Har qanday badiiy asar, eng avvalo, individual hodisa. Bu individuallik kattaroq nasriy asarlarda yaqqol koʻrinadi. Sheʼrda esa uning oʻziga xos ruhiy holati, ilk marta ishlatilayotgan tashbehlar, koʻchimlar, metaforalar, obrazlar, detal va tafsilotlar – faqat oʻsha shoirgagina tegishli boʻlgan alohidalikni koʻrsatib turadi. Shoir shu xalqning tilida, shu xalqning qadriyatlari asosida, shu xalqning ilmi va donoligiga tayanib anʼanaviy sheʼriyatni davom ettirar ekan, shu anʼanaviylik doirasida oʻzining individual tashbehlari, metaforalarini yaratadi.

Osima – Abduvali Qutbiddinning oʻzbek sheʼriyatiga olib kirgan individual badiiy topilmalaridan biri:

Sendan koʻrgan kunim, Osima,

Sendan neki topgan boʻlsam, tasalli.

Bir qoshiq qonimdan kechgan gulxayri

Oʻzingsan, jabrimga

Sabring masalliq.

Gʻamzada shahrimda quyoshim oʻzing,

Ivirsib qoqilsam, sen koʻtarguvchim.

Qoʻynimda avaylab yurgan yulduzim,

Osimam,

Holim bilguvchim.

Sheʼrning birinchi bandida murojaat bor. Xuddi shoir kimgadir murojaat qilayotgandek. Ikkinchi bandda ham Osima bilan bogʻliq holat garchi izohlovchi-izohlanmish munosabatiga oʻxshasa-da, shoir bu yoʻlni tutmaydi. Yaʼni, holatni “Osimam – holim bilguvchim” shaklida bermaydi. Bu yerda ham murojaat qiladi.

Zamonaviy sheʼriyatimizda murojaatga qurilgan sheʼrlar koʻp. “Koʻngil, sen bunchalar nega, / Kishanlar birla doʻstlashding?” (Choʻlpon), “Yurak, sensan mening sozim” (U.Nosir), “Qachon xalq boʻlasan, sen, ey olomon?” (A.Oripov), “Qolgan boʻlsa biror zil tosh, / Bolam, kuchim yetmagandir...” (U.Azim), “Oʻtinchim tepamda yigʻlama uzoq, / Lola, lolajonim, lolaqizgʻaldoq” (M.Yusuf) kabi satrlardagi murojaatlar shu sheʼr doirasida aytiladi va aksariyat hollarda boshqa sheʼrlarda takrorlanmaydi. Abduvali Qutbiddining “Osima”ga murojaati esa bir necha oʻnlab sheʼrlarida takror kelaveradi. Ushbu murojaatlarda baʼzan umid, baʼzan taskin ilinji, baʼzi hollarda esa toʻgʻridan toʻgʻri ayol kishiga qarata aytilishi (ismga yaqin) holatlari ham uchraydi:

Osima!

Bizga yot tevarak — chovut,

Atrof qisirlaydi.

Qisadi — panja,

Yupunsan, kiygali sovuting yoʻqmi,

 Jirkanchdir iskanja.

Bu yerda Osimaga murojaat bilan birgalikda bir butunlikni his qilish holati ham bor: tevarak – chovut “senga yot...” emas, “bizga yot...”. Shoir oʻzini ham Osimaning yonida ifoda qilyapti. Shu bilan birga, Osimani asrash, uni “jirkanch iskanja”dan ehtiyot qilish istagi ham bor.

Osima!

Tovoning qoni oqdimi,

Shimirgan maysaning rangi alvondir.

Ranjlisan. Bekinsang yupanching yoʻqmi?

Burdsiz zamondir.

Yana Osimani ehtiyotlash, avaylash, erkalash holati davom etyapti. Lirik qahramon va u murojaat qilayotgan obraz bilan bir butunlik hosil qilinganini hisobga olsak, bu yerda koʻngilning ismi – Osima. Mazkur sheʼrda koʻngil metaforik holatda Osimaga aylanib ketyapti.

