Alisher Navoiydan 1000 yilcha oldin, Mahmud Koshgʻariydan 500 yilcha ilgari ota-bobolarimiz toshga oʻyib, sopol va metall buyumlarga tirnab yoki chizib, mangulashtirgan turkiy til oʻrnaklari Tangri yarlaqab, bugungi kunda ham 32 qardosh el tomonidan avaylab-asrab kelinmoqda. Turkiylar bilgasi Navoiy tushuntirganidek, “(turklar) ajib maqsadlarni ifodalash uchun (bir-biriga yaqin, biroq kishi tuygʻularining inja-inja tomonlarini ochib beradigan) shunday soʻzlar yasaganlarki, bunday soʻzlarning birortasi uchun fors tilida soʻz yaratilmagan. Koʻngilning tub-tubidan chiqqan bunday soʻzlarni anglab yetish uchun ular, yo bir necha soʻzni bir yerga tizib, tushunishlari, yo boʻlmasa, arab tili yordamida anglab yetmoqliklari kerak boʻladi”. Oʻzining “Muhokamat ul-lugʻatayn” (Ikki til tortishuvi) asarida yuzlab inja feʼllarni keltirish orqali oʻz koʻzqarashlarini ilgari surgan Navoiy 100 ta soʻzni bir oʻrinda ketma-ketlikda tizib, koʻrsatarkan, ulardan ayrimlarini ikki til – turk va fors tillari oʻrnagida solishtirishga shu yoʻsinda intiladi: “Shuaro akobiridinki, baʼzi “may” taʼrifida mubolagʻa qilibdurlar va bu moʻtaddun beh amredurki, may ichmoq qavoidida soʻz koʻp surub, zarofati nihoyatsiz zohir qilurlar. Biri “sipqormoq” lafzidurki, mubolagʻa mundin oʻtmas. Turkcha nazmda bu matla’ bordukim, bayt:

Soqiy, tut bodakim, bir lahza oʻzumdin boray,

Shart bukim, har necha tutsang labo-lab sipqoray.

Bu sipqoray lafzi mazmunigʻa yetganda, forsiy sheʼrda ne iloj qilgʻaylar? Va tomshimoqki, gʻoyat zavqidin bot ichmas va lazzat topa-topa, oz-oz ichar. Bu gʻarib maʼni adosida turkchada bu matla’ bordurki, bayt:

Soqiy chu ichib, manga tutar qoʻsh:

Tomshiy-tomshiy ani qilay noʻsh”.

Oʻzi yashab, koʻrib-bilib turib, oʻzaro tinch-totuv yashab kelayotgan jamiyatdagilar – turkiylar va forsiylar orasida “madaniy koʻprik” boʻlgan va tuygʻularini bu ikki tilda qogʻozga tushirgan Navoiy, oʻz kechinmalarini “sipqormoq”, “tomshimoq” degan soʻzlar bilan boshlab, ularga “yigʻlamoq” va uning yondoshlari, maʼnodoshlarini ulab, tushuntirishga intilishi uning yetuk kishiligini koʻrsatib turibdi.

Shu yoʻsunda turk tilining his-tuygʻularni, oʻy-fikrlarni ifodalash uchun nechogʻlik yetuklikka erishganini ilgari surgan Navoiy yana oʻnlab oʻrnak, ulgilar keltirgan holda oʻz ona tilini koʻz-koʻz qilishga, bu tilni sevishga, ardoqlashga chorlaydi. Birgina “yigʻlamoq” feʼlining turkiylarda bir qancha anglam – maʼnodoshlari borligini koʻrsatish uchun “buxsamoq – ezilmoq, qiynalmoq, azoblanmoq”; “zor-zor yigʻlamoq” deb tushuntirib, unga yana quyidagi feʼllarni ulaydi: “yigʻlamsinmoq ~ ingramak ~ singramak ~ siqtamoq ~ oʻkurmak ~ inchkirmak”. Oʻzaro oʻxshash, shu bilan birga, har birining oʻziga xosligi, oʻzgachaligi boʻlgan ushbu soʻzlarning oʻz oʻrnida qoʻllanilishi, biri ikkinchisining oʻz va tuz (toʻgʻri) anglamini bera olmasligini tushuntirgach, Navoiy yana oʻnlab soʻzlarga toʻxtaladi.

