Muazzam Turkiston qadimiy tamaddun beshiklaridan biri hisoblanadi. Misr, Hind, Eron, Xitoy kabi koʻhna sivilizatsiyalardan farqli oʻlaroq, ikki daryo oraligʻida soʻnggi oʻn besh asrda ilm-fan, madaniyat va sanʼat arab, fors va turkiy tillar uygʻunligida nashʼu namo topdi. Ana shu lisoniy rangbaranglik bagʻrida shakllanib, turkiy xalqlar orasida birinchi boʻlib mumtozlik darajasiga koʻtarilgan oʻzbek adabiyotining jahon adabiyoti tarixida naziri yoʻq yana bir jihatini taʼkidlamoq lozim: mumtoz shoiru adiblarimizning aksari turkiy va forsiyda baravar, barakali ijod qilgan. Mavlono Lutfiy va Mir Alisher Navoiydan boshlab, Hamza va Fitratgacha boʻlgan besh asrlik davr mobaynida badiiy ijod namunalari turkiy-oʻzbek va fors-tojik, ayrim hollarda arab tillarida jaranglagan. Shu sababli mumtoz oʻzbek adabiyotini bemalol zullisonayn adabiyot deyishga haqlimiz.
Mumtoz adabiyotimizning eng sara namunalarida tajassum topgan badiiy tafakkur tarzining shakllanishi va rivojlanishida turkiy shoirlar bilan bir qatorda fors-tojik sheʼriyati namoyandalarining ham oʻrni katta. Bunday uzviylik, mushtaraklikning poydevorini yaratgan buyuk siymolardan biri, shubhasiz, Hofiz Sheroziydir (1325 – 1390). “Mayxona” tazkirasida yozilishicha, Hofizning ismi Shamsiddin, nasabi – Muhammad, taxallusi – Hofiz, Sheroz – u tugʻilib voyaga yetgan shahardir. Shamsiddinning otasi asli Isfahondan boʻlib, xizmat taqozosiga koʻra Sherozga koʻchib boradi. Hofiz roppa-rosa yetti yuz yil avval Shayx Saʼdiyning kindik qoni toʻkilgan ushbu shaharda tavallud topadi.
Bolaligida qiblagohi olamdan oʻtib, yetimlikda oʻsgan Shamsiddin koʻp qiyinchiliklar koʻradi. Rivoyat qilinadiki, u oʻn ikki yoshida novvoyga shogird tushadi. Kechasi bilan xamir qorib, tandir qizdiradi, ustaga yordamlashadi. Bomdodga yaqin xizmat haqi sifatida ikki dona non bilan uyga qaytadi. Bitta nonni onasi bilan birga tanovul qiladi, ikkinchisini maktabga olib boradi. Ustoz non evaziga unga Qurʼonni yodlatadi. Xushovoz Shamsiddin qisqa fursatda Kalomullohni toʻliq xatm etib, oʻn toʻrt usulda mukammal qiroat qila boshlaydi:
Ishqat rasad ba faryod, ar xud ba soni Hofiz
Qurʼon zi bar bixonӣ bar chordah rivoyat.
Tarjimasi:
Aylaydi ohu faryod ishqing, misoli Hofiz
Qurʼonni sen oʻqisang oʻn toʻrt usulda agar.*
Shamsiddin Qurʼon hofizi sifatida tez orada tillarga tushib, oʻz davrining yirik olimlari Izzuddin Iyjiy hamda Imomulharamayn Juvayniyga shogirdlik sharafiga muyassar boʻladi. Ayniqsa, Iyjiy huzurida Mahmud Zamaxshariyning “Kashshof” tafsiri boʻyicha olgan saboqlari uning tafakkur tarziga kuchli taʼsir koʻrsatadi. “Kashshof” Qurʼoni karimning filologik tafsiri boʻlib, Zamaxshariy Kalomullohni soʻz moʻjizasi oʻlaroq anglashga harakat qilgan. Muxtasar bir oyatga oʻnlab maʼno singdirilishi soʻz badiiyati talablari asosida talqin qilingan mazkur tafsir Hofizning ijodiy uslubi shakllanishida muhim oʻrin tutgan.
