Shakllangan muharrir – noyob mutaxassis. Kerak boʻlsa, u davlat va jamoat arbobi, qomusiy olim, til posboni, fidoyi maʼrifatparvar. Aynan maʼrifatparvar istilohini eslab qoling. Zero, oʻzbek matbuotining tugʻilishi va qadam olishi mana shu gʻoya atrofiga qurilgan. Oyina.uz 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan oʻzbek matbuotida chuqur iz qoldir(yot)gan ana shunday maʼrifatparvar, afsonaviy muharrirlarni esga oladi.
4. ASQAD MUXTOR
Asqad Muxtor – oʻzbek adabiyotining yirik namoyandasi. Uning shoir, nosir, dramaturg, tarjimon sifatidagi ijodi alohida mavzu. Ammo Asqad Muxtorning muharrirlik faoliyatini ham milliy matbuotimiz tarixida mustaqil maktab sifatida oʻrganish lozim.
U “Yosh leninchi”, “Qizil Oʻzbekiston” gazetalari tahririyatlarida ishladi. 1960–1965-yillarda “Sharq yulduzi” jurnaliga bosh muharrirlik qildi. Keyinchalik “Guliston” jurnali va “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” haftaligiga ham rahbarlik qildi. U oʻzbek adabiy-badiiy matbuotining eng muhim minbarlarida ishlagan, turli avlod ijodkorlari bilan bevosita muloqotda boʻlgan, koʻplab yetuk shogirdlar yetishtirgan muharrir edi. Asqad Muxtorning muharrirlik jasorati, avvalo, estetik talabchanlikda koʻrinadi. Uning uchun jurnal oʻquvchining didini tarbiyalaydigan, adabiy fikrni charxlaydigan, yangi ovozlarni maydonga olib chiqadigan maktab edi.
Sovet davri adabiyoti koʻpincha mafkuraviy qoliplar bilan oʻlchangan – asardagi gʻoyaviylik, sosrealizm talablariga moslik koʻproq ahamiyat kasb etgan. Bunday sharoitda badiiy did, uslubiy izlanish va adabiy saviyani saqlashning oʻzi katta masʼuliyat edi.
Asqad Muxtor
U oʻzi rahbarlik qilgan tahririyatlarda kuchli ijodiy muhit shakllantirdi. Uning muharrirligida adabiy matn faqat mazmun jihatidan emas, ichki qurilishi, ritmi, matn strukturasiga koʻra, talabchanlik bilan sayqallangan. Biroz oldinga oʻtib aytganda, 90-yillarda modernizm va postmodernizm taʼsirida badiiy matnga munosabat oʻzgara boshladi. Struktural tartib, mantiqiy izchillik, siqiq bayon kabi mezonlar baʼzi ijodiy yoʻnalishlarda avvalgidek mutlaq talab sifatida qabul qilinmay qoʻydi. Badiiy matnga boshqacha mezonlar bilan yondashish kuchaydi. Shu maʼnoda Asqad Muxtorning tahrir maktabi yangi adabiy jarayonlar bilan bahsga kirishdi. Ammo, bu uning ahamiyatini kamaytirmaydi, aksincha, matnda tartib, meʼyor va uslub madaniyatini shakllantirgan maktab sifatida qadrini yanada aniq koʻrsatdi, deyish mumkin.
Naqd gap shuki, ustoz Asqad Muxtorning siqiq tahrirga, aniq fikrga, ortiqcha soʻzdan qochishga tayangan uslubi keyingi avlod muharrirlari va publitsistlari uchun jiddiy tayanch boʻldi. Keyinchalik “Guliston” muhitidan chiqqan Erkin Aʼzam, Xayriddin Sulton kabi muharrirlar orqali bu maktabning taʼsiri matbuot miqyoslaridan kattarib, rasmiy axborot, davlat protokol tili va uslubiga ham katta taʼsir koʻrsatdi. Shu maʼnoda Asqad Muxtor maktabini nainki adabiy tahrir, balki, hozirgi davr rasmiy davlat protokol tili va uslubi (shogirdi X. Sulton orqali), shuningdek, rasmiy axborot tili (OʻzAning birinchi rahbari, shogirdi E. Aʼzam orqali) ni shakllantirgan muhim hodisa sifatida ham baholashimiz kerak.