Alisher Navoiy yashagan chogʻlarda turkiy til choʻqqiga chiqqan boʻlib, yana Navoiy tili bilan aytganda “bu til Xito(y)dan Xurosonga, (Xuroson)dan Sheroz-u Tabrizga yetgan” edi. Aslida oʻsha kezlarda turkiylar tarqalgan oʻlkalar kunchiqarda – Kungay Sibir, Oltoy, Chinning shimoli, Xoʻtan-u Koshgʻar, kunbotarda esa Volga-Uralboʻyi, Kavkaz, Qora dengiz boʻylari – eski bijanak (pecheneg) turklari, Bolqon-u Onadoʻlini qamrab olar edi. Ana shunday keng oʻlkalarga yoyilgan turkiy tilning bir necha tarmoqlari oʻsib chiqqan, ming yildir tomir ota-ota, yangidan-yangi soʻzlar yasalgan bir chogʻda Navoiy ulardan injular tergan edi.

Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk” asarida oʻrin olgan soʻzlar oʻrnagida Navoiyning inja toʻrtliklarini bezagan soʻzlarning ayrimlari bilan tanishib chiqmoqchimiz. Yuqorida keltirilgan “tomshimoq” feʼlining negizida “tammaq” (tommoq, tomchilamoq) feʼli yotib, “Devonu lugʻatit turk”da “tammaq. tamdï – suv tamdï – suv tomdi (Bu soʻz boshqa narsalar ham shunday qoʻllanadi” deb tushuntiriladi. Koshgʻariy bu feʼlning birgalikda bajarilgan darajasini “tamïshmaq” koʻrinishida berib, unga oʻrnak oʻlaroq shu kabi soʻzlarni  keltirib oʻtadi: “tamïshdï – tomdi, qatra-qatra tomdi; suv tamïshdï – suv (muzdan) qatra-qatra tomdi”. Bugungi turkiy tillarida “tammaq”, “dammaq”, “damlamaq” koʻrinishlarida saqlanib qolgan ushbu feʼl oʻzbek tilida ham “tommoq” koʻrinishida keng qoʻllaniladi. Suyuqlik ichmoq maʼnosida esa turkiy tillarni koʻpchiligida unutilgan bu feʼl oʻzbek tilida “tamshanmoq” (Biror narsani yeyayotgan, chaynayotgandek ogʻiz ochmay, lablarini qimirlatmoq; ogʻzidagina totib koʻrayotgandek boʻlib, lablarini ochmay chaynamoq; totgisi kelib, lab-lunjini qimirlatmoq)” feʼlida birmuncha oʻzgarishlarga uchragan holda saqlanib qolgan. Chamasi, turkiy tillardan oʻzbekcha, qirgʻizcha, qozoqcha va tatarchadagi “tomchilamoq, tamchыlav, tamshыlau”, ozarbayjon turkchasidagi “damchыlamag” feʼllari ham Navoiy keltirib oʻtgan “tamshimoq”ning boshqa bir koʻrinishi boʻlsa kerak.

“Muhokamat ul-lugʻatayn”dagi “sipqormoq” feʼli esa turkiy tillar orasida koʻproq oʻzbek tilida saqlanib qolgan. Tilimizda bu feʼl “sipqormoq – bir simirishda ichmoq, tag-tugigacha simirmoq” koʻrinishda saqlangan boʻlsa, boshqa turkiy tillarda anchagina oʻzgargan koʻrinishdadir: sipillamoq (uygʻur.), siptau (qozoq.), siptoo (qirgʻiz.), siplau (tatar.). “Devonu lugʻatit turk”da ushbu feʼlga duch kelinmasa-da, uning boshqa bir oʻzakdoshi – “sumrushmäk; sumrushdi – simirishdi; ul meniӊ birlä suv sumrushdi – u men bilan suv simirishda bahslashdi” koʻrinishida uchraydi. Qizigʻi shundaki, eski turkcha “sumurmak” oʻzbek tilida deyarli birday “simirmoq” oʻlaroq saqlangan. Qozoqcha va yana bir necha qipchoq tarmoqlarida “simiruv”. Onadoʻli turkchasida bu soʻz birmuncha anglam oʻzgarishiga uchragan: “sumurmek” (“shimib olmoq”, koʻchma maʼnoda “ekspluatatsiya qilmoq, mustamlaka qilmoq”).