XIV asrga kelib Sheroz sheʼriyat, ijod markazlaridan biriga aylangan, gʻazalnavislikni haddi aʼlosiga yetkazgan Shayx Saʼdiyning sharofati ila sherozliklarning badiiy didi yuksalib, taʼbi noziklashgan edi. Shu bois Hofizning dastlabki mashqlari elga manzur boʻlmaydi, hatto ayrim gustoxlar ochiqchasiga uning ustidan kuladi. Shoir shahar etagida joylashgan Bobo Koʻhiy degan ulug‘ avliyoning maqbarasiga borib, oʻsha yerda bir kecha qoladi. Subhi sodiqda ajoyib bir gʻazal quyilib keladi:
Doʻsh vaqti sahar az gʻussa naҷotam dodand,
Vandar on zulmati shab obi hayotam dodand.
Tarjimasi:
Gʻussalardin kecha tong pallasi topdim najot,
Oʻsha zulmat, tun aro berdilar obihayot.
Sherozga qaytgach, Hofiz yangi gʻazalini soʻz sinchilariga oʻqib beradi. Dastlab bu gʻazal Hofizniki ekaniga shubha bildirgan sheʼrshunoslar deyarli har hafta biri biridan goʻzal baytu gʻazallar yaratilishiga guvoh boʻlgach, uning ashaddiy muxlisiga aylanadi. Hofiz devonining birinchi toʻplovchisi Muhammad Gulandom yozganidek, “...jahongir gʻazallar karvoni qisqa bir muddatda Turkiston va Hindiston oʻlkalariga qadar yetib, diltortar satrlarining ovozasi Iroqu Ozarboyjonga gʻulgʻula soldi... Oriflarning samo’ majlislari Hofiz sheʼrlarining navosi bilan qizib, podshohlarning nafis majlislari baytu misralari bilan ziynat topardi. Shavqangiz sheʼrlari mayparastlarning bazmida valvala (shovqin-suron – O.D.) koʻtarar, muhabbatnomalari ila oshiqlarning ohu nola bozori chaqqon boʻlar edi”.
Hofizning yoshlik davrida Fors oʻlkasi elxoniylar sulolasi vakili Abu Ishoq Injuga boʻysunardi. Abu Ishoq qoʻliochiq, saxovatpesha, ayni choqda, bazmni xush koʻradigan maishatsevar podshoh edi. Nazmga begona boʻlmagan hukmdor saroyida Salmon Sovajiy, Xoju Kirmoniy kabi atoqli shoirlar ham xizmat qilardi. Aslida, oʻrta asrlarda shoirlar uchun saroyga yaqinlashish hayotiy zarurat edi. Saroy nom chiqarmoq uchun ham, non topmoq uchun ham asosiy dargoh hisoblanardi. Hofiz ham Abu Ishoq huzuriga borib turar, ammo bir burda non yo arzon-garov tuhfa vajidan oʻzini xorlashlariga aslo yoʻl qoʻymas edi. U saroyni oʻz fikr, sheʼrlarini ommaga yoyadigan bir vosita deb bilardi. Podshoh arzimagan chaqa evaziga yozilgan madhnoma sabab nomini mangulikka muhrlayotganini nozik ishora bilan bayon etadi:
Zi hofizoni ҷahon kas chu banda ҷam’ nakard,
Latoifi hikamӣ bo kitobi Qurʼonӣ.
Hazor sol baqo baxshadat madoyehi man,
Chunin nafis matoʻye ba chun tu arzonӣ.
Tarjimasi:
Yigʻmadi ushbu jahon hofizlari men singari
Ul hikoyatlarki, hikmat konidir Qurʼon aro.
Baxsh etar ming yil baqolik har sanomadhim
manim,
Bil, faqat senga munosibdir nafis ushbu mato.
Abu Ishoq saltanatidagi osoyishta davr sakkiz yil davom etadi. Shohning xulq-atvori raiyatga ham taʼsir etib, Sheroz ahli aysh-ishrat va mayxoʻrlikka ruju qoʻyadi, mamlakatda tartib-nizom izdan chiqadi. Muzaffariylar sulolasi vakili Amir Muboriziddin vaziyatdan foydalanib shaharga hujum qiladi va Abu Ishoqni qatl etib, oʻzi taxtga oʻtiradi. Ushbu toʻntarish Hofizning ahvoli ruhiyasiga qattiq taʼsir qiladi:
Rostӣ, davrai firoʻzai Boʻisʼhoqӣ
Xush duraxshid, vale davlati musta’ҷil bud.
Tarjimasi:
Rostdan, firuzarang ul Abu Ishoqiy uzuk
Tovlanardi, lek davlat jonsarak, shoshqin edi.
