Arzon tashviqot, gʻoʻr inkor
Sharqni ulugʻlash bahonasida Gʻarb adabiyotini, madaniyatini yerga uradiganlarga, “Soʻfi Olloyor oldida Tolstoy kim boʻpti?”, “Mashrab kim-u Kamyu kim?” qabilidagi joʻn taqqoslarga koʻp duch kelamiz. Donishmand Sharq bunaqa arzon tashviqotga muhtoj emas. Mutafakkir Gʻarb ham chiranish ohangidagi gʻoʻr inkorlarga qilt etmaydi. Sharq maʼnaviyati – xazina. Insonni tadqiq etadigan Gʻarb, xususan, rus adabiyoti xazinaga eltuvchi yoʻllarni koʻrsatadi. Mutolaa asnosida minglarga boʻlinib ketgan Oʻzing bilan yuzma-yuz kelaverasan. Bora-bora ruhingdagi toʻsiqlar qulay boshlaydi: dunyoni kengroq, insonni ichkinroq idrok eta boshlaysan, bagʻrikengroq boʻlasan. Ikkisi ham “Vah, menga Mashriq nadir, Magʻrib nadir, / Balki koʻklarga ucharmen, bari bir...” degan umuminsoniy gʻoyaga kelmoq uchun bir sulukdir.
Maqsad na edi jahona kelding...
Oʻzimga savol beraman: sobiq Ittifoq davrida gruzinlar qanday qilib gruzin sovet kinosini emas, GRUZIN milliy kinosini yarata oldi? Bizga “Basmachfilm” yorligʻi yopishtirilgan kezlarda ular Xudo haqida, din haqida, eʼtiqod-u maslak, odamzodning zamindagi oʻrni, shoir missiyasi haqida kosmik koʻlamdagi “Iltijo” filmi bilan dunyoga chiqdi. Vaholanki, tarixchilarning yozishicha, Stalin qatagʻoni Gruziyada ham ayovsiz kechgan. Badiiy adabiyotdan ham bilamizki, Kavkaz chor Rusiyasi davridayoq rus amaldorlarining dalahovlisiga aylanib qolgan. Qanday qilib ular oʻzligini asrab qola bildi?
Yana savol beraman: nega oxirgi yigirma-oʻttiz yilda oʻzbek estradasida shlyagerlar – durdonalar yaralmadi? Holbuki, bugun ham tili gruzincha, ohangi kavkazona, taʼsir kuchi esa umuminsoniy, tuygʻularni koinot, borliq ila oliy uygʻunlik qadar koʻtaradigan yangi-yangi qoʻshiqlar yaratilmoqda. Joʻshqin nolalar ruhingizni chunon erkalaydi, notavon koʻnglingiz qanday qilib arzanda koʻngilga aylanganini bilmay qolasiz. Gruzin – jigaringizga, Tiflis – ikkinchi yurtingizga aylanadi... “Maqsad na edi jahona kelding, / Kayfiyatini bayon etib ket!” – Otar Ioseliani, Vaxtang Kikabidze, Tamara Gverdsiteli, Valeriy Meladze kabi gruzin farzandlari misolida koʻryapmizki, ular doim buni eplagan va eplayapti. Shuning uchun ham bu xalq katta sanʼat yarata oladi.
Kayfiyatingniki bayon eta olmadingmi, sen hech kimsan, hech narsasan!..
Kosa tagida nimkosa
“Telba” romanida Afanasiy Toskiy obrazi bor – hali rasidalik chegarasiga ham bormagan qizaloqning bokiraligini toptagan kibor. Kimsasiz yetim qizchani kimsan Nastasya Filippovna xonimga aylantirgani uchun oʻzidan gʻoyat minnatdor. Hech qachon bir ayolni badbaxt qildim, maʼsum bolaligini oʻldirdim-ku, demaydi. Yoʻq-yoʻq, bu fikr xayolining koʻchasiga yaqin ham yoʻlamaydi. Aksincha, men unga muruvvat koʻrsatdim, marhamat etdim, savodini chiqardim, u mensiz hech kim emasdi, deb ishonadi.
Oʻylab qaralsa, Toskiy oʻz bosqinchiligini “xaloskorlik” deb biladigan, jinoyatini madaniyatni targʻib etish niqobida amalga oshiradigan tajovuzkor davlat mohiyatini oʻzida mujassam etgandek. Bugungi qonli “postanovka”ning koʻr ijrochilari oʻtgan asr inqilobidan bus-butun, omon chiqqan takabbur toskiylarning, kuraginlarning zurriyodlari emasmikan? Nega Dostoyevskiy Rossiyaning ahli arkoni sigʻinadigan, manaman degan xonimlar iziga zor turadigan toʻrani qalbi koʻr, mol-u davlatidan gunohi ulkan zodagon qilib gavdalantirdi? Nega Tolstoy tugʻishganidan ham parhez etmaydigan fahsh qulining otasini ordendor saroy mulozimi sifatida taqdim etdi? Vasiliy Kuragin – Napoleonni magʻlub etgan qudratli imperiyaning vaziri! Vazir boʻlaturib, oʻlim toʻshagidagi qariyaning boyligini oʻzlashtirish uchun har qanday tubanlikka tayyor. Adabiyotning buyuk adolati badiiy asarni tarixiy qiymatga ham ega hodisaga aylantira oldi. Bunda faqat oʻtmish solnomasini emas, mangulikka muhrlangan millat ruhiyatini, xalq qalbini koʻramiz.
Yuragi sahnaga aylangan sanʼatkor
Vaxtang Kikabidze yarim boʻgʻiq, biroz xirildoq ovozda qoʻshiq aytsa ham nega tanangizga titroq yuguradi? Sizga butkul notanish gurji tilida aytilgan nolalar nega buncha tanish tuyuladi?.. Men Kikabidzeni tinglab dard bilan dardning farqiga yetgandayman, aniqrogʻi, shu sirga izoh topgandayman: Buba amaki katta ijtimoiy-insoniy dardlarni shaxsiy dardiga aylantirgan, illo shaxsiy dardini zinhor ijtimoiy koʻlamga koʻtarmagan.
Uni Rossiya sahnasi dunyoga tanitdi. Aynan shu diyorda Vaxtang Kikabidze nomi bilan mashhur boʻldi. Lekin misqollab yiqqan shon-shuhratini, oʻzini kutayotgan “yuksak” marhamatni gruzin tuprogʻiga kirgan rus tanki oyoqlari ostiga sochib yubordi. Na yubileyini oʻtkazish uchun qadrdon Moskvasiga bordi, na ular tortiq etgan “Doʻstlik” ordenini qabul qildi!
U kuch-qudratga hisob bermadi, aksincha, undan HISOB soʻrab oʻtdi. U merosini Vatanini himoya etayotgan mazlum millat qoʻllariga topshirmasdan tinchgina ketolmasdi. Siyosiy diydiyolarning u uchun zarracha qiymati qolmagan edi. Insoniy burchini bajarsa bas...
Asl eranga xos qadamlarni tashlagan shaxsning oʻy-xayolidan qanday kechinmalar oʻtgan? Yuragini qanday hissiyotlar kemirgan? Bular beiz ketadimi? Yoʻq. Aynan oʻsha hil-hil pishgan hissiyotlar-u toblangan kechinmalar uning qoʻshiqlari ohangida yuz xil jilvada sizib chiqadi. Chehrasiga istara baxsh etgan ajinlarning izohi kuy boʻlib voqelanadi. Shuning uchun ham uni tinglaganda kibor va zabun Kavkaz tarixini oʻqigandek boʻlaveramiz. Qoʻshiqlari inson dramasini, uning quvonchi-yu anduhini dardchil va oʻktam ovozda tushuntiradi.
Sanʼatkor dunyoni oʻz sahnasiga aylantira olishi kerak, degan gap bor. Lekin ijodkor yuragi ham dunyo sahnasiga, insoniyat istigʻforiga aylanmogʻi shart!
Iqror
Maktab insholarida Alisher Navoiyni “gʻazal mulkining sultoni” deb yozishni odat qilgan edim. Aslida, hazrat dunyosidan butkul uzoq edim, hali u haqda oʻz aytar soʻzim yoʻq edi. Hozir ham Navoiy ijodini yaxshi bilaman deb aytolmayman, lekin nuqul Shayxzoda iborasi ortiga berkinish yaxshi emasligini bilaman. Ul zot haqida qay darajadadir oʻz tasavvurim, munosabatim bor.