Endi, Alisher Navoiy “yigʻlamoq” va uning turlari boʻyicha keltirgan feʼllarga toʻxtalsak. Yigʻlamoqning “yigʻlamsinmoq ~ ingramak ~ singramak ~ siqtamoq ~ oʻkurmak ~ inchkirmak” kabi yondoshlari oʻzbek tilida va turkiy tillarning koʻpchiligida shu va shunga yaqin koʻrinishlarda saqlanib qolgan, ayrimlarida esa yana yangilari qoʻshilgan. Oʻzbek tilida “yigʻlamsinmoq”,  “ingramoq”, “oʻkirmoq” feʼllari yolgʻiz kelsa-da, “singramoq” feʼli “ingrab-singrab”, “siqtamoq” esa “yigʻlab-siqtab” kabi qoʻshma soʻzlarda saqlangan, “inchkirmak” feʼli esa unutilgan. Uning oʻrniga “baqirib yigʻlamoq”, “boʻkurmoq”, “hoʻngramoq”, “izillamoq” feʼllari qoʻshilgan. Yanada tushunarliroq boʻlishi uchun quyida ushbu feʼllarning turkiy tillarda nechogʻliq saqlanib qolganini koʻrib chiqamiz:

1. yigʻlamoq [yïğlamaq]. Qarluq tarmoqlaridan oʻzbekchada “yigʻlamoq”, uygʻurchada “jigʻlimaq”; Onadoʻli va Ozarbayjon turklari, turkmanlar kabi oʻgʻuz tarmoqlarida “agʻlamoq”; qipchoq tarmogʻidan tatarcha va qumuqchada “yыla-”, qozoqcha va qoraqalpoqchada “jыla-”, qirgʻizchada “ыyla-”, boshqirdchada “agʻla-”, Oltoy tarmogʻidagi oltoy-kishilarda “ыyla-”, xakaschada “ыlgʻa-”, yoqutchada “ыlaa-” koʻrinishlarida qoʻllaniladi. Oʻzbek tilining qipchoq tarmogʻida “jыla-”, oʻgʻuz tarmogʻida “agʻla-”, Xonqa va Hazoraspda, qarluqchaning Toshkent shevasida “yagʻla-” oʻlaroq saqlangan.

“Devonu lugʻatit turk”da “ыgʻlamaq” koʻrinishda ochiqlanib, uning “yыgʻlamaq” koʻrinishi ham borligiga urgʻu beriladi: “ïgʻladï;  oʻgʻlan ïgʻladï – bola yigʻladi, yïgʻladï talaffuzi ham bor”. Shu bilan birga, Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻatit turk”da boshqa bir oʻrinda ushbu feʼlning “yïgʻlamaq” koʻrinishini ham berib, unga “ïgʻlamaq”ga bergan ochiqlamasining oʻzini keltirib oʻtadi. Bundan koʻrinadiki, Mahmud Koshgʻariy “ïgʻlamaq”, “yïgʻlamaq”, Alisher Navoiy “yigʻlamoq” [yïğlamaq] koʻrinishida bergan ushbu feʼl turkiy tillar orasida oʻzbekchada eski turkchadagiday saqlanib qolgan.

Alisher Navoiy tomonidan qogʻozga tushirilgan “yigʻlamoq” feʼlining boshqa bir koʻrinishi, boshqa yondoshlariga qaraganda eng yaqini boʻlgan “yigʻlamsinmoq” ham oʻzbek tili shevalarida aynan shu koʻrinishda saqlangan. Navoiy bu feʼlni “Zohid ishqin desaki qilgʻay fosh. Yigʻlamsiniru koʻziga kelmas yosh” deb ochiqlagan boʻlib, bu feʼlni qoʻllash orqali u yigʻlamoqqa yaqin tutumni koʻzda tutgani anglashiladi. Shu anglamdagi feʼl “yigʻlamsiramoq” koʻrinishida oʻzbekchada keng tarqalgan. Boshqa turkiy tillardan ozarbayjonchada shunga ancha yaqin: “agʻlamsы(n)mag‘”, uygʻurchada “jыgʻlamsыramaq”, tatarcha va qumuqchada “yыlamsыra-”, qozoqcha va qoraqalpoqchada “jыlamsыra-”, qirgʻizchada “ыylamsыra-”, oltoy-kishilarda “ыylamzыra-”, xakaschada “ыlgʻamzыra-” va b.

