Oʻtayotgan har bir yil nafaqat quvonchli, balki qaygʻuli voqealarga ham boy boʻlishi mumkin. Quvonchli voqealar taqdirdan sovgʻa, qaygʻuli voqealar esa xulosa chiqarishimiz lozim boʻlgan sinovlardir.

Oʻtgan yillar davomida turli sinovli kunlarga duch keldik. Covid-2019 pandemiya davri, Sardobadagi suv toshqini… Xuddi shuningdek, 2023-yilda ham oʻzbek xalqi bir necha yillar yoddan chiqara olmaydigan fojialarni boshidan oʻtkazdi. Oyina.uz qanchalar ogʻir boʻlmasin ushbu voqealarni xotirlaydi.

65 nafar bola fojiasi

10-avgust kuni Oliy sud matbuot xizmati Oʻzbekistonda “Dok-1 Maks”dan 65 nafar bola vafot etganini maʼlum qildi. Voqealar xronologiyasini sizga eslatamiz.

Yanvar oyining ilk kunlarida 3 yoshli bola Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Fargʻona filialining bolalar reanimatsiya boʻlimiga ogʻir ahvolda yotqizilgan edi. Ota-onasining maʼlum qilishicha, bolada siydik chiqmasligi, qayt qilish, qoʻl-oyoqlar shishishi holati kuzatilgan. Shu bilan birga bola oʻtkir buyrak yetishmovchiligi bilan aʼziyat chekkan. Oqibatda, unga “Dok-1 Maks” siropidan oʻtkir zaharlanish tashxisi qoʻyildi.

Shundan soʻng, birin-ketin sovuq xabarlar tarqala boshladi. Namanganda 3 nafar, Samarqandda 15 nafar bola zaharlandi. Barchani yanada ogohlikka chorlagan voqea esa Samarqandda davolanayotgan 18 nafar norasidaning oʻlimi boʻldi. Ushbu bemorlarning barchasi 6 yoshgacha boʻlgan. Yanada aniqroq aytadigan boʻlsak, begunoh goʻdaklarning 15 nafari hatto 3 yoshga toʻlmagan edi. Achinarlisi, oʻlimlar shu bilan yakunlanmadi. Soʻnggi rasmiy maʼlumotlarga koʻra, respublikamiz boʻylab hozirgacha 65 nafar bolaning oʻlimi qayd etilgan. Norasmiy manbalar (Samarqand tibbiyot birlashmasi bosh shifokori) esa 66 nafar bola hayotdan koʻz yumganini maʼlum qilmoqda.

“Dok-1 Maks” dori vositasini sotish 2022-yilning 22-dekabrida toʻxtatildi. 2023-yil 13-yanvarda esa “Quramax Medical”ning litsenziyasi bekor qilindi. Mart oyida esa Hindistondagi “Dok-1 Maks” siropi ishlab chiqaruvchisi boʻlmish Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi litsenziyadan mahrum qilingan. Shuningdek, "Dok-1 Maks" dorisi tarkibida zaharli modda – etilenglikol topilgani ham bildirildi. Ushbu voqeaga xalqaro darajada eʼtibor qaratila boshlandi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti 11-yanvar kuni Hindistonning Marion Biotech ishlab chiqaruvchisining "Dok-1 Maks" va "Ambronol" siroplari sifat standartlariga mos kelmasligi haqida ogohlantirish eʼlon qildi. JSST holat boʻyicha xabarnomani Oʻzbekistondan 22-dekabr kuni olganini bildirdi. Tashkilot ikkita dori vositasini “standartga nomuvofiq boʻlgan suyuq dori vositalari (kontaminatsiyalangan)” roʻyxatiga kiritdi. “Bugungacha ishlab chiqaruvchi JSSTga ushbu mahsulotlarning xavfsizligi va sifati haqida kafolat bermagan”, deyiladi bayonotda.

Buning ortidan Oʻzbekiston davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi “Quramax Medical” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ masʼul shaxslariga jinoyat ishi qoʻzgʻatdi.

