Afsonaning tugʻilishi
Dunyo daholarning atrofida aylanadi, daholar esa tarixning. Biz bilgan (balki bilmagan) Motsartning buyuklik siri nimada edi? U bor yoʻgʻi 35 yillik umrida 600 dan ortiq asarlari, samoviy isteʼdodi, shiddatli hayot yoʻli va sirli oʻlimi bilan Shekspir kabi oʻzi haqida afsonalar qoldirishga ulgurgan. Vena klassik maktabining yirik namoyandasi boʻlgan Motsartning ijodida klassitsizim oʻz choʻqqisini zabt etgandi.
Volfgang Amadey Motsart musiqa dunyosiga juda erta qadam qoʻygan edi. Oʻsha davrda Zalsburgning saroy musiqachisi boʻlgan Leopold kambagʻal boʻlishiga qaramay, eng bebaho boylik – isteʼdodini oʻgʻliga meros qoldirgan boʻlsa ne ajab. Yagona ustozi va homiysi boʻlgan otasi sabab Motsart uch yoshidan klavesin (pianinoning ajdodi) chala boshlagan. Keyinchalik uning jajji barmoqlarida erkalana boshlagan skripkaning sochlari Alp togʻlaridan tushayotgan jilgʻalarga hamohang xonishlar etdi. Bir kuni Motsart hoshiyalariga siyoh sachragan, chumoliday notalar gʻimirlab yotgan qogʻozni Leopoldga koʻrsatib, “Oʻzim yozdim, koʻringchi”, deganda atigi besh yoshda edi.
Uning opasi Anna ham musiqa chalardi. Otasi ikki “vunderkind”larini qanot qilib, Yevropadagi saroy sahnalari boʻylab sayohat qildi. Bir necha yillab davom etgan gastrollar oilaning moliyaviy ahvolini oz boʻlsa-da oʻnglashga koʻmak berardi. Ayniqsa, olti yoshli Motsartning koʻzi bogʻlangan holdagi ijrolari tomoshabinlarni rom etib, hamyonni semirtirardi.
Yetuklik yillari
Noyob eshitish qobiliyatiga ega, improvizatsiyada mohir kompozitorning bolalik va oʻsmirlik yillari shu zaylda oʻtarkan, u baridan zerikadi. Arzimagan oylikka joʻrnavoz boʻlib ishlashni oʻziga ravo koʻrmaydi va 25 yoshida otasining nazoratidan chiqib mustaqil parvoz etishi kerakligini anglab yetadi. Nihoyat 1781-yil nafaqat Avstriya imperiyasi, balki oʻsha davrda sanʼatning poytaxti boʻlgan Venaga koʻchib oʻtadi. Bu yerda koʻplab konsert zallari, musiqiy akademiya va iqtidorli jamiyat hukmron edi. Shuning uchun ham Vena kompozitorning haqiqiy uyiga aylanadi.
Motsart akademiyalar, obuna konsertlari va metsenatlar uylarida chiqishlar qilib pul topgan. U fortepianoda dars bergan – hozirgi kunda shaxsan Motsartdan dars olgan oʻquvchilar boʻlganini tasavvur qilish qiyin, albatta. Shunga qaramay, tinim bilmay mehnat qilgan kompozitor oʻzi kabi iqtidori boʻlmasa-da, moʻmaygina daromad koʻrayotgan musiqachilardan ancha kam pul topardi.
Daho shu darajada kambagʻal ediki, oʻzining faqirona, gʻarib uyini isitish uchun bir bogʻlam oʻtin xarid qila olmasdi. Shu bois nomini abadiylashtirgan ilohiy musiqalarni yaratayotib, qoʻliga jun paypoq kiyib oʻtirar, shu orqali isimoqchi boʻlardi.
18-asr oxiri, saroy muhiti bu – eng iqtidorli kompozitorlar lavozimlar uchun jon-jahdi bilan kurashgan, tilla toʻgʻnogʻich va olmos tugmalar, tizzagacha boʻlgan fraklar va ipak paltolar davri edi. Ularning ortida esa xiyonat, nayranglar va fitnalar yashirin... Saleri haqida eshitgan chiqarsiz. Motsartning Venadagi asosiy raqibi oʻsha – Antonio Saleri edi (muvaffaqiyatli italyan kompozitori, uch tilda operalar yozgani bilan mashhurlikka erishgan). U Vena operasini egallagan va Motsart endigina katta karerasini qurishni boshlaganda koʻpincha yoʻliga toʻgʻanoq boʻlardi.