2. ingramak [iŋrämäk]. Alisher Navoiy unga quyidagicha ochiqlama beradi: “Va ingramak va singramakkim, dard bilan yoshurun ohista yigʻlamoqdur va oralarida tafovut oz topilur. Bayt:

Istasam davr ahlidin ishqingni pinhon aylamak,

Kechalar gah ingramakdur odatim, gah singramak”.

Forsiyda bu mazmunki boʻlgʻay, shoir ne chora qilgʻay?!”

Oʻzbek tilining ochiqlamali soʻzligida “ingramoq – ogʻriq-alam taʼsirida mungli, ingroq tovush chiqarmoq” deb tushuntirilgan bu feʼl boshqa turkiy tillarda quyidagicha: uygʻurcha “ingramak”, oʻgʻuz turklarida “inlämäk”, qipchoq  tarmoqlaridan qozoqcha va qumuqchada “ыӊgыran-”, qirgʻizchada “ыӊыrа-”, tatarchada  “ыӊыran-”, “ыӊla-”, boshqirdcha “ыӊg‘ыra-”, qorachoy-bolqorchada “ыngыchxa-” va b. ”.

“Devonu lugʻatit turk”da “ïӊranmaq” feʼli berilgan boʻlib, “ïӊrandï; iӊän ïӊrandï – urgʻochi tuya ingrandi” deb ochiqlanadi.

3. singramak [singrämäk]. Alisher Navoiy tushuntirganidek, ushbu feʼlning anglami “ingramak” bilan deyarli birday (“dard bilan yashirincha asta-asta yigʻlamoq”). Oʻzbek tilida bu feʼl “ingramoq”qa qoʻshilib keladi: “ingrab-singrab” koʻrinishida. “Muhokamatul lugʻatayn”da yonma-yon berilgan 100 ta feʼlning deyarli barchasini koʻrib chiqqan turkiyalik izlanuvchi A. Qoratosh “singramak”ni “(ovqat) singishi, hazm qilish” anglamidagi “singmoq”, “singdirmoq” feʼllari bilan solishtiradi va turkiy tillarning koʻpchiligida uning biroz oʻzgargan koʻrinishlarini topadi. U keltirgan bugungi turkiy tillardagi oʻrnaklarning birortasi “singramak” bilan birday emas, biroq oʻzbekchadagi “ingrab-singrab”dagi “singrab” “Muhokamatul lugʻatayn”dagi koʻrinishiga oʻta yaqin keladi.

“Devonu lugʻatit turk”dagi “siӊdurmäk” bilan bu feʼl orasida qandaydir bogʻliqlik borligi koʻzga tashlanadi: “siӊdurdi – singdirtirdi; suchik ashïg‘ siӊdurdï – ichimlik oshni singdirdi, hazm qildirdi. Ul anï evgä siӊdurdi – u uni uyga singdirdi, yashirdi”. Bu yerda ushbu feʼlning “yashirmoq” anglami ham borligi, Navoiy “singramak”ni “yashirin, ohista yigʻlamoq” deb ochiqlaganidan kelib chiqilsa, har ikkala feʼlning negizi bitta ildizga borib taqalishi anglashiladi.

4. siqtamoq [sïqtamaq]. “Muhokamat ul-lugʻatayn”da Navoiy “Va siqtamoqkim, yigʻlamoqta mubolagʻadur, turk bu nav’ ado qilibdurki, bayt:

Ul oyki, kula-kula qirogʻlatti meni,

Yigʻlatti demayki, siqtatti meni.