Osima – shoir yaratgan ideal obraz. Oʻsha ideal obraz faqat uninggina xayollarida, demakki, uninggina sheʼrlarida mavjud. Bu yerda shoir va u yaratgan ideal obraz bir butunlikni hosil qiladi, deganimizning sababi ham shunda. Mana shu yerda Osima obraziga yuklangan sirning jilvalari koʻrina boshlaydi. Ideal obraz, metaforik holatda anʼanaviylikdan chiqib, toʻla individuallikka oʻtadi. Inson tafakkuridagi voqelikning estetik idealga aylanish jarayoni individual metafora sifatida boʻy koʻrsatyapti.

Osima orqali Abduvali Qutbiddin oʻz idealini yaratmoqchi boʻlgan, desak, bu ideal faqatgina shoirning emas, tildan tilga, qondan qonga, nasldan naslga oʻtib kelayotgan mezonlarning umumlashgan ifodasi deyish mumkin. Bu ifodani esa shoir umumlashtirgan. Uning individualligi aynan mana shu yerda.

Koʻzimdan oʻpib qoʻy, Osima!

Senga olma bergum magʻz-magʻzi oltin.

Tishlasang, tishlaring hammasi tilla,

Lablaring yolqin…

Bu yerda ham Osima – undalma. Ikkinchi satr esa ushbu undalmaning metaforik holatda kelayotganini bildiradi: “Senga olma bergum magʻz-magʻzi oltin”. Adabiyotda oshiqning maʼshuqaga olma tutishi holati koʻp uchraydi. Sheʼrda aytilayotgan olma esa oddiy olma emas, uning “magʻz-magʻzi oltin”. Aynan Odam Atoning Momo Havvoga meva tutishi tasviri badiiy adabiyotda u yoki bu holatda koʻp takrorlanadi. Ana shu meva tutish holatining badiiy adabiyotda olmaga yoʻgʻrilib ketganini hisobga olsak, oʻzbek xalq qoʻshiqlaridagi olma turlicha ramziy maʼnolarni – muhabbat, sevgi izhori, ana shu izhordagi ishonchni ifodalab kelishi ham tabiiy tasavvur hosil qiladi.

Yuqoridagi murojaatda Osima metaforasida Momo Havvoga nisbat berilishi bilan mazmun yana-da teranlashadi. Ammo Momo Havvo – bu mumtoz adabiyotda ham, zamonaviy sheʼriyatda ham takror-takror gavdalanadigan obraz, timsol. Biroq Osima timsol boʻla oladimi? Agar shu mohiyatdan kelib chiqilsa, bir obrazning boshqa bir obrazga oʻxshatilishi ham metaforani hosil qiladi. Momo Havvo metaforik holatda Osimaga koʻchyapti. Yaʼni bu timsol metafora boʻlib Osimaga aylanyapti.

Osima Abduvali Qutbiddinning oʻnlab sheʼrlarida takror kelaveradi, dedik. Takrorning ham alohida xususiyati shundaki, Osima orqali boshqa ayollarga, boshqa obrazlarga murojaat yoʻq. Biror bir joyda Osimaning taʼrifi ham keltirilmaydi. U Abduvali Qutbiddinga xos boʻlgan siqiq metaforali sheʼrlarning ichida oʻzi ham metaforik holatda boʻy koʻrsatadi. Osima orqali boshqa ayollarga, boshqa obrazlarga murojaat yoʻq, deganda toʻgʻridan toʻgʻri murojaatni nazarda tutyapmiz. Garchi ushbu obraz qatnashgan baʼzi sheʼrlarda xuddiki ayol kishining ismi aytilib, unga murojaat qilinganday koʻrinsa-da, sheʼrning mohiyati mazkur maishiylikdan ancha balandda ekanligi koʻrinadi. Masalan:

Sendan qafas hidi ufurar nechun?

Sendan chirqillaydi qaygʻu, vahima.

Agar jonim kerak boʻlsa, ola qol,

Faqat,

Yigʻlama, Osima...