Amir Muboriziddin Abu Ishoqning tamomila aksi edi. Besh vaqt namozini oʻz vaqtida oʻqib, boshqalarni ham qattiq nazorat qilardi. Sherozdagi mayxonalarning barchasini yopib, sharobu musallas xumlarini sindirgani uchun “Muhtasib” laqabini olgan hukmdor qon toʻkmoqqa haris edi. Arzimagan ayb-gunoh vajidan qatl hukmini beraverganidan oʻzi ham vasvasa kasalligiga chalinadi. Hatto eng yaqin mulozimlarini ham suiqasdu xiyonatda ayblab jazolaydi. Axiyri oʻgʻillari Shoh Shujo’ va Shoh Mahmuddan gumon qila boshlaydi. Vaziyat tangligini sezgan aka-uka til biriktirib, hukmdor otaning koʻziga mil tortib zindonga tashlaydi.
Shoh Shujo’ dastlabki davrlarda Xoja Hofizga ehtirom koʻrgizib, moliyaviy tomondan qoʻllab-quvvatlaydi. Keyinchalik oʻz piri – shoirlik daʼvosida boʻlgan tasavvuf shayxi Imoduddin Faqih taʼsiriga tushib, Hofiz bilan munosabati buziladi. “Irfon ul-oshiqin” tazkirasida keltirilishicha, bir kuni Shoh Shujo’ Hofizni tanqid qilib bunday deydi:
– Gʻazallaringizning birortasida sahih asos yoʻqdur. Ibtidosida ishq, soʻng visol, undan keyin firoqdan soʻz ochib, birdaniga tasavvuf va hikmatdan bayt keltirasiz. Oʻsha onda yana sharobni sifatlab, zohidlarga hamla qilursiz. Oxirida esa dunyo vafosizligidan shikoyat etursiz. Bunday talavvunni (fikriy tuturuqsizlik – O.D.) shoirlar qabul etmaslar va u fasohat qoidalariga ham mos emas. Durust gʻazal boshdan-oxir yagona mavzuda boʻlmogʻi, turli shaklda bir maʼno ifodalanmogʻi lozim.
Xoja shohga muloyimlik bilan eʼtiroz bildiradi:
– Tabarruk kalomingiz ayni inoyat va savobdir, ammo ne qilayinki, shuncha ayblari boʻlaturib, kaminaning gʻazallari insho boʻlgan kunidan ogʻizdan-ogʻizga koʻchib, bir oʻlkadan boshqa mamlakatga safar etajak. Ammo oʻzgalarning sheʼrlari negadir shuncha nodir fasohat va mukammal balogʻati bilan oʻz shahridan bir qadam ham tashqariga chiqmaydi.
Hofizning kinoyasi, aslida, igʻvogar Imoduddin Faqihga qaratilgan edi. Ammo sheʼr mashq qilib turadigan Shoh Shujo’ buni oʻzining isteʼdodsizligiga shama deb bilib, shoirdan norozi boʻladi. Bu orada tasodifan Hofizning yangi bir gʻazali shohning qoʻliga tushadi. Gʻazalda bunday bayt bor edi:
Gar musulmonӣ hamin ast, ki Hofiz dorad,
Oh, agar az pai imrӯz buvad fardoye!
“Bayt mazmuniga qaraganda, Hofiz qiyomatni shubha ostiga olayotir. Ne tongki, u kufr keltiribdi!” deb boʻhton tarqatadi ayrim mullalar. Shoir bunday mayda-chuyda gaplarga parvo qilmasa hamki, saroy xayrixohligi sababli fitna olovi alanga oladi. Ayni oʻsha kunlari mashhur shayx Zayniddin Toybodiy (keyinchalik Sohibqiron Amir Temurning piri murshidi boʻlgan) Sherozga kelib, ardoqli shoiri bilan diydorlashadi. Suhbat asnosida Xoja Hofiz boʻlayotgan gap-soʻzlarni bayon etib, shayxdan maslahat soʻraydi.
– Ularga oʻz yoʻsinida javob bergan maʼqul, – deydi Zayniddin Toybodiy. – “Kufrni hikoya qilish kufr emas” mazmunida biror bayt qoʻshing, olam guliston.
Shoir gʻazalga quyidagi baytni ilova qiladi va yoqasini malomatgoʻylarning qoʻlidan qutqaradi:
In hadisam chӣ xush omad, ki sahargah meguft
Bar dari maykadaye bo dafu nay tarsoye:
“Gar musulmonӣ hamin ast, ki Hofiz dorad,
Oh, agar az pasi imrӯz buvad fardoye!”
