Oʻzbek adabiyotshunosligida Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzam ijodidagi ayol obrazi masalasi hali alohida tadqiq etilmagan. Eʼtibor qaratilsa, muallif ijodida bu ayricha ahamiyat kasb etar ekan. Ayollar obrazida yorugʻlikdan koʻra qora ranglar ortib ketganday. Bir emas, koʻplab asarlarda ayollar tasvirida boʻyoqlar quyulib ketganday va buning sabablari nima bilan bogʻliq boʻlishi mumkin? Tajribali yozuvchining bunday ifoda tarzini tanlashi va masalaga yondashuv sababi borligi sezilib turadi.
Yozuvchi asarlarida obrazlar tarkibi oʻziga xos tarzda shakllantiriladi. Muallif maqsad va asar gʻoyasidan kelib chiqqan holda tarkib taqsimotini amalga oshiradi. Yetakchi qahramon masalasining hal etilishi asarning muvaffaqiyatini taʼminlashga xizmat qiladi. Qahramonlar, ular orasidagi munosabatlarni yagona gʻoya atrofida birlashtirish yozuvchidan iqtidor va mahorat talab qiladi. Asarda obrazlar tarkibini yaxlit bir nuqtada jamlash, voqelikda vazifani taqsimlash, oʻzaro ziddiyatlarni oʻt oldirish kabi poetik usullarni shakllantirishda uslub masalasi nihoyatda katta ahamiyat kasb etadi.
Adabiyotshunoslikda Erkin Aʼzam yaratgan obrazlarning anʼanaviy qahramonlardan farqlanishi olimlarimiz tomonidan koʻp bora aytilgan. Ustozlarni takrorlamaslik uchun eʼtiborni ayol talqiniga qaratamiz. Erkin Aʼzam qahramonlari jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy muammolarni hal qilish daʼvolaridan yiroq, katta kashfiyotlarni amalga oshirish quvvatiga ega bashariy shaxslar sirasiga kirmaydi. Yozuvchi asarlari qurilmasida oʻzini, oʻzligini anglash yoʻlida izlanayotgan odamlar ruhiyatini yoritib berish maqsadi salmoqli oʻrin egallaydi.
Ilgʻor... ovora... baxtsiz...
Yozuvchi asarlarida ayol obrazi talqinini ikki guruhga ajratib oʻrganish mumkin ekan.
Jamiyatning “ilgʻor” qatlamiga mansub mafkura qurbonlari. Bu guruh vakillarini esa shu tarzda tasniflash mumkin:
a) umrini oʻtkinchi gʻoyalarga bagʻishlagan ayollar – Mafkuraxonim, Gulya Lagutina, Guli Askarovna;
v) jamiyatdagi noraso turmush tarzi oqibatida baxtidan mosuvo boʻlgan ayollar – Safura, Bargida, Basira, Barnoshka, Toʻti pason;
g) nosogʻlom muhit tufayli hayotda oʻz oʻrnini topa olmagan ayollar – Barfina Akobirovna, Tamara Salomonovna.
Yana bir guruh ham borki, ular — oila, uy-roʻzgʻor tashvishlari bilan ovora bekalar – “passiv” qatlam.
Adib asarlarida ayol maʼlum bir gʻoyaning timsoli boʻlishdan tashqari oʻzining tarixi va adabiy shajarasiga ega. “Anoyining jaydari olmasi” hikoyasidagi Malikaning tarixi “Navoiyni oʻqigan bolalar”dagi “onasiga dori ichirgan” Malikaga tutash kelar, balki. Ramazon takror aytishni yaxshi koʻrgan “Xush qol endi-i, Zuhroxonim” qoʻshigʻi “Shovqin” romanidagi aybsiz aybdor Zuhrani yodga soladi. Bunday tipdagi ayollarning nomi ham avaylanib, erkalatib qoʻyiladi. Ular oilasi bilan mashgʻul boʻlgan bekalar. Muallif ayolning baxtini oilasi bilan bir butunlikda koʻradi. Halollik va sadoqat – butunlikning asosi. Mana shuning oʻzi munosabatni belgilaydi. Adib asarlarida maʼsuma ayollarga ichki hurmat; mafkura kuychilariga nisbatan istehzo, kesatiq ohangi ustuvor. Yoki aldangan, adashgan, yoʻlidan ayrilgan ayollar obrazining oʻziga xos talqini yozuvchi asarlaridagi jozibani taʼminlagan deyish mumkin.
