– Bu suhbat aynan “Jadid” gazetasi muxlislarining iltimosiga koʻra tashkil etilmoqda. Bunga ikki oy muqaddam gazetaning solnoma kitobi taqdimotida tabiiy va aniq fanlar, IT texnologiyalari va sunʼiy intellekt rivoji haqida soʻzlaganingiz, millat oydinlarini, yoshlarni bu ilmlarni egallashga undaganingiz koʻpchilikda qiziqish uygʻotgani turtki berdi.
– Ha, shunday boʻlgan edi. Aslida men oʻshanda “Hazrat Navoiy – zamondoshimiz” mavzusida chorak soatlik chiqish tayyorlagan edim. Biroq… zamonning shiddati shu qadar jadalki, bir soat ichidayoq olamda axborot makonini agʻdar-toʻntar qiladigan voqealar yuz bermoqda. Tadbir arafasining tunida, keksalarga xos uyqusizlik sabab internetni titkilagan edim, Florida shtatidagi Vest-Poynt bazasida Ilon Maskning Amerika harbiy akademiyasi rektori bilan boʻlgan suhbatiga duch keldim. Suhbatda akademiya ustozlari-yu tinglovchilar hozir edi. Unda bugungi dunyoning eng nomdor texnologi eng qudratli harbiy salohiyat namoyandalariga kelajak urushlari qanday boʻlishi haqida oʻzining bashoratlarini soʻzlar, harbiylarni shunga tayyor boʻlishga daʼvat etar edi. Suhbat tafakkurimni bezovta qildi, chuqur oʻyga toldirdi. Axir, oʻzingiz mavzuga eʼtibor bering: “Kelajak urushlari qanday boʻlishi kerak?” Yo alhazar, nahotki AQSh hukumatida taʼsirli lavozimga tayinlangan buyuk ixtirochi va novator-tadbirkor oʻzining nodir isteʼdodini dunyoda tinchlik, xalqlar oʻrtasida ahillikni ustuvor qilish oʻrniga, kelajak urushlari qanday boʻlishiga yoʻnaltirsa? Biroz alam ham qildi – soʻnggi toʻrt yil davomida universitetlar uchun “Differensial tenglamalar” kursi boʻyicha darslik yozib, unga Ilon Maskning “Motivatsiya bilan, nima uchun kerakligini tushuntirib dars oʻtish kerak” degan soʻzlarini epigraf qilib olgan edim-da.
Harbiy akademiya rektori bilan boʻlgan suhbatda Ilon Mask bildirgan fikrlarning magʻzi shunday edi: bundan keyingi harbiy mojarolarda asosiy “jangchi” sunʼiy intellektga asoslangan qurollar boʻladi. Ularning imkoniyati qudratda ham, aniqlikda ham insonga, yaʼni harbiylarga nisbatan beqiyos darajada yuksak va tezkorki, urushlarning borishi mutlaq oʻzgaradi. Darvoqe, biz hozirning oʻzidayoq bunga guvoh boʻla boshladik.
Chamasi, koʻz uyquga ilingan boʻlsa ham, tuni bilan bu mavzu ong ostini band qilgan boʻlsa kerak, yuqoridagi kitob taqdimotida ruhiy holat hamda majlis raisining “Matematiklarga xos boʻlsin” degan pisandasi bois, tungi oʻy-tashvishlarimni imkon qadar loʻnda ifoda etishga toʻgʻri keldi.
Ochigʻi, oʻshanda koʻnglimdagi fikrlarning bir qismigina tilga koʻchdi, xolos.
Bugungi shiddatli axborot asrida gazetaday koʻhna vosita nima demoqchi boʻlsang, hammasini batafsil bayon etishga imkon beradi. Suhbatga taklif uchun rahmat.
– Chindan ham, bu borada gazetaning oʻrnini hech bir internet sahifasi bosa olmaydi. Imkoniyatdan foydalanib, bu boradagi fikrlaringizni biz bilan baham koʻrsangiz.
– Bugun dunyo xaritasiga boqsak, taraqqiyot poygasida tabiiy resurslarga boy davlatlar emas, aynan ilmiy-texnika sohasi rivojlangan davlatlar peshqadam ekanini koʻramiz. Koshki, ular oʻzlarining bu natijalaridan tinchlik va oʻzaro manfaatli hamkorlik yoʻlida foydalansa, yoʻq, aksincha, ularning eng qudratlilari oʻz taʼsir doirasini kengaytirish, dunyo bozorlarini qayta taqsimlab olish, geosiyosat markazi boʻlish, qarz evaziga hududlarni egallash, bir soʻz bilan aytganda, superxoqonlik iddaosi yoʻlidan borayotgani tashvishli.
– Bu hol barchani tashvishlantirmoqda. Mana shunday sharoitda mamlakatimiz oydinlari qanday yoʻl tutishlari lozim?
– Yuz foiz aminmanki, buyuk bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiy yoʻlini tutgan odam yutadi. Bu yoʻl oʻz davrida jadidlik, Behbudiyning izdoshlari esa jadidlar (mujaddidlar) deb atalgan. Afsuski, yurtni, elning tafakkurini yangilashga intilgan jadidlar “rahmat” oʻrniga “qadimchi”lar degan muxolifatga duch kelgan, hatto bir jadidga yuzlab “qadimchi” toʻgʻri kelgan. Jadidlar ular tomonidan tazyiq, haqorat va qatagʻonlarga uchragan.
“Jadid” soʻzining lugʻaviy maʼnolari – yangi, yaqinda paydo boʻlgan, zamonaviy, soʻnggi rusumdagi, odat tusiga kirmagan, anʼanaga teskari. Zamonaviy ibora bilan aytganda, novatorlik, innovatsiya deganidir.