Shunday boʻlsa-da, Motsart va Saleri bir-birining musiqiy iqtidorini hurmat qiladigandek tuyulardi. 1785-yilda ular birgalikda kantata (xor uchun belgilanadigan tantanavor yirik musiqiy asar) yozadi, 1788-yilda Saleri oʻz operalaridan birining oʻrniga Motsartning “Figaro”sini namoyish etadi. Birinchi marta 1791-yilda Motsartning “Sehrli fleyta” tomoshasiga tashrif buyurgan Saleri uning sehriga duchor boʻldi. Asardagi har bir element – muqaddimadan tortib, oxirgi xorga qadar uni hayratga gʻarq etgandi. “Dushman”ini shu tariqa isteʼdodi bilan zabt etgan Motsart “yengilmas” asarlar qoʻshinini yaratishda davom etadi.
Oʻquvchilaridan biri Motsart haqida shunday yozgandi: “Motsart Saleridan farqli oʻlaroq, salomat shaxs emasdi. ...oʻrta boʻyli va rangpar, yoqimtoy va doʻstona koʻrinishga ega, koʻk koʻzlari yorqin porlaydi”.
Avstriya operasi shakllanishi aynan uning ismi bilan bogʻliq. Motsartgacha Avstriya sahnasida asosan italyan kompozitorlar yoki ularga taqlid qiluvchilarning operalari qoʻyilardi. 1782-yilda Motsart “Haramdan olib qochish” komik operasini yozadi. Bu asar Avstriya milliy operasining ilk namunasi boʻlib qoladi. Toʻrt yildan keyin fransuz dramaturgi – Per Bomarshening mashhur komediya syujeti asosida yanada takomillashgan “Figaroning uylanishi” operasi yaratiladi. Opera favqulodda mashhurlikka erishdi. Odamlar bu operadagi ariya-qoʻshiqlarni yod olib, koʻchalarda raqs tushardilar. Natijada Motsartni Pragadagi ushbu opera taqdimotida dirijyorlik qilishga chaqirishadi. Uning asarlaridagi oʻziga xoslik yorqin, hayotga tashna, oʻynoqi ohanglarning mukammal garmoniyalarida edi.
1787-yil fevral oyida Venaga qaytib kelgach, Motsart opera ustida ishlay boshladi. Ammo “Don Juan” Vena sahnasida muvaffaqiyatsizlikka uchradi va dasturxonga deyarli hech narsa keltirmadi. Shu sababli Motsartning moliyaviy ahvoli keskin yomonlashdi. Shubhasiz, bu vaqtda u tez-tez tugʻish ortidan kasal boʻlgan xotinini davolash xarajatlari tufayli qarzga kira boshladi.
Ayanchli vaziyatiga qaramay, 1788-yil yozining bir yarim oyi davomida Motsart uchta, hozirda eng mashhur simfoniyalarni yozdi: 39-40- va 41-sonli (“Yupiter”). Aslida bir simfoniya yoki opera yozish, adabiyotga qiyoslasak, bir roman yozishdek mashaqqat. Motsart esa shamolday tez, tinim bilmas, mehnatkash inson edi.
Bir uyning ikki eshigi
Motsart haqida yozilgan koʻplab tarjimai hollarda uning uylanishi hayotini yakunlagan, deb hisoblaydilar. Masalan, Karl Kobald qayd etishicha, “Motsartning oila qurishi ogʻir hayot yoʻlining muqaddimasi boʻlgandi. Qashshoqlik bilan tinka-madorni quritadigan kurash boshlandi. Bu yashab qolish uchun boy berilgan kundalik kurash edi”.
Daho shu darajada kambagʻal ediki, oʻzining faqirona, gʻarib uyini isitish uchun bir bogʻlam oʻtin xarid qila olmasdi. Shu bois nomini abadiylashtirgan ilohiy musiqalarni yaratayotib, qoʻllariga jun paypoq kiyib oʻtirardi...
