Oʻzbek kinosida tarixni toʻlaqonli haqqoniy yoritgan birorta asar yoʻq. Va, bunga birorta rejissyor yoki ssenariynavis aybdor ham emas. Buni yodda tutishimiz kerak. “Shoh va shoir”, “din va maʼrifat” bir-biriga qarshi qoʻyilgan qolip – “sotsialistik realizm” quygan qoliplardan edi. Oʻz davrida bunday qoliplarga ne-ne tarixchi, adabiyotshunoslar qarshi chiqmagan. Lekin, bu qolip mustahkam ekan, yetmish yil yashadigina emas, hozirgacha uning taʼsiridan chiqish qiyin boʻlmoqda. Buni “Abdulla Oripov” badiiy filmi misolida ham koʻrishimiz mumkin. Oyina.uz kolumnisti Shohida Eshonboboeva mazkur film yuzasidan tahliliy mulohazalarini ochiqlaydi.
Oʻzbek kino sanʼati tarixida tarixiy biografik filmlar soni salmoqli. Alisher Navoiy, Ulugʻbek, Beruniy, Ibn Sino, Bobur, Nodirabegim, Furqat kabi siymolarning ekrandagi talqini sovet mafkurasi toʻni bilan bichilib, tomoshabinga tiqishtirilgan yaqin davrlarda hammasiga mustamlakachilar aybdor boʻlib keldi. Aslidayam shunday edi... Mustaqil davlat boʻlganimizdan keyin biografik xarakterdagi badiiy va hujjatli filmlar koʻpaydi. Ayniqsa, oxirgi yillarda son jihatdan ancha oʻsish bor. Ammo, bu filmlarning sifati qanday? Bu savolga javob berishda kinoshunoslik tamoyillariga amal qilmay, oʻzbekchilik andishasi bilan yuz-xotir qilayotganimizni tan olamiz. “Said va Saida”, “Imom Abu Iso Muhammad Termiziy”, “Qoʻqon shamoli”, “Avloniy”, “Isʼhoqxon Ibrat”, “Muqimiy”, “Mahmudxoʻja Behbudiy”, “Muhabbat bahori” filmlari qatorida kuni kecha mustaqillikning 32 yillik toʻyiga taqdim etilgan “Abdulla Oripov” badiiy filmi ham tarixiy biografik filmlar sonini koʻpaytirganidan xursand boʻldik. Yana andisha ustunlik qilayotgan mahalda, ijtimoiy tarmoqlardagi qarama qarshi fikrlar bizni yozishga, sifat oʻzgarishlari darajasi borasida fikr bildirishga undadi.
“Abdulla Oripov” badiiy filmi (120 min, 2023 yil);
Rejissyor: Muzaffarxon Erkinov;
Bosh rolda: Jasur Abdumannopov (bolaligi), Shodmonqul Salom, Qudratilla Burxonov (keksaligi);
Ssenariy mualliflari: Abduqayum Yoʻldoshev, Muqaddas Usmonova, (Minhojiddin Mirzo, Furqat Usmonov ishtirokida);
Bosh muharrir: Erkin Aʼzam;
Bosh operator: Ravshan Mirzakamolov;
Bastakor: Muinzoda.

Muzaffar Erkinov yosh rejissyor emas. U yirik loyihalar ustida ijod etib, xalqimizning sevimli, mahoratli rejissyorlari qatoriga qoʻshilganiga ham koʻp boʻldi. M.Erkinov “Avloniy” filmidan keyin, Abdulla Oripov haqida badiiy film suratga olishga haqli rejissyorlar qatorida edi. Ammo, rejissyor uchun Avloniy obrazining ekrandagi talqiniga nisbatan, Oʻzbekiston xalq shoirining badiiy portretini yaratish mushkul boʻlgandek, nazarimizda. Zotan, uslubiy jihatdan koʻproq hujjatli filmni eslatadigan mazkur asarni suratga olishda rejissyorga k-o‘-o‘-p koʻrsatmalar berilgandek, tasavvur hosil boʻlmoqda. Keling, bir boshdan boshlaylik...
Ikki soatlik “Abdulla Oripov” badiiy filmida shoirning bolalik damlari har jihatdan maromiga yetkazilgan epizodlardan iborat. Chopganicha, sheʼr toʻqib borayotgan Abdullajon aynan shunday shoʻx, quvnoq va chechan bola boʻlganiga ishonamiz. Shoirning bolaligini gavdalantirgan yosh aktyor uchun rol yaratilayotgan muhitga xos va mos dialoglar yozilganki, bola oʻz rolini “choʻmilib” ijro etgan. Albatta, bunda ssenariynavislar, rejissyor va operatorning mehnati katta.

