BMTning Aholishunoslik boʻlimi 2100-yilgacha moʻljallangan global demografik prognozni taqdim etdi. Unga koʻra, 80 yil ichida mintaqa aholisi deyarli ikki baravar koʻpayadi. Eng tez oʻsish yaqin oʻn yillikda boʻladi, yaʼni 2030-yilga borib aholi soni 21,5 foizga oshadi. Keyinchalik oʻsish surʼati doimiy ravishda pasayib boradi va 2100-yilga kelib yillik oʻsish atigi 2,8 foizni tashkil qiladi.

Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston mintaqaning asosiy demografik markazi boʻlib qoladi. Masalan, mamlakatda 2020-yilda 33 million kishi yashagan boʻlsa, 2100-yilga borib umumiy aholi soni 74,4 million kishiga yetadi. Shunday qilib, mamlakatning Markaziy Osiyo umumiy aholisidagi ulushi 43,9 foizdan 49,6 foizgacha ortadi.

Shuningdek, Oʻzbekiston aholisi eng tez surʼatda 2040-yilgacha, har oʻn yillikda 24 foizdan koʻpayadi. Oʻsish keyin oʻn yilda 5–7 foizgacha sekinlashadi, asrning oxirida esa 4,3 foizni tashkil qiladi.

Mintaqaning boshqa mamlakatlarida ham aholi koʻpayishi kutilmoqda, biroq bu unchalik katta boʻlmaydi. Jumladan, 2100-yilga borib aholi soni quyidagicha boʻlishi mumkin:

▪️ Qozogʻiston — 33,7 million kishi (2020-yilga nisbatan +75,3%).

▪️ Tojikiston — 20,2 million kishi (2 baravar oʻsish).

▪️ Qirgʻiziston — 11,7 million kishi (2020-yilga nisbatan +72,4%).

▪️ Turkmaniston — aniq son yoʻq, ammo umumiy oʻsish 53,2% boʻladi.

80 yil ichida aholi sonining ikki baravar oshishi nafaqat iqtisodiy salohiyat, balki jiddiy muammolar ham demakdir. Oʻzbekistonda 2024-yilda har bir kvadrat kilometrga 85,5 kishi toʻgʻri kelgan boʻlsa, 2040-yilga borib aholi zichligi 108,2 ga, 2100-yilga borib esa 174,8 ga oshadi. Bunda ichki migratsiya va urbanizatsiya darajasi hal qiluvchi rol oʻynaydi. Mamlakat hududlari boʻyicha notekis oʻsish katta shaharlarga ulkan infratuzilma yukini yuklashi aniq. Ular millionlab yangi aholini uy-joy, ish va ijtimoiy xizmatlar bilan taʼminlashi kerak boʻladi.

Hisobotda yozilishicha, aholi sonining oʻsishi bilan birga umr koʻrish davomiyligi ham oshadi. Oʻzbekiston uchun bu ijobiy tendensiyadir. Misol uchun, 2024-yilda oʻrtacha koʻrsatkich 72,5 yosh boʻlgan boʻlsa, 2100-yilga borib 83 yoshga yetishi mumkin. Ayollar oʻrtacha 85 yoshgacha, erkaklar esa 81 yoshgacha yashashi kutilmoqda. Bu maʼlumotlar pensiya va sogʻliqni saqlash tizimlaridagi uzoq muddatli islohotlar uchun asos boʻladi.

Biroq shu fonda demografik paradoks yuzaga keladi. Oʻzbekistonda umumiy tugʻilish koeffitsiyenti butun XXI asr davomida doimiy ravishda kamayib boradi. 2024-yilda har 1000 kishiga 25,6 chaqaloq toʻgʻri kelgan boʻlsa, 2100-yilda 11,9 chaqaloqqacha pasayadi. Shu bilan birga, tugʻilishlarning mutlaq soni oʻzgarib turadi. Buning sababi yosh tarkibining oʻzgarishidir.

Mamlakat aholisining oʻrtacha yoshi 2030-yilda 26,5 yosh boʻlsa, 2100-yilga borib 39 yoshga yetadi. Ayollar birinchi farzandini oʻrtacha 27–29 yoshda tugʻadi, lekin aholi tarkibida potensial onalarning oʻzi kamroq boʻladi.

Hisobotda aytilishicha, mamlakatda keksayishning tabiiy oqibati – oʻlim darajasi ham ortadi. Oʻzbekistonda umumiy oʻlim koeffitsiyenti 2024-yilda har 1000 kishiga 6 tadan oʻlim toʻgʻri kelgan boʻlsa, 2100-yilda bu son 8,5 gacha koʻtariladi. Mos ravishda vafot etganlarning mutlaq soni ham ortadi, yaʼni yiliga 219,4 ming kishidan 631,5 ming kishigacha yetadi. Bu jarayon sogʻliqning yomonlashuvi bilan emas, balki fuqarolar sonining umumiy koʻpayishi va millatning keksayishi bilan bogʻliq.