Avval xabar berilganidek, Ulug‘ mutafakkir bobomiz Abu Rayhon Beruniy tavalludiga 1050 yil toʻlishi munosabati bilan oʻtkazilayotgan “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi oʻrni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning birinchi kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlib oʻtmoqda.
Dastavval xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada qatnashish uchun Turkiya, Hindiston, Eron, Ozarboyjon, Tojikiston, Pokiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya va Afgʻoniston mamlakatlaridan tashrif buyurgan mehmonlar Nukus xalqaro aeroportida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining raisi oʻrinbosari R.Tashrifbayev tomonidan kutib olindi.


Soʻngra konferensiya ishtirokchilari uchun I.V.Savitiskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston sanʼat muzeyiga sayohat tashkillashtirildi.
.jpg)
.jpg)

Keyingi navbatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining raisi Amanbay Oʻrinbaev “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi oʻrni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi ishtrokchilarini Beruniy tumanida tantanali kutib oldi hamda ulug‘ mutafakkir bobomizning haykali poyiga gulchambarlar qoʻyildi.

Pokiston Respublikasidan kelgan olim Imran Parvez Xon konferensiya oldidan oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi:
“Bu mening Qoraqalpogʻistonga birinchi safarim. Tan olish kerak, konferensiya oʻtkazish gʻoyasi juda ajoyib va men tashkiliy ishlardan juda mamnun boʻldim. Shaxsan oʻzim Abu Rayhon Beruniyning matematika va kartografiyaga oid ilmiy qarashlarini oʻrganganman va konferensiyada shu yoʻnalishdagi maʼruzam bilan ishtirok etayapman. Oʻylaymanki, bu konferensiya musulmon davlatlaridan kelgan koʻplab olimlar uchun oʻzaro fikr almashish maydoni boʻlib xizmat qilmoqda.”
Shundan soʻng, konferensiya qatnashchilari ishtirokida yetuk ensiklopedistning ramziy qabri ziyorat qilindi.
.jpg)

Ehtirom marosimlari yakunlangach, anjuman qatnashchilari Beruniy tumani Madaniyat saroyga toʻplandilar. Bu yerda xalq kuy-qoʻshiqlari ijro etildi hamda milliy urf-odat va anʼanalarimizdan namunalar namoyish etildi.


Nihoyat kunning ikkinchi yarmida konferensiya rasman oʻzi ishini boshladi. Maʼlumot uchun, bu ilmiy-amaliy konferensiya “Abu Rayhon Beruniyning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi”, “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosida amaliy fanlarning oʻrni”, “Abu Rayhon Beruniy va ijtimoiy-gumanitar fanlar”, “Abu Rayhon Beruniy asarlaridagi dinshunoslik va falsafa masalalari” kabi toʻrtta shoʻbaga boʻlingan, jami 46 ta ilmiy maqolalar tinglanadi.
Aminmizki, bu keng qamrovdagi ilmiy izlanishlar buyuk bobokalonimiz Beruniy ilmiy merosini yanada boyitishga xizmat qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi, tarix fanlari doktori, professor Abduhalil Mavrulov bilan aytganda, biz hozir buyuk ajdodimizning X asr oldin yaratgan asarlari bila gʻururlanib oʻtiribmiz… Xoʻsh, XXV-XXX asrlardagi avlodlarimiz XX asrda yaratilgan qanday asarlar bilan gʻururlanadi? Bu konferensiya mana shu savollarga javob qidirishni oʻrgatadi.
Dastur boʻyicha taassurotlarga boy kunning soʻngida hamma mehmonlar “Aktyabr” amfiteatriga toʻplanishdi va bu yerda “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostidagi konsert dasturi boʻlib oʻtdi.

Maʼlumot uchun, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning ikkinchi kuni Xorazm viloyatida davom etadi.