2024-yil Oʻzbekiston ilm, fan, madaniyat, sanʼat va sport sohalarining koʻplab taniqli vakillaridan ayrildik, bir qator siyosat va jamoat arboblari vafot etdi. Oyina.uz sayti anʼanaga muvofiq 2023-yil kabi 2024-yil hayotdan koʻz yumgan mashhurlar va taniqli shaxslarni esladi (Video shaklida bu yerda koʻring).
Islom Jasimov
2024-yil 16-yanvar. Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi oʻrinbosari Islom Jasimov 66 yoshida vafot etdi. 1986−2017-yillar davomida prokuratura organlari tizimida masʼuliyatli lavozimlarda faoliyat koʻrsatib kelgan.
1993-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy yorligʻi”, 2001-yilda “Shuhrat” medali va 2017-yilda “Doʻstlik” ordeni hamda 2020-yilda “MDH bosh prokurorlari muvofiqlashtiruvchi kengashining 25 yilligi” medali bilan taqdirlangan.
Maxamad Toshboltayev
Olim Maxamad Toshboltayev 2024-yil 19-yanvarda vafot etdi.
U faoliyati davomida Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari – Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash va kimyolashtirish muammolarini hal etish kengashi raisi sifatida faoliyat yuritgan.
Turgʻun Azizov
Yanvar oyining soʻnggi kunlarida Oʻzbekiston xalq artisti, aktyor va rejissyor Turgʻun Azizov 90 yoshida vafot etdi. U 33 yoshida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan. 1974-yilda Oʻzbekiston xalq artisti unvonini olgan. Shuningdek, u “Mehnat shuhrati” ordeni (2001-yil) sohibi ham hisoblanadi.
Rejissyor sifatida “Mirzo Ulugʻbek”, “Alisher Navoiy”, “Mehrobdan chayon”, “Chimildiq”, “Mashrab” kabi spektakllarni sahnalashtirgan.
Qalandar baxshi
1-fevral kuni Oʻzbekiston xalq baxshisi Qalandar baxshi (Roʻzimboy Normatov) 73 yoshida vafot etdi. Qalandar baxshi “Avazxon” folklor etnografik ansambli badiiy rahbari sifatida koʻp yillar faoliyat yuritgan. “Oshiq Gʻarib va Shohsanam”, “Tohir va Zuhra”, “Sayotxon va Hamro”, shuningdek, “Goʻroʻgʻli” turkumidan “Bozirgon”, “Avazxon”, “Xirmondali” kabi dostonlarni yuksak mahorat bilan kuylagan.
Roʻzimboy Normatov 2001-yili “Oʻzbekiston xalq baxshisi” unvoni bilan taqdirlangan.
Abror Tursunov
8-fevral kuni Aktyor va rejissyor Abror Tursunov vafot etdi. U “Chinor ostidagi duel”, “Suyunchi”, “Abdullajon”, “Kim jinni”, “Ayollar saltanati” kabi koʻplab filmlarda rol ijro etgan. Tursunov “Kulol va xurmacha” filmidagi roli bilan muxlislarga tanish.
Maʼlumotlarga koʻra, sanʼatkor insult bilan bir necha yil davomida kurashgan.
Jasur Shametov
Taniqli operator, rejissyor, klipmeyker Jasur Shametov 10-fevral kuni 39 yoshida vafot etdi.
U “Qalbim oʻgʻrisi”, “Achchiq hayot”, “Qalbaki dunyo”, “Uchrashuv”, “Gunoh”, “Zarb”, “Oh, Salima, Salima”, “Mahallada nima gap?” kabi badiiy filmlarda postanovkachi operator sifatida ishlagan. Shuningdek, “Uchrashuv” badiiy filmining ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyori.
Aktyor sifatida “Suiqasd”, “Poyma-poy” filmlarida rollar ijro etgan.
Klipmeyker sifatida Rayhon, Lola, Shohruhxon, Munisa Rizayeva, “Afruz” guruhi va boshqa xonandalar bilan hamkorlik qilgan.
Raim Farhodiy
Taniqli bolalar shoiri, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, “Buloqcha” jurnali bosh muharriri Raim Farhodiy 4-aprel kuni 82 yoshida vafot etdi. Raim Farhodiy bolalar uchun 50 dan ortiq sheʼriy va nasriy kitoblar yozgan. Oʻzbek bolalar sheʼriyati namunalarini, Navoiy, Bobur gʻazallarini rus tiliga tarjima qilgan.
1989-yil “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, 1999-yil “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Mashrab Kimsanov
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Mashrab Kimsanov bir necha yildan buyon ogʻir xastalik bilan kurashib kelgan. U hayoti davomida 4 marotaba insultni boshdan kechirgan va gapirish hamda mustaqil harakatlanish imkoniyati cheklangan edi.
Ijodkor 2-may kuni 69 yoshida olamdan koʻz yumdi. Kimsanov “Vodillik kelin”, “Olovli yoʻllar”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Masxaraboz”, “Umid”, “Zebuzar”, “Hayot mamot”, “Haqiqiy erkaklar ovi”, “Sehrli qalpoqcha”, “Onaginam orzusi” kabi koʻplab filmlarda esda qolarli rollarni ijro etgan. Shuningdek, ijodkor “Togʻlik kuyov” filmining postanovkachi rejissyori hisoblanadi.
Chori baxshi Umirov
4-may kuni Oʻzbekiston xalq baxshisi Chori baxshi Umirov 86 yoshda hayotdan koʻz yumdi. Chori baxshi yarim asrdan ziyod oʻzining sehrli ovozi va sozi bilan el olqishiga sazovor boʻlgan baxshi sifatida Sherobod dostonchilik maktabiga mansub yosh baxshilarga oʻz ijodidagi dostonlarni oʻrgatib, ustozlik qilib kelmoqda edi.