Ushbu maqola tatar farzandi – Olimjan ogʻa Qulmametov xotirasiga bagʻishlanadi.

Tatarlar – turkiy el. Tili turkiy tillarning qipchoq guruhiga mansub. Ular boshqa turkiylardan farqli oʻlaroq dunyoning barcha mintaqalariga tarqalib ketgan, shuning uchun aniq nufusini aniqlashning imkoni yoʻq. Rasmiy manbalarga koʻra tatarlarning soni 6 million, ammo soʻnggi tadqiqotlar 10 milliondan ortiq ekanini koʻrsatadi. Katta qismi Tatariston, Boshqirdiston respublikalari va ularga yondosh Chelyabinsk, Ulyanovsk, Orenburg, Tyumen, Samara viloyatlarida yashaydi. Asosiy qismi islom dinining sunniylik yoʻnalishida. Mazhabi hanafiya. Afgʻoniston va Eronda kamsonli tatarlar shialikning jafariya mazhabida. Bir qismi nasroniylik diniga eʼtiqod qiladi, ularni kerashenlar, yaʼni “choʻqintirilgan tatarlar” deb atashadi. Mongoliyadagi tatar urugʻlarining ayrimlari buddaviylikni qabul qilgan.

Tatarlarning kelib chiqish masalasi oʻta murakkab va chigal. Inchunin, tatar etnosini bir xil prizma ostida oʻrganish mumkin emas. Qolaversa, tatarlarning tarixi, dini, etnologiyasi, folklori, tili va adabiyoti ham koʻpqirralidir.

Tarix

Tatar nomi V asrda koʻchmanchi jujanlar davrida alohida xalq sifatida tilga olingan[1]. Oʻrxun-Enasoy yozuvlarida esa Otuz Tatar Bodun (oʻttiz tatar xalqi) va Tokuz Tatar (toʻqqiz tatar) shaklida kelgan[2]. Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻotit turk”da tatarlarni bajanak, qipchoq, oʻgʻuz, jamaq, boshqird, basmil, qay, jabaqu, qirgʻiz xalqlari bilan birga tilga olgan[3]. Koshgʻariy tatarlarning turk ekanini ham qayd etgan[4].

Kelib chiqishi boʻyicha uch xil nazariya shakllangan:

1.                 Turk-tatar nazariyasi;

2.                 Turk-bulgʻor nazariyasi;

3.                 Turk-moʻgʻul nazariyasi.

Turk-bulgʻor nazariyasiga koʻra tatarlarning kelib chiqishi VIII asrda Volgaboʻyi va Oʻrol togʻi atrofida shakllangan bulgʻor etnosi bilan bogʻlanadi[5]. Bu nazariya XX asrda paydo boʻlgan va u koʻproq oʻsha davr tarixchilarining tatarlarni Yevropa xalqlari bilan bogʻlashga intilishlari oqibati boʻlishi mumkin. Inchunin, turkiy tillarning eng kichik guruhi, yaʼni bulgʻor (oʻgʻur) aynan Volgaboʻyi va Oʻrol togʻi atrofida shakllangan boʻlib, hozir u xalqlardan faqat chuvashlar saqlanib qolgan xolos. Bulgʻorlarning tili va madaniyati oʻzgacha, ular qipchoq emas. Tatarlar bulgʻorlar bilan baqamti yashab kelgani uchun ularda umumiy atropologik oʻxshashliklar bor. Ayniqsa, kam sonli musulmon chuvashlar bilan madaniy sinkretizm kuzatiladi.

Turk-moʻgʻul nazariyasiga koʻra tatarlarning kelib chiqishi moʻgʻul, Chingizxon qoʻshini bilan Markaziy Osiyodan kelganiga eʼtibor qaratiladi. Bu nazariya tarafdorlari avvalo, turk va moʻgʻul xalqlarining oltoy xalqlari ekanini unutishgan koʻrinadi. Qolaversa, moʻgʻul-tatar soʻzini XX asrga qadar faqat ruslar qoʻllab kelgan va bu Joʻchi qoʻshinlarining tarkibida tatarlarning koʻp boʻlgani, Rus hududlari aynan tatarlarga suyurgʻol qilingani bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Umumun olganda tatarlarning Oltoy va Markaziy Osiyodan Yevropaga siljigani rost, ammo bu ularning moʻgʻul ekanini anglatmaydi.