Hammasi shu bilan yakunlanmadi. Bolalar oʻlimlari koʻplab korrupsiya botqogʻini ochib berdi, goʻyoki. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi va uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKda juda koʻp miqdordagi moliyaviy xato va kamchiliklar hamda budjet mablagʻlarining sarf qilinishida belgilangan talablarning qoʻpol ravishda buzilganlik holatlarini aniqladi. Toʻplangan dalillar asosida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi hamda uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyum va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori Sardor Kariyev hamda sodir etilgan jinoyatlarga aloqador boʻlgan bir nechta shaxslar ish boʻyicha gumon qilinib, qamoqqa olindi.

Hindistonda “Dok-1 Maks” yoʻtal siropini ishlab chiqaruvchi Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasining uch nafar xodimi qalbaki dori vositalari ishlab chiqarish va sotishda ayblanib hibsga olindi. Keyinroq esa Oʻzbekistonda qamoqqa olinganlar soni ham ortdi. Ular roʻyxatiga Samarqand viloyat SSB boshligʻi qoʻshildi.

Sud jarayonlarida OAV ishtirok etib turli raqamlarni eʼlon qila boshladi. Xususan Hindistonning yana 11 ta dori vositasini roʻyxatdan oʻtkazish uchun 88 ming AQSh dollari miqdorida pora talab qilingan. Avvalroq esa 33 ming AQSh dollari miqdorida korrupsiyaga yoʻl qoʻyilgani maʼlum boʻlgandi. Mazkur dorini bemorlarga tavsiya qilish uchun dorixona egalariga pul toʻlab kelingan. “Dok-1 Maks” ishi boʻyicha soʻnggi sud majlisi 15-noyabrda boʻldi. Ish hali yopilmagan. Ushbu fojia 2023-yil Oʻzbekiston xalqi va jamoatchilik faollarining diqqat markazida boʻldi va hamon muhokamada.

Yana bolalar oʻlimi

Koʻr hassasini bir marta yoʻqotadi. Oʻzbekistondagi rasmiylar(SSV)chi?! Afsuski yil boshida qayd etilgan ommaviy zaharlanish bizga dars boʻlmadi. Oʻquv yili boshlanishi bilan yana sovuq xabarlar bolalay boshladi. Gap shundaki, 2023-yil 20-sentabrdan barcha maktab va bolalar bogʻchalarida yod bilan taʼminlash dasturi boshlangandi. Unga koʻra, har chorshanba kunlari yod yetishmovchiligidan himoya qilish uchun bolalarga profilaktik dozada yod tabletkalari ichirilishi belgilgan. Ammo oradan bir necha kun oʻtmay, Namangan viloyati Chust tumanidagi 9 ta bolalar bogʻchasi tarbiyalanuvchilari va 2 ta maktab oʻquvchilari – jami 70 dan ortiq bola zaharlanish bilan kasalxonaga yotqizildi. Shu kunning oʻzida Prezident Matbuot xizmati davlat rahbarining “qattiq tashvishda” ekanligini maʼlum qildi.

Voqealar keskin tus oldi. SSV mazkur dori vositasidan foydalanishga taqiq joriy etdi. Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Ilmira Bositxonova esa mazkur holat doridan zaharlanish emas, OʻRVI boʻlishi mumkinligini qayd etdi. Koʻp oʻtmay prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham Namanganga borib, holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganini maʼlum qildi.