“Sendan qafas hidi ufurar nechun?” – bu odatda insonga beriladigan nisbat emas. Bu yerda aytilayotgan qafas hidi ufuradigan narsa nima yoki u qanday obyekt? Oʻzi qafasning hidi qanday boʻladi? Qafas hidi – bu yerda ramziy holatda. Tutqunlik, asirlikning qafas hidi shaklida ifodalanishi keyingi satrga yoʻl ochadi: “Sendan chirqillaydi qaygʻu, vahima”. Tutqunlik, qafasdan hadik qaygʻuni, vahimani yetaklab kelyapti. Koʻngilda ozodlikka, erkinlikka tashnalik bor. Shu tashnalik qafasni, tutqunlikni, qaygʻuni rad qilyapti. Ana shunday tashbehlardan keyingi bandning soʻngi misralarini insonga nisbatan aytilayotgan gap deyishi mushkul:

Agar jonim kerak boʻlsa, ola qol,

Faqat,

Yigʻlama, Osima...

Yigʻlash insonga xos xislat boʻlsa-da, Osima, deya insonga murojaat etilmayotganiga amin boʻlamiz. Sheʼrning keyingi bandi bu fikrni ham rad etadi:

Yetti gul husningni tomosha qilsin,

Yetti qush seni deb cheksin dard-u gʻam.

Tila tilagingni, koʻzim koʻr boʻlsin,

Faqat,

Yigʻlama, Osima.

Ushbu bandni toʻliq ayolga taʼrif, uni eʼzozlash, qadrini baland koʻtarish, deb ayta olamiz. Sheʼrning keyingi bandlarida ham ushbu holat qisman boʻlsa-da, davom etadi. Ammo soʻnggi bandda yana koʻngilga, ruhga murojaat tasvirlanadi:

Dunyoning boshi nur, oxiri gʻorat —

Tushga borayapmiz, qoʻlda gulsavat,

Men unga tush va baxt solaman gʻalat,

Yigʻlama, Osima!

Faqat...

Qoʻlda gulsavat bilan tushga borayotgan, ana shu gulsavatning oʻziga ham tush va baxt solingan holat. Dunyoning boshi va oxiri haqidagi tasavvurlar, tush va hush haqidagi tasvirlar Osimaning insonga nisbatan munosabat emasligini koʻrsatadi. Shoirning “Ushmundoq” sheʼridagi holat haqida ham ayolga nisbat berilayotganini aytish mumkin, biroq bu – yuzaki qarash. Xususan, sheʼrning quyidagi bandiga eʼtibor qaratamiz:

Osima,

Alarga koʻp ham inonma,

Ular qush koʻmganlar xiyobonlarga.

Qumlari zarlangan

Boʻlsa ham bordir,

Lek harom oʻrmalar tovonlarida…

Ushbu satrlarda garchi gap “xiyobonlarga qush koʻmgan”, “tovonlarida harom oʻrmalagan”lar haqida ketayotgan boʻlsa-da, “ularga inonma”, – deya insonga murojaat qilinayotgandek tuyiladi.

Osima,

Sen haqsan,

Men tugab botdim,

Bu qissa soʻngida, shudir qasida.

Goʻzal borligʻimni maydalab sotdim,

Yoʻgʻimni qaytardim

Oʻz egasiga…

Murojaat etilayotgan obrazga nisbatan: “Sen haqsan”, – deyilishi bilan ikki inson oʻrtasida dialog boʻlgani, nimalarnidir gaplashgani, bu suhbatda qandaydir eʼtirozlar boʻlganligi anglashiladi. Ushbu banddagi “qissa soʻngi”, “borligʻini maydalab sotish”, “yoʻgʻini Oʻz egasiga qaytarish” holatlari ham insonning turli vaziyatlarini koʻrsatib beradi. Bu tasavvurlar esa oʻquvchini yana sheʼrning boshiga qaytishga majbur qiladi:

Osima,

Ne qilay koʻnglim ushmundoq,

Bir cheti osmon-u, bir cheti tuproq

deb boshlangan sheʼr insonning moddiy va taʼbir joiz boʻlsa, maishiy tasavvurlaridan ancha baland ekanini koʻrsatib turadi.

