Muhammad Yoqubbek Badavlat (Otaliq gʻoziy) 1820-yil hozirgi Toshkent viloyati Piskent tumani hududida tavallud topgan. Otasi Pirmuhammad Mirzo Qoʻqon xonligidagi Qurama qishlogʻi qozisi, onasi esa piskentlik shayx Nizomiddinning singlisi boʻlgan. 1845-yil Yoqubbek Toshkentda askarlikka chaqiriladi. Togʻasining Toshkent qozisi boʻlib tayinlanishi va singlisining Toshkent hokimiga turmushga chiqishi munosabati bilan uning mavqei tez orada koʻtarilib, dastlab xon oʻrdasida ishlashni boshlaydi. Keyinchalik ellikboshi, yuzboshi, ponsod (beshyuzboshi) boʻlgan. Shundan soʻng, Chinoz va Avliyoota (1846)ga, keyin esa Oqmachit (1847)ga bek qilib tayinlanadi.
Muhammad Yoqubbek Oqmachit qushbegisi kezida rus bosqinchilariga qarshi kurashda jasorat koʻrsatgani uchun ham Toshkent hokimi uni chaqirtirib, boturboshi etib tayinlaydi. Biroz vaqt oʻtgach, Qoʻqon xoni Xudoyorxon Muhammad Yoqubbekni Xoʻjand begi qilib tayinlaydi.
1864-yilda Sharqiy Turkistonda Manjur imperiyasining zulmiga qarshi mustaqillik uchun kurash boshlanib, beshta xonlik yuzaga keladi. Koshgʻar xoni Sodiqbek Qoʻqon xoni Said Sultondan yordam soʻraydi va Jahongir Xoʻjaning oʻgʻli Buzrukxoʻjani Koshgʻarni boshqarishga taklif qiladi. Buzrukxoʻja diniy arbobligi sababli siyosat va hokimiyatdan bexabar edi. Shu sababli ham Said Sulton Buzrukxoʻja bilan birgalikda Yoqubbekni ellik askarga bosh qilib Koshgʻarga joʻnatadi.
Koshgʻarga yetib kelgach Buzrukxoʻja xon, Sodiqbek esa bosh qoʻmondon deb eʼlon qilinadi. Aslida esa barcha islohotlar Yoqubbek boshchiligida amalga oshirilgan. Yoqubbek Sodiqbekdan bosh qoʻmondonlik mansabini olish maqsadida Buzrukxoʻja bilan uning oralariga nizo soladi. Natijada, Sodiqbek bir guruh askarlari bilan qochib ketishga majbur boʻladi. Sodiqbekdan butunlay qutulish maqsadida askarlariga pul berib, uni oʻldirtirgan Yoqubbek bosh qoʻmondonga aylanadi. Yoqubbek askarlar sonini koʻpaytirib, harbiy tayyorgarlikni oshiradi.
Yoqubbek unga qoʻshni boʻlgan Xoʻtan hokimi Habibulloni hiyla yoʻli bilan oʻldirtirib, shaharning bor boyligini Koshgʻarga joʻnatadi. Yoqubbek Buzrukxoʻja va boshqa xoʻjalar nomidan ish yurgizib, Ili sultonligidan tashqari (mazkur xonlikni 1871-yil ruslar bosib olgan) 4 xonlikni (Qashqar, Xoʻtan, Kuchor, Urumchi xonliklarini) birlashtirib Yettishahar Uygʻur davlatini tuzgan. Xoʻtanni bosib olganidan soʻng Yoqubbek Koshgʻarga qaytgach, hiyla yoʻli bilan Kucharni ham bosib olishga erishadi. Shiddatli jangda Rashid ad-Din qurbon boʻladi. Tyan-Shan togʻlarining janubiy yerlarini toʻliq birlashtirgach, Yoqubbek yakka siyosiy hukmronlik maqsadida Buzrukxoʻjani hajga borib keling deb, aldov yoʻli bilan toʻrt ming tilla pul berib Makkaga joʻnatadi. Yoqubbek Koshgʻar, Xoʻtan, Kuchar xonliklari va Tyan-Shan janubidagi shaharlarni birlashtirib Yettishahar davlatiga asos soladi. Hukmdor sifatida oʻzini “Yoqubbek otaliq gʻozi” deb eʼlon qiladi.
U Yettishahar davlatiga asos solganidan soʻng Koshgʻarda Qoʻqon xoni Said Sultonning otasi Mallaxon nomidan (1873-yilgacha shu nom bilan) oltin, kumush va mis tangalar zarb qildiradi. Tilla tangalarning old tomoniga arab yozuvi asosida “Said Muhammad Mallaxon bahodir”, orqa tomoniga esa “zarb dar – as saltanat Qoʻqon Latif” deb yozilgan edi. Bu tangalarni oʻz nomidan emas, Mullaxon nomidan zarb qilishiga qator sabablar bor edi. Bular, musulmon davlatlarining qonuni boʻyicha xon avlodidan boʻlmagan kishi hokimiyatni egallasa-da, oʻzini xon deb eʼlon qilolmas va oʻz nomidan tanga zarb ham qilolmas edi.
1866-yilda Yoqubbek Xoʻtanda kumush tanga pullar zarb qildirdi. Bu haqda Musa Sayrami: “Yoqubbek Xoʻtanda bir misqol sharʼi oq tanga zarb qildi. Va bu tanganing bir tomoniga arab yozuvidan foydalanib “zarb Xoʻtan latif” deb zarb qildirdi” deb yozadi. Biroq, ayrim tangashunoslar bu pullarni Xoʻtan hokimi Habibullo tomonidan zarb qilingan deb talqin qilishadi. Buni Ermitaj muzeyining numizmatika boʻlimida Habibullo podsho nomi ostida saqlanayotgan tangalar isbotlaydi.