– Yurtimizda XX asr boshlaridagi jadidlik harakati nimadan boshlangan? Qanday zarurat bunga turtki bergan, deb oʻylaysiz?
– Taʼlimni yangilash uchun harakatdan boshlangan. Sirtdan olib qaraganda, eski maktablarda turli yoshdagi bolalar aralash, boʻyrada oʻtirib oʻqishgan, madrasalardagi taʼlim usuli ham undan yiroq boʻlmagan, jadidlar esa oʻquvchilarning parta va yozuv taxtasi bilan jihozlangan sinfxonalarda saboq oʻtishi tarafdori boʻlishgan. Ammo bu jadidlikning sirtqi jihati edi, xolos. Qadimchilarning qarshiligiga uchragan asosiy jihat – taʼlim mazmunini yangilash boʻlgan. Behbudiy Turkiyaga safari chogʻida usmonlilarning ilgʻor oydinlari bilan suhbatlashib, bu mamlakatga endigina taʼsir oʻtkaza boshlagan Yevropa maktablari va universitetlaridagi taʼlim tizimi bilan tanishgan. Oʻzimizni buyuk bobomizning oʻrniga qoʻyib koʻraylik: bir yoqda algebra u yoqda tursin, hatto arifmetika ham yolchitib oʻqitilmayotgan taʼlim, ikkinchi tomonda esa matematik fizika, organik moddalar sintezi, genetika va hokazo. Oqibatda, bu yoqda ulovli yogʻoch aravalar, u yoqda avtomobillar va elektr chiroqlari. Bu farqni bir soʻz bilan “dahshatli” deb ifodalash toʻgʻri boʻladi.
Millat taqdiriga befarq, xudbin odamlar bunga parvo ham qilmas edi. Ammo jadid bobolarimiz buyuk millatparvar edilarki, jamiyatni taraqqiyot sari yuzlantirish harakatini boshlaganlar, bu borada ulkan natijalarga erishganlar ham (birgina oʻzbek matbuotiga asos solganlari uchun ularni to qiyomatgacha alqashga burchlimiz), alal oqibat bu yoʻlda jonlarini qurbon qildilar.
Aslida, jadidlik harakati rahnamolarining barchasi jamiyatda obro‘-eʼtiborga ega, oʻziga toʻq va hatto, koʻpchiligi boy-badavlat insonlar edi. Hayotning jamiki noz-u neʼmatlaridan rohatlanib yashashlariga hech bir monelik yoʻq edi.
– Nima sababdan ular osoyishta hayotdan voz kechib, dastavval mablag‘ va mulklarini, keyinroq martabalarini, eng oxirida hayotlarini bu yoʻlga tikkan? Siz bu borada qanday xulosaga kelgansiz?
– Aslan jadidlik tagida taʼlimning shakli emas, mazmuni yotadi. Behbudiyning oʻrniga oʻzimizni qoʻyib koʻraylik-da, shunday savol qoʻyaylik: 1910-yillarda Yevropa gimnaziya va litseylarida, ayniqsa, universitetlarida taʼlim dasturi qanday edi-yu, bizning taʼlim muassasalarimizda qanday boʻlgan? Biror tadqiqotchi buni oʻrgansa maqsadga muvofiq boʻlar edi. Shu narsa aniqki, bizda matematika, hatto, Muhammad Xorazmiy algebrasini oʻqitish ham unutilgan edi oʻsha vaqtlarda. Beruniy va Ulugʻbeklar davridagi sferik trigonometriyani tilga olmasa ham boʻladi. Xuddi shu davrda Germaniya universitetlarida yangi fizika, kimyo, fiziologiya kabi fanlar Nobel mukofoti sohiblari tomonidan oʻqitilayotgan edi.
Muhimi, Gʻarbda taʼlim jamiyatdagi ilmiy-texnika taraqqiyotining lokomotiviga aylangan, shu tufayli ichki yonuv dvigatellarini joriy etish, elektrlashtirish kabi moʻjiza boʻlib tuyuladigan yangiliklar hayot tarzini keskin oʻzgartirib yuborayotgan, bizda esa holat eskiligicha qolayotgandi. Ana shu farqni anglagan, butun fitrati bilan millatparvar boʻlgan jadidlar taraqqiyparvarga aylanishdi. Bugun endi ularning taʼlimoti ham, kurashi ham, achchiq taqdiri ham barchaga yaxshi maʼlum. Bu narsalar “Jadid” gazetasi sahifalarida batafsil yoritilmoqda. Har tomonlama xayrli boʻlgan bu ishni davom ettirish kerak, albatta.
Ayni paytda, agar jadid bobolarimiz tirik boʻlishganida, qanday yoʻl tutgan boʻlar edilar, degan savolni koʻtarish vaqti allaqachon yetgan.
– Bugun zamon oʻzgacha demoqchisiz, shekilli?
