tasavvuridagi goʻzallik ideallari mutlaqo sunʼiydir. U tabiiy goʻzallikdan koʻra upa-elik chaplangan ayol yuzini, metall daraxtlar va suvning mineral aksini afzal koʻradi.

Boshqa bir shoir Verlenning dunyoqarashi esa loqaydlik, oʻz axloqiy zaifligini tan olish va bu ojizlikdan najot topish ilinjidagi eʼtiqod – eng dagʻal katolik butparastligidan boshqa narsa emas. Qolaversa, ularning ikkalasi ham soddalik va samimiyatdan butkul bebahra, balki sunʼiylik va yasamalikka toʻla. Shu bois ularning eng muvaffaqiyatsiz asarlarida ham badiiy tasvirdan koʻra koʻproq janob Bodler yoki Verlenning shaxsiy “men”ini koʻrasiz. Taassufki, bu ikki isteʼdodsiz shoir katta adabiy maktab yaratib, ortidan yuzlab izdoshlarni ergashtira oldi.

Ayni hodisaning faqat bitta izohi bor: bu shoirlar faoliyat yuritayotgan jamiyat uchun sanʼat jiddiy va muhim hayotiy zarurat emas, balki shunchaki zavqlanish, vaqtichogʻlik vositasidir. Odamzod tabiati shundayki, zavqlanishning bot-bot takrorlanishi oqibatida har qanday qiziqarli narsa oxir-oqibat siyqasi chiqib, u uchun zerikarli tus oladi. Zerikarli boʻlib qolgan oʻyin-kulgini jonlantirish uchun esa uni qandaydir yoʻl bilan yangilab turish lozim. Masalan, qarta oʻyinlaridan “boston” jonga tekkach, “vist” oʻylab topildi; keyinchalik undan ham zerikib “preferans”ni kashf etishdi; “preferans”dan ham zada boʻlgach, yana yangisini ixtiro qilishdi. Bunda mohiyat saqlanib qolaveradi, faqat shakl oʻzgaradi, xolos. Sanʼatda ham xuddi shunday: uning mazmuni nihoyatda cheklanib qolgan boʻlib, muayyan sinflarga mansub ijodkorlar uchun goʻyo hamma narsa allaqachon aytib boʻlingandek va bundan ortiq yangi gap topish imkonsizdek tuyuladi. Shu bois jamiki ijod ahli sanʼatni yangilamoq uchun ohorli shakllar izlayotir.

Jamiyatimizda soxta sanʼat namunalarining urchishiga asosan uch omil xizmat qilmoqda: 1) ijodkorlar asarlari uchun moʻmay moddiy mukofot mavjudligi;
2) badiiy tanqidchilik; 3) sanʼat maktablari.

Ilgari sanʼat hech qanday toifaga ajratilmagan: faqat diniy ruhdagi sanʼat qadrlanib ragʻbatlantirilar, hech qanday maʼnaviy qimmatga ega boʻlmaganlari esa rad etilar edi. Binobarin, sanʼatga taqlid qilish umuman yoʻq edi. Ammo sanʼat olamida boʻlinish roʻy berdi: badavlat tabaqalar oʻzlariga zavq bagʻishlaydigan narsalarnigina haqiqiy sanʼat oʻlaroq qabul qila boshladi va bunday “ijod mahsullar”i ijtimoiy faoliyatning boshqa jahbalariga nisbatan koʻproq taqdirlandi. Oqibatda koʻpchilik oʻzini darhol shu sohaga urdi va sanʼatni shunchaki kasb-korga aylantirdi.

Sanʼat kasbga aylangani hamono eng muhim va bebaho xususiyati – samimiylikni yoʻqotdi. Aynan shu narsa jamiyatda soxta sanʼatning keng tarqalishiga zamin yaratdi va asosiy shartiga aylandi.

Ikkinchi omil – sanʼatda badiiy tanqidchilikning paydo boʻlishidir. Endilikda sanʼat asarlari keng omma – eng muhimi, oddiy odamlar nuqtayi nazaridan emas, balki oʻzini olim hisoblaydigan, aslida esa qarashlari nosogʻlom va haddan ziyod oʻziga bino qoʻygan kimsalar tomonidan baholana boshladi.

Yaqin doʻstlarimdan biri yarim hazil, yarim chin qabilida tanqidchilarni shunday taʼriflagan edi: tanqidchilar aqlli odamlar haqida valdiraydigan ahmoqlardir. Bu taʼrif qanchalik biryoqlama, qoʻpol tuyulmasin, muayyan darajada haqiqatga yaqin va tanqidchilarning sanʼat asarlarini sharhlash uslubiga eʼtibor qaratsak, adolatli ham.

Koʻpincha, “Tanqidchilar sanʼat asarlarini tushuntirib beradi”, deyiladi. Xoʻsh, nimani tushuntiradi ular?

