Nasr – ogʻir karvon. Uning yukini hamma ham koʻtara olmaydi. Eʼtirof etish kerakki, oʻzbek prozasida nozik qalblarida XX asrdan yangi asrga zalvorli poetik yuk olib oʻtish saodatiga muyassar boʻlgan Maʼsuma Ahmedova, Jamila Ergasheva, Salomat Vafo, Shahodat Isaxonova, Zulfiya Qurolboy qizi, Risolat Haydarova, Muhabbat Yoʻldosheva, Mehriniso Qurbonova, Dilbar Saidova, Hulkar Toʻymanova, Nigina Niyoz, Zulfira Misbax, Gulchehra Asronova, Nazokat Azim, Dilfuza Sobirova, Hamroxon Musurmonova, Zuhra Mamadaliyeva, Nigora Jaloliddin qizi kabi adibalar bor. Afsuski, bu avlod vakillarining barchasi ham birdek dovruq qozona olgan emas. Orada “oʻtish davri” bilan xastpoʻshtlanadigan oʻn-oʻn besh yillik katta tanaffus ularning ayrimlarini oʻz komiga tortib, yutib yubordi. Shukurki, bugungi kunga kelib oʻz soʻzi va uslubiga ega boʻlayotgan, tinimsiz izlanishlar olib borayotgan yangi avlod yuzaga qalqib chiqdi. Muyassar Tilovova, Gulnoza Mamarasulova, Nargiza Asadova, Goʻzaloy Matyoqubova, Bibi Robiya Saidova, Nodirabegim Ibrohimova, Tillanisa Nuryogʻdi, Lobar Azizxoʻjayeva, Husniya Pardayeva, Odinaxon Abdurahmonova, Mohira Toshpoʻlatova, Manzura Abdullayeva, Saida Ibodinova, Alloma Hakimova, Aliya Temuriyzoda, Rohilabonu Gʻuchchiyeva, Charos Avazova... Sanogʻini davom ettirish mumkin boʻlgan ushbu ijodkorlar orasida Raxshona Ahmedovaning alohida oʻrni bor. 

Rahshona Ahmedova bilan 2021-yil bahorida, ayni daraxtlar qiygʻos gullagan damda Yozuvchilar uyushmasida tanishgan edim. Yaqinda nashr etilgan kitobini dastxat yozib berdi. Kitobning nomi “Soyabon ostida”. Muqovadagi suratda yomgʻirda soyabon tutib turgan bir nozik ayol tasvirlangan edi. Negadir xayolimda birdan gulga burkangan yapon olchasi – sakura jonlandi va Raxshona uning tagida turgandek edi... U koreys qizlariga ham oʻxshardi.

Kitob bilan tanishish davomida bildimki, Raxshona Ahmedova 2008-2009-yillarda Janubiy Koreyaning Pusan chet tillar universiteti xalqaro jurnalistika fakultetida tahsil olgan, 2020-yillarda esa Seulda yashagan ekan. Bu uning nafaqat tashqi koʻrinishi, hikoyalariga ham singib ketgandek edi.

“Soyabon ostida” kitobi 13 hikoya va 2 qissadan iborat moʻjaz toʻplam. Unda 1987-yilda goʻzal Fargʻonada tugʻilib, bir necha yil Janubiy Koreyada yashagan va koreys adabiyotini, madaniyatini chuqur oʻrgangan isteʼdodli adibaning oʻziga xos adabiy olami jamlangan. Kitobga soʻzboshi yozgan Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Temur Poʻlatov “Uning yozganlarida teran badiiy topilmalar, ijodkorga xos uslub topishga intilayotgani, badiiy til va gʻoya mushtarakligi, qissa va hikoyalarning oʻziga xos ironiya va nafosatga yoʻgʻrilgani kabi jihatlar unda yozuvchiga xos xislatlar boʻy koʻrsatayotganini anglatadi”, deya taʼkidlaydi.