Abdullajon katta boʻlgan oilaviy muhit, ota-onasi, akasi va opa-singillari, oʻqituvchi-yu, hatto redaksiyadan yuborilgan maktublar qahramonimizning topqir, uddaburon, kitobsevar va oʻta qiziquvchan xarakterini toʻlaqonli yoritishga xizmat qiladi. Singlisiga alifboni oʻrgatgan, dala dashtda qoʻlidan kitob tushmagan Abdullaning chaqnagan koʻzlaridagi nur tomoshabin qalbini yoritib yuboradi. Ajoyib lavhalar.
Lekin, yigit yoshiga yetib, kamolot bosqichiga koʻtarilgan Abdulla Oripov qiyofasida oʻsha bolalik olovining uchquni ham qolmagani, qiziq... Mudom tushkun kayfiyatda yurgan, kamgap ekrandagi Oripovdan asl Abdulla Oripov anchayin farq qilgan, albatta...
Ssenariyning boshlangʻich syujetlari qogʻozga tushganida mualliflar aniq bir gʻoyani – bosh qahramon shaxs va shoir sifatida shakllangan, ijod etgan muhitni haqqoniy ifodalash maqsadini qoʻyganlar. Eʼtibor berilsa, “Stalin”, “Moskva”, “Kreml devorlari” sheʼrlarini yozgan bola – Abdullajon bilan “Jadidlar naqadar haq boʻlishgan”, deya Choʻlponning “Kishan kiyma” sheʼrini bilgan, oʻqiganlar ruhiy tarbiyasi orasida katta farq borligi seziladi.
– Kreml devorlarini oʻzing koʻrganmisan?
– Yoʻq...
– Bundan buyon koʻrmagan narsangni yozma bolam, yozma...
Yonib turgan bola koʻzlari yerga qadaldi. Kattalar choʻchigani roʻy bergani rost – bola ruhi kommunistik gʻoya bilan toʻyintirilgan edi. Haqiqatan ham, bir asr ichida kamida toʻrt-besh bora otalar va bolalar, ustoz va shogird, oʻqituvchi va oʻquvchi orasida maslaklar xilma-xilligi paydo boʻldi. Qadimchilar va jadidlar, bolsheviklar va bosmachilar, 37- lar va 60- lar, sovetchilar va mustaqilchilar... Ular orasida yaratilgan devor sunʼiy boʻlgani bilan mustahkam va pishiq edi. Oqibati maʼlum...

Bastakor Muinzodaning musiqasi hikoya etilayotgan makon va zamonga mos qahramonning ruhiyatini chiroyli ohanglarda ifodalaydi. Bolalikdagi shoʻx, zuvalasi pishiq, chechan Abdullajonning orzularga limmo lim chehrasi, harakatlari, onasining mehrli tafti nafis kuyga yoʻgʻrilgan... Yigit yoshida poytaxtga oʻqishga kelib “yuksak parvozlarni” koʻzlagan qahramonimizning dil quvonchlarini ifodalagan musiqa 60- yillarda mashhur boʻlgan “Mahallada duv-duv gap” filmi notalarini eslatadi. Va, bu qalbi muhabbatga toʻla oʻzbek yigitining quvonchlari, umidlarini aks ettirgan tanish notalar bir Abdullaning emas, Begali Qosimov, Shukur Xolmirzaev, qolaversa, ustoz Ozod Sharofiddinov kabi oʻzbek ziyolilarining koʻngil kechinmalarini oʻzida jamlagan ohanglardir. Inkor etolmaymiz, davr shunday edi. Davr kelajakdan umidlar kutgan, kommunizm quruvchisi boʻlishga oshiqqanlar, buni qurayapmiz, deb oʻylaganlar davri edi. Toʻqchilik, toʻkinchilik davri edi-yu, dilda armon bor edi. Bu armonning eng ogʻiri – paxtakor oʻzbekning dardi edi. Bu dard sheʼriy satrlarga koʻchganda, koʻziga yosh olmagan oʻquvchi yoʻq edi:
...Mening ona xalqim ey qadim halol,
Rizqi ona yerga sepilgan xalqim.
Ushoq chigitni ham etmay, deb uvol
Million egatlarga egilgan xalqim.
Bir nafas boshingni koʻtargin-u, boq
Yer yuzida ajib viqor va nufuz.
Sening oʻzing kabi oʻychan va quvnoq,
Xushfeʼl boʻlib kelmish tuprogʻingga kuz...