Agar asar sanʼat namunasi sifatida mukammal boʻlsa, unda axloqiy qadriyatlar yoki axloqsizlik aks etishidan qatʼi nazar, ijodkor qalbidagi tuygʻu kitobxonga ham yuqadi. Agar bu his-tuygʻu boshqalarga yuqsa, ular ham buni boshdan kechiradi, yaʼni har biri oʻzicha his qiladi.

Modomiki, asar insonlarni ana shunday ilhomlantirar ekan, hech qanday soxta talqin-u sharhlarga ehtiyoj qolmaydi. Masalan, rassom asarini sharhlashga hojat yoʻq. Boisi – u oʻzi aytmoqchi boʻlgan fikrni, tuygʻuni soʻz bilan yetkazish imkonini topganida edi, shunday yoʻl tutgan boʻlardi. U oʻz gʻoyasini tasviriy sanʼat tilida ifodalaydi, chunki bu kechinmasini boshqa biror yoʻl bilan ifodalab boʻlmas edi. Kimki sanʼat asarini soʻz bilan talqin qilmoqchi boʻlsa, demak, unda sanʼatdan taʼsirlanish qobiliyati yoʻq. Darhaqiqat, shunday: qanchalik erish tuyulmasin, munaqqidlar koʻpincha sanʼatning taʼsirini boshqalarga nisbatan kam his qiladigan kishilar boʻladi. Ular odatda qalami oʻtkir, bilimli va aqlli insonlar boʻlishi rost, biroq taassufki, bu mardumning sanʼatdan olajak ruhiy zavqi butunlay aynigan yoinki butunlay soʻnib bitgan.

Masalan, qadimda fojia yozgan tragik shoirlar buyuk deb hisoblangan – tanqidchilik ham ularni shunday deb tan olgan. Dante Aligerini buyuk shoir, Rafael Santini buyuk musavvir, Iohann Sebastyan Baxni buyuk bastakor deb sharaflab kelgan. Biroq asl sanʼatni soxtasidan ajratish uchun aniq bir mezonga ega boʻlmagan munaqqidlar bu ijodkorlarni nafaqat buyuk deb biladi, balki ular yaratgan barcha asarlarni istisnosiz durdona va taqlid qilishga arziydigan hodisa deb hisoblaydi. Aslida esa sanʼatning tanazzulga yuz tutishiga tanqidchilik oʻrnatgan mana shu “avtoritetlar”chalik halokatli taʼsir koʻrsatgan va koʻrsatayotgan boshqa omil yoʻq. Aytaylik, yosh ijodkor biror badiiy asar yaratdi. Har qanday sanʼatkor kabi u asarida boshidan kechirgan his-tuygʻularni oʻziga xos tarzda ifodalaydi. Koʻpchilik odamga bu hissiyotlar yuqadi va alaloqibat asar omma orasida mashhur boʻla boshlaydi. Shunda janob tanqidchi bu ijodkor haqida fikr yuritib, taxminan quyidagicha hukm chiqaradi: asari chakki emas, lekin baribir u Dante Aligeri, Uilyam Shekspir yoinki Iohann Volfgang Gyote emas-da! Yoki Lyudvig van Bethoven ijodining soʻngi davrida yaratgan asarlariga yaqin kelolmaydi, Rafael Santi dahosi oldida sariq chaqaga arzimaydi! Pirovardida, bu kabi mulohazalarni eshitgan yosh ijodkor oʻziga namuna qilib koʻrsatilganlarga tavakkal taqlid qila boshlaydi va nainki zaif, balki mutlaqo soxta va qalbaki asarlar yaratishga oʻtadi.

Oʻzimizning Pushkin kichik sheʼrlar, “Yevgeniy Onegin” romani va “Loʻlilar” poemasi, shuningdek, bir qancha qissalar yaratdi – bularning bari turli darajadagi asarlar boʻlsa-da, hammasini chinakam sanʼat namunasi deb baholash mumkin. Lekin Pushkin beoʻxshov tanqid taʼsirida, Uilyam Shekspirni haddan ziyod ulugʻlovchi qarashga ergashib, “Boris Godunov” fojiasini yozdi – bu qalb amri bilan emas, aqlga tayanib yaratilgan sovuq, jonsiz asardir. Tanqidchilar esa aynan shu asarni koʻkka koʻtarib, boshqalarga namuna qilib koʻrsatadi. Natijada taqlidga taqlid paydo boʻladi. Aleksandr Ostrovskiyning “Minin” dramasi hamda Aleksey Tolstoyning “Shoh Boris” fojiasi fikrimizga yaqqol dalildir.