Oy oxirida “Antistrumin” yod preparatini ishlab chiqaruvchi “Samo” kompaniyasi faoliyatini tekshirish boshlanib, Sogʻliqni saqlash vazirligi “Samo” kompaniyasidan 3,55 mln quti “Antistrumin” (kaliy yodid) preparatini qariyb 22 mlrd soʻmga tendersiz sotib olgani ochiqlandi. Yana bir axborot esa ijtimoiy tarmoq vakillari tomonidan nafrat bilan qarshi olindi. Yaʼni, “Samo” farmatsevtika kompaniyasi hamtaʼsischisi Nodir Yunusov AQShda qidiruvdagi shaxs boʻlgan. Yod preparati bilan bogʻliq mojaro fonida u taʼsischilar safidan chiqqan.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy markazi direktorining davolash ishlari boʻyicha oʻrinbosari – bosh shifokori, Sogʻliqni saqlash vazirligi bosh endokrinologi, bosh mutaxassisi Feruza Haydarova va ushbu markaz laboratoriya mudiri, katta ilmiy xodim, Sogʻliqni saqlash vazirligi Bolalar bosh endokrinologi, bosh mutaxassisi Nasiba Alimova 7-noyabr kuni Yashnobod tuman sudi qarori bilan hibsga olinib, tergov izolyatoriga joylashtirilgan.

16-noyabr kuni esa Sogʻliqni saqlash vazirligi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va jihozlar muomalasini tartibga solish va muruvvat yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlagan Hilola Gʻaniyeva qamoqqa olingan.

Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston vrachlar assotsiatsiyasi Shavkat Mirziyoyevga xat yoʻllab, qamoqqa olinganlarga nisbatan yengilroq ehtiyot chorasi tanlangan holda tergov harakatlari olib borilishini soʻragan. Bunga sabab qilib esa ushbu ayollarning sohaga qoʻshgan hissasi keltirilgan va eʼtirof etilgan.

Umuman olganda, ushbu ish ham 2023-yil hisobidan ochiqligicha qoldi. Ijtimoiy tarmoq faollari esa ushbu voqeada asosiy aybdor sifatida yod mikroelementi topilishini kinoya qilishmoqda.

Talofatsiz fojia

12-avgust. Toshkent Xalqaro aeroporti yaqinida qurilayotgan yoʻl oʻtkazgichning birvarakayiga uzunligi 42 metr boʻlgan 5 ta toʻsini qulab tushdi. Hodisadan hech kim jabr koʻrmagan. Temir-beton oraliq qurilmalarini (balka) kran yordamida montaj qilish jarayonida ehtiyotsizlik oqibatida bir-biriga urilib, balkalar montaj joyidan tushib ketgan. Qurilish “Koʻprikqurilish” tresti UK tomonidan amalga oshirilayotgan boʻlgan. 2 milliard 760 million soʻmlik zarar koʻrilgan. Mazkur holat yuzasidan Transport prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, 3 nafar mansabdor shaxslar gumon qilinuvchi tariqasida ishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.

Ushbu holat yuzasidan reportaj tayyorlamoqchi boʻlgan jurnalistlarni “Koʻprikqurilish” xodimi kaltaklashga urindi. Mazkur ish sudda koʻrildi. Mutasaddi 4 yilga shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilindi. Aybdorga 2 yillik sinov muddati belgilandi va undan 23,7 mln soʻm zarar undirildi.

Voqea sabab ijtimoiy tarmoq faollari keskin chiqishlar qilishdi. Ulardan biri koʻprik ishga tushmasdan qulagani yaxshi ekanligini aytsa, yana biri Oʻzbekistondagi yoʻl oʻtkazgichlar ostidan oʻtishga qoʻrqishini qayd etgan.

Oktabr oyi yakunida esa Shavkat Mirziyoyev aeroportga olib boruvchi koʻprikdagi qurilish ishlari bilan tanishdi. Masʼullar davlat rahbariga ushbu obyektning qurilishi va toʻsinlarni sinovdan oʻtkazish jarayonlari haqida maʼlumot berganini maʼlum qilishdi. Ushbu ikki holat bir-biriga qanchalar aloqador ekanligi bizga maʼlum emas. Maʼlum boʻlgan yagona fakt, ushbu ish ham 2023-yilda yakunlanmadi.