Oxirgi yillarda toʻrtta muvaffaqiyatli opera yozgani sabab Motsartning daromadlari sezilarli darajada oshgan. Biroq u kiyim-kechak, hashamatli tushliklar, Konstansa uchun sovgʻalar va qimor oʻyinlariga mukkasidan ketgani tufayli doim qarzdor boʻlib yurgan degan maʼlumotlar mavjud.
Ammo boshqa tahlillarga koʻra, Kostansa turmush oʻrtogʻini hamisha sevib ardoqlagan. Ular jami oltita farzand koʻrsa-da, ulardan ikki oʻgʻil Tomas va Frans Ksaver omonlik obiga yetishgandi. Tomas tugʻilganda oila bir haftalik chaqaloq bilan Shulershtrassga, shinam uyga joylashadi. “Figaroning uylanishi” operasi oʻsha goʻshada yozilgan. Motsart va Konstansa uchun Venada oʻtkazilgan toʻrt yil garchi muhtojlikda oʻtsa-da, eng baxtiyor lahzalar edi. Konstansa xasta va ogʻir mehnat tufayli butunlay holdan toygan erini ishdan chalgʻitishga uringan, hatto “Rekviyem” (cherkov uchun motam kuyi)ni yashirgan. U havo ochiq kunlarda, Motsartni Prater parkiga olib borib, sayr qildirardi. 20-noyabr kuni Volfgang omma oldida oxirgi marta chiqish qilib, soʻng yotib qoldi. Umri nihoyasiga yetayotgan bir vaqtda yana koʻchishga toʻgʻri keldi. Ular “Figaroning toʻyi” operasi yozilgan shinam uyni tark etishadi. Sababi oddiy: mablag‘ yetishmasdi. Endi ular Venaning bir chekkasiga joylashadilar. Eng qaygʻuli voqealardan birida ularning familiyasi yozilgan kumush anjom garovxonadan joy oldi. Bir kuni esa oʻtin xarid qilishga pul topilmadi. Shunda isinib olish uchun raqsga tushdilar. Eʼtibor bering, er-xotin bir-birlarini tanqid qilishmadi, balki raqsga tushishdi. Vaholanki, ular bir-birlarini ayblashlari, bu haqorat yo malomat darajasiga yetishi ham mumkin edi.
5-dekabrda umri tugayozgan musiqachi uchun shifokor chaqirishdi, ammo u haddan ziyod kechikib keldi. Jon berayotgan Motsartning yonida chuqur qaygʻuga botgan umidsiz ikki ayol – Konstansa hamda uning singlisi turardi. Konstansaning oʻsha oqshomdagi ahvoli toʻgʻrisida hikoya qilishlaricha, u choʻkkalab, yordam soʻrab Xudoga iltijo qilgan. Soʻngra jonsiz erining yoniga choʻzilib, uning izidan ketmoqchi boʻlgan. Aka-uka Tomas va Ksaver (ular oʻrtasidagi farq yetti yil boʻlgan) naslni davom ettirishlari kerak edi. Ammo Milanda yashagan toʻngʻichi ham, hamma vaqt Polshada istiqomat qilgan musiqachi boʻlmish kichigi ham zurriyot qoldirmadi. Biroq Motsartning hamma musiqiy janrlarda yozilgan bebaho asarlari izsiz ketmagan davomchilari desak mubolagʻa boʻlmas.
Sirli oʻlim
Oʻsha mashʼum kuni – buyuk kompozitor vafotidan soʻng shishib, yuzi tanib boʻlmas darajada oʻzgarib ketadi. Uni Avstriya imperiyasi saroyi musiqachisi Antonio Saleri zaharlagan boʻlishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqaladi.
Beva Konstansa doʻstlariga turmush oʻrtogʻi bezgakdan vafot etganini aytgan. Ammo ikki farzandi, ulkan qarzlar hamda daromadsiz qolgan ayol jamoatchilik eʼtiborini tortish maqsadida zaharlanish toʻgʻrisidagi taxminni qoʻllab-quvvatlagan. U niqob taqqan nomaʼlum shaxs marhumlar uchun rekviyem (katoliklarda maxsus kuy) buyurtma qilgani haqida gapirgan. Mazkur afsonaga koʻra, Motsart aynan shu ish ustida ishlash vaqtida jiddiy ogʻrib qolgan.