– Xuddi shunday. Jadid bobolarimiz davrida taʼlim sohasida bizdagi va Yevropadagi farq naqadar katta boʻlsa, bugun ilmiy-texnik taraqqiyot va innovatsiyalar jadalligidagi farq ham undan kam emas. Sirtdan qaraganda, bu borada ham rivojlanish qoniqarli, tashvishga hojat yoʻqday tuyuladi. Qayerga qaramang, hamma yerda yangi mahsulotlar, yangi texnika va texnologiyalar joriy etilmoqda. Shu jumladan, sunʼiy intellekt vositalarini oʻrganish va foydalanish borasida ham. Ammo masalaning magʻzi – qay tarzda degan savolda. 99,9 foiz holda sotib olish yoki oʻzlashtirish evaziga. Atrofimizga bir nazar tashlaylik. Uchoqlar, charxucharlar, radiolokatsiya, geolokatsiya, avtomobillar, elektrotexnika, elektronika va elektroenergetika jihozlari, sovitkichlar, televizorlar, telefon, kompyuter, qisqa toʻlqinli elektr-oʻchoqlar, qurilish asbob-uskunalari va materiallarining deyarli hammasi Gʻarb mamlakatlarida, asosan AQShda oʻylab topilgan. Hatto avtomobilni yomgʻir yogʻganda ham haydashga imkon beruvchi “deraza farroshlari”ni Meri Anderson degan AQShlik ayol oʻylab topgan. Bu mamlakatda ot oʻrniga dvigatel qoʻshilgan aravadan to sunʼiy intellekt bilan qurollantirilgan avtogacha minglab ixtiro joriy qilingan.
Kompyuter va kommunikatsiya texnologiyalari sohalarida ham shu ahvol. Ayrim superdavlatlar bu sohalarda jahon bozorini egallab olgani ularga ulkan iqtisodiy foyda keltirishdan tashqari, geosiyosiy ustunlik ham bermoqda. Internetlashgan bugungi dunyoda mijozga sezdirmasdan uning xos maʼlumotlarini oʻgʻirlash, kompyuterlarga virus yuqtirish yoki maxsus dastur vositasida istalgan paytda ularni ishdan chiqarish, dasturlashtirilgan avtomobil, uchoqlar va banklarga tajovuz imkoniyatlari naqadar xavfli. Qolaversa, bular hammasi – bugungi ahvol, ertaga bu borada qanday “ixtiro”lar qilinadi, ularni qanday niyatli kuchlar boshqaradi, oqibati nima boʻladi – tasavvur ojiz.
Bunday xavf-u xatar dolzarb boʻlmagan taqdirda ham shuni unutmaslik lozimki, brend darajasida sotilgan birgina ixtiro keltiradigan foyda ancha-muncha mamlakatning bir yillik byudjetidan kattaroq boʻlishi mumkin. Masalan, APPLE kompaniyasining 2024-yildagi daromadi 400 milliard dollar atrofida boʻldi. Biroz kulgili boʻlsa ham yana bir misol: AQShlik Mariya Donovan degan xonim ixtiro qilgan suvshimar taglik (pampers) hozirgacha bu mamlakatga trillion dollarga yaqin foyda keltirdi.
Har qanday mahsulot yoki texnologiya yangilanar ekan, u juda katta qoʻshimcha qiymat bilan sotilishi tabiiy. Shuning uchun xarid qiluvchilar yil sayin koʻproq mablag‘ sarflashga majbur boʻladi. Bu ayniqsa, informatsion texnologiyalar bozorida yaqqol koʻzga tashlanadi. Kompyuter va mobil telefonlarning avlodlari juda tez yangilanmoqda.
– Mana shunday muhitda bugungi jadidlar deb kimlarni aytish mumkin?
– Ixtiro qilishga intilayotgan, qilgan ixtirosiga patent olish uchun kurashayotgan, ixtirosini amaliyotga joriy qilib, yangi mahsulot ishlab chiqarishga intilayotgan va ularni eksport qilib, “oʻzbek brendi”ni dunyoga olib chiqishni niyat qilayotganlar – jadidlardir. Millatga oʻzligini anglatishni, yurt yoshlarini ilm-hunar egallashga daʼvat qilishni, Vatanga yaxshilik sogʻinishni kasb qilganlar – jadidlar. Men boshqacha boʻlishini tasavvur etolmayman.
– Aynan shunday. Faqat javobdan ozgina ajablangan joyim boʻldi. Nega endi ixtiroga patent olish uchun kurashish kerak?
– Hamma gap shunda-da. Bir paytlar faqat ixtiroga patent, kashfiyotga guvohnoma berish bilan shugʻullanadigan byuro boʻlgan. 2011-yili Intellektual mulk agentligi tuzilib, texnik ixtirolarni patentlash, musiqa asarlariga va boshqa ijodiy mahsulotlarga mualliflik guvohnomasi berish ham ana shu idora zimmasiga yuklandi. Sababi ayon – u ham yangilik, bu ham yangilik, har ikkisi ham ijod mahsuli. Ammo bizning sharoitda eng ezgu ishning ham avra-astarini agʻdarish odatiy hol. Oʻzingiz tasavvur qilib koʻring – qoʻshiqqa mualliflik guvohnomasi oladigan otarchiga munosabat qayoqda-yu, oʻz yonidan pul sarflab ixtironi amalga oshirgan va bir quchoq hujjat hozirlagan muhandis yoki ilmiy xodimga muomala qayoqda? Artistlar uchun bu ish xamirdan qil sugʻurganday oson kechmoqda, ixtirochilar esa…
Yillab ovora boʻlgan va boʻlayotgan ixtirochilar bor. Bir paytlar patentchilar ixtironing qay darajada yangiligini maxsus byulletenlarni titib aniqlashar va bu ancha vaqt talab etar edi. Holbuki, biz hozir axborot inqilobi davrida yashayapmiz. Xoʻsh, nega haligacha ixtironi ekspertizadan oʻtkazish oylab vaqt talab etyapti? Bu holat tushunarsiz.
Ehtimol shuning uchun ham aholi jon boshiga patentlar soni boʻyicha mamlakatimiz past oʻrinda, ularni joriy etish boʻyicha esa yana ham quyiroqdadir.
Mamlakatimizda ixtirochilar koʻp, ijtimoiy tarmoqlarda energiya tejamli betonqorgich, yangi qurilish materiali, original qishloq xoʻjaligi agregati va hokazolarni yaratayotgan hamyurtlarimiz haqida xabarlar tez-tez chiqib turadi. Ammo hozirgacha biror yurtdoshimizning yangi ixtirosi ommaviy ishlab chiqarila boshlangani, dunyo miqyosida shov-shuv boʻlganini eshitmadik.
Nega? Qachongacha?
Ixtirochilik harakati iqtisodiy taraqqiyotning lokomotiviga aylanishi uchun patent byurosi qayta tiklanishi maqsadga muvofiq. Muhimi, u patent xizmati koʻrsatadigan, ish uslubi mohiyatan byurokratik idoradan farq qiladigan, qayerda ixtirochi bor boʻlsa, izlab topadigan, nafaqat ixtironing yangiligini ekspertizadan oʻtkazib guvohnoma beradigan, balki ularni joriy qilinishi uchun masʼul idora sifatida oʻzi yelib-yuguradigan obyektga aylantirilishi kerak.
– Bunga nima xalaqit beryapti?
– Kim bilsin. Balki patent byurosining byudjetini asosan ishlab chiqarishdan topiladigan daromaddan olinadigan ulush evaziga shakllantirish usulini joriy etish kerakdir. Shunda patentshunoslar aynan samarador ixtirolarni tezroq patentlashdan manfaatdor boʻladi. Buning uchun Patent byurosi ixtiyorida loyihalashtirish instituti va tajriba-konstruktorlik korxonasi boʻlishi ham kerak. Darvoqe, ixtiroga hammualliflik iddaosini qilmasliklari uchun Patent byurosi xodimlariga ixtirochilik bilan shugʻullanish man etilishi kerak. Bu idora ayni paytda ixtirochilarni ishlab chiqaruvchilar bilan bogʻlovchi vazifasini oʻtashi lozim. Yangi ixtiro qilingan ishlanmalar va mahsulotlar (xizmatlar, texnologiyalar)ning doimiy koʻrgazmasi yuritilishi, yilda bir marta yarmarkasi tashkil etilishi ham ayni muddao boʻlar edi.
– Ustoz, Sizni ayrimlar adabiyotshunos, boshqalar esa matematik olim sifatida taniydi. Ixtirochilik borasida, uning muammolari haqida bunchalik puxta tasavvurga egaligingizdan xayolimga shu savol keldi: oʻzingiz ham ixtirochilik muammolari bilan toʻqnash kelganmisiz?
– Yaraga tuz sepdingiz. Kamina sof nazariyotchi ahli ilmga mansubman. Ayni paytda matematikaning ixtirochilikka tutashadigan nuqtalari ham yoʻq emas. “Myobius yaprogʻi” deb ataladigan geometrik sirtdan har ikki tomoni qumli silliqlash lentasi yasalgan. XIX asrda S.Blek “Oʻn besh” oʻyinini ixtiro qilgan. U oʻz davrida venger ixtirochisi Ernyo Rubik oʻylab topgan “kubik-rubik” oʻyinidan ham mashhurroq boʻlgan. Hatto, gazetalarda “15” oʻyiniga berilib ketgan mashinist poyezdni boshqarishni unutib, uning halokatiga sabab boʻlgani haqida ham yozishgan. Rubik kubchasi ommalashib ketgach, uning patentini sotib olish ham qimmatlashib ketgan. Holbuki, oddiygina oʻyinchoq Vengriyaga shuhrat va milliardlab daromad keltira boshlagan edi. Shunda sobiq Ittifoq va Vengriya hukumatlari boshqotirgʻich ayirboshlashga kelishgan. 1989-yili “Комсомолская правда” gazetasi boshqotirgʻichlar tanlovini eʼlon qildi. Kamina “Dodekaedr” degan matematik boshqotirgʻich bilan unda ishtirok etib, gʻoliblardan biri boʻldim. Yangiliklarni ishlab chiqarishga joriy qilish sovet iqtisodiyotida qiyin ish edi. Oʻnta ixtiromning birortasi ishlab chiqarilmadi. Men yangi boshqotirgʻichlarni oʻylab topishda davom etdim. Ulardan biriga patent olishga urinib koʻrildi, qancha vaqt Beshyogʻochda joylashgan patentlar kutubxonasida ixtironing yangiligini asoslashga sarf boʻldi. Ammo urinishlarim zoye ketdi. Ariza bir qancha hujjatlar ilova qilinib, Moskvadagi patent byurosiga pochta orqali joʻnatilar edi. Arizalar birda unisi kam, birda bunisi yetishmaydi, degan vaj bilan qaytarildi. Bu orada SSSR parokanda boʻldi, mustaqil Oʻzbekistonning oʻz patent byurosi tuzildi. Afsuski, u sobiq Ittifoq byurosining ish uslubini aynan koʻchirib olgan edi. 2000-yillarda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan ixtirochi S.Ismatxoʻjayev bir ixtirosini matematik asoslash masalasi bilan murojaat qildi. Issiqlik elektrostansiyalari samaradorligini oshirishga qaratilgan bir ixtiro uchun u kishi bilan birga patent olishga muvaffaq boʻlindi, ammo yana bir shunday ixtiro uchun berilgan ariza bir yildan koʻproq sarson qilindi. Holbuki, u amaliyotga joriy etilib, samara bera boshlagan edi. Laboratoriyamizda issiqlik almashuv jarayonlari sohasiga qiziqib, yana bir prinsipial yangi ixtiro gʻoyasiga patent olmoqchi boʻldik. Uning asosiy qismlaridan biri murakkab geometrik tuzilishga ega edi. Patentga ariza berish uchun uning chizmasini, ishlash prinsipini asoslash uchun real maketini tayyorlash lozim edi. Chizmalarni-ku kompyuterda yasash imkoniyati tugʻilgan, ammo maket-chi? Kartondan maket yasaldi, ammo biror tokar uni metalda yasab bera olmadi. Xullas, bu xobbini yigʻishtirishga toʻgʻri keldi. Endi tasavvur qiling, chekka qishloqda yashaydigan havaskor samarali qishloq xoʻjaligi texnikasi boʻyicha ixtiro qildi, deylik. Xoʻsh, u qayerga boradi?
Amerika Qoʻshma Shtatlarining qudrati ham, shuhrati ham asosan ixtirochilik uchun maksimal qulay muhit yaratilganida deb oʻylayman. Bugun shunday muhit Xitoyda ham mavjud, shu sababli dunyo bozorlarini “Made in China” tamgʻali mahsulotlar bosib ketdi.
Beixtiyor qiyoslaysan: bizda-chi? Qaysi oʻzbek ixtirochisining yangiligi tovarga aylantirilib, dunyo bozoriga chiqarildi?
Bundan 15 yilcha avval vodiylik bir oʻsmir qoʻlbola dron (kvadrokopter) yasab uchirgani haqida xabar tarqalgan edi. Dron boshqarilmaydigan boʻlgani uchun qoʻshni davlat hududiga qoʻngan. Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarga koʻra, yigitchaga maʼmuriy chora koʻrilgan. Albatta, dron yasash yangilik emas. Ammo u yigitchada ixtirochilikka moyillik va iqtidor boʻlgan. Agar u qoʻllab-quvvatlanganida, balki keyinchalik boshqariladigan dron yasagan boʻlarmidi…
Axir, Sergey Korolyov ham bosh konstruktor boʻlib dunyoga kelmagan, ilk faoliyatini oddiy fanerdan qoʻlbola uchish moslamasi yasashdan boshlagan. Turkiyalik aka-uka Xaluk va Saljuq Bayroqdorlar ham shunday yoʻlni bosib oʻtishgan.
– Sizningcha, bugun iqtisodiyotimiz uchun eng dolzarb ixtirochilik sohasi qaysi?
– Yaxshi savol. Mamlakatimiz iqtisodiyotida paxta xomashyosini tayyor mahsulotga aylantirish salmoqli oʻrin egallashi maʼlum. Uzoq yillar davomida Oʻzbekiston paxta tolasini eksport qilib keldi. Bu – mehnatni dehqon qilib, foydasini xorijlik fabrikantlar koʻradi, degani edi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa paxta tolasini imkon qadar chuqurroq qayta ishlash, tayyor mahsulotga aylantirib, soʻng sotish siyosatiga katta eʼtibor qaratmoqda. Mamlakatimiz eksportida tayyor kiyim-kechak ulushi ortib borayotgani quvonarli. Bu borada yana bir muhim masala kun tartibiga chiqmoqda. U ham boʻlsa, paxtani qayta ishlash – tolani chigitdan ajratuvchi, ip yigiruvchi, gazlama toʻquvchi va oxirgi bosqichda tikuvchi asbob-uskunalar ishlab chiqarishdir. Hozirgacha ular asosan xorijdan sotib olinmoqda. Holbuki, har qanday dastgoh vaqt oʻtishi bilan eskiradi. Ham texnik jihatdan, ham “maʼnaviy” jihatdan. Shu maʼnodaki, avval sotib olingan texnika oʻz oʻrnini yangisiga, samaraliroq, energiyatejamkorroq, kompyuterlashgan (yaqin yillar ichida esa sunʼiy intellekt boshqaradigan) yangi avlodlariga boʻshatib beradi. Bu hodisani yuqorida informatsion texnologiyalar misolida ham aytib oʻtdim. Dastgohlarning yangi avlodi avvalgisidan ancha qimmat boʻlishi, paxta xomashyosining narxi esa juda sekin oʻsishi hisobga olinsa, paxtachilikdan keladigan daromad yil sayin pasayib boradi, degan xulosa chiqadi. Shunday ekan, paxtani tayyor mahsulotga aylantiradigan uskunalardan kamida bir-ikki turini oʻzimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish zarur. Faqat bu bilan cheklanmay, ana shunday uskunalarni muntazam yangilab borishni taʼminlaydigan texnologiya yaratilishi ham nihoyatda dolzarb. Buning uzviy sxemasi yaxshi maʼlum: ilmiy-tadqiqot instituti – ixtirochilik va ratsionalizatsiya markazi – tajriba-konstruktorlik byurosi – sinab koʻrish nusxasini yasaydigan ustaxona – zavod.
Bundan tashqari, innovatsiyalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish tizimi ham yaratilishi kerak.
AQSh iqtisodiyotining yuksalishi aynan paxtadan boshlanganini eslash oʻrinli. Oʻsha davrlarda (bizda XIX asr oxirlarigacha) paxtaning tolasi chigitdan qoʻlda ajratilgan. Tasavvur qiling-a, millionlab tonna paxtani shu tariqa tolaga aylantirishning oʻzi boʻladimi? 1793-yilda Eli Uitni paxta tozalovchi “jin-mashina” ixtiro qiladi. Shu tufayli tolaning tannarxi keskin arzonlashib, AQSh paxta bozorida boshqa davlatlarni sindiradi.
– Yurtimizda ixtirochilikni rivojlantirish borasida qaysidir tashkilotlarga oʻz takliflaringizni berganmisiz?
– Yigirma yilcha burun bir qadrdonim oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi sohasiga rahbarlikka tayinlandi. Qutlagani bordim. Suhbat asnosida “takliflaringiz boʻlsa, ayting”, dedi. “Qani endi, kasb-hunar kollejlari va texnika oliy oʻquv yurtlarida ommaviy ixtirochilik harakati boshlansa”, deb ishni har yili oʻrta maxsus va oliy taʼlim muassasalarining talabalari oʻrtasida “Yosh ixtirochilarning respublika koʻrik-koʻrgazmasi”ni oʻtkazishdan boshlashni taklif qildim. U maʼqul topdi. Koʻrik bir marta oʻtkazildi ham. Ammo negadir davom ettirilmadi. Balki bu sohaga eʼtibor sust boʻlgani uchun birinchi yiliyoq shov-shuvli natija chiqmagandir. Agar u izchil davom ettirilib, hukumat miqyosiga olib chiqilganda, hozirgacha muhit oʻzgargan boʻlarmidi.
– Bunday muhitni yaratish uchun endi nimalar qilish kerak?
– Birinchi navbatda “hechdan koʻra kech” deganlaridek, mazkur koʻrik-koʻrgazma-tanlovni tiklash, hatto uni ixtirolar auksioni darajasiga olib chiqish ayni muddao boʻladi. Soʻng yoshlar orasida ilmiy-texnik tafakkur shakllanishiga eʼtiborni kuchaytirish kerak. Bir paytlar amerikalik yoshlarning maʼbudlari Merilin Monro kabi kinoyulduzlar, Elvis Presli kabi estrada yulduzlari, mashhur basketbolchi va beysbolchilar boʻlgan. Ammo shuni ham taʼkidlash lozimki, Tomas Edison, aka-uka Raytlar ham mashhurlikda ulardan qolishmagan. Axborot texnologiyalari inqilobi boshlanishi bilan Bill Geyts (Microsoft), Stiv Jobs (Apple), Larri Peyj va Sergey Brin (Google), Mark Sukerberg (Facebook) kabi innovatsiya dargʻalari amerikalik yoshlar uchun yoʻlchi yulduzga aylandi.
Bugun AQShlik yoshlar oʻrtasida mashhurlikda hech bir yulduz Ilon Maskning yaqiniga ham yoʻlay olmaydi. YouTube kanalida Ilon Maskning yangi mahsulotlari taqdimoti yoki sunʼiy intellekt haqidagi suhbatlari zalda oʻn minglab tomoshabinni yigʻadi, ijtimoiy tarmoqlardagi kuzatuvlar soni esa yuz milliondan oshadi. Darvoqe, yigirmanchi asrda dunyoda eng mashhur sobiq Ittifoq fuqarosi ham aynan ixtirochi M.Kalashnikov boʻlgan. Bugun ham Rossiya aynan harbiy ixtirochi-muhandislari bilan qudratli boʻlib turibdi.
Yana bir muammo – yoshlarning ilmiy-texnik tafakkurini shakllantirishga ommaviy axborot vositalarining loqayd boʻlib kelayotgani. Bir zamonlar “Yosh texnik”, “Kuch – bilimda”, “Fan va turmush”, “Rulda”, “Texnika”, “Elektronika”, “Yosh naturalist”, “Kvant” degan jurnallar millionlab nusxalarda nashr etilgan, markaziy televideniyeda ixtirochilik va ilmiy-texnikani targʻib qiluvchi dasturlar ancha ommalashgan edi. Ularni oʻqigan, koʻrgan oʻquvchilarning katta qismi texnikaga shaydo boʻlar, nimanidir oʻz qoʻli bilan yasash ishtiyoqiga tushar edi. Bu esa boʻlgʻusi muhandis, ixtirochilar uchun dastlabki zaruriy qadamlardir.
Bugun ahvol qanday? Boshqa MDH davlatlarida ahvol qandayligini bilmayman, ammo bizda televideniyening asosiy qahramonlari hamon qoʻshiqchilar, raqqosalar, hatto telejurnalistlarning oʻzlari…
Qatʼiy taʼkidlash joizki, yurtimizning shon-shuhratini dunyoga yoyishda sportga teng keladigan soha hozircha yoʻq. Xalqaro musiqa va opera tanlovlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritishga qodir isteʼdodlar ham shunday maqtovga loyiq. Qolaversa, kuy-qoʻshiqlarsiz toʻy-tantana tasavvurga sigʻmaydi. Bular ikki karra ikki toʻrt deganlaridek, ravshan haqiqat. Faqat shovqin bilan cheklanish yomon. Kimlargadir ogʻir botsa ham qayd etish lozim: sport ham, sanʼat ham bugungi hayot uchun zarur, ixtirochilik, innovatsion tadbirkorlik esa davlatning qudratini, millatning kelajagini belgilovchi omillardir.
Yana takrorlaymiz, bu sohalarni bir-biriga zid qoʻyish aqldan emas. Ammo qushning ikki qanoti ham sogʻlom, baquvvat boʻlsagina u yuksaklarga parvoz qila oladi. Oʻxshatish tushunarli boʻlsa kerak. Xoʻsh, bizda taraqqiyot lochinining u qanoti qanday-u, bu qanoti qay holda? Bu borada jurnalistlarimizdan gina qilishga haqlimiz. Ayniqsa, telejurnalistlardan. Tokaygacha lapar-u yallachilarni osmonga olib chiqib, yulduzga aylantirish bilan shugʻullanasiz? Ular bilan bir qatorda, hatto birinchi navbatda ixtirochilikka intilayotgan isteʼdod egalarini izlab topishga kirishing (ularning koʻpligiga shubha yoʻq), xalqqa taniting, muammolarini hal qilishga koʻmaklashing. Shuni bilingki, ularda moʻmay pul topish imkoni yoʻq, aksincha, oʻz faoliyatida deyarli har qadamda obyektiv va subyektiv toʻsiqlarga duch kelishadi. Ularni qoʻllab-quvvatlashga mahalliy hokimiyat va sarmoyadorlarni jalb qiling, kerak boʻlsa, ularni byurokratlardan himoya qiling. Ularning har bir muvaffaqiyatini keng targʻib qilingki, xalq bilsin, yaqindan tanisin.