15 milliardlik portlash va 1 oʻlim

28-sentabr kuni Toshkent osmonini qora bulut qopladi. Shu kuni soat 02:43 da Toshkent shahri Sergeli tumani Xonobod koʻchasi 3-uy manzilida joylashgan “Inter Logistics” MCHJga qarashli 18,4 gektar yer maydonda joylashgan omborxonada taxminan 10 000 kv metr maydonda yongʻin chiqqan. Shu sabab omborxonada kuchli portlash sodir boʻldi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabariga koʻra, oʻt oʻchiruvchilar yongʻinni 8 soat davomida oʻchirgan. FVV va boshqa tegishli tashkilotlardan jami 210 ta texnika va 2000 dan ortiq shaxsiy tarkib jalb qilingan.

Mazkur logistika markazida roʻy bergan portlash oqibatida 14,5 milliard soʻmlik zarar koʻrilgan.

Yongʻin sodir boʻlgan omborxonada katta miqdorda kimyoviy moddalar, qurilish va boshqa mahsulotlar belgilangan talablarga rioya qilinmasdan, aralash holda saqlab kelingan. Hodisa joyidan olingan namunalar asosida oʻtkazilgan kimyoviy tadqiqotlar natijasida poliefirlar, ksilol, uglevodorodlar, natriy gidroksid, vodorod peroksidi, etilen glikol va yuqori molekulyar karbon kislota efirlari kabi kimyoviy moddalar mavjudligi aniqlandi.

Portlash oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 kishini tashkil etdi, ulardan 150 nafari yengil, 13 nafari ogʻir tan jarohati oldi. 17 yoshli oʻsmir vafot etdi. Bunga sabab esa omborxonaning aholi zich yashaydigan hududda qurilganidadir.

Favqulodda vaziyat oqibatida 39 ta koʻp qavatli uylardagi 1370 ta xonadon hamda 246 ta yerli xonadonning fasad, oyna-rom, eshik va tom qismiga ziyon yetgan. Favqulodda vaziyat tufayli hududdagi 305-maktab (1250 oʻrinli) va 600-sonli bolalar bogʻchasining (720 oʻrinli) deraza-romlari, eshik va fasad qismi zararlangan.

Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Jinoyat ishi boʻyicha 4 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish”, 1 nafariga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Ushbu ish ham shu yilning oʻzida yopilmadi, nazarimizda. Har holda kimlar aybdor deb topildi? Sud hukmi oʻqildimi? … Shu kabi bir qator savollar ochiq qolmoqda.

Derazadan uloqtirilgan bolalar

Shu yilning yana bir dahshatli voqealaridan biri Sergeli tumanida sodir boʻldi. Gap shundaki, koʻp qavatli uylarning birida istiqomat qiluvchi 27 yoshli ayol avvaliga 4 va 5 yoshdagi oʻgʻillarini derazadan uloqtiradi. Soʻng olti oylik chaqalogʻini qoʻliga olib, oʻzi ham pastga sakraydi va oʻsha joyning oʻzida vafot etadi.

Bu voqeadan aholi dahshatga tushdi. Koʻp oʻtmay jamoatchilik ushbu oila haqidagi ayrim maʼlumotlarni ochiqlay boshladi. Maʼlum boʻlishicha, marhuma va turmush oʻrtogʻi oʻrtasida doimiy kelishmovchiliklar boʻlib turgan. Shuningdek, ayol uch nafar farzandi bilan olti oydan beri ona uyida yashayotgani aniq boʻldi. Biroz muddat oʻtib, marhumaning turmush oʻrtogʻiga qoldirgan videomurojaati ham tarqaldi. Unda ayol bolalarini “Alloh dargohiga yuborayotganini” aytgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam oʻldirish) va 103-moddasi (oʻzini oʻzi oʻldirish darajasiga yetkazish) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ammo bu voqea yuzasidan ham keyingi jarayonlar nomaʼlumligicha qolmoqda.

Shahnoza Toʻramurodova.

Oyina.uz

 Oyina.uzʼni Telegramda kuzating!