“Ilgʻor” qatlam – Mafkuraxonimdan (“Shoirning toʻyi”) to Guli Asqarovnagacha (“Arbob Qulov Parijga boradi”) qancha taqdirlar, fojialar ochib berilgan. Bu tasnifni uzoq davom ettirish mumkin, ammo maqsaddan chalgʻimaslik uchun fikrimizga bevosita aloqadorlariga toʻxtalib oʻtamiz.
Erkin Aʼzam asarlarida ayollar talqini alohida tasvir yoʻnalishi boʻlib, anʼana tarziga kirgan ifoda usullaridan jiddiy farqlanadi. Ayollarga nisbatan kinoya, istehzo, piching yetarli darajada aks etadi. Ayol – ona, ayol – yor, ayol – qahramon singari anʼanaviy talqinlar butunlay oʻzgacha mazmun kasb etadi. Adib jamiyatga munosabatini kinoya orqali ifodalar ekan, “ilgʻor” ayollarga tuzumning qurboni sifatida qaraydi. Bunday talqin bir qator savollarga yetaklaydi: nega yozuvchi ayol obrazi talqinida shu yoʻlni tutdi? Alamzadalik bormi yoki bepisandlik? Biror oʻrinda nurli ayol siymosini topish mushkul. Kamdan-kam holatda ularga markaziy oʻrindan joy ajratiladi. Odatda ular koʻzdan panaroqda, eʼtibordan chetroqda boʻladi, toʻgʻrirogʻi – “ayaladi”. Muallif oʻzi ulgʻaygan qadriyatlar va axloqiy tutumlardan kelib chiqib munosabat bildirgan boʻlishi mumkin. Buni aslo ayolni yerga urish, bepisandlik deb tushunmaslik lozim. Ulugʻlarimiz ayolga “ojiza, zaifa” deb qaraganda ham avaylash maʼnosini nazarda tutgan. Muallifning munosabati mafkuraxonimlarni bunyod qilgan “noraso” jamiyatga nisbatan raddiya deyish mumkindir.
Berdiboyning hamiyati
“Piyoda” hikoyasi talqin imkoniyati kengligi bilan diqqatga loyiq. Bir qarashda johil Berdiboyning tutumlari odamni oʻylatadi. Singlisini shaharga oʻqishga yuborishga qarshilik qiladi u. Gulsanam shaharga ketishdan oldinroq akasiga tik qaraydi, gap qaytaradi. “Beti ochiq” qiz. U zamonasining aʼlochisi. Berdiboy bir vaqtlar oʻgʻlini Tiniq kampirga tashlab, shaharga kelib, ota uyining yaqinginasidan hovli-joy qilib oldirgan onasidan alamzada: “Biz boʻlsak, qolaverganmiz u yoqda yolgʻiz kampirning qoʻlida, “yalmogʻiz” kampirning qoʻlida... sahroyi boʻlib, oʻgay boʻlib! Endi bular – shaharlik! Endi bularning oti – Muzaffar-u Samandar, Gulsanam-u Gulandom! Bizniki boʻlsa... Berdi, Berdiboy!” Berdiboy roʻzgʻorning tizginini, “jami bordi-keldisi”ni qoʻlga olgan onasidan norozi. Oilada boshqaruvni qoʻlga olgan onasi bilan kelisha olmaydi, kitobdan bosh koʻtarmaydigan otasidan yozgʻiradi. Shahardan uylangan ukasi Muzaffarning xotinini koʻrib hamiyati qoʻziydi. Kelinning hurmatiga bozor oralab, semiz qoʻyni “yotqizib”, mehmonlarni olib ketgani keladi. Hovlida yurgan kelinning yurish-turishini koʻrib jigʻibiyron boʻladi. “...Boshyalang, sochi qirqilgan. Egnida yupqagina, piyozning poʻstidan ham yupqa-ye, yengsiz bir koʻylak, lozimdan-ku darak yoʻq. Kelinlari shu emish! Onasini chetga tortib: “Apa, ayting, – deydi, – boboydi oldida buytib yurmasin!” (Parda Qurbonning mulla degan oti bor harqalay – S.T.). Onasi esa oʻgʻlining ustidan kulib: “Oʻylama, ulim, boboy qaramaydi”, deydi. Gulsanamning taʼbiri bilan aytganda, “o‘tgan asrdan qolgan odam” – akasi Berdiboyning uy-xayollari bugun ham millatning eng katta muammolaridan biri sifatida kun tartibida turibdi. Hikoyada eskilik sarqitlariga koʻmilgan Berdiboyning turmush tarzi, anglami, ayollarga munosabati kinoya ohangiga oʻrab berilsa-da, fikrga tortadigan jihatlari ham yoʻq emas. Muallif muammoning har ikki tarafini ochib koʻrsatadi va oraliq yoʻlni, meʼyorni afzal biladi.