Avvalgi mavzuni davom ettirib aytganda, oʻsha davrlarda “Sharq yulduzi”, “Guliston” kabi nufuzli jurnallarga rahbarlik qilish oson emas edi. Bu jurnallarda chop etilgan har bir asar adabiy jamoatchilik nazariga tushar, yozuvchining ijodiy taqdiriga taʼsir qilardi. Shuning uchun bosh muharrirdan faqat tashkilotchilik emas, katta adabiy did, ichki masʼuliyat va xolislik talab qilinardi.
Asqad Muxtorning muharrirlik maktabi shuni koʻrsatadiki, matbuotda jasorat har doim ham notoʻgʻri siyosatga ochiq yoki yashirin qarshilik qarshilik shaklida namoyon boʻlavermaydi. Baʼzan haqiqiy jasorat – oʻrtamiyonalikka koʻnmaslik, badiiy saviyani pasaytirmaslik, yosh ijodkordan ham, mashhur muallifdan ham adabiy halollikni talab qila olishda koʻrinadi.
Shu maʼnoda Asqad Muxtor oʻzbek matbuotida adabiy didni himoya qilgan muharrir sifatida qadrlidir. U adabiy jurnalni milliy tafakkur va estetik tarbiya maktabi deb bildi. Uning muharrirlik formulasi ham ana shunda: yaxshi muharrir faqat matnni emas, adabiy muhitni ham shakllantiradi.
5. AHMADJON MUXTOROV
Atoqli muharrir Ahmadjon Muxtorovning hayoti va faoliyati oʻzbek matbuotining yaqin tarixidagi shonli hamda mudhish damlarini yodga soladi. Bir tomondan yangi davr, milliy ozodlik kayfiyati, boshqa tomondan matbuotda senzuraning taʼsiri kuchayib bordi, umuman, muharrirlar hayotida stressga toʻliq davrlar yaqinlashayotgan edi.
Ahmadjon Muxtorov 1936-yilda Samarqand shahrida tugʻilgan. 1957-yilda universitetni tugatgach, mehnat faoliyatini “Zarafshon” gazetasida musahhihlikdan boshlagan. Keyin tarjimon, adabiy xodim, boʻlim mudiri, masʼul kotib, bosh muharrir oʻrinbosari boʻlib ishladi. Musahhihlikdan muharrirlikkacha bosib oʻtilgan yoʻl keyinchalik pishiq-puxta, tahririyatning ichki muhitini chuqur his qiladigan rahbar boʻlib shakllanishida qoʻl keldi.
U “Zarafshon”da muharrir boʻlgan kezlarida ruknlarga alohida eʼtibor bergan. Jumladan, “Xatlardan satrlar”, “Qisqa satrlar”, “Dalalardan daraklar”, “Zarafshon pochtasidan” “Agar sizga aytsak...” kabi ruknlarni oʻylab topgan. Ahmadjon Muxtorovning ruknlari, maqolani tagsarlavha bilan berish uslubi oʻsha paytda sohada novatorlik edi. Agar oʻzbek matbuotida uzoq vaqt davomida nazardan tushmay kelayotgan ruknlar sarhisob qilinsa, ularning asosiysi, aynan Ahmadjon Muxtorov oʻylab topgan ruknlar boʻlsa ehtimol.
Ahmadjon Muxtorovning yana bir muhim xislati – u isteʼdodni erta koʻra olardi. U yaxshi yozadigan odamni bir reportajidan, bir lavhasidan, bir gap qurishidan sezardi. Eng muhimi, u bunday qalamni sindirmasdi. Aksincha, maydon berardi.
Ahmadjon Muxtorov
1986-yildan keyin Ahmadjon Muxtorov respublika miqyosidagi “Qishloq haqiqati” va “Selskaya pravda” gazetalariga rahbarlik qildi. Bunday gazeta koʻpincha reja, hosil, paxta, hisobot va rasmiy yigʻilishlar tiliga bogʻlanib qolish xavfiga ega. Biroq u bunga yoʻl qoʻymadi. Muxtorov davridagi gazetani varaqlasangiz, tushunasizki, qishloq haqida yozilgan maqolalar – oddiy odamlar hayoti va haqiqatlariga oid ulkan mozaikaga oʻxshaydi.