Tarjimasi:
Keldi xush bul soʻzlarim, mayxona eshiginda, boq,
Bitta tarso doira, nay-la der ayni sahar:
“Gar musulmonlik shudir, ulki qilar Hofiz amal,
Oh, bugunning ortidan kelguvsidir erta agar!”
* * *
Hofiz yashagan davrda moʻgʻul imperiyasi kichik xonliklarga boʻlinib ketgan, chingiziylik daʼvosidagi xonzodalar mulkini kengaytirish niyatida tinimsiz urushlar olib borar edi. Fors oʻlkasida kartlar sarbadorlar bilan, muzaffariylar jaloyirlar bilan, turkmanlar totorlar bilan doimiy savash va muhorabada edi. Bunday mayda va bemaʼni urushlar oʻnminglab begunoh aholining yostigʻini quritardi.
Manbalarga koʻra, Hofiz Sheroz shahri olti marta qoʻldan-qoʻlga oʻtganiga shohid boʻladi. Tinchlik va osoyishtalik, adolat va farovonlikka umid bogʻlagan xalqning orzulari qayta-qayta sarobga aylanishi; jamiyat “rahnamo”lari – olim va ruhoniylar, savdogar va shoirlar, mulozim va sipohiylarning aksar qismi oltibetlik, xiyonatu vijdonsizliklar qilaturib sadoqat va mardlikdan lof urishi; har gal “shariati muhammadiya” nomidan gapirib, islom dinining “Moʻmin – moʻminning birodari” degan tamal qoidasini oyoqosti qilishlari; taxtu toj qutqusida boʻlayotgan xunrezliklarni koʻraverib yurak-bagʻri qon boʻlgan Hofiz bor alamini qalamidan olardi:
Sina molomoli dard ast, ey daregʻo, marhame!
Dil zi tanhoӣ ba ҷon omad, Xudoro, hamdame!
Xez, to xotir bad-on turki samarqandӣ dihem,
Kaz nasimash “Bӯi ҷӯi Mӯliyon oyad hame”.
Tarjimasi:
Ey darig‘, koʻksimni dard oʻrtaydi,
ul malhamni ber,
Hamdam et Ollohnikim, yolgʻizlik
ich-etimni yer.
Turgin, eslaylik suyukli ul
samarqandlikni biz,
To nasimi “Moʻliyon anhorin atri keldi”, der.
Abu Abdulloh Rudakiyning misrasi tazmin qilingan baytdagi “turki samarqandiy” iborasi markazlashgan adolatli davlat barpo etayotgan Amir Temurga ishora ekani maʼlum. Umuman olganda, Amir Temur va Hofiz Sheroziy munosabatlari toʻgʻrisida koʻplab rivoyatlar mavjud. “Agar on turki sheroziy...” bayti sabab shoir va hukmdor oʻrtasida latif musohaba kechgani tillarda doston. Keyingi asrlarda yaratilgan “Temurnoma”larda ham Hofiz Sheroziy goh Sohibqironning elchisi, gohida mushoviri siymosida tasvirlanadi. Bizningcha, bunday rivoyatlar keyingi davr xushnazar ijodkorlarining taxayyuli mahsuli. Ehtimol, qalam ahli bir davrda yashagan ikki buyuk siymoning doʻst tutinmogʻiga astoydil xayrixoh boʻlgandir. Ammo tarixning shafqatsiz haqiqati shuni koʻrsatadiki, koʻpincha yirik siyosiy arboblar tegrasida mayda kimsalar jamlanadi. Aks taqdirda, Amir Temurning eng yaqin maslahatgoʻyi Xoja Bahouddin Naqshband boʻlmogʻi lozim edi.
Hofiz Sheroziy Amir Temurning markazlashgan yirik imperiya barpo etishini aqlan tarixiy zaruriyat va adolatli yondashuv oʻlaroq his etsa-da, nozik qalb sohibi, gumanist bir ijodkor sifatida har qanday urush va qirgʻinbarotni rad etardi. Jumladan, shoir Amir Temurning jahongirligiga fatvo bergan tasavvuf shayxlariga bunday eʼtiroz bildiradi:
Yak harfi soʻfiyona bigoʻyam, iҷoza hast?
Ey nuri dida, sulh beh az ҷangu dovarӣ.
Tarjimasi:
Soʻfiyona bitta soʻz aytay, ijozat bormi, ayt?