Mafkuraxonim, Maʼshuqaxonim va boshqa ...xonimlar
“Shoirning toʻyi” qissasida gʻoyaviylik jihatdan mavzu yangilanganini koʻrish mumkin. Asarda muallif nuqtai nazari, oʻzga nigoh, kinoya ohangining yangi maʼno tovlanishlari oʻquvchini rom etadi. Tarixga berilgan taʼrifning oʻzida qancha maʼno, qancha istehzo borligini sezish qiyin emas: “Tarix, kechagi kun – bamisoli serishva jonon, har kim uni taʼbiga moslab olaveradi; davr shamoliga qarab oʻzgaravergani sayin chin haqiqatni aniqlash mushkullashib boradi”.[1]
Yozuvchi asarlarida takror-takror uchraydigan siyosiy mazmundagi kinoyaviy ohang bu qissada ham quyuq. “Bepoyon oʻlkam”, “dunyo yoʻqsillarining dohiysi”, “moʻylovdor dohiy”, “Ozod Sharqning mashʼali” kabi tashbehlarning qoʻllanishi muallif ijodida ijtimoiy yukning ortib borganidan darak beradi. Asar sarlavhasidan tortib qahramonlarning atalishigacha ana shu ohang oshkora seziladi: Otashqalb, Zahmatkash domla, Mafkuraxonim, Musofir, Yosh shoir, Jiyanbeka, Ajoyib domla, Oqsoqol, Maʼshuqaxonim, Taʼqibkor, Moviykoʻz dilbar, Eng Katta rahbar. Muallif asarlarida qahramon nomlari oʻzi oʻzi haqida hikoya qiladi. Tariximizning “kir, qora kunlari”dan bir qissa shaklidagi asarda tiriklik falsafasi, hayot mazmuni istehzo aralash oʻkinch bilan qorishib ketadi. Birgina “shoir” soʻziga berilgan taʼrifda koʻp marta uchratgan, ammo eʼtibor qaratilmagan maʼnolar qarshimizdan chiqib keladi. “...Hech qachon oddiygina, lekin mohiyatini ifoda etib “shoir” deb atalmagan ekan. Qachon qaramang – “zamon kuychisi”, “zafarlar bulbuli”, “serzavq shoir”, “rahbar shoir”, “atoqli shoir”, “otaxon shoir”, “shoiri zamon”, “oqsoqol shoir”. Yaqindagina oʻzimiz yashab oʻtgan tarix haqidagi hikoyaning bugungi kunda ham ahamiyatini yoʻqotmaganiga guvoh boʻlamiz. Badiiy asar bir vaqtning oʻzida uch zamonni qamraydi. Asar go‘yo kechadan hikoya qilib turib bugunning dardidan soʻylaydi, shu asnoda ertaning qaygʻusidan ogohlantiradi. Badiiy asar zamonlar aro bogʻlovchi koʻprik vazifasini bajaradi. Inson zotining jasoratda va tubanlikda ham yagona ekani qissa mazmuniga singdirilgan.
Qissadagi ayollar tasvirida ham muallifga xos nuqtai nazar oʻz aksini topgan. “Mafkuraxonim deganimiz asli komsomoldan yetishib chiqqan, keyinchalik talay yil poytaxt tumanlaridan birida partiya qoʻmitasiga yetakchilik qilgan, biroz muddat madaniyat vaziri ham boʻlgan, mana, olti oydirki, yangi egarga oʻrnashib, mafkura otining jilovini tutgan edi”. Kelib chiqishi “oqsuyak xoʻjalar”dan boʻlgan ayol nasl-nasabiga qoʻshib ona tilidan ham kechgan, mansab uchun bor ayollik baxtidan mosuvo boʻlgan.