Ha, aynan munosabat yoʻq joyda, fikr toʻxtagan joyda hashamdor gaplarga ruju qoʻyiladi. Qalam kimdir haqida qogʻoz qoralay boshladimi, oʻz-oʻzidan oshirib-toshirib, ideallashtirib tashlaydi. Chunki miyada qahramonni faqat maqtash kerak, degan “dastur” ishlaydi, xolos. Xuddi tugʻilgan kunda qutlov aytayotgan odam holiga tushasiz.
Bahodir Yoʻldoshev, Halima Xudoyberdieva, Rimma Ahmedova, Gulbahor Yoʻldosheva, Jamshid Zokirov, Hojiakbar Nurmatov, Ibrohim Haqqul, Omon Muxtor, Mahmud Saʼdiy, Murod Abdullayev, Luqmon Boʻrixon va Hulkar Olimjonova bilan bogʻliq xotiralar meni tinimsiz taʼqib etadi. Lekin ular haqida yozmoq uchun men oʻzimga tik qaray olishim, haqiqiy istigʻfor, chin iqror bosqichiga koʻtarilishim shart. Oʻshandagina u insonlarni mendan ham yaxshi biladigan odamlar koʻziga tik qaray olaman. Ular orasida iymon asirlari, Haqning tutqunlari bor. Menga oʻsha insonlarning oʻtkir nigohi xalal berayotir...
Uch ulug‘ siymo
Koʻpdan beri uch buyuk ijodkor haqida oʻylayman: Bobur, Tolstoy va Abdulla Oripov. Ulardagi umumiylik nimada, bilasizmi? Uchovi ham oʻz holini boricha bayon etib ketdi.
Aks taʼsir
Yigirma yillar oldin bir olimdan negadir koʻp koʻrinmayotgan, lekin gʻoyat isteʼdodli ayol haqida soʻraganimda u kishi roʻyxushlik bermay gapirgan edi. Qizigʻi, suhbatdoshimning gaplari aks taʼsir etib, ishtiyoqimni kuchaytirgandan kuchaytirdi. Oʻshanda taʼnalarni aqlim qabul qilgandek boʻldi-yu, yuragim keskin inkor etaverdi. Nihoyat, u ayol ostonasiga bordim. Domlaning gapiga koʻr-koʻrona itoat etmay, yurakka boʻysunganim hayotimdagi eng toʻgʻri qaror boʻlganini koʻp oʻtmay tushundim... Aynan oʻsha keskin eʼtiroz uchun ham bugun oʻsha olimga rahmat aytaman.
Insonni fosh etar ovoz
Ovoz – nigoh, kulgi va yigʻi kabi odamning kimligi, ichki dunyosini fosh etadi. U, taʼbir joiz boʻlsa, bizning yuragimizga oʻrnatilgan mikroskop. Asab sasi asabga tegadi. Kibrning tovushi koʻkrakdan tepada turadi, tomoqdan chiqayotgandek taassurot uygʻotadi. Shangʻi ohang, xunuk ovoz yurakning gʻadir-budir chizgilarini koʻrsatadi, oʻrgimchak toʻri changalidagi fikr va qalbning mahdudiyatidan soʻzlaydi. Mingʻirlashga moyil bir maromdagi ovoz esa sohibining qanchalar zerikarli ekanidan, ilmiliqligidan darak beradi. Xoh diniy, xoh siyosiy yoki maʼrifiy tashviqotni kasb qilgan odam ohangida taʼkid ustun turadi. Bir tanada aqlli-ahmoq qorishib ketadi.
Maddoh va laganbardor kimsalar ovozi qanchalik chiroyli boʻlmasin, gapi betaʼsir. Goʻyo gapirmayapti, aljirayapti, goʻyo suvquvurdan shovqin chiqyapti deysiz. Qon yigʻlab gapirsa ham, soʻzi yodingizda qolmaydi. Chunki ular soxtakor kimsalar. Shuning uchun ham ularning ovozini asl ohanglar, xos tovushlar, tabiiy titroqlar tark etadi. Shaxsiyati ilmiliq odamning ovozida oʻzgachalik boʻlmaydi. Hatto uning ovozi-da “hammalashgan” boʻladi.
