50–100 nafar qurilish sohasi mutaxassisini Xorvatiyaga ishga yuborish boʻyicha pilot loyiha tashkil etish taklif qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 15-oktyabr kuni Xorvatiyaning Zagreb shahrida Migratsiya agentligi direktori Muhsinxoʻja Abdurahmonov ushbu mamlakat Mehnat, pensiya tizimi, oila va ijtimoiy siyosat vazirligi davlat kotibi Ivan Vidish hamda Bandlik xizmati direktori Ante Lonchar bilan muzokaralar oʻtkazgan.

Uchrashuvda Oʻzbekiston fuqarolarini Xorvatiyada davlatlararo (G2G) mexanizm asosida qonuniy va xavfsiz mehnat sharoitlarida ishga joylashtirish tizimini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilingan. Dastlab qurilish sohasida 50–100 nafar mutaxassisni qamrab oladigan pilot tanlov oʻtkazish, nomzodlarni xorvatiyalik ish beruvchilar talablari asosida kasb va tilga tayyorlash taklif etilgan.

Shuningdek, Xorvatiyada ishlayotgan Oʻzbekiston fuqarolarining mehnat huquqlarini himoya qilish va ularga joyida yordam koʻrsatish maqsadida ushbu mamlakatda Migratsiya agentligi vakolatxonasini ochish imkoniyati koʻrib chiqilgan.

Xorvatiya tomoni Oʻzbekiston bilan qurilish sohasidagi hamkorlikni kelgusida muhandislik, tibbiyot va ijtimoiy parvarish yoʻnalishlariga ham kengaytirishga qiziqish bildirgan. Muzokaralar yakunida ikki mamlakat oʻrtasida mehnat bozori sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan kelishuv imzolangan.

Migratsiya agentligi maʼlumotiga koʻra, Xorvatiya shu vaqtgacha bunday hujjatni faqat Filippin bilan imzolagan. Oʻzbekiston mazkur formatda hamkorlikni yoʻlga qoʻygan ikkinchi davlat boʻldi.