Bundan koʻrinadiki, “siqtamoq” feʼli “yigʻlamoq”dan ham yuksakroq darajadagi yondosh tuygʻularni ifodalash uchun qoʻllanilgan. Oʻzbek tilida “siqtamoq” feʼli deyarli oʻz holicha uchramaydi, uni koʻpincha “yigʻlab-siqtab” koʻrinishida qoʻshaloq soʻzda qoʻllanamiz. Negizida eski turkcha “sigʻit” (sïğït – faryod, mung) soʻzi yotgan bu feʼl Kul tegin bitigtoshida Bilga xoqonning tilidan inisining vafotiga qaygʻurib yozgan “Koʻzda yash kelsar tida, koʻngulta sыg‘ыt kelsar yantыru saqыntыm – Koʻzda yosh kelsa tiyib, koʻngilda sigʻit kelsa qaytarib, oʻylandim” koʻrinishida uchraydi. Mahmud Koshgʻariy “sïg‘ït - yigʻi” deb ochiqlagan bu soʻz oʻzbek tilida “yigʻi-sigʻi” qoʻshaloq soʻzida saqlanib qolgan.

Turkiy tillarda “siqtamoq” soʻzi quyidagicha koʻrinishlarda uchraydi:

 Qarluq tarmoqlarida: oʻzbekchada “siqtamoq”; qipchoq tarmoqlarida: qozon tatarchasida “sыqta-”; qrim tatarchasida “sыqra-”; qozoqcha, qirgʻizcha, qumuqcha “sыqta-”; Oltoy turklaridan oltoy-kishilarda: “sыqta-”, xakascha “sыxta-”. Turkiy tillarning oʻgʻuz tarmogʻida bu feʼl uchrab-uchramasligi aniqlanmagan.

5. oʻkurmak [ökürmäk]. Alisher Navoiy “yigʻlamoq” bilan bogʻliq “Yana biyik un bilaki, eʼtibolsiz oshub bila yigʻlagaylar, ani oʻkurmak derlar va turkchada ul maʼnida bu matla’ borkim, bayt:

Ishim tog‘ uzra har yon ashk selobini surmakdur.

Firoq oshubidin har dam bulut yanglig‘ oʻkurmakdur”.

Navoiy “kuchli ovoz bilan, tengsiz figʻon bilan yigʻlash” deb tilga olgan bu feʼl oʻzbek tilida “oʻkirmoq” (kuchli ovoz chiqarmoq, yigʻi ovozi)” koʻrinishida saqlangan. Uning “oʻkirik” degan tarmoq soʻzlari ham bor, shunga qaramay, A. Qoratosh bu soʻzni oʻzbekchada yoʻq deb qaragan chamasi, boshqa turkiy tillardan oʻrnak keltirar ekan, oʻzbekcha koʻrinishlarini bermagan.

6. inchkirmak [inçkirmäk]. Alisher Navoiy “Chun oʻkurmak lafzi muqobalasida forsiy tilda lafz yoʻqtur. Forsigoʻy shoir munungdek gʻarib mazmun adosidan mahrumdur. Yana yigʻlamoqning oʻkurmagi muqobalasida inchkirmak dagʻi bor va ul inchka un bila yigʻlamoqdur va ul turk lafzida bu nav’ tarkib bila ado topibdurkim, bayt:

Charx zulmidaki, boʻgʻzumni qirib yigʻlarmen,

Igirur charx kibi inchkirib yigʻlarmen”.

Navoiy “ingichka un (tovush) bilan yigʻlamoq” deb ochiqlagan “inchkirmak” shu koʻrinishida turkiy tillarda deyarli saqlanmagan, biroq ayrim tovush oʻzgarishlari orqali boʻlsa-da, koʻplab turkiy tillarda qoʻllanilayotganiga koʻzimiz tushadi: 1) qarluq tarmoqlarida: uygʻurcha “hichqirmaq”, oʻzbekcha “qichqirmoq”; “isqirmoq” (kishnamoq), 2) oʻgʻuz tarmoqlarida: Onadoʻli turklarida “hыchkыrmak”, ozarbayjon turklarida “hыchg‘ыrmag‘”, turkmanchada “sыnchgыrmag”; 3) qipchoq tarmoqlarida: qoraqalpoqchada “ыshqыr-” (yigʻlamoq), qozoqchada “ыshqыn-” (achchigʻlanib, baqirib-chaqirmoq), tatarcha va boshqirdcha “ыjg‘ыr- (baqirib qoʻrqitmoq, uvullamoq, qichqirmoq), qirgʻizcha “ыshqыru-” (qattiq yigʻlamoq).