Turk-tatar nazariyasi eng ishonarli nazariya boʻlib, unga koʻra tatarlarning kelib chiqishi qadimgi Turk xoqonligi bilan bogʻlanadi. Ular ham boshqa turkiy xalqlar qatori Xazar, Volga Bulgʻoriyasi, Qipchoq-qimaq, Oltin Oʻrda davrida yuzaga kelgan ijtimoiy-siyosiy-madaniy boʻhronlar taʼsirida alohida etnos sifatida shakllangan. Inchunin, tatarlar turkiy tilning qipchoq lahjasida soʻzlashishgan, folklor va adabiyoti ham boshqa qipchoq xalqlari bilan oʻxshashdir.

Tatarlar azaldan qipchoqlar dunyosining shimoliy hududlarida yashab kelishgan. Bu ularning yuz qiyofasida ham aks etadi. Sharqda qisiq koʻzli, keng yelkali (mongoloid), Ural va Volgaboʻyida qirra burun, soch va koʻz rangi qora, jiyron aralash (sublaponoid), Janubiy-gʻarbda uzun boʻyli, soch va koʻz rangi (pontiy), Shimoliy gʻarbda koʻk koʻzli, boʻylari uzun, qirra burunli (yevropoid) tatarlar uchraydi[6]. Sibir tatarlari Abulxayrxon tuzgan Oʻzbek xonligi davrida shakllangani uchun qiyofasida oʻzbeklar bilan umumiylik koʻp.

Tatar etnosi

Tatar etnosi asosan turk va moʻgʻul xalqlari tarkibida uchraydi. Tahlillarimiz aniq boʻlishi uchun avvalo moʻgʻullar tarkibidagi tatar urugʻiga toʻxtalamiz. Ularning negizi turk. Qadimgi turk tilida soʻzlashishgan. Moʻgʻullar tarkibidagi tatar Moʻgʻilistonning yerli xalqi boʻlib, ular oʻz davrida saltanat qurgan oʻttiz tatarning avlodi. Moʻgʻuliston va Ichki Mongoliyada[7] hozirgi kunda ham tatar etnosi bor. Moʻgʻulistonda Sharqiy Matad, Suxebaatar aymogʻining Asgat somonlarida istiqomat qilishadi. Ichki Mongoliyada Xalxingol va Buyur-nur vodiylarida yashaydi[8]. Hozirgi kunda Moʻgʻuliston tatarlari moʻgʻul tilida soʻzlashishadi[9].

Turkiy tatarlar deyilganda, avvalo Qozon, Sibir va Ashtarxon xonliklari davrida shakllangan alohida etnik guruhlar tushuniladi. Ular yuz qiyofasi, madanyati va tiliga koʻra boshqa turkiylardan farqlanadi. Hozirgi kunda qoʻyidagicha tasniflanadi:

1.                 Qozon tatarlari;

2.                 Mishar tatarlari;

3.                 Qosim (qosimov) tatarlari;

4.                 Sibir tatarlari;

5.                 Astraxan tatarlari;

6.                 Kerashen (kerashen-choʻqintirilgan) tatarlar;

7.                 Perm tatarlari;

8.                 Noʻgʻaybaqlar;

9.                 Noʻkrat (Chepes) tatarlari;

10.             Buxor tatarlari.

Bundan tashqari Xitoy, Oʻrta Osiyo, Turkiya, Afgʻoniston, Yevropa, Amerika va Avstraliyada ham tatar diasporalari bor.