Toʻplamdagi ilk hikoyadanoq Raxshona Ahmedova jahon xalqlari turmush tarzi, adabiyoti, qadriyatlari bilan yaqindan tanishgan va oʻz anglamlarini xalqimizning betakror hayot tarzi, anʼanalari bilan qiyosiy oʻrganib, tegishli xulosalar chiqargan sinchi oʻlaroq taassurot oʻygʻotadi. “Meni kechir, Kumiko!” hikoyasi ikki dugona – yapon qizi Kumiko bilan oʻzbek talabasi Shona oʻrtasidagi munosabatlar asosiga qurilgan. Shona Kumikodan yapon tilini oʻrganish uchun uyiga boradi. Oʻz navbatida Kumiko undan ingliz tilini oʻrganadi. Bu jarayonda ikki qizning, aniqrogʻi, ikki millat vakilasining turmush tarzi, dunyoqarashi namoyon boʻladi. Kumiko yolgʻiz farzand, ammo u ota-onasidan alohida yashaydi. Ermagi – kuchugi Kiyoshi. U yoqimtoy, lekin tinimsiz akillayveradigan kuchukchasini haftada bir marta “Goʻzallik saloni”ga olib borib, yuvib-tarab, yunglarini kaltalatadi. Boshiga tasma kiydirib qoʻyadi. Har kuni sayrga olib chiqadi. Haftada bir onasini eslamaydigan qizning kuchugiga koʻrsatayotgan bunday mehr-muhabbati baʼzan Shonaning gʻashini ham keltiradi:

“Shu bir jonivorga nega buncha mehr qoʻymasang, undan koʻra, turmushga chiq, bolali boʻl, ana ularga mehr bersang boʻladi”.

Kumiko yoshi ulgʻayib borayotganiga ahamiyat bermas, bunday aslo kuyunmas, hali har tomonlama munosib insonni uchratish umididaligini yashirmasdi. Qolaversa, u “Bola ortiqcha yuk! Men kuchukdan xohlagan payt voz kechishim mumkin, lekin boladan kechib boʻlmaydi”, deya Shonani hayratlantirardi. U ana shunday murakkab xarakter sohibasi edi. U Shonaning kunda-kunora onasi bilan telefonda suhbatlashib oʻtirishini ham qabul qilolmay “Nima haqida gaplashasan?” derdi. Bu ota-onasidan boʻlak yashaydigan qizning oʻz haqiqatlari aks-sadosi edi. Uning maqsadi oʻqish, ermagi kuchukchasi. Bir kuni dugonasining ehtiyotsizligi sabab Kiyoshini mashina urib ketganida shunchalar kuyundiki, uni tog‘ etagiga koʻmib qaytgach, kuchugi uchun ibodat qildi. Soʻng sake ichishni boshladi va kuchugi bilan bogʻliq xotiralarni eslab, tonggacha yigʻlab chiqdi...

Shona oʻqishni tugatadi va xayrlashish uchun Kumikoning uyiga borganida uni yana mast holatda uchratadi. Xayrlashadi, ammo Kumiko buni angladimi, yoʻqmi, bilmaydi. Keyinchalik unga xat yozadi. Oʻqish davridagi yordamlari uchun rahmat aytadi va uni yaxshi koʻrishini taʼkidlaydi. Ammo Kumikodan aks-sado boʻlmaydi. Yana maktub yuboradi. Ana shunda javob keladi. U Shonani sogʻinganini, yolgʻizligi bilinayotgani, u ketgach, Kiyoshidan ayrilgach hayoti, qalbi huvillab qolganini yozadi. “Kiyoshini tushlarimda koʻryapman. U tushimga boshida gullardan chambarak taqib olgan holda kiradi. Itlar uchun ham jannat boʻlsa agar, u oʻsha yerda yurgani aniq...” deydi. Adabiyotshunos Marhabo Qoʻchqorova taʼkidlaganidek, “Rivojlangan Yaponiyada odamlarning “yolgʻizlik” kasaliga mubtalo boʻlgani yosh Kumiko obrazi va hayoti misolida yaxshi ochib berilgan”.