Maʼshuqaxonim shunday taʼriflanadi. “...umri pardoz-andoz deb oʻtgan, sochi hamon qop-qora (boʻyalgan), yoshligida oʻlgudek shayton, jikildoq boʻlgani ayon koʻrinib turgan chittak bir kampir”. Asarda bu ayolga nisbatan turlicha tashbeh ishlatiladi: “muhabbat guli”, “jodugar”, “sarqit xonim”, “adabiyotning moʻtabar onaxon-u enagalaridan, muhtaram yangamullolaridan”. Qahramon ismining oʻziyoq uning qilmishlariga ishora qiladi. Muallif qissada maʼlum bir toifa ayollarni Otashqalb shoir kechmishidagi gunohlari bilan aloqadorlikda tasvirlaydi.
Moviykoʻz dilbar. “Basharasi burishib, bujmayib ketgan, bir zamonlar Otashqalbni entiktirgan moviy koʻzlar endi xira tortib, tussiz boʻlib qolgan. Alvasti!” Otashqalbga xiyonat qilib, uni abgor etgan ayol bugun tarixning teskarisini soʻzlaydi. “Ochiq yotgan qozon” deb tamsil qilingan Moviykoʻz dilbarning “toʻngʻiz goʻshti bilan voyaga yetgani”, unga or-nomus, sadoqat tuygʻusi begona ekani aytiladi. Asardagi Alvastixon – qarib-quyulmagan darbon xotin. Ishvalari eritadigan Jiyanbeka haqidagi epizodlarda buyoqlar yanada quyuqlashadi. Bir-biridan kami boʻlmagan “muhtarama” ayollar haqidagi taʼrif-u tashbehlarni oʻqib, shu qavmga mansub ekanligingdan xijolat chekasan, yo bu muallifning ayol zotida oʻchi bormikan, deb oʻylab qolasan. Hamma gap – muallif koʻzlagan maqsadda!
Muallif nafs va xiyonat tufayli zavol topgan shoirning qismatini bugungi kun nuqtai nazari bilan yoritadi. Millat tarixining ayanchli kunlarida zavol topgan Otashqalb shoir umriga zomin boʻlgan xudbin kimsalar bugun boshqa qiyofalarda yashayotgani ochib beriladi. Shoirning yubileyi bahonasida oʻtmishda Otashqalbni yoʻq qilgan hasad va xiyonat hali-hanuz odamzodni tark etmagani, bu qiyomatga qadar davom etishi haqida gap boradi. Odam Atoning jannatdan quvilishiga sabab boʻlgan Momo Havo izdoshlarining kirdikorlari ayovsiz fosh etiladi. Yuqorida taʼkidlangan “muhtarama” ayollarning shu taxlit tasvirlanishi sababi, bizningcha, “qora” kunlarni yanayam “qoraytirish” uchun xizmat qilishi kerak boʻlgan. Soxta gʻoyalarga aldangan ayol, yolgʻonchi tuzum, oʻtkinchi mafkuraning qurbonlari kechmishi orqali fojianing taʼsir kuchi orttiriladi. Asarda epizodik qahramon Tepakal tilidan Mafkurabegim haqida qiziq xulosa beriladi: “Tavba, dunyoning ishlariyam chappa-rasta. Chappa-rasta boʻlmasa, shu qavmga buncha narsaning jilovini berib qoʻyib boʻladimi?”
Yozuvchi sovet tuzumining kirdikorlarini, fitna oʻyinlarini fosh etishda, hayotdagi norasoliklarni ochishda baxtsiz ayol obrazidan foydalanadi. Soxta, oʻtkinchi gʻoyani ayol bilan bogʻlashda ham gap koʻp. Ayollik hayosi, nafosatini boy bergan ojizalarning baxtsizligiga erkaklarning noshudligi, hamiyatsizligi sabab ekanini muallif juda ustalik bilan koʻrsatib beradiki, buni bir qarashda ilgʻab olish oson emas.