Xitoyda tatarlar oʻrta asrlardan buyon yashaydi. Ular asosan Shinjon-uygʻur va Manjuriya muxtoriyatlarida istiqomat qiladi. Shinjon-uygʻur tumanidagi tatarlarning katta qismini Sibir va Qozon tatarlari tashkil etadi. Ular Xitoyga XIX asrdan tadbirkorlik va savdo-sotiq uchun, ayrimlari esa islom dinini saqlash uchun Ruslardan qochib kelishgan. Ular orasida taniqli ulamolar, qorilar, masjid imomlari boʻlgan[10]. Tatarlar Xitoyga kelishining keyingi oqimi XX asrning birinchi yarmiga toʻgʻri keladi. Avval Birinchi jahon urushi, keyin Sovet tuzumi davrida Shinjonga, Sibir va Oltoy tatarlarining koʻpchiligi Manjuriyaga kelishgan. Va nihoyat bu koʻchishlar Ikkinchi jahon urushi davrida ham davom etgan. 1989-yilda Xitoyda Dasyuan-Tatar milliy volosti tuzilgan.

Turkiya tatarlari ham Rossiya bilan urushlar davrida uyumlasha boshlagan. Hozir ularning soni 200 ming ekani aytilgan, ammo tatar olimlari taxminicha milliondan koʻp. Chunki Turkiyada turkiy xalqlarning pasportiga millati turk yozilishi hammaga maʼlum.

Afgʻoniston tatarlari nufusi rasmiy manbalarda 300 mingdan ortiq ekani qayd etilgan. Ular asosan XIII asrda Chingizxon qoʻshinlari bilan borgani aytiladi. Hozirgi kunda Afgʻoniston tatarlari Butun dunyo tatarlar kongressi bilan aloqa oʻrnatgan[11]. Ularning aksariyati chigʻatoy oʻzbekchasi, turkman, pushtun va dari tilida soʻzlashadi. Hozirda ularga Qozondan tatar tilini oʻrgatish uchun onlayn kurslar tashkil qilingan. Qobulda “Tatar avazi” jurnali dari tilida chop etiladi. Afgʻoniston tatarlarining asosiy qismi sunniylar, Eron tarafdagi tatarlar shia oqimiga eʼtiqod qilishadi[12].

Amerika tatarlari qitʼaning hamma mamlakatlarida bor. Yirik diasporalari AQSh, Kanada va Braziliyada yashaydi.

Yevropa tatarlari Toʻxtamishxon davridan Litva knyazligiga kela boshlagan va hozirgi Polsha, Germaniya, Ruminiya, Vengriya hududlariga joylashgan. Keyin Sovet davrida, xususan Ikkinchi jahon urushi davrida va 1990-yillarda koʻplab tatarlar Yevropaga koʻchib oʻtishgan.

Avstraliyaga tatarlar Ikkinchi jahon urushi davrida koʻchib kela boshlagan. Hozir ularning soni 5000 dan ortiq. Sidney, Melburn va Adelaida tatarlarning markazlari va yakshanbalik maktablari mavjud.

Qozon butun dunyo tatarlari uchun madaniy poytaxt sanaladi, shu joyda oʻrtaliq madaniyat shakllangan. Qozon atrofida tatarlarning millat sifatida shakllanishi asosan Oltin Oʻrdaning tugashi va Qozon xonligining tashkil topishi bilan boshlanadi. 1437-yilda Oltin Oʻrda xonlaridan biri – Ulug‘ Muhammad mamlakatda boshlangan tarqoqliklardan foydalanib Bulgʻor ulusining markazi boʻlgan Qozonni egallaydi va yangi xonlikka asos soladi. 1959-yilda Kichik Muhammadning oʻgʻli Mahmud Astraxan (Xoji Tarxon) xonligini tuzadi. 1968-yila Oʻzbek xonligining bir qismida avval Tyumen, soʻng Sibir xonliklari vujudga keladi. Tatarlar madaniyati asosan Qozon va Astraxan xonliklarida 100 yildan oshiq vaqt davomida shakllanadi.

Mishar tatarlari Volga va Oka daryolarining qirgʻoqlarida yashagan. XI asrdan asosan Volganing Sura va Okaning irmogʻi boʻlgan Moksha daryolari atrofida yashagan. Oltin Oʻrda davrida bu yerda “Mishar yurt” maʼmuriy birligi tuzilgan. Bu yurt Qozon xonligi tarkibiga kirmagan. Shuning uchun madaniyati va shevasida farqlar koʻzga tashlanadi.