(Yaponlar it va mushukni yaxshi koʻrishadi. Yaponiya nafaqat odamlar orasida, balki jonivorlar orasida ham eng koʻp umr koʻruvchi davlat sifatida eʼtirof etilgan. Bloomberg nashrining Tokio qishloq xoʻjaligi  va texnologiyalari universiteti hamda Yaponiya jonivorlar uyushmasi ekspertlariga tayanib yozishicha, Yaponiyada itlar – 13,2, mushuklar 11,9 yil umr koʻrar ekan. 2010-yilda oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, jami 34 foiz yapon xonadonida uy hayvonlari boʻlgan. Shunisi qiziqki, 2015-yilda Yaponiyada uy hayvonlarining soni bolalar sonidan oshib ketgan. Bu muallif Raxshona Ahmedova Janubiy Koreyada oʻqigan va yapon qizlari bilan tanish boʻlgan davrga (2010) ham toʻgʻri keladi.)

Raxshona Ahmedova hikoyalarida aniq va yodda qolarli portretlar yaratgan. “Meni kechir, Kumiko” hikoyasida qizni “Sochlari oʻgʻil bolalarnikidek kalta, koʻzlari qisiq, goʻzallik borasida oʻrtamiyona qiz edi. Tishlarining biroz oldinga chiqib turishidan xijolat tortar, kulganida ogʻzini toʻsishga urinarkan, har doim ham buning uddasidan chiqa olmasdi”, deya tasvirlaydi. “Ayi” hikoyasida farrosh ayolning tashqi qiyofasini “Qaddi biroz egik, egnida shalviragan, rangpar paxtalik, qora duxoba shimi uniqib ketgan, oyogʻidagi yaltiroq chiziqli, yoʻl-yoʻl oqish krossovkasining ham u yer, bu yeri titilgan, kiygulik siyogʻi qolmagandi hisob” tarzida ifodalaydi. Tasvirlar sohibining kasb-kori, hayot tarziga qarab oʻzgarib boradi. Masalan, “Yukioning tanlovi” hikoyasida oʻn beshinchi qavatning oyna bilan qoplangan ayvonida tebranma stolda xayol ogʻushida oʻtirgan ayolni “yuzlariga ajin tushgan, sochlarga oq oralagan. Yangi kelin boʻlib tushganida oʻttiz besh yoshda edi. Yurish-turishida yapon ayollariga xos nazokat bor edi. Tabassumida guldek noziklik, harakatlarida esa nafislik ufurib turar, istarasi issiqqina qiz edi. Hozir esa sochlarini ming kalta qilib kestirmasin, yoshlarga xos kalta-kulta kiyib yurmasin, baribir qarilik soya solmoqda...” deya tasvirlasa, metro bekatlari, universitetning gavjum koʻchalarida mayda-chuyda sotib yuradigan “Nomaʼlum ayol”ni “Oldiga tutgan peshband kirlanib, jigarrang tus olgan, avvalgi rangi qanday boʻlganini bilib boʻlmasdi. Oyogʻida oqish jun paypoq, qalin, xol-xol koʻylagining ustidan guli rangi bilan qorishiq, tugmali nimcha kiygandi. Sochlari siyrak, qorasidan oqi koʻproq, boshining tepasiga oʻrama qilib yigʻilgan, yuzi ajin bosgan bir qari ayol” sifatida namoyon etadi. Ammo ayolning soch turmagi tasvirida ifoda buzilgan. “Boshining tepasi” ifodasi oʻrniga tushmagan. Masalan “Oʻrama qilib yigʻilgan sochlari siyrak, qorasidan oqi koʻproq, yuzi ajin bosgan bir qari ayol edi” desa ham boʻlar edi.