Koshgʻarda tilla, kumush va mis tangalar zarb qilingan. Faqatgina kumush pullar Koshgʻardan tashqari Xoʻtanda ham (old tomoni Koshgʻarda zarb qilingan tangalarga oʻxshash, orqa tomoniga arab yozuvida “zarb Xoʻtan latif” deb yozilgan edi) zarb qilingan. Mis chaqa pullar Koshgʻarda zarb qilinib, old tomoniga Abd al-Azizxon va chaqa pullar zarb qilingan yillar berilgan. Tanganing orqa tomoniga esa zarb Koshgʻar deb yozilgan. Abd al-Azizxon nomidan tangalar toki uning oʻlimi (1876-yil)ga qadar zarb etilgan. Vafotidan soʻng esa bir necha oy davomida sulton Murodxon nomidan zarb etiladi.
Yettishaharda mustaqil uygʻurlar hukmronlik qilgan davrda zarb qilingan oltin va kumush pullar nafaqat Sharqiy Turkiston hududidagi savdo-iqtisodiyotda, balki unga qoʻshni boʻlgan hududlar va davlatlarda, xalqaro savdo-sotiq munosabatlarida ham toʻsiqlarsiz muomalada boʻlgan. Ushbu xalqaro iqtisodiy va savdo omillar sababli qoʻshni davlatlarda zarb qilingan pullar ham Sharqiy Turkiston hududida muomalada boʻlgan.
Yoqubbek tomonidan asos solingan Yettishahar davlatining bayrogʻi.
Yoqubbekning Qoʻqonlik harbiylardan tuzilgan “Andijonliklar” deb nomlanuvchi maxsus gvardiya qoʻshinlari.
Muhammad Yoqubbek hukmronligi davrida Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy vaziyat butunlay oʻzgargan edi. Sababi, Chor Rossiyasi avvalo Qoʻqon, soʻngra Buxoro va Xiva xonliklari asosiy yerlarini bosib olgan edi. Shu chogʻda asli toshkentlik boʻlgan, Makkadan Koshgʻarga kelgan Eshon Saidxon qozi toʻra Yoqubbek bilan koʻrishadi va uni Turkistondagi vaziyatlardan boxabar qiladi. Suhbat soʻngida Saidxon qozi toʻra Yoqubbekka Turkiya sultoni Abd al-Azizxonga koʻplab sovgʻalar bilan elchi joʻnatishni maslahat beradi. Muhammad Yoqubbek ushbu maslahatga amal qiladi. Said qozi toʻra boshchiligidagi elchilarni sultonning oʻzi kutib olib, qimmatbaho buyumlar, olmos-u yoqut bilan bezatilgan oltin toj va shuningdek miltiq-qilichlarni sovgʻa qilib oʻz javobini Yoqubbekka yuboradi.
Javob sovgʻalaridan xursand boʻlgan Yoqubbek xalifa Abd al-Azizxon nomiga xutba oʻqitib, 1873-yildan sovgʻa egasi nomidan old tomoniga “Sulton Abd al-Azizxon” (tangalar zarb qilingan hijriy yillar ham yozilgan), orqasiga esa “zarb dar-as-saltanat Koshgʻar” deb yozilgan oltin, kumush va mis pullarni chiqara boshlaydi.
Yettishahar davlatida zarb qilingan pullar boshqa nomlar bilan atalgan boʻlsa-da, ular Turkiston xonliklaridagi tangalar bilan (ayniqsa, tangalarning shakli, qisman nomlari ham) juda oʻxshash edi. Mazkur davrda Yettishahar davlatida boʻlgan rus tarixchisi A.N.Kuropatkin oʻz asarida “Yettishahar davlati hududida Buxoro va Qoʻqon tangalari ham bemalol yuritilar edi” deb yozadi. Aynan shu mazmundagi maʼlumotni takidlagan xitoylik numizmatik Pen Sin Vey Yettishaharda zarb qilingan tangalarda hech qanday xitoycha yozuv yoʻq deydi.
1877-yil bahorning ilk kunlaridanoq Szo szun tan va Lyu szun tan qoʻshinlari Yoqubbekka qarshi Yettishahar davlatiga yurish boshlaydi. Amaldorlardan biri Niyozbek xoinlik qilib, 1877-yil 30-mayda Magʻlubiyatga uchrayotgan Yoqubbekka zahar berib uni oʻldiradi. Yoqubbekning vafotidan soʻng uning katta oʻgʻli Bekqulibek tomonidan oʻz ukasi Haqqulibekning oʻldirilishi, merosxoʻrlar bilan amaldorlar oʻrtasidagi nizolar, Oqsuv va Xoʻtan hokimlarining Bekqulibek bilan davom etgan jang-u jadallari manjur qoʻshinlariga bu davlatni bosib olishlariga imkon yaratib beradi. Bundan tashqari, Kuchar hokimi Kamolxon toʻra qoʻshinlari bilan qarshilik koʻrsatish oʻrniga, Fargʻonaga qochib ketishi va Yoqubbek davrida qoʻrqqanidan islomni qabul qilgan Koshgʻardagi xitoylar tomonidan shahar darvozalarining ochib berilishi, shaharni manjur-xitoy askarlariga topshirishi vaziyatni yanada ogʻirlashtirdi. Natijada, 1877-yil 17-dekabrda manjurlar Koshgʻarni egallaydi. Shu tariqa Sharqiy Turkistonda Muhammad Yoqubbek tomonidan asos solingan Yettishahar davlati uning vafotidan soʻng Xitoydagi manjurlar sulolasi tomonidan qaytadan bosib olinadi.
Zavqibek MAHMUDOV,
Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti v.b. dotsenti