1988-yilda “Qishloq haqiqati”da Abdurauf Fitratning “Qiyomat” asaridan parcha eʼlon qilindi. Fitrat va Choʻlpon merosi haqida ochiq gapirish hali ham oson boʻlmagan, milliy uygʻonishga “milliy mahdudlik” tamgʻasi bosilish xavfi saqlanib turgan bir paytda partiyaning ijtimoiy-siyosiy minbari sanalgan gazetada Fitratga joy berish muharrirning qatʼiyati va jurʼatini koʻrsatadi. Keyin asar davomining toʻxtab qolgani esa stereotiplar, siyosiy qoliplar hali qanchalik mustahkam turganini anglatadi.
1990-yil oxiri va 1991-yil boshi Ahmadjon Muxtorov faoliyatining eng muhim, eng dramatik pallasi boʻldi. Bu paytda Oʻzbekistonda yangi nashr – “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tashkil etila boshladi. Sovet matbuotining eski tili hali kuchli, mustaqil davlat matbuotining yangi tili esa endi shakllanayotgan palla edi. Ahmadjon Muxtorov “Xalq soʻzi”ning birinchi bosh muharriri sifatida ish boshladi.
Yangi tahririyat qisqa fursatda katta ijodiy jamoaga aylangan. Turli viloyatlardan, turli maktablardan, turli feʼl va uslubga ega jurnalistlar yigʻildi. Habib Temir, Abdunabi Boyqoʻziyev, Nabijon Sobir, Oʻrinboy Usmon, Joʻra Saʼdulla, Muhtarama Ulug‘, Habibulla Olimjon, Tojiddin Razzoq, Ismat Xudoyor va boshqa koʻplab qalamkashlar shu muhitda qaynadi. Ahmadjon Muxtorov bu jamoani rasmiy parlament gazetasi doirasida qoldirib qoʻymadi. U davrda “Xalq soʻzi” haqiqatan ham xalq soʻzini chop etadigan minbar boʻla oldi.
Ahmadjon Muxtorovning oʻzi ham tinmay yozardi. U faqat boshqaruvchi emas, ishlaydigan muharrir edi. Ahmadjon Muxtorov, Ahmadjon Gʻulomzoda, Ahmadi Muxtor kabi imzolar bilan tez-tez maqolalar eʼlon qilgan. Ayniqsa, 1991-yilda davlat tili masalasiga bagʻishlangan “Men ham til oʻrganay, siz ham til oʻrganing” sarlavhali maqolasi oʻsha davr kayfiyatini chuqur ochadi.
Biroq, “Xalq soʻzi”dagi faoliyati Ahmadjon Muxtorov taqdirida faqat yuksalish emas, fojiali toʻqnashuvlar davri ham boʻldi. Rasmiy nashr rasmiy qolishi kerak, degan qarash bilan gazeta xalq minbari boʻlishi kerak, degan qarashlar toʻqnashdi. Muassis va muharrir munosabati keskinlashdi. Ahmadjon Muxtorov lavozimdan chetlatildi, keyin jamoa talabi bilan qayta tiklandi, soʻng yana ziddiyatlar girdobiga tushdi. Bu voqea – oʻzbek matbuotida muharrir mustaqilligi, muassis taʼsiri va soʻz erkinligi oʻrtasidagi ogʻriqli muammoning dastlabkisi boʻlgan, deyish mumkin.
Shundan soʻng, Ahmadjon Muxtorov poytaxtdan Samarqandga qaytib ketdi. U shu davrda yolgʻizlanib qoldi, iztirob ichra qovrilib yashadi, oʻzi tarbiyalagan ayrim koʻrnamak shogirdlarning taʼna-dashnomlaridan ezildi. Ammo bunday kuchli muharrirlarni siyosat vaqtincha chetga surishi mumkin, lekin ular yaratgan maktabni tarixdan oʻchira olmaydi. Yillar oʻtgach, Ahmadjon Muxtorov shaxsiyatiga qarashlar oʻzgardi, sadoqatli shogirdi Farmon Toshevning saʼy-harakatlari bilan yaqinda u haqidagi xotiralar jamlanib, kitob holida nashr etildi.