“…Men turmushda koʻrmagan, bilmagan narsa haqida hech narsa yozmayman”, deydi Abdulla Qodiriy. Shu boisdan “Ilhomsiz, ehtirossiz yozilgan asar changlanmagan gulga oʻxshaydi”, deyishadi. Raxshona qaysiki voqea-hodisani koʻrib, guvoh boʻlib, aql tarozusidan oʻtkazib, tuygʻular-la his qilib yozgan boʻlsa, jonli chiqqan. Shunga qaramasdan muallifga koreys dugonasi aytib bergan voqea asosida yozilgan “Seni yaxshi koʻraman, Mino!” hikoyasida yodda qolarlik portretlarni koʻrmaymiz yoki oʻn olti yoshida “Men seni yaxshi koʻraman, Mino!” deya baralla ayta olgan jasoratli qiz – Yunsoning keyingi hayotidagi yorqin sahifalarga guvoh boʻlmaymiz. Oʻz vaqtida nozik bir qizaloqning katta bir yurakni qoʻllarida koʻtarib ketayotgan surati tushirilgan maktub olgan Mino ham sevgisini unuta olmagan va oilasida baxt hissini tuymayotgan kishi sifatida tasvirlanadi. Hikoya soʻngida portlash sodir boʻlmaydi. Biroq hikoyada tuygʻularning goʻzal ifodasi bor. Raxshona Ahmedovani tuygʻular, ayol qalbi kuychisi deyish mumkin. Marhabo Qoʻchqorova taʼkidlaganidek, “Adiba barcha asarlarida “Ayolga eʼtiborli boʻling! Ayolga mehr bering! Ayolni seving!” degan badiiy tezisni ilgari suradi”. Uning har bir hikoyasida ayol qalbi, uning oʻy-xayollari, orzu-iztiroblari qorishiq keladi va mehr-muhabbat nuri bilan saodatga yoʻgʻrilib boradi. Ikkinchi shaxsga murojaat shaklida yozilgan “Soyabon ostida” hikoyasi buning yaqqol namunasidir. Unda uch farzandni tarbiyalayotgan va roʻzgʻor tashvishlariga oʻralashib qolgan ayol olami tasvirlanadi. Bir qarashda u har kuni bir xil ishlarni bajarayotgan oddiy uy bekasi, ammo tanganing orqa tomonida uning ham qalbi, orzu istaklari namoyon boʻladi. Garchi u bundan malollanmasa-da, mehr kutadi. Erining “Kun boʻyi uydasan. Nima qilasan oʻzi?” deya jahllanishiga tish yorib, biror ogʻiz javob bermaydi. Tilini tishlaydi. Uyda qolgan ayol oʻylari kitobxonni larzaga soladi. “Bolalarning biri maktabga, boshqasi bogʻchaga ketsa, unisi hali kichkina... Axir, shunaqa, uy ichida kuymalanib vaqt oʻtkanini sezmaydi kishi. Oʻrnimga qolib koʻring...”  demoqchi boʻladi, ammo tish yormaydi... Ichida eriga maza deb oʻylaydi: “Har kuni ishga boradi, yangirib keladi”. Oddiy paypogʻini topolmasa ham, bolalarining yerda yotgan oʻyinchogʻini bosib ketib, sindirib qoʻysa ham ayolni aybdor qiladigan erning koʻngliga qarash, “Xafa qilmoqchi emasdim, jahlim chiqib ketdi-da” deb koʻnglini koʻtarishni istash... Ammo bularing barchasi xayol. Ayolning umidli xayollari yana bir jerkish bilan yerparchin boʻladi. Yorug‘ kunlarni tush koʻradi. Tushida qanaqadir chiroyli joylarda, quyoshdan pana, soyabon ostida dengiz boʻylab sayr qiladi.

