Tasavvuf adabiyotida “bob” soʻzi keng qoʻllanadi. Lugʻaviy maʼnosi eshik yoki darvoza demak. Koʻchma maʼnoda pir yoki shayx, dunyo va oxirat yaxshiligiga yetaklaydigan eshik, saodat darvozasi degan maʼnolarni anglatadi.

Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida 359-son bilan “Bob Fargʻoniy quddisa sirruhu” fasli keladi: “Oti Umardur. Fargʻonada boʻlur erdi. Ul yerda ulug‘ mashoyixni “bob” derlar. “Kashf ul-mahjub” sohibi der emishki: “Ul avtod ul arzdindur”. Shayxulislom debdurki: “Shayx Amu ani koʻrib erdi. Ul dediki: “Bir kun aning qoshida oʻlturub erdim. Birav kirdi va dedikim: “Duoyi qilki, Sarkab keldi” va Sarkab birav erdiki, kelib ul mulkka zarar yetkurur erdi va bob oʻchog‘ qirogʻida oʻlturub erdi va oftoba dagʻi oʻchog‘ qirogʻida erdi. Oyogʻin oftobagʻa urub yiqitti va dedikim: “Ani yiqittim”. Sarkab hamul dam shahar eshigida otdin sarnigun yiqildi va boʻyni sindi”. “Kashf ul-mahjub” sohibi debdurki: “Bobning ziyoratiga qasd qildim. Chun anga yettim. Dediki: “Ne ishka kelibsan?” Dedim: “To shayxni koʻrgaymen surat bila va andin nazari topqaymen shafqat bila. Dedi: “Ey oʻgʻul, men xud falon kundin beri seni koʻradurmen va to seni mendin gʻoyib qilmagʻaylar, koʻrgumdur va ul kunni hisob qildim, mening tavbamning ibtidosi kuni erdi. Andin soʻngra dedi: “Ey oʻgʻul, yiroq yoʻl qat’ qilmaq oʻgʻlonlar ishidur. Mundin soʻngra ziyoratni himmat bila qilki, shaxs anga kari (taʼsir, yararli) qilmas­ki, ani ziyorat qilgʻaylar va ashboh zuhurigʻa hech nima bogʻliq emas. Soʻngra xodimasigʻa dediki, ulcha bor, olib kelki, darvesh yesun. Bir taboq uzum kelturdi va toza chogʻi emas erdi va anda necha rutab (yangi pishgan) va Fargʻonada mumkin ermaski, rub boʻlgʻay” (Alisher Navoiy. Nasoyim ul-muhabbat min shamoyimil futuvvat. Nashrga tayyorlovchi, soʻzboshi, izoh va koʻrsatkichlar muallifi Hamidxon Islomiy. Toshkent, “Movarounnahr” nashriyoti, 2017. 575-bet).

Maʼlum boʻladiki, bobga, yaʼni pirga munkirlik qilgan va jamoatga xavf solgan, kishilar mulkiga zarar yetkazgan inson bob tomonidan jazolangan. Yana bu parchada ulugʻlar nazariga tushib nasibador boʻlay deya bobning eshigiga kelgan ziyoratchining sustkashligi isloh qilinib, oʻzini tarbiyalash va mavsumi boʻlmasa-da, yangi pishgan uzum bilan unga karomat koʻrsatib ixlos-eʼtiqodini parvarishlash jarayoni yoritilgan.

Bir zamonlar soʻfiy va darveshlar, haqiqatan ham, katta nufuz va obroʻga ega edilar. Buni birgina “Nasoyim ul-muhabbat”ni mutolaa qilib bilsak boʻladi. Odamlar muqtadir shayxlarnigina emas, qalandarlar, eshonlar, majzub devonalar, darveshlarni ham hurmat qilganlar. Shuning natijasi oʻlaroq tasavvuf, tariqatlar va uning tarkibida darveshchilik harakati keng quloch yoygan. Xonaqo udumlari shakllanib, darveshlar alohida bir toifa – tabaqa sifatida jamiyatda muhim oʻrin egallagan. Biroq bu birdaniga yuzaga kelgan emas; tasavvuf va darveshlik harakati uzoq tadrijiy tarixga ega. Olimlar tasavvuf tarixini dastlab ikki davrga ajratadilar: zohidlik davri, oriflik va oshiqlik davri. Soʻfiylarning oʻzini ham orif soʻfiylar, zohid soʻfiylar, rind soʻfiylar, oshiqlar, faqir soʻfiylar, faylasuf soʻfiylarga ajratish mumkin.

“Nasoyim ul-muhabbat”da 69 oʻrinda “orif” istilohi qoʻllangan. Xoʻsh, orif kim, oriflik nima? Maʼrifat bilan oʻzakdosh boʻlgan bu soʻzlar katta va koʻp maʼno tashiydi. Maʼlumki, tasavvuf ahli bilimni zohiriy va botiniyga ajratadi. Shariat va dunyoviy bilimlar – zohiriy bilim boʻlib, Ollohni bilishning birinchi bosqichidir. Ollohni bilish dunyoni bilishdan boshlanadi. Chunki moddiy olam, borliq – Yaratgan Zotning tajalliysi boʻlib, ular oʻrtasida izchil uygʻunlik bor. Soʻfiylar moddiy olam va uning Yaratuvchisi haqidagi hamda shariat bilimlarini yaqiniy ilm deb bilganlar. Oriflik, yaʼni maʼrifat bosqichi botiniy ilm bilan bogʻliq, u Ollohga robita uchun tashlangan qadam hisoblanadi.