Nuridiydam, jangu hokimlikdan sulh afzal erur.
Sohibqiron va Hofiz uchrashuvi haqidagi mashhur rivoyatga qaytsak. Amir Temur Sherozni fath etganida Hofiz paygʻambar yoshiga yetgan, farzandi va ayolini tuproqqa topshirgan bir musibatzada inson edi. Hukmdorga xush yoqmoq yoki unga qarshi chiqmoq uning koʻngliga sigʻmasdi. Qolaversa, ota yurti Isfahondagi xunrezliklarga guvoh boʻlgan shoir imkon qadar saroydan uzoqroq yurmogʻi haqiqatga yaqin. Agar Hofizga mulozimlik kerak boʻlganida, Hindiston, Bangola, Iroq hukmdorlarining daʼvatnomalariga koʻnib, oʻsha yurtlarga koʻchib borgan boʻlardi. Ammo u vatani tuprogʻini aziz tutdi, umri mobaynida Sherozdan bir qadam ham tashqariga chiqmadi. Vasiyatiga koʻra, oʻzi barpo etgan Musallo bogʻiga dafn etildi. Bugun uning maqbarasi soʻz shaydolarining ziyoratgohiga aylangan.
* * *
Hofiz hayotligi davridayoq jahoniy shuhrat qozongan shoir boʻlsa-da, devoni vafotidan yigirma besh yil oʻtgandan keyin tuzilgan. Shunga qaramay, uning gʻazallari yetti asrdan buyon sultonlar va darveshlar, obidlar va oriflar, zohidlar va oshiqlar, tojirlar va shoirlar, yoshu qari, erkagu ayol – jamiyatning barcha qatlami uchun mahbub va maqbul boʻlib kelayotir. Devoni asrlar davomida madrasalarda darslik sifatida oʻqitildi. Mutafakkir shoirni oʻqimagan kishi omi hisoblanardi.
Mir Alisher Navoiy ham Hofiz ijodi va shaxsiyatiga oʻzgacha ehtirom koʻrsatgan, ul munavvar zotni “lison ul-gʻayb va tarjumon ul-asror”, “Iso nafaslik rindi Sheroz” deb ulugʻlagan. Hofizning olamshumul shuhrat va mahbubiyat kasb etganining sabablari bisyor. Bizgacha yetib kelgan olti yuzga yaqin gʻazali haqida bugungi kunga qadar ikki mingdan ziyod monografiya va risola yozilgani, devoni boshqa shoirlardan koʻra eng koʻp nusxada koʻchirilgani, yuzlab sharhlar bitilgani ham ayni sabablarga bogʻliq.
Avvalo shuni qayd etish kerakki, har bir ijodkor adabiyot mamlakatiga oʻzining qahramoni yo timsoli bilan kirib keladi. Rustam (Firdavsiy), Layli va Majnun (Nizomiy), Farhod (Navoiy), Yusuf va Zulayxo (Jomiy) kabi qahramonlar dostonlardan koʻngillar mulkiga koʻchgan boʻlsa, Buxoro (Rudakiy), nay (Rumiy), sorbon (Saʼdiy), qarokoʻz (Navoiy) kabi timsollar lirik asarlar orqali adabiyot gulshaniga ziynat, muallifiga mangu sharaf bagʻishlagan.
Hofiz lirikasida esa rind obrazi yetakchilik qiladi. Agar Hofizgacha boʻlgan davr sheʼriyatida rind maishatparast, mayzada, koʻchabezori sifatida talqin qilingan boʻlsa, novator shoir ijodida u riyokorlik, xoʻjakoʻrsinchilikni fosh etuvchi, zohiri abgor va botini obod, ikki olamini haqiqatga qurbon keltirgan sherimard timsoliga aylandi.
Hofiz ikkiyuzlamachi, buqalamun kimsalardan nafratlangan. Riyokorlikka murosasiz shoir bu illat domiga tushgan zohidni koʻchada tuproqqa belanib yotgan mayxoʻrdan ham tuban deb biladi:
Bodanoʻshӣ, ki dar ӯ heҷ riyoye nabuvad,
Behtar az zӯhdfurӯshӣ, ki dar ӯ revu riyost.
Tarjimasi:
Boda ichmaklikda boʻlmaydi munofiqlik sira,
Zuhdfurushlik battar undan, unda bor makru riyo.