Shu oʻrinda Osima ismining lugʻaviy maʼnosini ham keltirib oʻtish joiz. Manbalarda bu soʻzning maʼnosi “qoʻriqlangan, himoyaga olingan” yoki “iffatli” tarzida keltirilgan. Demakki, ismning oʻzida ham birmuncha mavhumlik bor. Ushbu obraz qatnashgan har bitta sheʼrda unga maʼlum bir yuk yuklanadi. Sir mana shu yerda ochila boshlaydi:

Ichikdim. Sogʻindim seni, shekilli,

Tongim rangi sariq, xasta kunduzim.

Ihrab quyosh chiqar, oʻqchib oy shoʻrlik,

Osima —

Sen kimning qizi!

Nega shoir dastlabki uchta satrda oʻzining ogʻir ruhiy holatini tasvirlayapti-yu, soʻng birdan Osimaga murojaat qilyapti? Murojaat qilganda ham, oʻsha ogʻir ruhiy holatga bogʻliq holatda emas, “Osima – sen kimning qizi?”, – deyapti. Sariq tongda, xasta kunduzda yashayotgan, quyoshlari ihrab, oylari oʻqchib chiqadigan olamdagi ruhiy holatda bandning soʻnggi satrlaridagi savol qanchalik oʻrinli? Bu savollarga javob topish uchun sheʼrning davomini ham koʻrish kerak:

Koʻrpaga burkansam, koʻrpa ilvirar,

Yostiqqa yopishsam, ilvirar yostiq.

Oʻy menga sigʻmaydi, uy menga sigʻmas,

bosiriq — bosiriq…

Zirillar borligʻim yursam, yoʻl koʻnmas,

Qoyaga tirmashsam, puchmayar qoya.

Qargʻasam, qargʻishim duoga oʻxshar,

voooya…

Osima – qismat izmidan chiqolmagan, ammo koʻngil maylidan ham umid uzmagan, ham odamdek gunohkor va zabun, ham malaklardek xayoliy bir obraz. Shoirning ruhiy holati banddan bandga, satrdan satrga mavhumlashib, taʼbir joiz boʻlsa, ogʻirlashib boraveradi. Sheʼrdagi zich metaforalarni bemalol tahlil qilish mumkin. Biroq birgina Osima metaforasini izohlash uchun shuning oʻzi ham yetarli.

Ichikdim. Sogʻindim seni, shekilli,

Xoʻrligim keltirar gʻalati gina.

Nimaga odamlar shod, hurram, mamnun,

Bizlar odammasmi,

Osima?!

Aynan ana shu soʻnggi satrda Osimaning kimligi bir qadar anglashilgandek. Birinchi banddagi “Osima – sen kimning qizi?” soʻrogʻi birgina bu sheʼrga tegishli emas. Umuman, boshqa sheʼrlardagi osimalarning mohiyati anglanadi bu yerda. Ilviragan koʻrpa, ilviragan yostiq, oʻyga ham, uyga ham sigʻmayotgan oshiq holati. Hatto qargʻishi ham duoga yoʻgʻrilib ketadigan oshiqning Osimaga munosabati shu yerda yana-da ochiqlanadi. “Bizlar odammasmi, / Osima?!”. Oshiq ham, maʼshuqa ham hech kimga oʻxshamaydi, ular bu yerning odami emas.

Osima – xayolning bir chetida uzoq yillar miltillab turgan tuygʻularning surati. Yoki oʻsha tuygʻular siyratning suratlanishi. Osima – Abduvali Qutbiddin sheʼrlari doirasida ramziy maʼno kasb etayotgan, timsoliy mazmunga yoʻgʻrilib borayotgan metaforik obraz.

