Ryunoske Akutagava (1892–1927) XX asr yapon adabiyotini yangi pogʻonaga koʻtarib, jahonga tanitgan adiblardan. U milliy adabiyotni Gʻarb soʻz sanʼati anʼanalari bilan uygʻunlashtirib, anʼanaviy tasvir va ifoda usulini yangi yoʻnalishga burgan yozuvchi sifatida tanilgan. Yapon adabiyotida eng mashhur mukofot uning nomi bilan ataladi.
Ryunoske Akutagava – hikoya ustasi. 1916-yili yozilgan “Dastroʻmol” hikoyasida u modernist sifatida qadimgi samuray kodeksi saqlanib qolishini orzulagan professorning ayanch taqdirini qalamga olgan.
Hikoyani teranroq anglash uchun u yaratilgan vaqtdagi ijtimoiy, siyosiy, madaniy vaziyat bilan tanish boʻlmoq lozim. 1912–1926-yillar Yaponiya tarixida demokratlashtirishga birinchi urinish boʻlgan “Taysyo davri” deb ataladi. Bu davr “fransuz mualliflarining kuchli taʼsiri ostida boʻlgan Ryunoske Akutagava davri” deb ham taʼriflanadi. Ushbu yillarda Yaponiya sanoati rivojlangan davlatga aylana boradi. Biroq narxlar ham iqtisodiy oʻsishga mutanosib tarzda koʻtariladi. Oddiy odamlarning hayoti yomonlashadi, bu esa butun Yaponiya boʻylab gʻalayonlarga olib keladi. Umumiy saylov huquqi, soʻz, mitinglar, uyushmalar erkinligi talabidagi ommaviy harakatlar kuchayadi. U vaqtlar Yaponiyadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat ogʻir, odamlar ruhiy ishtiboh xastaligiga chalingan, deyarli kunora dahshatli koʻngilsizliklarga duch kelish mumkin edi. “Kunchiqar yurt”ga Gʻarbning qiziqishi kuchaygan, bir necha yuz yillar mobaynida tashqi muhitdan uzib qoʻyilgan yaponlarni “demokratik” mahsulotlari bilan mahliyo qilishga kirishilgan boʻlsa-da, imperatorlik fuqarolarni kuchli tazyiq ostida ushlab turar, chegaradan chiqqanlar ayovsiz jazolanar edi.
“Dastroʻmol”ning bosh qahramoni – Tokio imperator universitetining huquqshunoslik fakulteti professori Xasegava Kindzo. Umrini mustamlaka siyosati tadqiqiga bagʻishlagan olimning xulosasiga koʻra, yapon inqirozini bartaraf etish uchun busidodan oʻzga yoʻl yoʻq. Busido “jangchi yoʻli” degan maʼnoni anglatadi. U samuraylar kodeksi, chinakam jangchining jamiyatda, jangda va yolgʻiz qolganda xulq-atvor meʼyorlari, qadim oʻtmishga borib taqaluvchi falsafa hisoblanadi. Hikoya qahramoni fikricha, “bu taʼlimotda Amriqo va Ovrupo mamlakatlarining nasroniylik ruhiga yaqin jihatlar mavjud”. Agar zamonaviy Yaponiyaning maʼnaviy nizomi busidoga asoslansa, bu yapon xalqining ular bilan yaqinlashuviga, xalqaro tinchlikni taʼminlashga xizmat qilishi mumkin... Shu payt oqsoch uyga mehmon kelganini aytib, tashrif qogʻozini uzatadi. Kindzo uni oʻqib turgan kitobi orasiga xatchoʻp qilib qoʻyadi. Qirq yoshlarni qoralagan mehmon ayol bahorda oshqozon pardasining yalligʻlanishi bilan xastalanib, universitet kasalxonasiga yotqizilgan talaba Nisiyama Konitironing onasi edi. U oʻgʻlining vafoti haqida maʼlum qilish va professorga minnatdorlik bildirishga kelganini aytadi. Uy sohibini oʻgʻli oʻlganiga yetti kun boʻlgan ayolning oʻzini tutishi