“Ona tilidan boshqa hammasini biladi”
“Bayramdan boshqa kunlar” qissasida muallif “dunyo matohi”ga berilib, oʻzligidan kechgan odamlar qiyofasini ochib beradi. “Ona tilidan boshqa hammasini biladi”gan Safura – muallif bisotidagi oʻziga xos tip. Yurtimizda bozor iqtisodiyotiga oʻtish davrida maʼnaviy jihatdan juda koʻp qadriyatlar oyoqosti qilindi, milliy tuygʻular poymol etildi. Oila atalmish qoʻrgʻonda erkakning boshqaruvni boy berishi qanday oqibatlarga olib kelishini Bargida oilasi misolida koʻrishimiz mumkin. Bargidaning otasi bir davrada xotini Afroʻza Kamolovnaning bir poy ziragini taqib olgani aytiladi. Aslida zirak xotinga emas, “loʻliga” oʻxshab turgan erkakka mos ekani Bakir tilidan piching qilinadi. Oiladagi er-xotinning oʻrni, oʻzaro hurmat, muhabbatning yoʻqolishi Bakir nuqtayi nazari orqali tahlil qilinadi.
Bir oila turmushi misolida jamiyat hayotidagi maʼnaviy buzuqliklar, nafs yoʻlida iymonidan voz kechgan kimsalarning qiyofasi fosh qilinadi. Odamzodning eng qadrli boyligi sanalgan or-nomus, iffat va hayo, iymon-eʼtiqodga darz ketishi uni hayvonga tenglashtiradi. Shahvoniy kinolarni koʻrishga ishtiyoqmand ota-onalar va farzand munosabatini yoritishda ana shu hayvoniy nafs vasvasalari tasviri odamni sergaklantiradi. Oiladagi qizlarning ismiyoq koʻp narsalarga ishora qiladi: Barno, Bargida, Basira! Katta oiladagi (jamiyat) muammolarning taʼsiri kichik oiladagi (Bargidaning oilasi) maʼnaviy inqirozning timsoli sifatida taassurot uygʻotadi. Maʼnaviy tanazzulning bir oila misolida ochib berilishi va uning oqibatlari qanday fojiaga olib kelishi jonli lavhalarda yoritilgan. Barnoshkaning eri Chinnibek, uning balet maktabida oʻqiydigan oʻgʻli Rajik taqdiri misolida katta yoʻqotishlarning “izi” chiziladi.
Yozuvchining keyingi asari – “Shovqin” romanida baxtsiz, fahsh va zalolatga botgan ayollar hayoti markazga olib chiqiladi. Asarda Farhod Ramazon bilan uchrashgan har bir ayolning baxtsizligi va kechmishi fojia fonida ochib beriladi.
Kechmish ayol baxtsizligining ildizlarini ochadi. Romanda tili va dini, vatanidan mosuvo boʻlgan ayollarning juda boy arsenalini koʻrish mumkin. Gulya Lagutina, Munira-Irka, Barfina Akobirovna, Tamara Salomonovna kabi obrazlarning deyarli hammasi baxtsiz, jamiyatda, oilada oʻrnini topa olmagan mushtiparlar. Haqiqatan ham, yozuvchi yaratgan ayol obrazlariga “mushtipar” soʻzi juda mos. Aksariyati baxtidan tinmagan, oilasi barbod boʻlgan ayollar. Yozuvchi ularni shunchaki tasvirlab qoʻymaydi, balki fojianing asl mohiyatini ochib berishni maqsad qiladi.
Ayolni anglash, uning beqarorligi, ehtiroslarga berilishi, mehr-muhabbati... barcha tovlanishlarini qamrab olish oson emas. Yonida Pakananing borligini baxt sanagan Arofat, otasi tengi “indamas”ning yonida boʻlishidan bolalarcha quvongan Zabarjadning tuygʻularini qanday qabul qilish va qanday sharhlashni bilmay qolasiz. Muallif ayollar tabiatining ana shunday tovlanishlarini yoritib bergan. U bu kabi baxtidan tinmagan ayollar talqinida ularni shunchaki ayblamaydi, oʻquvchiga ham hamdarlik hissini yuqtiradi. Zabarjad, Safsar, Parizod, Marina, Manzuma otin, Boybichcha, Oybibi kabi ayollar tasvirida ularni tushunishga, baxtsizlikning asl sabablarini anglashga intiladi.
Oʻjarlikda gap koʻp...
Sirtdan qaraganda yozuvchi ayollar zimmasiga katta yuk ortmaydi, balki uni shunchaki ijtimoiy-maishiy qamrovda tasvirlaydi. Ammo ifodadagi kinoyaning ustuvorligi bois muallif ayollarni ermaklaganday, kamsitganday tuyuladi. Aslida esa asosiy maqsad – ana shu ojizalarni eʼzozlash, qadriga yetish, hurmatini joyiga qoʻyish. Ayollar oilaning maʼnaviy olamiga masʼul zot sanaladi. Yozuvchi “ojiza”larning hayotiga erkaklar masʼul ekanini asarlari misolida qayta-qayta uqtirishga harakat qiladi. Baʼzi asarlarida ayol kerak joyda erkakdan ham baland hamiyatli, oriyatli boʻlib jonlanadi. Zabarjadning chapaniligi va tantiligi atrofidagilarga namuna boʻlsa, “Arbob Qulov Parijga boradi” hikoyasida “Kenja qashshangning qizi” Zevar qatʼiyati va keskirligi bilan butun asardagi personajlardan ajralib turadi. Zevar asarda deyarli harakatlanmaydi, faqatgina bir necha oʻrinda nomi tilga olinadi. Ammo uning asardagi mana shu “kamtarona” ishtiroki voqealar yoʻnalishini boshqa oʻzanga solib yuboradi.
Zevar – tilidan, dinidan tonib oʻzligini unutgan ojiz odamlar orasida ajralib turadigan umid, erkinlikning timsoli. Masxarabozlik urchigan sahnada u boshqalardan oʻjarligi va gʻururi bilan ajralib turadi. Televizorga chiqish uchun “eskilik sarqiti” deb roʻmol va lozimdan voz kechish soʻraladi. Zevar “Boshidagi savil qolgur roʻmolini ham, unisini ham yechib chiqsa oʻlib qolarmidi deng! Besh daqiqaginaga!” deyilganda, bir martagina boʻlsa ham aytilgan vazifani bajarish talab etilganda koʻnmaydi, chunki u mustaqil va qatʼiyatli ayol. Kenja qashshangning qizi olomon singari Parij-Parij deb hoy-u havasga berilmaydi. Hayotiy tutumlari bilan Zevar ularga oʻxshamaydi, eng muhimi, oʻxshashni xohlamaydi. Uning oʻrniga Toʻti pason suratga tushib, rejani barbod qilib yuboradi. Eʼtibor berilsa, muallif Zevar tipidagi qahramonlarni maqtab alqamaydi, urgʻulab milliy qahramonga aylantirmaydi. Shunchaki yoʻl-yoʻlakay qistirib oʻtadiki, ular deyarli eʼtiborni tortmaydi. Bilgan – biladi. Ayolning qadr-qimmati, oʻrni yoʻqotilgan jamiyatda muvozanat buziladi, millat kelajagiga soya solinadi.
Adib asarlarida ana shunday qistirmalar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Qistirmalarni badiiy asar voqealari maydoniga olib kira olish va undan kerakli oʻrinda foydalanish muallif ijodiy konsepsiyasida alohida oʻrin tutishini taʼkidlab oʻtish joiz. Bunday qistirmalar uning deyarli barcha asarlarida uchraydi. “Stupka”da Arslon togʻaning uyidagi surat bilan bogʻliq sahna, “Shovqin” romanida Shayx Sanʼon haqidagi rivoyat, “Tanho qayiq”dagi Ustoz va qirq shogird haqidagi rivoyat bunga misol boʻla oladi.
“Arbob Qulov Parijga boradi” hikoyasida Zevarning otasiga “qashshang” deya baho beriladi. Qashshanglik – oʻjar, bilganidan qaytmaydigan inson feʼl-atvoridagi belgi. Mana shunday oʻjarlarda ham gap koʻp. Ular oʻz qarashlarida sobit, mustaqil soʻz egalari, shaxslik maqomi tomon yuzlangan kimsalardir. Hikoyada zamon maqomiga bilib-bilmay yoʻrgʻalaydigan Guli Askarovna, Toʻti pasonlar zaharxanda kinoya orqali ochib berilsa, Zevarga oʻxshagan “bilganidan qaytmaydigan”lar muallifning xolis nuqtai nazari bilan chizilsa-da, baribir yozuvchi simpatiyasi oshkor boʻlib qolaveradi. Muallif nuqtayi nazari obraz mantigʻida, qahramon tabiatida aksini topadi. Bu – yozuvchining qahramonni taqdim etish usullaridan biri!