Shoirning baytlari bamisoli Iskandar koʻzgusi. Bu koʻzgu qarshisida oʻtirgan kishi koʻngil olamidagi quvonch va qaygʻu, qoniqish va tashvish, haqiqat va gumonlarni koʻradi. Hofiz dardingizni oʻzingizdan ham yaxshiroq biladigan musohib kabi muloqotga kirishadi, sizga qanot boʻlib, dunyoning mayda-chuyda tashvishlaridan balandroq ruhoniy yuksakliklarga olib chiqadi. Mutafakkirning qudratli qalami soʻzlarga zargarona ishlov berib, shunday tartib ila joylashtiradiki, bir bayt yo misrada olam-jahon maʼno tajassum topadi. Misol tariqasida nisbatan sodda bir baytini olaylik:
Onho, ki xondaam, hama az yodi man biraft,
Gʻayr az hadisi doʻst, ki takror mekunam.
Tarjimasi:
Oʻqidim nedir, ular chiqdi esimdan birma-bir,
Qoldi doʻst soʻzi faqat, ul soʻzki, takror aylaram.
Baytning lugʻaviy maʼnosi “uy” demak. Kalit soʻz esa “hadisi doʻst” iborasidir. Mazkur baytni agar mufassir, muhaddis, soʻfiy, doʻst, oshiq talqin qilsa, quyidagi manzara hosil boʻladi:
Mufassir: Hofiz Sheroziy Qurʼoni karimni toʻliq yod olgan zot edi. Qurʼon hofizlari ilohiy kalomni esdan chiqarmaslik uchun doimo takrorlab turmogʻi lozim. Binobarin, ushbu baytda ham doʻstning kalomidan boshqa hamma narsa xotiridan oʻchganini taʼkidlaydi. Chunki Qurʼon – barcha kitoblar onasi, jamiki bilimlar sarchashmasidir.
Muhaddis: Ushbu baytda ikki olamga rahmat qilib yuborilgan Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) hadisi sharifiga ehtirom mujassam. “Hadisi doʻst” iborasidagi doʻst – Paygʻambarimizning Habibulloh (Ollohning yori) sifatiga, hadis esa u zotning hikmatli soʻzlariga ishoradir.
Soʻfiy: Hofiz devonini koʻplab tadqiqotchilar irfoniy devon deb biladilar. Unda tasavvufiy maʼno-mazmun badiiyat libosida jilva etadi. Jumladan, mazkur baytda ruhiy tarbiyaning muhim bir amali – zikrning ahamiyati koʻrsatilgan. Tariqatda murid oʻz ixtiyorini dunyodagi eng begʻaraz doʻsti – piriga taslim etib, u oʻrgatgan zikr talqiniga tushadi. Zikr koʻngilda yonayotgan hoyu havaslar olovi oʻchgunga qadar davom etadi. Muallif ushbu baytda zikr talqini orqali barcha keraksiz bilimlar xayolidan koʻtarilib, butun vujudi doʻst hadisi – zikr haqiqatini anglashga qaratilganini bayon qilgan.
Doʻst: “Moʻmin – moʻminning koʻzgusidir”, deyiladi hadisi sharifda. Inson oʻzini tanimaguncha Haqni tanimaydi. Oʻzini tanishi uchun esa unga koʻzgu lozim. Haqiqiy doʻst – insonning koʻzgusi. Ana shu haqiqatni anglagan odam dunyoning jamiki saboqlarini oʻzlashtirgan hisoblanadi.
Oshiq: Borliqning mohiyati, hayotning asosi muhabbatdir. Ishq bor joyda aql, bilim, maʼrifat – barchasi ojiz qolgusi. Peshqadam tolibi ilm boʻlmish Qays Laylining ishqiga asir tushgach, oʻqiganlarining barchasini unutadi. Zotan, ishqning bosh talabi ham shu – barchadan yuz oʻgirib, yorga yuzlanmoq. Baytda ishqning ana shu bosqichi haqida soʻz boradi.
Bunday talqin va sharhlarni yana davom ettirmoq mumkin, ammo mohiyat oʻzgarmaydi. Zero, Hofiz Sheroziy umrboqiy nazm durdonalari ila nainki Sharq, balki jahon adabiyotida mustahkam oʻrin egallagan, forsiy sheʼriyatning eng yuksak choʻqqisini zabt etgan, zamonu makon sarhadlaridan oshgan soʻz sehrgaridir.
Olimjon DAVLATOV
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil, 3-son
“Iso nafaslik rindi Sheroz” maqolasi