Oyina.uz portali oʻzbekning 100 ziyolisidan “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiyasini berishda davom etadi. Loyihaning 88-ishtirokchisi filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), professor, Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti direktori Olimjon Davlatov “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi:
1. Abulqosim Firdavsiy, “Shohnoma” asari;
2. Alisher Navoiyning barcha asarlari;
3. Hofiz Sheroziy gʻazallari;
4. Ibn Xaldun, “Muqaddima” kitobi;
5. Jaloliddin Rumiy, “Maʼnaviy masnaviy” asari;
6. Lev Tolstoy, “Anna Karenina” romani;
7. Anton Chexov, “Hikoyalar”;
8. Xayriddin Sulton, “Yaldo kechasi” kitobi;
9. Jek London, “Martin Iden” romani;
10. Saʼdiy Sheroziy, “Guliston” asari.
Olimjon Davlatov 1976-yil Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanida tugʻilgan. 1998-yil Toshkent Davlat universiteti (Hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) Sharqshunoslik fakultetini tamomlagan. 1999 – 2002-yillar davomida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti (hozirgi universitet) aspiranturasida tahsil olgan.
Alisher Navoiyning 4 jildli “Xazoyin ul-maoniy” kulliyoti (2011), Hofiz Sheroziyning “Devon”i (2012)ni lugʻat va izohlari, “Nasoyim ul-muhabbat” (2015) tazkirasini hozirgi oʻzbek adabiy tili meʼyorlariga muvofiqlashtirib, nashr ettirgan. Shuningdek, adabiyotshunoslikka oid 20 dan ortiq asarlari chop etilgan. Jumladan, Alisher Navoiyning bir qancha asarlarini lugʻat va izohlar bilan qayta nashrga tayyorlagan. Gʻazallarga sharhlar, qomusiy lugʻat, monografiya hamda oliy taʼlim muassasalari uchun darsliklar muallifi.
Tarjimalari:
Muhammad Xomanaiy, “Alloma Sadriddin Sheroziy” (2004);
Murtazo Mutahhariy, “Hofiz va irfon” (2006);
Lui Massinon, “Mansur Halloj” (2010);
Aziziddin Nasafiy, Komil inson kitobi / Tarjimonlar: N.Komilov, O.Davlatov.
Kitoblari qirgʻiz, turk va ozarbayjon tillariga tarjima qilingan.
“Birinchi avgust” badiiy filmi, “Abdurahmon Jomiy”, “Oʻzbekiston – Islom sivilizatsiyasi poytaxti” hujjatli filmlari ssenariy muallifi. “Milliy qadriyatlar atlasi”, “Yangi Oʻzbekiston – yagona maʼnaviy makon” kitoblarining hammuallifi.
“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.