“Ayaymiz-da ularni”
Adabiyotshunos Umid Yaʼqub “Erkakning or qoʻshigʻi” nomli maqolasida yozuvchi ijodida ayollar obrazi talqiniga doir salmoqli mulohazalarni bayon etadi. Yozuvchi asarlaridagi ayollar obrazini umumlashtiruvchi nuqtani u shunday baholaydi: “Barcha kadrlarni birlashtiradigan qizil ip – or-nomus timsoli boʻlgan ayolning nomunosib-u nomuvofiq oʻrin tanlashida. Aslida ham qay koʻrinishda boʻlmasin, ayolning xoʻrlanishi erkak (b)orining boy berilishini anglatadi”.[2] Yosh tadqiqotchi yozuvchi ijodidagi eng muhim nuqtalarni juda topib aytadi. Masalaga yangi rakursdan yondashadi. Umid Yaʼqub muallif maqsadini anglash va uni xolis qabul qilish yoʻlidan boradi. Zotan, jamiyatda ayolning oʻrnini topish masalasini faqatgina erkaklarga taqab qoʻyish ham oʻzini oqlamaydi, nazarimda. Jamiyat hayoti, siyosiy-iqtisodiy tuzum, oila, ota-ona, muhit, nasliy xususiyatlarni ham nazardan qochirmaslik lozim.
Bu borada “Ertalabki xayollar” kitobidagi mulohazalar eʼtiborni tortadi. Ayollar tasviri bilan bogʻliq savolga “Ayaymiz-da ularni” deb javob beradi adib. Umuman olganda, xalqimizda ayolni ayash, erkalash odat tusiga kirgan. Ayolning oʻz oʻrnini bilmasligi mana shu “ayash” tuygʻusini barbod qiladi. Oradagi muvozanat yoʻqoladi.
“...Oʻzimiz yaxshi bilgan qavmdan qahramon yasaymiz-da, ahli zeboni oʻshanga hamroh qilib qoʻyamiz”.[3] Bir-birini toʻldirganda ular butunlikni hosil qiladi. Mana shu butunlikni taʼminlash uchun ham “ahli zebo”ga ehtiyoj tugʻiladi.
Yana bir suhbatda shunday deyiladi: “Bugun oʻylab koʻrsam, men shunchaki soddalik bilan ayollardan ideal qidirgan ekanman, xolos. Ayollarning yomoniga ham biz erkaklar aybdor ekanmiz. Yana bir gapni aytsam kulmaysiz, mening dunyodagi eng baxtiyor ayolga ham negadir rahmim keladi. Bu tuygʻu ham ayol zotidan yuqqaniga shubham yoʻq...”[4] Suhbat mazmunidan muallif ijodiy pozitsiyasi yanayam aniqlashib boradi. Iqtibosdagi uch nuqtaga eʼtibor qaratish mumkin ekan:
– ayollardan ideal qidirish – soddalik. Demak, ayoldan mukammallik qidirish ham anchayin joʻn gap;
– ayolning baxtsizligiga erkaklarning masʼuliyatsizligi sabab. Ayol qilayotgan xatolarga erkak kishi ham birday sherik;
– dunyodagi baxtli ayolning ham baxti butun emas – kami bor. Ayoldagi rahm-shafqat tuygʻusi va mehribonlik muallifga ham begona emas.
Muallifning ayol zotiga “negadir rahmi kelishi” adibning turmush tarzi va oilaviy muhiti, oiladagi toʻngʻich oʻgʻil – akalik, otalik maʼsuliyati bilan bogʻliqdir ehtimol. Har holda, bizning kuzatishlarimiz shunday!
Sanobar TOʻLAGANOVA,
filologiya fanlari doktori, professor
[1] Aʼzam E. Tanlangan asarlar. – Toshkent: “Sharq”, 2021. – B. 478.
[2] Yaʼqub U. Erkakning or qoʻshigʻi // Erkin Aʼzam badiiy olami. – Toshkent, “Turon Zamin zio”, 2014. – B. 148.
[3] Aʼzam E. Ertalabki xayollar. – Toshkent: “OʻZBEKISTON”, 2015. – B. 443.
[4] Yaʼqub U. Erkakning or qoʻshigʻi // Erkin Aʼzam badiiy olami. – Toshkent, “Turon Zamin zio”, 2014. – B. 148.