Paxta planini toʻldirish uchun yettidan yetmishgacha paxta dalasiga chiqqan, koʻsagigacha qoldirmay paxta tergan bolalar, ayollar, momolar, bobolar qiyofasi ekrandan Sizga mungʻayib termuladi. Oʻzbek xalqi uchun kuz – bu paxta dalasida qaynagan mehnat boʻlgan davrlarda yozilgan mazkur satrlar yozuvchi Shukur Xolmirzaevni yigʻlatganiga ishonasiz. Rejissyor xalq va shoir dardi uygʻun boʻlganini mazkur sheʼrning tasviriy ifodasiga singdirib yuboradi.

Kinoijodkorlar Abdulla Oripov ungan muhitni, shoir sifatida shakllangan adabiy davrani, uni qoʻllab quvvatlagan ustozlari va doʻstlari obrazini filmda qisman yoritganlar. Lekin, shu yerda ssenariy yozilish davrida qoʻyilgan boshlangʻich maqsaddan keskin ogʻish boshlangan. Muvozanat buzilgan. Bunga sabab - birinchidan, bosh rol ijrochisini holatga olib kirish, film voqeligida yashatish rejissyor uchun ancha qiyinchilik tugʻdirgan. Ikkinchidan, soʻzimiz boshida aytganimizdek, filmda tarixiy haqiqat tamoyili asosida emas, badiiylik tamoyillari bilan oʻziga xos Abdulla Oripov obrazi yaratilgan. Bu obraz – suratida dard zohir chehra, xolos. Qalb oʻkinchlari, ijod mashaqqati, har bir soʻz ustida uzoq oʻylash va pirovardida, qon va terdan hosil boʻlgan ijod mahsulini Oʻzbekiston xalq shoiri boʻlgan Abdulla Oripov obrazi yaratilgan filmda koʻrmadik. Nega?
Nazarimizda, ijodkorlarga shoirni shoir qilgan adabiy muhitdan atayin ajratib koʻrsatish koʻrsatmasi berilgandek. Yana bilmadik, lekin shunisi maʼlumki, pishib yetilmagan ssenariy ishlab chiqarishga tushirilgan. Ehtimol, vaqt oz boʻlgandir. Ehtimol, rejissyorni shoshirishgandir. Nima boʻlganda ham, biz bilgan, biz sevgan A.Oripov siymosi, ijodi, oʻziga xos yumori, oʻtkir soʻzi bu asarda yetarli emas.
Abdulla Oripov haqida hujjatli filmlar yaratilgan. Bu inson tom maʼnoda xalqning sevimli shoiri edi. Nafaqat xalqning, davlat arboblarining ham hamisha eʼtiborida boʻlgan ijodkor edi. Aynan, mavjud hujjatli filmlardan farqli oʻlaroq, bu filmda shoirni muntazam qiynagan fikrlar, ijod jarayonida oʻz-oʻzini taftish etishi, ruhiy kechinmalari bilan yolgʻiz qolishini badiiy ifodalash va bu bilan, ehtimol butun sovet shoirlari, ijod ahlini muntazam qiynagan holat aks etmagan. Berilgan imkoniyatdan toʻliq foydalanilmagan. Aksincha, shoir adabiy muhitdan uzib olingan. Axir, Navroʻzga qarshi propagandada yolgʻiz A.Oripov emasdir, bu propagandani yoqlashga majbur etilgan? Yoki, yolgʻiz Oripovgagina tazyiqlar, qarshiliklar, “aql oʻrgatishlar” boʻlmagandir? Taʼkidlashga majburmizki, ijodkorni oʻzi shakllangan va oʻzi suyangan muhitdan uzib olib, “yagona qahramon” darajasida namoyish etish kechagi sovet kinolariga xos urf edi. Barcha ssenariylar “markaz” tasdiqlagan imzoga muhtoj boʻlardi. Buni yaxshi bilgan, sukut va sabr bilan yaxshi kunlar kelishini kutib yashagan tomoshabin uchun mustaqillik davri filmlarida “orttirilmagan”, “boʻrttirilmagan”, “toʻqilmagan” haqiqiy filmlarni koʻrish davri kelganiga koʻp boʻldi, nazarimizda.

“Abdulla Oripov” filmi goʻyo, xalq shoirini qandaydir oqlab berish majburiyatini bajarishi kerakdek, uning mazmuniga kiritilgan syujetlarda “Yumaloq xat mojarosi”, “Navroʻz”, “Sunnat toʻyi”, “Intervyu”, “Tergov” mavzulariga katta urgʻu berilgan. Shoirni xalq shoiri sifatida elga suyumli boʻlgan asarlari, mashhur qoʻshiqlari, dostonlari-yu, tarjimalari xususida soʻz yuritilmagan. Balki, bu film Abdulla Oripov ijodini va davrini yaxshi bilganlar uchun yaratilgandir, degan “oqlov” ham mos kelmayaptiki, uning hamfikr doʻstlari, davrning achchiq chuchugini tatigan dardkashlari, yaxshi-yomon kunida yelkadosh boʻlgan oilasi kadr ortida qolgan.
