Xoja Ahmad Yassaviy tasavvuf ilmining buyuk namoyondasi, “Yassaviy” tariqasining asoschisi, turkiy sheʼriyatining yirik vakillaridan biridir.
Yassaviyning qanday zot boʻlgani, 1105-yilda Qozogʻistonning Sayram qishlogʻida tugʻilib, 1166-yilda Turkiston shahri (qadimgi Yassi)da vafot etgani, “Hikmatlar” sheʼriy toʻplamini yozib qoldirgani koʻpchilikka maʼlum.
Uning Qozogʻiston respublikasi, Chimkent viloyati Turkiston shahrida joylashgan maqbarasi esa, shubhasiz, musulmon meʼmorchiligining moʻjizalaridan biri sanaladi. Bu yodgorlik sohibqiron Amir Temur buyrugʻiga asosan 1385–1405-yillarda avliyoning oʻlimidan taxminan 233 yil oʻtib bunyod etilgan. Oʻz mahobatiga koʻra Samarqanddagi Bibixonim masjidi bilan tenglasha oladigan ushbu meʼmoriy obida 2003-yili UNESCO umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.
Ahmad Yassaviy maqbarasi. Turkiston.
Bu ulug‘ mutafakkirning ota-onalari kim boʻlgani, qayerda yashagani, soʻnggi manzili xususida maʼlumotlar deyarli yoʻq. Yassaviy Sayramlik Ibrohim Shayx oilasida tavallud topgani, onasining ismi Oyisha Muso shayx qizi boʻlgani, ota-onadan erta ayrilgani (otasi oʻlganida u yetti yashar edi) qayd qilinadi.
Shayx Ibrohim XI asrda Markaziy Osiyo xalqlari orasida islom dini tobora tarqalib borayotgan bir davrda Sayramda (Qozogʻiston) yashagan. Dehqon boʻlgan. Shu bilan birga, xalq orasida oʻzining avliyolik va bashorat qila olish qobiliyati bilan mashhur edi.
Ibrohim ota nomi bilan ataluvchi maqbara uch joyda Toshkent, Sayram va Turbatda (Qozogʻiston) mavjud. Ahmad Yassaviy asarida otasining qabri Oqturbatdaligini ham qayd qilgan. Demak bu shaxsga oid qabr uch joyda bor va uchchalasi ham hozirda ziyoratgoh sanaladi.
Ibrohim Shayxning asl qabri Sayramning shimoli-sharqida joylashgan. Qabr ustiga XII–XIV asrlarda qurilgan dastlabki maqbara vaqt sinoviga bardosh berolmagan. XIX asr oʻtalarida qurilgan yangi maqbaraning gumbazi ham 1950-yildagi zilzila natijasida qulab tushgan.
Ibrohim ota maqbarasi o‘lchami 7x7 metr, balandligi 8,25 metrli inshoot. 1990-yilda Qozogʻiston hukumatining tashabbusi bilan qayta taʼmirlangan va obod ziyoratgohga aylantirilgan.
Ibrohim ota maqbarasi. Sayram.
Qozogʻistonning Turkiston viloyati Qoziyurt rayoni Turbat qishlogʻida Xoja Ahmad Yassaviy va otasi Ibrohim Shayx bilan bogʻliq yana bir muqaddas ziyoratgoh mavjud. Har yili minglab insonlar bu yerdagi Ismoil ota ziyoratgohiga tashrif buyuradilar.
Ismoil ota maqbarasi haqida ham bir qancha rivoyatlar mavjud. Shularning birida aytilishicha Turbatda dafn etilgan Ismoil Ahmad Yassaviyning amakisi, yaʼni Ibrohim Shayxning akasi boʻlgan.
Boshqa bir manbada esa mazkur maqbara XIV asrga oid yodgorlik boʻlib, Amir Temurning amriga binoan Ibrohim otaning oʻgʻli soʻfiy Ismoilning qabri ustida barpo etilgan peshtoq-gumbazli inshootdir. Turbat qishlogʻidagi ushbu yodgorlik majmuasi tarkibiga maqbara, masjid va eski qabriston kiradi.