Unutmaslik kerakki, tadbirkorlik erkin gullab-yashnaydigan muhitdagina ixtirochilik unib-oʻsadi. U hosilga kirganida esa mamlakat shuhratini yuzlab yillar davomida olamga yoyadi. Yurtimizning taraqqiy qilgan davlatlar safiga qoʻshilishida oʻta muhim rol oʻynaydi.
Bu borada “Jadid” gazetasiga bir taklifim bor: tahririyat jadid bobolarimiz faoliyatini yoritishga bir sahifa ajratsa, bugungi jadidlik, yaʼni ixtirochilik va innovatsiyalarga ikki sahifa oʻrin ajratishi kerak. Shunda maʼrifatparvar ajdodlarimizning ham ruhi shod boʻladi.
Qani endi, har yili mustaqillik bayrami arafasida mukofotlanadiganlar qatorida oʻz ixtirosi bilan tanilgan ixtirochilar, novatorlar soni sanʼatkorlarnikidan kam boʻlmasa. Qani endi, har yili mamlakat ixtirochilari anjumani oʻtkazilib, ulardan eng munosiblari sharaf shohsupasiga koʻtarilsa… Orzuga ayb yoʻq.
– Gap ommaviy axborot vositalarining ijtimoiy tafakkurga taʼsiriga kelib taqalgan ekan, yana bir oʻta bahsli mavzuga toʻxtalmasdan iloj yoʻq. U ham boʻlsa – Oʻzbekistonda atom elektrostansiyasining qurilishi mavzusi. Bu mavzu boʻyicha ijtimoiy tarmoqlarda necha bor ayyuhannos koʻtarildi. Emishki, atom elektrostansiyasi qurilishi mamlakat mustaqilligiga putur yetkazadi, xalqimiz boshiga Chernobil fojiasini soladi va hokazo…
– Ana shunday muhokamalar avj olsa, hamma oʻzicha dono boʻlib ketadi. Hech kim, bir ogʻiz mutaxassislardan soʻraylik-chi, demaydi. Haliyam yaxshi eslayman. Kamina 1998-yili “Tafakkur” jurnaliga bergan intervyumda mamlakatimiz uchun atom elektrostansiyalari (ha, xuddi shunday – bir emas, bir nechta, kerak boʻlsa, oʻnlab stansiyalar) zarur, degan fikr bildirgan edim. Toʻgʻrisi, oʻshanda jurnal bosh muharriri ikkovimiz ayyuhannoschilar bu fikrlar uchun bizni “falonquldan pismadonqulga” solishlarini kutgan edik. Ammo biron bir aks sado boʻlmadi. Chamasi, Feysbukda gapni qiyadiganlar “Tafakkur” degan jurnal borligini ham bilishmaydi. Albatta, atom elektrostansiyasidan xavfsiraydiganlar orasida xolis oʻylaydigan ahli afkor ham bor. Ammo ular ham qarshi dalil keltirganlari yoʻq. Imkoniyatdan foydalanib, mulohazalarimizni batafsilroq bayon qilaylik. Birinchidan, AES qurilishi mustaqillikning “tagiga suv quyishi”ga biron bir misol yoʻq. Amerika qitʼasidagi barcha AESlar AQSh energetiklari tomonidan qurilgan. Jumladan, AQSh bilan munosabatlari doim oʻzgarib turadigan Braziliyada ham. Ammo biror marta Amerika oʻzi qurgan AES orqali u yoki bu davlatga bosim oʻtkazgani haqida maʼlumot yoʻq. Yoki “Росатом”ni olaylik. Bu kompaniya tomonidan xorijiy mamlakatlarda oʻndan ortiq AES qurilgan. Hozirgi kunda Xitoy va Hindiston kabi yirik mamlakatlardan tashqari Turkiya, Eron, Vengriya, Misr, Bangladesh davlatlarida AES qurishni boshlagan, yana oʻnga yaqin davlat, jumladan, Qozogʻiston bilan kelishuvlar imzolangan.
AES qurilishiga qarshilarning ikkinchi dalili – bunday stansiyaning portlash xavfi bor. Shuni bilishimiz lozimki, AES aslo atom bombasi degani emas. Chernobildagi fojia sababi inson omili bilan bogʻliq (navbatchi muhandis sarxush holatda reaksiyani sekinlashtiradigan murvat oʻrniga tezlashtiradiganini bosib yuborgan). Bunday anqovlik AESda emas, oddiy oʻchoqdagi olovdan ham fojia keltirib chiqarishi mumkin. Yaponiyaning Fukusima-1 stansiyasida roʻy bergan fojiaga esa stansiya qurilishiga joy notoʻgʻri tanlangani sabab – dengiz koʻrfazi toʻlqinni kuchaytirib, sunamiga aylantirishi mumkinligi hisobga olinmagan. Zilzila boshlanishi bilan himoya vositalari ishga tushib, reaktorlar toʻxtatilgan ammo suv bosishi falokat keltirib chiqargan. Darvoqe, Fukusima-1 stansiyasidan 10 chaqirim masofadagi Fukusima-2 atom stansiyasi hamon bir maromda ishlab turibdi.
Bu ikki yirik hamda yana bir necha kichikroq avariyalar sababli bugun AES qurilishi va ekspluatatsiyasining xavfsizligi inson qoʻli bilan bunyod etilgan va etiladigan barcha inshootlar xavfsizligidan bir necha marta yuqoriga koʻtarilgan.