Raxshona Ahmedova uyda oʻtirib qolgan ayolning orzulari, oʻy-xayollarini umumbashariy armonlar tizimida chuqur iztirob bilan qalamga oladi. Kitobxonni ayol qalbining eng nozik, sirli puchmoqlariga olib kiradi. Bu iztirob oʻquvchiga yuqadi. Uning yutugʻi ham shunda! Muallifning “Orzu va dengiz” hikoyasini eng yaxshi asarlaridan degim keladi. Undagi mavzu dolzarb, ifoda nihoyatda goʻzal. Tastubeklik Amangeldi ota obrazi orqali Orolboʻyi xalqlarining asriy fojeasini ochib bera olgan. Amangeldi ota yetmishdan oshgan, qotmadan kelgan chuvakkina chol, buyuk bir sogʻinch bilan har kuni Orolni koʻrgani boradi va unga bir idish suv qoʻyib keladi. “Senga suv olib keldim-da, Orolim... Bizdan xafa boʻlganing yetar, bizni jazolaganing yetar, boʻldi endi qayt, arazingni yigʻishtir. Sening dengiz boʻlganingni koʻrib, keyin ketaman, ungacha oʻlmayman!” deydi. U agar hamma Orolga suv quysa, dengiz avvalgi holiga qaytishiga ishonadi. “Qani endi, qani endi... oʻsha toʻlib toshgan paytingga qaytsayding. Qani endi moʻjiza roʻy bersa-yu, Orol suvga toʻlib, bu sahrolar ustiga dengiz yoprilib kelsa, sahroqumda tiqilib qolgan kemalar yana toʻlqin ustida chayqalsa...” deya orzu qiladi. Chol umrining oxirigacha Orolga qaytishini kutib yashaydi. Soʻnggi lahzalarda ham “Endi men bormayman, kampir, eshityapsanmi, endi oʻzi keladi...” deb ishonadi. Ammo Orol qaytmadi. Otasi janozasiga yetib kelolmagan oʻgʻil Orolga boradi va bor ovozda hayqiradi:

“Ey, Orol, yigʻlamaysanmi? Endi seni koʻrgani keladigan mehriboning yoʻq! Senga har kuni suv olib keladigan Xizring yoʻq!”

Bu nafaqat oʻgʻilning, balki butun millatning nidosi boʻlib jaranglaydi. Muallif Amalgeldi ota obrazi bilan butun millat fojeasini ochib beradi va xalqlarni ogohlikka daʼvat etadi. Chang-toʻzon kiraverganidan koʻzlarining kosasi kichrayib, qush koʻzi boʻlib qolgan cholni halokatga yuz tutgan avlod timsoliga koʻtaradi. Tabiat bergan neʼmatlarning qadriga yetmaslik qanday oqibatlarga olib kelishini, Orolni oʻrganishga kelgan mutaxassislar qumliklarga tiqilib qolgan kemalar oldida suratga tushib, choʻkib borayotgan bandargohlarni tasvirga olib, sara baliqlarni yeb, sara ichimliklarni ichib ketishi, ammo samarasi sezilmasligini obrazli tarzda katta iztirob bilan qalamga oladi. Shu boisdan Raxshona Ahmedova hikoyalarida oʻqtin-oʻqtin namoyon boʻladigan tasvir oʻrniga kelgan sharh, hikoya oʻrnidagi bayonni mavzularning dolzarbligi, dard va iztirobning kattaligi, soʻzning latofati yopib ketadi. Marhabo Qoʻchqorova taʼkidlaganidek, “mukammallikka daʼvo qilayotgan” ushbu hikoyalar – “mahorat bilan chalingan mashqlar” muallifning katta qalb sohibi ekanidan dalolat beradi. Hikoyalardagi original syujetlar adibaning oʻzbek adabiyotiga yuksak asarlar taqdim qilib, buyuk anʼanani davom ettirishiga ishonch uygʻotadi.

Ushbu bitiklar Raxshona Ahmedovaning hikoyalari haqidagi kichik kuzatuvlar, xolos. Uning “Sevgim mening, sevgilim mening”, “Haqiqat shamoli” kabi qissalari, “Tongotar” romani va qator tarjimalari ham borki, ular alohida mavzu...

Xoliyor SAFAROV,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori