Nasriddin Afandi haqidagi hikoya, rivoyat, multfilm yoki kinoni qoʻya turing, hatto uning ismini eshitganimizda ham barchamizning yuzimizda tabassum, ruhiyatimizda iliqlik paydo boʻladi. Uning sarguzashtlari va koʻrgan-kechirganlari haqidagi afsonalar xalqimizning qalbi toʻridan joy olgan. Afandi obrazi nafaqat oʻzbeklar, balki qoʻshni va qardosh xalqlar, forslar, arablar folklorida ham uchraydi. Shu sababli Afandi haqidagi latifalar UNESKOning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan. Afandi obrazi Markaziy Osiyo, Oʻrta va Yaqin Sharq xalqlari folkloriga kirganidan to bugungi kungacha asosan u ogʻir vaziyatlardan oson chiqa oladigan aqlli, zukko kishi sifatida, oddiy xalq xizmatida yuruvchi, zulmdan qiynalgan xalqning dardiga darmon boʻluvchi, yetimlarning haqi uchun kurashuvchi obrazlarda gavdalanadi.
Biz bu maqolamiz Afandi haqidagi latifalar bilan ulgʻaygan avlod va u haqida asar yaratgan ijodkorlarning dilini xira qilishini istamaymiz. Faqatgina Afandiniki deya iddao qilingan aksariyat latifalardan shoʻrolar davrida qay maqsadda foydalanishgani hamda ushbu holatning bugungi asoratlari haqida soʻz yuritmoqchimiz.
Nasriddin Afandi tarixiy shaxsmi?
Nasriddin Afandi latifalari asosida uning tarixiy shaxs yoki toʻqima obraz ekanligini aniqlash yuzasidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari bir-birini inkor qiladi. Ayrim olimlar “Nasriddin Afandi toʻqima obraz”, deyishadi. Yana bir guruh olimlar esa “Nosiriddin Tusiy mazkur obrazning prototipidir”, degan fikrni ilgari surishadi. Boshqa kishilar esa obraz hayotdagi real shaxs – 1206–1284-yillarda Kichik Osiyo (Turkiya)da yashagan Nasriddin Xoʻja ekanligini taʼkidlashadi. Shu oʻrinda ayni soʻnggi qarash haqiqatga yaqinroq ekanini aksariyat ilm ahli tasdiqlaganini qayd etmoq joiz. Ularning fikriga koʻra, Xoʻja Nasriddin Koʻniya Saljuqiylari davlati poytaxti boʻlgan Aqshehir elida tugʻilgan va madrasa taʼlimini olgan. Oʻz qishlogʻida masjidda imom, keyinchalik bir necha shaharlarda qozi lavozimlarida ishlagan. Uning Mavlono Jaloliddin Rumiy bilan ham yaqin boʻlgani va soʻfiy sifatida koʻplab shaharlarga borgani toʻgʻrisida maʼlumotlar bor.
Soxta sarguzashtlar
Nasriddin Afandi haqida Mojoristondan Sharqiy Turkistongacha, Janubiy Sibirdan Shimoliy Afrikagacha tarqalgan latifalarga koʻra, gohida u donishmand va hozirjavob, gohida aldoqchi va makkor, adolatli qozi yoki soʻfiy sifatida gavdalanadi. Afandi folklor namunalarida baxillar, mutaassiblar, munofiqlar, poraxoʻrlarni masxara qiladi. U soʻzamollik bilan ogʻir vaziyatlardan chiqib keta oladigan hozirjavob kishi sifatida tasvirlanadi.
Mazkur katta jugʻrofiy makonda Afandi latifalari, ayniqsa, bosma nashrlar rivojlanganidan keyin yanada koʻproq tarqaldi, ommalashdi. Shoʻro mafkurachilari Afandi obrazi va uning latifalaridan oʻz maqsadi yoʻlida foydalanishga oʻtishdi. Maxsus ssenariylar asosida kinofilm va multfilmlar tayyorlab, ommaviy ravishda xalqqa taqdim qila boshlashdi. Bu orqali mustamlakachilar Turkistondagi xonliklar tuzumini yoʻq qilgani, boylar, yirik yer egalarining mol-mulki tortib olinib, oʻzlari “quloq” qilgani, olim-u ulamolarning qatliom etganini oqlashga harakat qilishdi.