“Yarasi ochiq” ijodkor
Rimma Ahmedova bilan Hojiakbar Nurmatov koʻngliga choʻkkan, oʻzini tinglay olgan nodir shaxsiyatlar edi. Oʻziga nima kerag-u nima kerak emasligini aniq bilardi. Har ishni oʻziga ep koʻrmas, har qanday vaziyatda ham oʻzini munosib tutardi. Xalqchillik va aslzodalik oʻrtasidagi oltin halqaga oʻxshardi ular. Sheʼriyatda Rauf Parfi “yarasi ochiq” ijodkor boʻlgan esa, aktyorlar orasida Rimma opa va Hojiakbar aka shunday edi...
Soʻzsiz faryod, sassiz quvonch
Turkiyaning sobiq bosh vaziri Adnan Menderes haqida gap ketsa, polyak kinorejissyori Kshishtof Keslyovskiy yodimga tushadi. Yoki aksincha – sanʼatkorni oʻylasam, vazir janoblarining nimtabassumli qiyofasi xayolimda gavdalanadi. Bular oʻrtasida qanday umumiylik bor, deb soʻrarsiz. Dor ostidagi Menderes bilan Venesiya kinofestivalida bosh sovrinni qabul qilayotgan pan Keslyovskiyning ruhiy holati, kayfiyati uyqash tuyuladi menga. Menderes afandi oʻz qatlini qanchalar xotirjam, nurli maʼyuslik ila qarshilasa, Keslyovskiy ham gʻalabasini xuddi shunday qabul qiladi. Goʻyo roʻy berayotgan voqealarning unga hech aloqasi yoʻq. “Dunyoning tagiga yetganlar” deb shodlig-u qaygʻuni birdek qarshi oladigan, donishmandlik bosqichiga koʻtarilganlarga aytilsa kerak.
Ruh bu darajada yuksalishi uchun qanday chigʻiriqlardan, soʻqmoqlardan oʻtmogʻi kerak? “Agarda imkon boʻlsa, narigi dunyoga Nozim koʻzidagi mungni olib ketardim”, degan ekan Mirtemir domla. Men esa yuragimda naqsh boʻlib chizilgan shu ikki hazrati insonning muvaffaqiyat va halokat qarshisidagi kechinmalari mohiyatiga yetishni, yurak tubidagi javohirlarni anglashni shu qadar istaymanki!..
Nafaqat baxt, baxtsizlikka ham sokinlik yarashadi. Goh shodligingiz bilan oʻzga yurakka ozor berib qoʻyasiz, goh qaygʻungiz bilan kimningdir quvonchiga soya solasiz. Soʻzsiz faryod, sassiz quvonchga qanday erishmoq mumkin? “Oltin sher” haykalchasini ushlab turgan gʻolib bilan dor ogʻochiga salom berayotgan magʻlub oʻrtasidagi masofa qancha? Ichingizda shunaqangi xarsangtosh boʻlsa-yu, yutuqda ham, yutqiziqda ham sizni qilt ettirmasa, ruhning chayqalishiga yoʻl qoʻymasa... Balki oʻzgaga malomat, oʻzidan mamnunlik, dunyosidan manfaat-u umidvorlik hissidan butkul forig‘ boʻlgan odam ozodlikka erishar? Nazarimda, aynan shu hasbi holda baland, zavqli parvoz bordek...
Xomxayolga ergashib
Gohida oʻylayman: nega falonchi koʻp oʻqigan, uzoq yillardan beri qalam tebratib kelayotgan va katta adabiyotga mansublik iddaosi boʻlsa-da, haminqadar yozuvchi darajasida qolib ketgan? Nega?..
