Bugungi kunda inson yaqinidan ayrilganda qaygʻusini yigʻi, sukut, xotiralar yoki vidolashuv koʻrinishida ifodalaydi. Qadimgi jamiyatlarda esa motam odatlari mutlaqo oʻzgacha boʻlgan: odamlar yuzlarini tilgan, sochlarini qirqqan, quloqlari va tanasining boshqa qismlariga shikast yetkazgan.
Bunday urf-odatlar Yevrosiyo dashtlarida yashagan qadimgi koʻchmanchi xalqlarning dafn marosimlariga oid yozma manbalarda uchraydi. Xususan, yunon tarixchisi Gerodot skiflar, Xitoy sulolaviy yilnomalari qadimgi turklar, Vizantiya tarixchisi Menandr Protektor esa VI asrdagi turkiy hukmdorlar dafn marosimlari haqida qimmatli maʼlumotlar qoldirgan. Ushbu manbalardagi oʻxshashliklar eʼtiborga molik.
Biroq yuzni tilish marosimini faqat bir xalqning oʻzgarmas anʼanasi deb tushuntirish masalani soddalashtirib yuboradi. Tarixiy dalillar bu amaliyot turli davrlarda turlicha maʼno kasb etganini koʻrsatadi. Uning mohiyatini anglash uchun uchta savolga javob topish lozim: qadimgi mualliflar aslida nimani qayd etgan, oʻxshash odatlar xalqlar oʻrtasidagi aloqalar haqida nimalar deydi va tanaga shikast yetkazish qaygʻu ifodasidan tashqari qanday ijtimoiy-siyosiy maʼno kasb etgan?
Yuzni tilish bilan bogʻliq ilk yozma dalillardan biri Gerodotning “Tarix” asarida uchraydi. Miloddan avvalgi V asrda yashagan muallif IV kitobining 71-bandida skif podshosining dafn marosimini tasvirlaydi. Unga koʻra, podshoning jasadi hududma-hudud olib oʻtilib, dafn etiladigan joyga yetkazilganda, xalq oʻz qaygʻusini tanasiga jarohat yetkazish yoʻli bilan izhor etgan: quloqning bir qismi kesilgan, sochlar olingan, peshana va burunlar tilingan, qoʻllar jarohatlanib, chap qoʻl oʻqlar bilan teshilgan. Bu tasvir motam shunchaki ichki kechinma emas, balki jamoa oldida namoyon etiladigan marosim sifatida koʻrinadi. Qaygʻu tanadagi jarohatlar orqali koʻzga koʻrinadigan shaklga kelgan.
Shu bilan birga, Gerodot maʼlumotlarini muayyan tarixiy kontekstda baholash kerak. Uning hikoyasi barcha skif guruhlarida doimiy ravishda shunday amaliyot boʻlganini anglatmaydi. Qolaversa, Gerodot marosimning ichki diniy-falsafiy mazmunini toʻliq ochib bermaydi – u faqat chetdan kuzatgan voqealarini qayd etgan, xolos. Bunga javob topish uchun keyingi davrlardagi manbalarga murojaat qilish lozim.
Qadimgi turklar orasida ham shunday marosim boʻlganmi?
Qadimgi turklar tarixiga oid yozma manbalarda ham yuzni tilish bilan bogʻliq motam marosimlari oʻz aksini topgan. Tadqiqotchilar Bilyalova, Tleugabulov va Yumakayeva qadimgi turkiy davr dafn urf-odatlarini atroflicha tizimlashtirib, Xitoy sulolaviy yilnomalari, arab-fors va Yevropa manbalari hamda Oʻrxun bitiklarini birgalikda oʻrganish muhimligini taʼkidlaydilar.
Xususan, Xitoy manbalarida qadimgi turklarning dafn marosimida marhumning jasadi maxsus chodirda saqlangani bayon etiladi. Yaqinlari chodir atrofida otda aylanib, qurbonliklar qilgan, soʻngra kirish qismida yuzlarini tilib, motam tutganlar.
Ushbu maʼlumotlarni Gerodot tasvirlagan skiflar marosimi bilan qiyoslaganda, oʻxshashliklar yaqqol koʻzga tashlanadi: har ikki madaniyatda ham motam tanaga shikast yetkazish orqali koʻrsatilgan. Biroq qadimgi turklarga oid dalillarda chodir, ot va qurbonlikka oid unsurlar ham muhim oʻrin tutadi. Demak, bu oʻxshashlik faqat yuzni tilish odatidangina iborat boʻlmay, balki marhumni jamoa boʻlib kuzatish, qurbonlik qilish va dafn marosimiga kengroq ijtimoiy-siyosiy maʼno yuklash kabi umumiyliklarda namoyon boʻladi.
Hukmdor vafoti va diplomatik marosim: Menandr Protektor xabari
Qadimgi turklar orasidagi yuzni tilish odatiga doir yana bir muhim maʼlumot VI asr Vizantiya tarixchisi Menandr Protektor asarida uchraydi. Uning yozishicha, Vizantiya elchisi Valentinning Gʻarbiy Turk xoqonligi hukmdori Sizabul (Istami yabgʻu) huzuriga tashrifi va xoqon vafotidan keyingi voqealar turklarning yuzlarini tilib motam tutgani bilan kechgan.
Bu manba Xitoy yilnomalaridagi tavsifni toʻldiradi. Xitoy mualliflari marosimning amaliy tafsilotlarini qayd etgan boʻlsa, Menandr bayoni hukmdor vafoti bilan bogʻliq marosimlarning diplomatik jarayonlar va siyosiy vaziyatga qanday taʼsir koʻrsatganini ifodalaydi. Xoqonning oʻlimi shunchaki oilaviy yoʻqotish emas, balki hokimiyat vorisligi, siyosiy barqarorlik va hukmdorga sadoqat masalalari bilan chambarchas bogʻliq edi. Shu bois, motam marosimi shaxsiy qaygʻuni ifodalash bilan birga, jamoaning hukmdorga munosabatini namoyish etuvchi ommaviy harakat vazifasini ham bajargan, balki.
Bu odat qayerdan kelib chiqqan va turklar orasida qanday paydo boʻlgan?
Bugungi kunda ilmiy maʼlumotlar yuzni tilish odatining yagona va aniq kelib chiqish nuqtasini koʻrsatmaydi. Ehtimoliy farazlarga koʻra, bu urf-odat qadimgi koʻchmanchilar orasida shakllangan umumiy marosimiy anʼananing bir qismi boʻlgan, turli xalqlar oʻrtasidagi madaniy aloqalar natijasida tarqalgan yoki ayrim hududlarda mustaqil ravishda rivojlangan boʻlishi mumkin.
Tadqiqotchi Oleg Bubenok ilk oʻrta asrlardagi turkiy tilli koʻchmanchi guruhlar marosimlari bilan qadimgi eroniy tilli qavmlar – skiflar, sarmatlar va alanlarning dafn anʼanalari oʻrtasida oʻxshashliklar borligini aytadi. U yuzni tilish, tanani jarohatlash, marhumni maxsus rasm-rusumlar bilan kuzatish, qurbonlik va dafn ziyofati kabi unsurlarni oʻzaro qiyoslaydi. Muallifning fikricha, qadimgi davrlarda Oltoy hududidagi skif madaniyati tashuvchilari bilan aloqalar natijasida ayrim urf-odatlar ilk turkiy guruhlarga oʻtgan boʻlishi mumkin. Keyingi davrlarda esa turkiy xalqlar va sarmat-alan avlodlari oʻrtasidagi munosabatlar ham bu marosimlarning shakllanishiga taʼsir koʻrsatgan, ehtimol.
Bubenok tahlilidagi arxeologik dalillar ham muhim oʻrin tutadi. Tuva hududidagi Arjan qoʻrgʻonlari va Oltoydagi Paziriq yodgorliklari qadimgi dasht madaniyatlarini qiyosiy oʻrganish imkonini beradi. Biroq arxeologik oʻxshashlikning oʻzigina yuzni tilish odati aniq qaysi xalqdan qaysi xalqqa oʻtganini isbotlay olmaydi.
Bubenok yondashuvi tayyor xulosadan koʻra, tekshirish mumkin boʻlgan muhim tarixiy gipotezani ilgari suradi: koʻchmanchi xalqlar uzoq vaqt davomida oʻzaro aloqada boʻlgan va ularning diniy tasavvurlari hamda dafn marosimlari oʻzaro taʼsir natijasida shakllangan. Bu yondashuv yuzni tilish marosimini faqat bir xalqning oʻzgarmas xususiyati sifatida emas, balki keng qamrovli migratsiyalar, etnik aloqalar va madaniy almashinuvlar mahsuli sifatida baholash lozimligini koʻrsatadi.
Tanaga shikast yetkazish faqat motam belgisi boʻlganmi?
Yapon tadqiqotchisi Ken Tani Markaziy va Shimoliy Osiyo koʻchmanchilari orasida yuzni tilish, quloqni kesish va sochni qirish odatlarini atroflicha oʻrgangan. U yozma manbalarda qayd etilgan bu kabi amaliyotlar asosan marhumga sadoqat yoki chuqur motam belgisi sifatida talqin qilinganini taʼkidlaydi.
Biroq Ken Tani bunday hodisalarni tor doirada emas, kengroq kontekstda koʻrib chiqish zarurligini aytadi. Unga koʻra, tanaga shikast yetkazish bilan bogʻliq marosimlarni faqatgina dafn marosimi yoki narigi dunyo haqidagi tasavvurlar bilan izohlash biryoqlama qarash boʻlib qoladi. Chunki turli jamoalarda tashqi koʻrinishidan oʻxshash boʻlgan bu kabi odatlar tamomila boshqa vazifalarni ham bajargan boʻlishi mumkin.