Qolaversa, ular Afandi obrazi oddiy xalqning mahalliy ziyolilarga nisbatan munosabatini sovuqlashtirish, ularni zolim, johil, ikkiyuzlamachi, tovlamachi, poraxoʻr qilib koʻrsatish va shoʻrolar jamiyatining “adolati”ga urgʻu berishda samarali targʻibot quroli boʻlishini yaxshi anglaganlar. Mafkura targʻibotchilari Afandi obrazini Turkistonning zolim xon va amirlari, adolatsiz qozi va vazirlari, muttaham hokim va askarlari, laqma va dangasa yer egalari hamda boylaridan aziyat chekkan yoʻqsillarning vakili, ularning himoyachisiga aylantirishga intildilar.
Afandi sarguzashtlari asosida tayyorlangan bir nechta kino va multfilm 1943-yildan boshlab to sobiq Ittifoq tanazzulga yuz tutgunicha uning hududidagi kinoteatrlarda, telekanallarda muntazam namoyish qilingan. Shu tariqa oʻtmishda xalq xizmatida boʻlgan davlat amaldorlarning “adolatsiz, johil, xotinboz, laqma, mutaassib, ochkoʻz”, boʻlganligi haqidagi soxta qarashlar zimdan xalq ongiga singdirildi. Natijada millatga xizmat qilgan xon-u amirlarga, vazir-u ulamolarga, umuman nisbatan salbiy munosabat shakllandi. Albatta, biz ularning barchasi oppoq boʻlgan, degan fikrdan yiroqmiz. Lekin aynan mana shunday vizual targʻibot vositalari orqali yurtdoshlarimiz koʻnglida ajdodlarimizga, tariximizga va eng achinarlisi, oʻzimizga nisbatan ishonchsizlik paydo boʻldi.
Nemislarning Afandisi
Nemis adabiyotida Baron Myunxauzen Nasriddin Afandining analogi hisoblanadi. Qator kino va multiplikatsion filmlardan yaxshi bilamizki, u zodagonlar qatlamiga mansub boʻlgan. Uning hayoti va sarguzashtlari asosida tayyorlangan ssenariylarda shoʻrolardan farqli ravishda mulkiy tengsizlikka urgʻu berilmagan. U kambagʻallar vakili emas, harbiy, katta yer-mulk egasi sifatida namoyon boʻladi. Yoki zamonaviy inglizlarning haqiqiy Afandisiga aylanib ulgurgan Mister Binni olsak, u ham yo davlat agenti yoki yana boshqa vazifalarda ishlash asnosida oʻzining beoʻxshov xatti-harakatlari va kulgili sarguzashtlari orqali jamiyatdagi ayrim illatlarni fosh etadi.
Xulosa oʻrnida
Agar Afandi obrazining prototipi Nasriddin Xoʻja ekanligiga ishonadigan boʻlsak, uning shoʻrolar yaratgan filmlarda tasvirlanganidek kinodagidek ateist emas, balki Jaloliddin Rumiy, Hoji Bektosh Vali, Yunus Emro singari allomalar taʼlimotini oʻziga singdirgan tasavvuf tariqati vakili ekanligiga guvoh boʻlamiz. Shu maʼnoda, Afandi timsolidan diniy va milliy qadriyatlarimizga bepisand qaraydigan sunʼiy qahramon yasashga boʻlgan urinishlar hech qanday mantiqqa toʻgʻri kelmaydi. Ustiga ustak, mazkur obraz vositasida oʻgʻrilik kabi illatlar oddiy holat sifatida tasvirlangani ham achinarlidir. Bunday talqin birovlarning molini oʻzlashtirib olish u yoqda tursin, oʻzganing narsasiga beruxsat qoʻl tekizishni-da ayb sanaydigan xalqimizning pokiza tabiatiga ham mos kelmaydi.
Bekzod ABDIRIMOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Xorazm viloyati boʻlimi rahbari
“Jadid” gazetasi, 2024-yil 13-sentyabr 38-son.