ajablantiradi. Aqalli bir tomchi koʻzyosh yoʻq! Ovozi ham muloyim-xotirjam. Kamiga, lablarida nimtabassum. Agar ayolning soʻzlari bir chetga yigʻishtirib qoʻyilsa, oʻrtada kundalik mayda-chuydalar haqida suhbat ketayotganday edi. Shunda professor Berlinda tahsil olib yurgan kezlari Vilgelm I qazo qilganida pansionat bekasining 12 yashar qizi va 9 yoshli oʻgʻli uning boʻyniga osilib, hoʻngrab yigʻlaganini eslaydi. Busido tarafdori boʻlmish Kindzo ovrupoliklarning his-tuygʻularini ifoda etishda oʻta taʼsirchan ekanini hech hazm qilolmasdi. “Endi esa oʻzi manovi ayolning koʻzyosh toʻkmaganiga lol-u hayron boʻlib oʻtiribdi”. Ayol oq dastroʻmol tutgan qoʻllarini tizzasiga qoʻygan. Professor uning qoʻllari dir-dir titrayotganini payqab qoladi. Ayol ich-ichidan toshib kelayotgan iztirob toshqinini bosish uchun roʻmolchani barmoqlariga oʻrab, shunday tarang tortardiki, sal qolsa, tamom... roʻmolcha ikkiga boʻlinib, ayol portlab ketadigandek. Ayol zohirda kulib tursa-da, botinda zor-zor boʻzlardi... Professor kechki ovqat mahali voqeani miridan-sirigacha xotiniga aytib berib, mehmonni “yapon ayollarining busidosi” deb ataydi. Professor anchagacha shunday xushnud xayol surib oʻtiradi.
Muallif asarni shu nuqtada tugatishi mumkin edi. Shu kichkina hikoya bilan ham ayolni yapon xalqining koʻngli, botini, qudrati timsoliga aylantirgan boʻlar edi. Lekin yakunda adib asar mazmunini boshqa oʻzanga burib yuboradi. Oqsoch bergan tashrif qogʻozini u Strindbergning “Dramaturgiya” kitobiga qistirgan edi. Kitobni ochadi-yu shu satrlarni oʻqiydi: “Yoshligimda Hayberg xonimning (adashmasam, u parijlik edi) dastroʻmoli haqida koʻp gapirishardi. Xonimning yuzi kulib, qoʻli dastroʻmolni yirtardi. Bu “ikkiyoqlama oʻyin uslubi” deb atalardi...” Shu jumla sabab professor endi mehmon xonimni ham, xotinini ham, yapon madaniyatini ham oʻylamasdi. Halovati buzilgan, bu jumlada “vannadan qushday yengil boʻlib chiqqan professorning dilini xufton qiladigan yashirin nedir shama bor edi”.
Busido ham “ikkiyoqlama oʻyin uslub”iga oʻxshar, ular aynan bir narsaning ikki xil voqelanishi edi. Yaponiyaning hikoya yozilgan vaqtdagi ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy holati eslansa, matn ostidagi mazmun yanada oydinlashadi. Ogʻir vaziyatlarda xalqni tinchlantirish, ehtimol, aybdorlardan chalgʻitish uchun gʻoya, mafkura kerak boʻladi. Haqiqatdan choʻchish, balki fahmlamaslikdan oddiy insonlar bir hovuch elita manfaatidan kelib chiqib taqdim etilayotgan gʻoya atrofida birlashadi, shuni maʼqul yoʻl deb biladi. Akutagava “Dastroʻmol”ini antiutopik hikoya deyish mumkin. Dastroʻmol mafkuraga qiyoslanadi. Jamiyatdagi ogʻriqlarni uning yordamida berkitish, toʻsish mumkin.
Haqiqiy isteʼdod uchun makon va zamon toʻsiq boʻlolmaydi. Millati, dinidan qatʼi nazar, uning yozganlari butun insoniyatga tegishli boʻlib chiqaveradi. Akutagava ana shunday ijodkorlar sirasidan.
Mahfuza TOʻYCHIYEVA,
Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.