Tanqidning zararli taʼsiriga eng yaxshi misol sifatida Lyudvig van Bethoven ijodiga boʻlgan munosabatni keltirish mumkin. Uning koʻp sonli, koʻpincha buyurtma asosida va shoshilib yozilgan asarlari orasida, shaklan sunʼiy boʻlishiga qaramay haqiqiy badiiy qimmatga ega durdonalar ham bor. Ammo u kar boʻlib musiqani eshitolmay qolgach, butunlay xayolan toʻqilgan, chala ishlangan, shu bois maʼnosiz va musiqa nuqtayi nazaridan tushunarsiz asarlar yoza boshlaydi. Har qanday kompozitor oʻz asarini eshitishi kerak, shundagina unga puxta ishlov berish imkoniga ega boʻladi. Bethoven esa eshitmasdi, demak, asarlarini ham toʻliq sayqallay olmagan. Shu sababli u badiiy jihatdan bir turdagi, goʻyoki “badiiy alahsirash”ni eslatuvchi asarlar yaratgan. Tanqidchilar esa uni buyuk kompozitor deya eʼtirof etganidan soʻng, aynan shu nuqsonli asarlariga yopishib oladi va ulardan allaqanday gʻayrioddiy, yashirin goʻzalliklar izlashga tushadi. Oqibatda, kar boʻlib qolgan bastakorning ana shu gʻalati va nuqsonli “badiiy izlanishlar”iga koʻr-koʻrona taqlid qiluvchi sanoqsiz taqlidchilar jamoasi shakllandi.

Tanqidchilik ana shunday salbiy oqibatlarga olib keldi. Ammo sanʼatning tanazzuliga bois uchinchi omil – maxsus sanʼat maktablarining tashkil etilishi boʻlib, u ehtimol avvalgilaridan-da zararliroqdir. Sanʼat butun xalqqa emas, faqat badavlat tabaqa manfaatlariga xizmat qila boshlagach, u shunchaki kasbga aylandi. Oqibatda bu kasbni oʻrgatuvchi muayyan qolip va uslublar shakllandi. Sanʼatni tirikchilik manbayi qilib tanlagan kimsalar ana shu tayyor usullarni oʻzlashtirishga kirishdi. Pirovardida, professional taʼlim oʻchoqlari: gimnaziyalarda ritorika yoki adabiyot sinflari, tasviriy sanʼat akademiyalari, musiqa konservatoriyalari hamda teatr bilim yurtlari paydo boʻldi.

Bu oʻquv yurtlarida sanʼat sirlari oʻrgatiladi. Vaholanki, haqiqiy sanʼat – ijodkorning shaxsan boshidan kechirgan betakror his-tuygʻularini boshqa insonlar qalbiga yetkaza olishidir. Hech aqlga sigʻmaydi: qanday qilib buni maktablarda oʻrgatish mumkin?

Hech qaysi maktab insonda his-tuygʻu uygʻota olmaydi. Faqat sanʼatning mohiyati, yaʼni oʻsha tuygʻularni har bir insonga xos, oʻzigagina tegishli usulda ifodalashni ozroq oʻrgatishi mumkin.

Maktab oʻrgata oladigan yagona jihat – boshqa ijodkorlarning ifoda usullarini koʻrsatib berishdir. Sanʼat maktablarida ayni shu narsadan saboq beriladi. Biroq bunday taʼlim haqiqiy sanʼatning rivojlanishiga xizmat qilmaydi. Aksincha, sanʼatning soxta nusxalarini urchitib, odamlarni goʻzallikni chin dildan his etish qobiliyatidan mosuvo qiladi.

Soʻz sanʼati shunday oʻqitiladiki, tolibi ilm oʻzi mutlaqo reja qilmagan yoki hech qachon oʻylab koʻrmagan mavzularda ham koʻp sahifali insholar yoza olishi lozim boʻladi. Boz ustiga, bu insholar mashhurlik toʻni kiygizilgan mualliflar asarlariga oʻxshash boʻlishi talab etiladi. Gimnaziyalarning taʼlim uslubi shunday.

Tasviriy sanʼatda ham asosan asl nusxalar yoki tabiatdan koʻchirib chizish oʻrgatiladi. Ayniqsa, yalangʻoch tana tasvirini olaylik: aslida bu sirli hodisa boʻlib, chinakam ijodkor uchun uni shunchaki koʻchirish kifoya qilmaydi. Rasm chizishda oʻquvchilardan oʻtmish musavvirlari uslubini aynan takrorlash, kartina yaratishda esa faqat dongdor rassomlar ishlagan mavzularga oʻxshash mavzularni tanlash talab etiladi. Bunday yondashuv drama maktablariga ham xos: u yerda talabalar monologlarni atoqli tragik aktyorlar singari ijro etishi shart. Musiqa nazariyasining butun mohiyati tan olingan bastakorlar uslubini anglashga emas, balki ularni koʻr-koʻrona takrorlashga qaratilgan. Shu bois badiiy maktablar sanʼatga ikki karra zarar keltiradi: birinchidan, u yerda yetti-sakkiz yil tahsil olish “baxtiga erishganlar” chin isteʼdodidan mahrum boʻladi; ikkinchidan, bu tizim butun dunyoni kundan-kun urchiyotgan soxta sanʼat namunalari bilan toʻldirishga xizmat qiladi.  

Lev TOLSTOY

Shohrux Abdurasulov tarjimasi.

“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 3-son.

“Nafosat olamiga keskin nazar” tarjimasi