Yetti-sakkiz yil oldin muhabbat mavzusida chuchmalgina qissa oʻqib qoldim. Qahramonlar sal depsinib ketay desa, oyoq ostidan oʻlgur bir toshcha ham chiqmaydi. Nazarimda, bu kabi gʻarib qissalarning mualliflari hayot qonuniyatlaridan, muhabbatning ziddiyatli mohiyati, inson tiynatidan koʻra oʻzining tor tutumlarini ustun koʻradi. Oʻz haqiqatini insoniyat haqiqatida koʻrgisi keladi. Butun bir voqelikni, qahramonlari taqdirini mana shu xomxayolga boʻysundirmoqchi boʻladi. Shuning uchun ham bunday asarlar oʻz oʻquvchisini, hasratdoshini topishi dushvor.
Soʻz intiqomi
“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida ish boshlagan kezlarim Gulchehra Umarova bir maqolani qoʻlimga tutqazdilar. Bor-yoʻgʻi ikki yarim bet. Maqolaning oxiriga qarayman: “Falonchi Falonchiyev, filologiya fanlari doktori, teatrshunos olim, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Davlat mukofoti sovrindori, falon orden sohibi...” Taassufki, shuncha vahimaga arzirli bittayam tirik soʻz topilmasa deng! Uzr-u, faqat rasmiy nekrologga yaraydigan oʻlik nimarsalar. Gulchehra opa oʻziga yarashgan quv tabassum bilan dedi: “Aka bir umr shunaqa yozdi. Hech kim undan ortigʻini kutmaydi. Lekin maqolani chiqartirmay qoʻymaydi”.
Darhol tushundim: u muallif “soʻnggi ritsar” emas. Ha, aytar gapining tayini yoʻq “yozgʻuvchi”lar ism-sharifini hech yolgʻizlatib qoʻymas ekan. Ilmi haminqadar boʻlishi mumkin, lekin unvonlarining qatoridan xato oʻtishini xohlamas, keyin bilsam, bu ham bir himoya usuli ekan. Kimning oʻziga, soʻziga ishonchi qanchalik sust boʻlsa, tirgakka, suyanchiqqa shuncha kuchli ehtiyoj sezar ekan. Vaholanki, gʻoʻddayib turgan oʻsha “savlat” maqolaning ham, egasining ham gʻaribligini yanada qabartirib koʻrsatadi.
Xoʻsh, davlatlar-chi? Ulama sifatlarga muhtoj mamlakat ham oʻsha ojiz olim ahvolidami? Isrof etilgan soʻz intiqomi ogʻir kelarkan. Yigirma besh yil davomida “mustaqil yurtimiz” degan taʼrifni naqorat qilganimiz sari, shaxs sifatidagi erkimizni anor suvi kabi siqib-siqib chiqardik. Endi bu sira xatolardan saboq chiqaraylik.
“Pokdomon” jodugar
Ilon Mask haqida bir post oʻqidim. Eʼtiqod borasida bahsliroq fikr aytgan ekan. Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar yayrab-yayrab shunaqangi izohlar qoldirganki, goʻyo Mask tusholmaydigan jannat ular uchun naqddek! Odamzod – taskinlar ijodkori. Hatto yovuzlik timsoli boʻlmish yalmogʻiz kampir ham achchiqqina tilini ikki qarich qilishga vaj toparmish: haligacha qoʻlimni hech kimga ushlatmaganman, mening pokdomonligim oldida senlarning shuhrating-u kashfiyotlaring bir tiyin!..
Oʻtda yonmas, suvda choʻkmas
Yuriy Jivago Komarovskiydan “Sen qanday qilib har qanday tuzumdan bus-butun chiqasan? Har qanday hokimiyatning kerakli odamiga aylanasan, buning siri nimada?” deb soʻraydi. Javob bunday: “Chunki men Xudoga ishonmayman”.
Smoktunovskiy nadomati
1980-yillarning boshida bir filmni suratga olish ishlari “vatangadolar shaharchasi” Gorkiyda kechadi. Atoqli aktyor Innokentiy Smoktunovskiy yaqin atrofda dissident olim Andrey Saxarov yashayotganini eshitib, uni ziyorat qilmoqchi boʻladi. Yoʻlga otlanayotganida hushyor doʻstlari unga bormaslikni maslahat beradi. Lekin u Gorkiyga kelib, Saxarovni koʻrmay ketolmasligini aytadi. Manzilga yaqinlashib, uy atrofida ikki nafar maxsus xizmat xodimi yurganini koʻradi. Oniy qoʻrquvga yengilgan aktyor ortga qaytadi.