Qosim tatarlari Ryazan oblastining Qosimov va Sasovka rayonlarida yashaydi. Bu nom Ulug‘ Muhammadxonning oʻgʻli Qosim nomi bilan bogʻliq boʻlib, xon shu joylarni oʻgʻliga bergan. 1452–1681-yillarda bu yerlarda Qosim xonligi tashkil topgan.

Sibir tatarlari Tyumen, Omsk, Tomsk, Novosibirsk, Sverdlovsk va Kemerovo oblastlarida yashaydi. Bu etnos Oltin Oʻrda tanazzulidan soʻng 1468-yilda tashkil topgan Sibir xonligi davrida shakllangan.

Astraxan tatarlari Oltin Oʻrda tanazzulidan soʻng tashkil topgan Astraxan va Noʻgʻay xonliklarida shakllangan. Ularning tarkibida yana alabugʻat, bulgʻar, kundurov, qorauyli noʻgʻay (yurtovskiye) va qoraogʻoch tatarlari ham bor. XVII asrda Rossiyaning Astraxan guberniyasi tashkil topgach, bu yerga Volgaboʻyi tatarlari koʻchib kela boshlagan va Qozon tatarlariga yaqin yangicha madaniyat shakllangan.

Perm tatarlarining yana bir nomi kungur tatarlari. Ular asosan Perm, Sverdlovsk, Chelyabinsk oblastlarida va qisman Boshqirdistonda istiqomat qiladi.

Noʻkrat (Chepes) tatarlari asosan Udmurtiya Respublikasi va Kirov oblastlarida yashaydi. Ular qozon tatarlariga yaqin boʻlib, shakllanishi Qorabek tomonidan tashkil etilgan Nokrat yer bekligi bilan bogʻliq[13]. Qorabek nukus urugʻidan boʻlgan.

Buxor tatarlari asosan Buxoro xonligidan Ural va Sibirga borib qolgan etnik guruh, ular Astraxan va Sibir tatarlarining shakllanishida ishtirok etgan. Buxorlarning aksariyati oʻzbek chigʻatoychasida, ayrimlari tojikcha gaplashgan. Ular Tobol, Tyumen, Omsk guberniyalarida yashagan. XX asrning 40-yillariga qadar Tobol va Tyumenda Buxoro volosti boʻlgan[14]. XX asrning 30-yillaridagi pasportlashtirish jarayonlarida pasportiga “Buxorolik” deb yozilgan va alohida millat sifatida ham qayd etilgan. Ammo, keyinchalik tatarlar tarkibiga subetnos sifatida kiritilgan. Buxor tatarlarining katta qismi savdogar va qori, soʻfiylardan iborat boʻlgan. Buxorolik qori va soʻfiylarning izlari musulmon tatarlar yashaydigan barcha hududlaridan topiladi. Ular XIV asrdan boshlab dinni oʻrgatish uchun bora boshlagan va shaharlardagi madrasa hamda ovullardagi masjidlarda xizmat qilishgan.

Yuqorida zikr etilgan barcha tatar etnoslari islom dinining sunniy oqimi, xanafiya mazhabida. Qoʻyidagi ikki etnos esa asosan nasroniylik dinining provoslav oqimiga mansub.

Kerashen (kreshyonniy-choʻqintirilgan) tatarlar asosan Tatariston hududlarida, qisman Boshqirdiston va Udmurtiyada yashaydi. Kerashen nomi ularga XVI–XVIII asrlar davomida Rossiya tomonidan choʻqintirilish davrida berilgan. Ammo kerashenlarning oʻzlari buni inkor qiladi va X asrda nasroniylikni qabul qilgan kereitlarning avlodi ekanini taʼkidlab keladi.

Noʻgʻaybaqlar Chelyabinsk oblastining Chebarkoʻl va Noʻgʻaybaq rayonlarida yashaydi. Ularning choʻqintirilgan noʻgʻaylar ekaniga shubha yoʻq, inchunin aksar turkolog olimlar shunga ittifoq qilishgan.

Etnoslar

Tatarlar boshida tatar urugʻi sifatida shakllangan. Millat sifatida shakllanganda esa boshqa turkiy ellar qatori urugʻlarga boʻlingan. Ulardan tatar xonliklari davrida yuksak mavqega ega boʻlgan shirin, argʻin, barin, qipchoq, mangʻit, mansur, yashlav, nayman, uyshun, kereit, noʻgʻay urugʻlari saqlangan.