“Devonu lugʻatit turk”da shu koʻrinishdagi biror feʼl uchramasa-da, Mahmud Koshgʻariy “ïnch – tinch”. Shundan olinib koʻngul ïnchmu – koʻngling tinchmi deyilgandagi kabi” deb ochiqlagan soʻzni “inchkirmak” feʼli bilan bogʻlash mumkin. Demak, Navoiy “inchka un (ingichka tovush)” deb, tinchgina yigʻlashni koʻzda tutgan boʻlib, uning negizi ming yillar oldingi “inch” (ïnç) soʻziga borib taqaladi.

Yuqorida koʻrib chiqilgan “Muhokamat ul-lugʻatayn”da “ichmoq”  va “yigʻlamoq” feʼllari orqali ushbu feʼllardan deyarli barchasi “Devonu lugʻatit turk”da uchrashi, bundan ming yilcha ilgari ham turkiylar bu soʻzlarni keng qoʻllaganliklari anglashiladi.

Qisqasi, birgina “yigʻlamoq” kabi kishilarning eng inja tuygʻularidan biri – ruhiy tutumi bilan bogʻliq soʻzlarni Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lugʻatayn” asaridagi oʻrnaklar negizida koʻzdan kechirish shuni koʻrsatadiki, turkiy el-uluslar oʻz tuygʻularini bir yoki ikki soʻz bilan emas, oʻnlab yondosh, maʼnodosh soʻzlar bilan tushuntirishga intilganlar. Yuzyilliklar oʻtgan sayin bunday tuygʻularini yanada boyitib borgan turkiylar oʻzga tillardan deyarli biror feʼl olmay, ota-bobolari qoʻllagan soʻzlarni unutmasdan, ular sirasiga oʻzlari yasagan yangi-yangi soʻzlarni qoʻshib, bezab kelishgan.

Gʻaybulla BOBOYOR,

tarix fanlari doktori, professor

Qoʻllanilgan adabiyotlar

Abdurahmonov G‘., Rustamov A. Qadmigi turkiy til. – Toshkent: Oʻqituvchi, 1982.

Alisher Navoiy. Muhokmatu-l-lugʻatayn. Qosimjon Sodiqov tahlili, tabdili va talqini ostida. – Toshkent: “Akademnashr”, 2017.

Alisher Navoiy. Muhokmatu-l-lugʻatayn. Ilmiy-tanqidiy matn. Tuzuvchi va nashrga tayyorlovchi Yu. Tursunov. – Toshkent: Fan, 2021.

Mirzayev I. Alisher Navoiyning “Muhokamatul lugʻatayn” asaridagi yuzta feʼlning mazmuniy guruhlari // Filologiya Ufqlari Jurnali. Vol. 1, No. 1 (dekabr 2020). – B. 1-8.

Koshgʻariy, Mahmud. Turkiy soʻzlar devoni (Devonu-lugʻot it-turk) / Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S. M. Mutallibov. 3 tomlik. – Toshkent: Fan, 1960–1963.

Koshgʻariy, Mahmud. Turkiy soʻzlar devoni (Devonu-lugʻot it-turk) / Indeks-lugʻat. G‘. Abdurahmonov va S. Mutallibov ishtiroki va tahriri ostida. – Toshkent: Fan, 1967.

Oʻzbek tilining izohli lugʻati. A. Madvaliyev tahriri ostida. – Toshkent, 2006 – 2008.

Oʻzbek xalq shevalari lugʻati. Masʼul muharrir Sh.Sh. Shoabdurahmonov. – Toshkent: Fan, 1971.

Karataş A. Muhâkemetü’l-Lugateynʼde Yer Alan Duygu Fiillerinin Çağdaş Türk Lehçelerindeki Görünümü // RumeliDE Dil ve Edebiyat Araştırmaları Dergisi, (41). – S. 107-140.

User Ş. H. Köktürk ve Ötüken Uygur Kağanlığı Yazıtları. Söz Varlığı İncelemesi. 1. Baskı. – Konya: Kömen Yayınları, 2009.