Ahmadjon Muxtorovni muharrir sifatida afsonaga aylantirgan asosiy jihat shundaki, u matbuot erkin, ijodiy, shiddatli boʻlishi va unda faqat talantli odamlar ishlashi kerak, degan pozitsiyada mahkam turgan. Bu orzu amalga oshdi-oshmadi – alohida masala. Alamli va ogʻriqli mavzu. Muhimi, mana shu pozitsiyadagi muharrirlar bizda 1991-yilda hali bor edi.
6. ERKIN AʼZAM
Afsonaviy oʻzbek muharrirlaridan yana biri Erkin Aʼzamning tahrir uslubi yillar davomida izchillik, kinoya-kesatiqqa boyligi, obrazlilik bilan ajralib turadi. U 1994-yili tashkil etilgan “Tafakkur” jurnalini katta fikr minbariga aylantira oldi. Mubolagʻasiz aytish mumkinki, mustaqillik davri oʻzbek ziyolilari “Tafakkur”ni oʻqiy oladigan, undagi murakkab ilmiy-falsafiy matnlarni tushunadigan va tushunmaydigan toifaga ajraladi.
“Tafakkur” jurnali bugungi kunda Oʻzbekistondagi umumiy ijtimoiy fikrlash darajasining barometridir. Oʻzbekistonning yaqin tarixida aynan mafkura jabhasida qiziq ishlar boʻlgan. Sovet ideologiyasi butkul rad etilgan, mustaqillik davri boshlangan yillarda jamiyatda mafkurasizlik eʼlon qilindi-yu, ammo “Milliy gʻoya” oʻylab topildi. Uning 7 ta asosiy tamoyili va hokazolardan iborat yaxlit sistemasi, boshqacha aytganda, milliy orzular doktrinasi qabul qilindi.
Biroq, mafkura real hayotiy kuchga aylanmadi, shior darajasida qolib ketdi, mahdudlik, avtoritar boshqaruv uslubi yillar davomida mustahkamlanib bordi. Taʼkidlayman, men bu siyosiy voqelikka baho berish niyatida emasman. Islom Karimov boshqaruvi vaqtida asosiy prioritet tinchlik va milliy davlatchilikni saqlab qolish boʻlganiga koʻproq ishonaman.
Erkin Aʼzam
Xullas, dastlabki yillarda mafkura borasida ishlar pachava edi. Ana shunday pallada “Tafakkur” jurnalining oldida mafkura borasida bahs-u munozaralarga minbar ajratish, oʻzbek falsafasiga jahon falsafasi bilan sintez qilgan holda chizgilar berish, atoqli oʻzbek va jahon faylasuflari merosini, maʼnaviy tushunchalarni sovet togʻorasidan yulqib, tozalab olish singari vazifalar koʻndalang turardi. Jurnal jamoasi bu ishni sharaf bilan uddaladi, tahririyatda joʻshqin siyosiy maddohlik yoxud agressiv munozara muhiti paydo boʻlishiga yoʻl qoʻyilmadi, oltin oʻrtaliqda mahkam turildi, tahrir sanʼat darajasiga koʻtarildi.
Xayriyat, 2016-yildan keyin Milliy istiqlol gʻoyasi deganlarini birov eslamay qoʻydi, jamiyatda katta islohotlar boshlandi, rahbariyat mafkura sunʼiy tiqishtiriladigan utopiya emas, yillar davomida tabiiy ravishda pishib yetiladigan gʻoya-maqsadlar majmui ekanligini tushundi.
Gʻalati paradoks shundaki, aynan 2016-yildan keyin “Tafakkur”ni oʻqirmanlar kamaydi, yangi mualliflar deyarli kashf etilmadi. Holbuki, jurnalning rukn va mavzulari boshqa biron nashr his qilmagan miqyoslarda taniqli, uslubi ham hammaga maʼlum edi. Bu oʻrinda gap 2000-yillardan soʻng milliy taʼlim tizimida boshlangan inqiroz, sifatsiz kadrlarning mehnat bozoriga kirib kelishi oqibatida “Tafakkur” miqyoslarida fikrlay oladigan yangi avlod olimlari va jurnalistlarining taqchilligida boʻlsa kerak.