Folklorshunos olim Shomirza Turdimov adabiyotdagi biror bir oʻxshatish timsoliy mazmun kasb etishi uchun quyidagi bosqichlarni oʻtishi lozimligini aytadi:

     oʻxshatish      metofra       ramz        timsol    inkor/tadsiq

Bu yerda obraz avval oʻxshatish boʻlib kelishi koʻrinyapti. Yaʼni “-dek”, “-day” qoʻshimchalari, “kabi”, “singari” soʻzlari bilan qoʻshilib, oʻxshatuvchi soʻz oʻxshatilmishning maʼlum bir xususiyatlarini aks ettiradi. Soʻngra oʻxshatuvchi va oʻxshatilmish soʻzlari yaxlitlanib, matnda oʻxshatuvchi soʻzning oʻzi qoladi va u metafora (istiora)ga aylanadi. Metafora esa bora-bora matn talabi yoki jarayon zaruratidan kelib chiqib, ramz sifatida koʻrsatiladi. Ramz esa vaqtlar oʻtib timsol darajasiga koʻtariladi.

Hozircha Osimani Abduvali Qutbiddin sheʼrlari doirasidagi (individual) timsol deya olmaymiz. Chunki timsol darajasiga borish uchun u, avvalo, ramziy maʼno kasb etishi kerak. Ramz boʻlishi uchun esa avval metaforik holatda boʻlishi lozim. Osima metaforik holatni ushbu obraz qatnashgan har bitta sheʼri doirasida oʻtab boʻlgan. Yaʼni oʻsha sheʼrlarning har birida mazkur obrazga u yoki bu mazmun yuklangan. Umumiy holatda olib qarasak, Osima – umid, taskin va orzuning yaxlit ifodasi. Bu ifodani bir nechta oʻxshatishlarga asoslangan, oʻsha oʻxshatishlar yaxlitlangan metaforik obraz deyish mumkin.

 Xoʻsh, u qachon ramzga, qachon timsolga aylanadi? Aslini olganda, u ramzga, timsolga aylanadimi? Aylanishi kerakmi? Yoki sheʼr doirasida qolishining oʻzi yetarlimi?

Shu oʻrinda yana Sh.Turdimov keltirgan misolga tayanamiz. Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” asaridagi Joʻlomon dastlab asar doirasidagi badiiy qahramon edi. Asar voqealari jarayonida u manqurtga aylantirildi. Bora-bora manqurt obrazi asardan tashqariga ham chiqa boshladi. “Asrga tatigulik kun”dagi manqurt endi faqatgina shu asar doirasida emas, badiiy adabiyotning boshqa namunalarida ham uchray boshladi, soʻzlashuvlarda tilga olinadigan boʻldi. Shu tariqa bora-bora ramzga aylandi. Xuddi shunday Farhod, Shirin, Layli, Majnun obrazlari ham yillar oʻtib-oʻtib timsol darajasiga chiqqan obrazlardir. Hatto Alisher Navoiyning oʻzi ham Layli yoki Majnun obrazini timsol sifatida ishlatgani koʻrinadi. Chunki bu obrazlar Navoiyga qadar ham timsol boʻlib boʻlgan edi.

Endi Osimaning ramz va timsol borasidagi taqdiriga keladigan boʻlsak, bu jarayonni mazkur obrazning vaqt oʻtib matn doirasidan chiqishi belgilaydi. Xuddi Joʻlomon, Nayman ona, Layli, Shirin kabi. Oʻshanda Osimani faqatgina Abduvali Qutbiddin sheʼrlari doirasida emas, umumiy mazmundagi ramz yoki timsol desak boʻladi. Hozircha u individual metafora.

Matn doirasidan chiqishi nima? Bu degani Osima obrazi faqatgina Abduvali Qutbiddin sheʼrlarida qolib ketmasligini anglatadi. Albatta bu oson emas. Chunki keyingi shoirlar orasidan kimdir bu obrazni ishlatadigan boʻlsa, kamida A.Qutbiddin darajasiga olib chiqishi kerak boʻladi. Boʻlmasa, oʻzining individul topilmalarini yaratgani maʼqul. Ammo sanʼattalab, adabiyottalab, sheʼrtalab bu xalq ichidan Abduvali Qutbiddinday butun shiorlar chiqqan ekan, Osimani oʻsha darajaga olib chiqa oladigan shoirlar yana chiqishi ham tabiiydir.

Dadaxon MUHAMMADIYEV,

filologiya fanlari boʻyicha

falsafa doktori