Filmda aks etgan “Birinchi kitob”, “Favqulodda mashhurlik”, “Abdullaning muhabbati”, “Onaning oʻlimi”, “Toʻy” kabi lavhalar shoirning yoshlik damlari bilan bogʻliq. Tomoshabin sifatida oila muhiti, farzandlar bilan bogʻliq quvonch va tashvishlar barobarida biqiq ijodiy davr muhitida shoir qalbidan potirlab chiqqan nurli, xalqchil misralarning tugʻilish damlariga guvoh boʻlishga, ijod jarayonini his etishga katta ehtiyoj tuydik. Albatta, eʼtiroz tugʻilishi mumkin – shoirning butun hayotini 120 daqiqada koʻrsatish imkonsiz... Lekin, poeziya kuychisi boʻlgan mashhur oʻzbek shoiri hayoti haqida film yaratishga jazm etilgan va bu qaror davlat tomonidan qoʻllab quvvatlangan ekan, kinoasarni ham poetik drama, psixologik drama uslubida suratga olishga harakat qilinsa, muvaffaqiyat sunʼiy boʻlmasmidi? Rejissyor M.Erkinovning rejissyor sifatidagi “pocherki” filmning boshlangʻich epizodlaridagina koʻrinadi. Davomida esa hujjatli-badiiy film uslubida televizion film yaratilgandek. Kezi kelganda, qayd etish kerakki, oxirgi paytlarda oʻzbek kinosida hujjatli filmlarni “igrovoy” syujetlarlarga asoslangan holda yaratish koʻpaydi. “Abdulla Oripov” badiiy filmi esa badiiy-hujjatli uslubdagi yangicha bir yoʻnalishga poydevor qoʻyibdi. Shuning uchun ham majoziy maʼnolarga yoʻgʻrilgan kadrlar bu filmda, yoʻq hisobi. Hatto, xalqimizning eng sevimli sheʼrlaridan “Munojotni tinglab” sheʼri ham axborot tarzida oʻqib berildi. “Amerikadagi hayot” syujetidan ham bosh qahramon xotiralarini jonlantirish uchungina foydalanilgan. Lekin, yana umr kechirish uchun, hayot uchun kurashayotgan bemor inson holatining badiiy ifodasi ssenariyda aks etmaganligi bois, asosan bir nuqtaga tikilgancha oʻy surayotgan xalq shoirining yirik plani koʻrsatiladi, xolos. OTAni saqlab qolishga uringan OILA muhiti bu yerda ham axborot koʻrinishida ifodalangan.

Aslida, “Sharq yulduzi” jurnaliga berilgan intervyuda dildagi istigʻforini aytgan Abdulla Oripovning “Nima qilay, shu davrda yashayapman, shu davrning bozoriga chiqaman, shu joyning mozoriga koʻmilaman”, degan soʻzlari filmning oʻq tomiri boʻlishi mumkinmidi...
Har bir mahoratli ijodkor biror asariga soʻnggi nuqtani qoʻyib, keng jamoatchilikka taqdim etar ekan, har qancha olqishlar yoki tanqidlar boʻlmasin, asarining nimasi muvaffaqiyatli-ku, nimasi haminqadar ekanligini yaxshi biladi. Ayovsiz savalashlar oʻrinlimi yoki jimjimador maqtovlar ortiqchami, buni ham uning oʻzi yaxshi tushunadi. Bu maʼnoda, rejissyor M.Erkinov soʻz yuritilayotgan filmi toʻgʻrisida bor haqiqatni yaxshi anglab turibdi, nazarimizda. Oʻzbek kinosining kelgusi rivoji koʻplab rejissyorlar qatorida M.Erkinov nomi bilan bogʻliq ekan, keyingi ijodiy jarayonlarda rejissyordan, avvalo ssenariyga, oʻziga va oʻzi boshchilik qiladigan ijodiy guruhiga, qolaversa buyurtmachilarga nisbatan talabchan boʻlishini tilab qolamiz. Zotan, filmga ketgan katta mablag‘ davlat tomonidan qoplangani bilan, bu mablag‘ jamgʻariladigan manba xalqning – isteʼmolchi tomoshabinning peshona terlari toʻkilgan xazinadir.
Shohida EShONBOBOEVA.
Oyina.uz