Taʼkidlash joiz, Erkin Aʼzam muharrir sifatida doimiy oʻz pozitsiyasini bildirib boradigan, ixcham janr “Fiqra”ga asos soldi. Jurnalning ilk sahifasida, baʼzan ichki muqovasida chop qilinadigan shapaloqdek matnning vazni katta maqoladan kam emas, siyosiy kontekstda maʼno ancha kengayadi, fikrchan mushtariylar orasida shu chiqishning muxlislari juda koʻp.
Xulosa qilib aytganda, Erkin Aʼzam muharrirlik maktabining noyob jihatlari intellektual qatlamdan iborat kuchli va muntazam mualliflar jamoasini shakllantirgani; falsafiy mushohadaga chorlaydigan, maʼlum tayyorgarlikni talab qiladigan maqolalarni nashrga tayyorlash malakasi; murakkab akademik ilmiy-falsafiy matnlarni oʻzbek tilida ravon ifoda qilishga ixtisoslashgan tahrir maktabiga asos solganida koʻrinadi.
7. OZOD SHARAFIDDINOV
Yana bir afsonaviy oʻzbek muharriri Ozod Sharafiddinov rahbarligida “Jahon adabiyoti” jurnalining 100 ta soni nashr qilindi. Ustoz ijodkor jurnalning birinchi bosh muharriri boʻlib ish boshlaganida 68 yoshda edilar. Xoʻsh, qanday asoslarga koʻra Ozod Sharafiddinov afsonaviy oʻzbek muharrirlaridan biri hisoblanadi?
Eng avvalo, boshqa choʻng ishlarini kamsitmagan holda aytamizki, muharrirlik qudratini xalqimiz siyosiy va badiiy tafakkurini mafkuraviy qoliplardan ozod qilishga toʻliq safarbar etgani bilan ajralib turadi.
Bu jarayon postsovet muhiti uchun nihoyatda muhim edi. Chunki sovet davrida jahon adabiyoti ham, siyosiy publitsistika ham koʻpincha muayyan mafkuraviy mezonlar asosida tanlanar, tarjima qilinar va talqin etilardi. Qaysi asar oʻquvchiga yetib borishi, qaysi muallif “maqbul”, qaysi fikr “xavfli” sanalishi adabiyotning badiiy qonuniyatlaridan koʻra koʻproq siyosiy qoliplarga bogʻliq edi. “Jahon adabiyoti” esa mustaqillik yillarida ana shu qoliplardan chiqishga, asarni avvalo badiiy, falsafiy va insoniy qimmati bilan baholashga intildi.
Shu maʼnoda, Ozod Sharafiddinov muharrir sifatida tarjimani millatning ozod va erkin tafakkurini shakllantirish vositasiga aylantirdi. Jamiyatda milliy ongni yangilash, yangi fikr oqimini shakllantirish, sovet davridan meros qolgan stereotiplarni sindirish borasida “Jahon adabiyoti” oʻziga xos bayroqdor vazifasini bajardi. Unda nashr etilgan koʻplab asarlar keyinchalik kitob holida chop etildi, oʻquvchilar qoʻliga yetib bordi, jamiyatning maʼnaviy yangilanishida muhim ahamiyat kasb etdi. Bu fikrni ayrim misollar orqali yanada aniqroq koʻrish mumkin.
Igor Bunichning “Partiyaning oltinlari” asari bolsheviklar inqilobi, partiya mablagʻlari, sovet hokimiyatining yashirin moliyaviy mexanizmlari haqidagi hujjatli-publitsistik asar edi. U sovet davrida shakllangan “begʻubor partiya”, “xalq uchun yashagan rahbarlar”, “adolatli tuzum” haqidagi choʻpchaklarga qaqshatqich zarba berdi. Eʼtiborli jihati shundaki, bu asar “Jahon adabiyoti” tashkil topgan dastlabki yiliyoq oʻzbek oʻquvchisiga taqdim etildi. Bugun biroz olisdan turib qaralsa, oʻsha kezlarda xalq ongida hali kuchli boʻlgan sovet nostalgiyasini sindirish uchun bunday asarlar suv va havodek zarur edi.