Ushbu ilmiy yondashuv avvalgi manbalardagi maʼlumotlarni yanada chuqurroq anglashga yordam beradi: Gerodot skiflar dafnidagi marosim manzaralarini tasvirlagan boʻlsa, Menandr Protektor hukmdor vafoti bilan bogʻliq siyosiy-diplomatik vaziyat doirasida qayd etgan. Ken Tani tadqiqoti esa tanaga shikast yetkazish bilan bogʻliq bu harakatlar tarixning turli bosqichlarida turlicha maʼno va vazifa kasb etganidan dalolat beradi.
“Qonli koʻz yoshlar”: motamning siyosiy va ijtimoiy maʼnolari
Tarixchi Ya Zuo oʻrta asr Sharqiy Yevrosiyosidagi yigʻi, yuzni tilish va qonli koʻz yoshlar tasvirlarini oʻrganadi. Muallifning tahlilicha, bunday marosimlarni faqat hissiyotning tabiiy ifodasi sifatida emas, balki muayyan jamiyatlarda muhim maʼno kasb etgan ijtimoiy harakatlar sifatida baholash zarur. Ayrim vaziyatlarda kuchli qaygʻuni namoyish etish, norozilik bildirish yoki maʼlum siyosiy maqsadlarni ilgari surish uchun tanaga shikast yetkazish amaliyotlaridan foydalanilgan.
Bu qarash Menandrning hukmdor vafoti bilan bogʻliq xabarini yanada mazmunli qiladi. Marosim bir vaqtning oʻzida qaygʻuni ifodalashi va siyosiy munosabatlarni namoyon qilishi mumkin edi. Bu ikki vazifa bir-birini inkor etmaydi: qadimgi jamiyatlarda hissiy kechinmalar va jamoaviy-siyosiy hayot bugungidek qatʼiy ajralmagan boʻlishi mumkin.
Qadimgi koʻchmanchilarda yuzni tilish marosimi motamning tanada namoyon boʻladigan shakllaridan biri boʻlgan. Gerodot, Xitoy sulolaviy yilnomalari va Menandr Protektor qoldirgan maʼlumotlar bu amaliyotning turli tarixiy muhitda keng tarqalganini koʻrsatadi.
Bubenokning tadqiqotlari qadimgi koʻchmanchi xalqlar oʻrtasidagi madaniy aloqalar va oʻzaro taʼsirlarni ochib bersa, Ken Tani va Ya Zuo ishlari tanaga shikast yetkazish amaliyotining vazifalari faqat motam bilan cheklanmay, ancha keng boʻlganini taʼkidlaydi.
Shu tariqa, tarixiy manbalar va zamonaviy tadqiqotlar ushbu marosimning shakli, maʼnosi va tarqalish yoʻllarini chuqurroq anglash imkonini beradi. Yuzni tilish tarixi bizga qadimgi odamlarning qaygʻuni qanday ifodalaganinigina emas, balki hissiyot, diniy tasavvur, jamoaviy birdamlik va siyosiy munosabatlar oʻrtasidagi murakkab bogʻliqlikni ham koʻrsatadi.
Sherbek SHAYMANOV
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Herodotus. The Histories. Book IV, §71. Translated by A. D. Godley. Loeb Classical Library. Cambridge, MA: Harvard University Press, 1922.
2. Menander Protector. The History of Menander the Guardsman: Introductory Essay, Text, Translation, and Historiographical Notes. Edited and translated by R. C. Blockley. Liverpool: Francis Cairns, 1985.
3. Bubenok O.B. “Funeral Ceremony of Ancient Turks as a Reflection of Contacts with Iranophone Nomads in the Sphere of Ideology.” 38th ICANAS. Papers. History and History of Civilizations, vol. II. Ankara, 2012
4. Tani Ken. “An Essay on the Custom of Injuring Oneʼs Body in the Inland Areas of Asia.” Shigaku Zasshi, vol. 93, no. 6, 1984, pp. 1041–1057. DOI: 10.24471/shigaku.93.6_1041.
5. Bilyalova G.D., Tleugabulov D.T. and Yumakayeva E.A. “Rites and Rituals of Ancient Turkic Period by the Written Sources.” Journal of History, vol. 91, no. 4, 2018, pp. 88–95. DOI: 10.26577/JH-2018-4-302.
6. Zuo Y. “Wailing Barbarians and Bloody Tears: Affect and Self-other Imagination in Medieval Eastern Eurasia.” The Chinese Historical Review, vol. 32, no. 1, 2025, pp. 1–23. DOI: 10.1080/1547402X.2025.2510099.