Ahli tasavvuf soliklarni ibodati, karomat darajasiga koʻra toʻrt guruhga ajratadi: obid, zohid, oshiq va oriflar. Obidlar shariat qavmidan boʻlib, Olloh taoloning buyurganini bajarib, qaytarganidan qaytadilar. Halol va harom, pok va nopokni ajratib, shariatga amal qiladilar. Obid oʻz nomi bilan obid, yaʼni ibodat qiluvchidir. Ularning ibodati: namoz oʻqimoq, roʻza tutmoq, zakot bermoq, hajga bormoq, nafs orzularini yengib oxirat neʼmatlariga intilmoqdir.

Zohidlar tariqat ahliga mansub boʻlib, dunyodan yuz oʻgirib Olloh roziligini topish va jannatga kirishni maqsad qiladilar. Ularning ibodati – kecha-yu kunduz zikr, qoʻrquv va umid ichida nafas olmoq; orzulari esa bu dunyoda oxirat uchun yaroqli ishlarni amalga oshirmoqdir.

Oshiqlar – koʻp holati vajd va jazaba bilan oʻtadigan zotlardir. Ular faqat ishq bilan nafas oladi; ishqi esa majoziy yoki bashariy emas, balki ilohiydir.

Oriflar holati ham oshiqlarnikiga oʻxshaydi. Ular maʼrifat ahlidan boʻlib, aql-u donishda yetuk, qalbi irfon nuri ila limmo-lim, pok niyatli, pokiza axloqli zakiy odamlardir. Orif – Ollohga tavakkul qilib, ishlarni faqat Unga topshirgan, Uning irodasiga foniy boʻlish darajasiga yetgan kishidir. Ibodati – tafakkur ila dunyoni va oxiratni tark qilmoq, himmat nazari ila valoyatni (Ollohga qurbat hosil qilishni) kutmoq, orzusi esa Haq taolo vasliga yetishmoqdir.

Aziziddin Nasafiy “Zubdat ul-haqoyiq” kitobida bunday yozadi: “Narsa va hodisalarning botiniy mohiyatini anglasa, nazaridan hech narsa yashirin qolmasa va taqlid chegarasidan irfon chegarasiga qadam qoʻygan boʻlsa, uni donishmand­orif” deydilar” (Aziziddin Nasafiy. Zubdat ul-haqoyiq. Toshkent, “Maʼnaviyat”, 1997. 109-bet). Abdulqodir Jiyloniy esa orifga bunday baho beradi: “Soʻnggi (zohidlikdan keyingi) darajaga koʻtarilib, imkoniyati quvvatlanadi, Olloh taoloni taniydi. U qalbiga oxiratni emas, balki Mavlosiga yetishishni qaror qilib oladi. Shu vaqt dunyo amallarining mingtasi koʻrilsa ham, qalbiga zarar bermaydi. Bunda u Ollohning buyrugʻiga boʻysunadi, hukmiga, taqdiriga muvofiq keladi. Olloh uchun insonlar xizmatida ularga yengillik yetkazishda qoyim turadi. Zulmat oʻrniga nurni yetkazadi” (Muhiddin Abu Muhammad Abdulqodir Jiyloniy (Gʻavsul Aʼzam). Rabboniylikni anglash. Fath ur-Rabboniy. Toshkent, “Sharq” nashriyot matbaa konserni, 2001. 68-bet).

Alisher Navoiy talqinicha, orif Ollohni tanigan, bilgan va ilohiy maʼrifatdan mukammal xabardor boʻlgan soʻfiydir. Orif Ollohning hayy (tirik), ilm, iroda, qudrat singari sifatlarini teran idrok etish yoki oʻzlashtirish bilan cheklanmaydi; balki butun koinot – borliq olamning sir-asroridan ham chuqur ogohlikka erishadi. Ollohning izzati, azamati va qudratini aʼlo darajada biladi.

Maqolani tasavvufda bob istilohi xususidagi mulohazalardan boshlagan edik. Fariduddin Attorning “Tazkirat ul-avliyo”, Abdurahmon Jomiyning “Nafohat ul-uns” asarlarida ham “bob” soʻzi eshik, yaʼni pir va uning darvozasi maʼnosida keladi. Darvoqe, soʻfiyona asarlar lugʻatida darvesh kalimasi ham darvoza soʻzi oʻzagidan olingan deyiladi.

“Ming bir kecha” turkumidagi “Ali bobo va qirq qaroqchi” ertagini germenevtik jihatdan tahlil qilsak, ajododlarimiz tasavvuf sirlarini kod shaklida ertak qatiga yashirgani maʼlum boʻladi. Bosh qahramon Ali bobo aslida Alibob boʻlgan chiqar. Bir qancha tilsimni bagʻriga olgan gʻorning siri ertakda u tufayli ochiladi. Majlisda hozir boʻlganlar yoki ertakda yashiringanlar Ali bob bilan hisoblaganda qirq bir kishi, gʻor siri esa ilmi laduniy – yaʼni tanlab olingan zotlargina bahramand boʻladigan ilohiy ilmdir. Qirq kishi – chiltanlar haqida maʼlumotlar avliyolar haqidagi adabiyotlarda uchraydi. Chiltanlar – dunyoda yashirin shafoatchi toifa, Xudo bildirgan kishilargina ularning sirlaridan ogoh boʻlishi mumkin...

Yurtimizda bob bilan bogʻliq ziyoratgohlar ham mavjud. Ulug‘ boblar komillik, mehr-muruvvat, adolat, toʻgʻrilik, vijdon, or-nomus, iroda, taqvo, matonat kabi asl insoniy fazilatlarning mujassam timsolidir.

Shukur JABBOROV,

Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti tadqiqotchisi

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 2-son.