Soʻnggi nafasida esa sanʼatkor achchiq afsus-nadomat qiladi: “Oʻsha sharmandali kunni eslasam, hanuz oʻzimdan uyalaman. Xoʻp, Saxarovnikiga kirsam nima boʻlardi – men ishtirok etgan filmlar tokchada chang bosib yotishi, oʻzim imtiyozlardan mosuvo boʻlishim mumkin edi... Xoʻsh, nima boʻpti?! Lekin oʻzimga hurmatim yoʻqolmasdi-ku!”
Nega mohiyatdan qoʻrqamiz?!
Ulug‘ aktyor Nabi Rahimov aytgan ekan: “Men oʻlganimda falonchi odam mayitim tepasida gapirmasin. Buni vasiyat deb bilinglar!”
Baʼzida ustoz jurnalistlar-u hamkasblarning yodnomalarini oʻqiganda oʻsha vasiyat yodga tushadi. Haqiqat shuki, yolgʻon madhlar-u diletantcha hamdardliklar, nosamimiy bitiklar anʼanaviy jurnalistikani ado qiladi. “Boʻl tayyor – doim tayyor!” shiori samimiyatni oʻldiradi. Har qancha titkilasak-da, bisotimizdan sof istigʻforga yoʻgʻrilgan fikrlar chiqmaydi. “U isteʼdodining bor boʻy-bastini koʻrsata olmadi, javohiri oʻzi bilan ketdi. Sahnabop qiyofasi, aslzodalarga xos viqoriga qaramay, sahnada bir on ham nafas olmadi. Hayotidagi yoʻqotishlar, shaxsiy dramalari uni qadrdon teatridan ayirdi. Kinoda xam undan foydalana olishmadi. U oʻzbekning Nodirabegimi yoki Oʻzbekoyimi boʻlishi mumkin edi...” kabi rost gaplar goʻyo marhum obroʻyini tushiradigandek. Nega mohiyatga moʻralashdan choʻchiymiz? Nega bunchalar shaklbozmiz?! Sayozlik qachon savlatga aylanishga ulgurdi? Oʻzini zarracha hurmat qilgan odam oʻtganlar bizning yasama hamd-u sanomizga muhtoj emasligini tushunadi. Hali orom topmagan ruhni bezovta etmaylik. Bas, u yolgʻon dunyoni – bizni tark etayotir. Rost gapingiz boʻlmasa, tinch qoʻying marhumni!
Riyo shakkoklikni tugʻdirar
XX asr 50-yillari ikkinchi yarmidan 70-yillar boshigacha sovet kinosida oilali ayol muhabbati mavzusiga koʻp murojaat etildi: “Jamila”, “Uch terak qahvaxonasi”, “Anna Karenina”, “Vanya togʻa”, “Surayyo”, “Laylak keldi – yoz boʻldi”, “Inson qalbi haqida qissa”... Nega kinochilar bu qaltis mavzuga aynan ayol koʻksini qalqon qildilar? Stalin vafotidan soʻng mamlakatda erk epkini yengil esganday boʻldi. Erkka tashnalik odam qonida bor. Oʻshanda temir taqiqlarga, inson irodasini bukib turgan rutubatga isyon ifodasi sifatida ayol ishqi tanlandi.
Bugun ham yoshlar daʼvo qilayotgan “jinsiy erkinlik” tushunchasini “buyuk kelajak” utopiyasi tugʻdirmadimikan? Tushunaylik va tan olaylik: biz aytib kelgan va aytayotgan choʻpchaklar murod-maqsadiga yeta olmay, yunon tragediyasiga aylandi. Katta riyokorlik katta shakkoklikni tugʻdirdi.
Hayot haqiqati
Asl adabiyotsiz, sof sanʼatsiz, haqiqiy tarixsiz yasalgan har qanday gʻoya va mafkura qumdan qurilgan uy kabi omonatdir.
Iqbol QOʻSHSHAYEVA
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.
“Yolgʻonning yonida turmaylik” maqolasi.