Yana bir kontr-dalil – qurilish sifatiga kafolat yoʻq degan roʻkach. Birinchidan, AES qurilishi bajaruvchi mamlakatning maxsus nazorat organi tomonidan kuzatib boriladi. Axir, AESning xavfsizligi shu mamlakat obroʻsi uchun ham, iqtisodi uchun ham naqadar muhimligi kunday ayon. Ikkinchidan, qurilishning har bir qadami BMTning atom energetikasi boʻyicha maxsus tashkiloti – MAGATE agentligi tomonidan nazorat qilinadi. Uchinchidan, buyurtmachi qurilish jarayonini istalgancha kuzatish va nazorat qilish, jumladan, kun-u tun ishlaydigan videokameralarga yozib borish imkoniyatiga ega.
Oʻzbekistonlik oʻnga yaqin yadrochi fiziklarimiz dunyoning yetakchi yadroviy tadqiqot markazlarida ishlaganlar, ulardan bir nechtasi MAGATE inspektori vazifasini ham bajargan. Atoqli oʻzbek olimi Behzod Yoʻldoshev mashhur Stenford va Vashington universitetlarida yadro fizikasi boʻyicha professor boʻlgan. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining 1956-yili tashkil etilgan Yadro fizikasi institutida 1959-yilda yadro reaktori ishga tushirilgan. Bu reaktorning ishlash prinsipi AES reaktoridan katta farq qilmaydi. Shuncha yildan buyon yurtimiz atomchilarining bir necha avlodi reaktorning xavfsizligini taʼminlab, mamlakat fani va iqtisodiyotining yuksalishiga oʻz hissalarini qoʻshib kelmoqda.
Yurtimiz yerosti boyliklari roʻyxatida uran rudasi salmoqli oʻrin egallaydi. Bu ruda ham tabiiy gaz va koʻmir kabi bir yoqilgʻi, AES oʻchoqlarida yonib elektr energiyasi berishi kerak. Maktabda fizikani tuzukroq oʻqimagan odam xodalar bilan sim tortib kelinsa bas, elektr oʻzi oqib kelaveradi, deb oʻylaydi. “Atom elektr stansiyasi – bomba!” degan iddao undan koʻp farq qilmaydi.
Oʻzbekistonda AES qurilishi uchun barcha sharoit ham, oʻtkir zarurat ham bor. AES elektr energiyasi ishlab chiqarish barobarida suvni chuchuklashtiruvchi vosita hamdir (Isroilda shu usulda olingan suv isteʼmol qilinadi). Shuningdek, AES qurilishi boshlanishining oʻziyoq mamlakatning xalqaro obroʻsini yuksaltiradi – yurtimiz “Yadro energetikasi klubi”ga aʼzo davlatlar safiga kiradi, muhandis kadrlar tarkibida sifat oʻzgarishi yuz beradi, iqtisodiy taraqqiyot uchun ham, ijtimoiy rivojlanish uchun ham mustahkam poydevor yaratiladi. Zotan, yurtimizda gaz va koʻmir zaxiralari hisobli, suv va shamol energetikasi imkoniyatlari cheklangan, quyosh stansiyalarini ekspluatatsiya qilish akkumulyator va panellarni utilizatsiya qilish muammosini keltirib chiqaradi. AES esa eng arzon va ekologik toza, ayni paytda cheklanmagan miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarishga imkon beradi.
AES mavzusidagi bahslarda muxoliflar shunday argument bilan ogʻzingga uradilar: “Avariya yuz bermasligiga kafolat berasizmi?” Aslan toʻgʻri savol. Unga savol bilan javob berish toʻgʻri boʻladi: “Uchoqlarda uchasizmi? Ularning doimo sog‘-salomat qaytib yerga qoʻnishiga kafolatingiz bormi?” Fizika-matematika boʻyicha mutaxassis sifatida kafolat beramanki, AESni ekspluatatsiya qilish havo laynerlarini boshqarishdan bir necha chandon oson. Holbuki, yigitlarimiz qiruvchi uchoqlarda murakkab oliy pilotaj figuralarini yasab uchmoqdalar. Koʻz tegmasin, hozirgacha “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasining parvozlari xavfsizlik boʻyicha dunyoda eng yuqori oʻrinlardan birini egallab turibdi.
Yaqinda yozuvchi Xayriddin Sulton qalamiga mansub yangi “Osmon-u falaklarda” kitobining taqdimoti boʻldi. Kitobdan oʻzbek uchuvchilari haqida uchta hayotiy novella oʻrin olgan (Novella personajlaridan biri hamda kitobda bayon qilingan voqealarning bir necha shohidi taqdimotda hozir edilar). Novellalarning birida oʻzbek uchuvchisi shassilari ochilmay qolgan yoʻlovchi uchogʻini eson-omon qoʻndirgani haqida hikoya qilingan. Albatta, bu – aviatsiya tarixida boʻlib turadigan holat. Novellada soʻzlangan holatda yurtdoshimiz uchoqni shunday qoʻndirgan ekanki, nafaqat biror yoʻlovchi, hatto uchoq ham, boʻyogʻi qirilganini aytmasa, umuman ziyon topmagan.
Xullas, ilm-fanga asoslanib ishga kirishmoq kerak, tamom-vassalom. Zamonning talabi shu!
– Aytganlaringiz, keltirgan dalillaringiz kishini sogʻlom mulohazaga undaydi. Hatto yoshlarimizga motivatsiya beradi, deb oʻylaymiz. Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur, ustoz.
Suhbatdosh: Abdulhamid MUXTOROV
“Jadid” gazetasining 2025-yil 18-iyuldagi 29-sonida