“Tez orada vafot etishimni bilaman. Aftidan, kimdir menga zaharli suv bergan va oʻlimim vaqtini aniq hisob-kitob qilgan, natijada men oʻzimga oʻzim rekviyem yozmoqdaman”, degan Motsart rafiqasining soʻzlariga koʻra.
Haqiqat esa kutilganidan ancha oddiy edi. Motsartga oʻlimidan bir necha oy oldin graf Frans fon Valzegg yaqindagina vafot etgan rafiqasi uchun kuy bastalashini buyurtma qiladi. Buyurtmaning maxfiyligi shundaki, musiqa ishqibozi boʻlgan graf rekviyemni oʻzi yozgandek ommaga taqdim etmoqchi boʻlgan.
Shuncha faktlarga qaramay, Konstans imperatordan pensiya va marhumning musiqalari ijro etilgan konsertlardan ulush ola boshlagan.
Motsart tomonidan 1791-yil 14-oktyabrda yozilgan va saqlanib qolgan oxirgi maktubda keltirilishicha, u Saleri va soprano Katarina Kavaleri bilan operaga borgan. Saleri masalan, Motsartga alkogol ichishini taklif qilgan, karetada ketishayotganida vinoga biror nima aralashtirib qoʻygan boʻlishi mumkin edi.
Saleri hech qachon zaharlash borasidagi mish-mishlarni rad etmagan, biroq Motsartning besh oylik yetim qolgan kenja oʻgʻliga musiqiy taʼlim berishni zimmasiga olgan. Uning qoʻl ostida Frans Ksaver Volfgang Motsart mashhur kompozitor va dirijyorga aylangan. Umrining oxirlarida vaqti-vaqti bilan yuz beradigan aqliy zaiflik sindromidan aziyat chekkan Saleri Motsartni oʻldirganini tan olgan, ammo es-hushi joyiga kelgan vaqtda buni rad etgan. Bu hikoya Aleksandr Sergeyevich Pushkinning “Motsart va Saleri” tragediyasiga asos boʻlgan.
Venaliklar uchun Motsartning oʻlimi deyarli sezilmay oʻtdi, ammo Pragada uning oʻlimidan 9 kun oʻtgach, katta olomon (taxminan 4000 kishi) bilan 120 musiqachi Motsart xotirasiga “Rekviyem”ni ijro etdi.
Buyuk dahoning oʻlimini oʻrganayotgan olimlar ikki guruhga boʻlingan: suiqasd va tabiiy oʻlim tarafdorlari. Biroq olimlarning aksariyati Motsartning tabiiy ravishda vafot etganiga ishonishadi va zaharlanishning har qanday versiyalari, ayniqsa Saleri zaharlashi versiyasi isbotlanmagan. Hozirgi kunda oʻrganish mumkin boʻlgan qoldiqlar ham saqlanib qolmagan. Fransuz inqilobi tomonidan joriy etilgan tenglik tamoyillariga amal qilgan holda Iosif II dabdabali dafn marosimlarini taqiqlash boʻyicha qonunlar qabul qilgan. Shu boisdan Motsartning jonsiz tanasi tunda Avliyo Mark qabristoniga olib kelingan, hech qanaqa dafn marosimi oʻtkazilmagan va oila aʼzolari bexabar qoldirilgan – oilasidagilarning hech biri uning qayerga koʻmilganini bilmagan. Bundan tashqari, Iosifning buyrugʻi bilan “oʻrta sinf”ga oid tobutlar bitta qabrga beshtadan joylashtirilgan. Bu oʻn yildan keyin ularni qazib olib, yangi qabrlar uchun joy ajratishga qulay boʻlishi uchun qilingan.
Motsartning vafotiga aynan nima sabab boʻlganini bila olmaymiz, biroq buning ahamiyati ham u qadar katta emas. Eng muhimi, u hayotda qachonlardir mavjud boʻlgan va aql bovar qilmas musiqalari bilan haligacha dunyoni “Sehrli fleyta”siga jo etib kelmoqda.
Nozima HABIBULLAYEVA