Sibir tatarlari tarkibida olchin, xatan, qoraqipchoq, noʻgʻay, sari uygʻur, teleut, shuningdek buxoriylar ham urug‘ sifatida qayd etilgan.

Kerashen tatarlari urugʻlari ancha koʻp va ular fenomenal tarzda juda yaxshi saqlangan. Sababi, kryashenlar nasroniy oʻlaroq qabrboshiga xoch (bashqazigʻi) qoʻyishadi va har bir xochqoziqqa urugʻining tamgʻasi qoʻyiladi.

Kerashen tatarlarida qoʻyidagi urug‘ nomlari tamgʻalari bilan saqlangan: aqsaqal, uchburma, jilan tamgʻa, choʻmich, tuqran (sassiq popishak), boʻri, keren, chyukich (bolgʻa), qozoyoq, shoyqiy, chapay, churu, qiytan, qurchey, baqaray, tazlar, chutir, churi, qaraqay, aqbay, batin, amay, jiriq, siqir, oʻrtey, pulaq, qaqay, ishtan, tiray, pitay, kalabash, qirgʻiz, savqiy, minka, minesh, sabriy, bater, baqa, ukey, qazaq, toʻrtte, meras, shayqiy va h.k[15]. Ular orasida qozoyoq, qozoq, qirgʻiz urugʻlari maʼlum, ammo qolganlari turkiy olimlar tomonidan yetarlicha tadqiq qilinmagan.

Tatarlar orasida Chingizxon avlodlari girey va oqsuyak nomlari bilan saqalanib qolgan. Shuningdek, tatarlar tarkibida oʻzlarini Rasulullohning avlodlari sifatida taqdim qiladigan sayyidlar ham bor. Ammo ularning katta qismi sahobalar yoki boshqa arablarning, shuningdek soʻfiylarning avlodlari boʻlishi ham mumkin.

XIV asrdan boshlab tatarlar orasida ijtimoiy tabaqalanish yuzaga kela boshlagan. Xonlar, gireylar, tarxonlar, toʻralar, murzalar alohida maqomga ega boʻlishgan. XVIII asrdan boshlab Chor Rossiyasi tomonidan tan olingan kiborlar jamiyati shakllangan. Ular orasida murzalar, xonlar, beklar, davlat xizmatidagi tatarlar, yasaqchilar va lashmanlar boʻlgan. Murzalar, xonlar va beklar amaldorlar sanalgan. Davlat xizmatidagilar ularga boʻysungan. Yasoqchilar ozod boʻlib, oʻz erkinligiga ega boʻlishgan, ammo Oqposhshoga soliq toʻlashgan. Lashmanlar – davlat xizmatidagilar boʻlib, ular Petr I davrida oʻrmonlardan dengiz floti uchun kemabop daraxtlarni kesish va tashishga majburlangan. Avval lashmanlikka hamma millatlar safarbar qilingan. Ammo lashmanlikdan ozod boʻlish uchun nasroniylikni qabul qilish sharti qoʻyilgach, chuvashlar, mordvalar va udmurtlar nasroniylikni qabul qilishgan, bu nom faqat islomdan voz kechmagan tatarlarga nisbatan qoʻllanila boshlagan.

Turmush tarzi

Tatarlarning tarqalish areali qanchalik keng boʻlmasin, ular uchun umumiy boʻlgan milliy xususiyatlar shakllangan. Bu tatarlar uchungina xos boʻlgan yuz tuzilishi, xarakter, urf-odatlar, til va folklorda aks etadi.

Tatarlar uchun qozon tatarlari madaniyati oʻrtaliq sanaladi. Shu bilan birga Qozon barcha tatarlari uchun madaniy markaz vazifasini oʻtaydi. Shunga koʻra, biz ham tatarlar turmush tarzini qozon madaniyati misolida tavsiflashga urinamiz.

Tatar xarakterini qoʻyidagi sifatlar orqali tavsiflash mumkin: ilmda tirishqoqlik; qatʼiy tarbiya; aniqlik va puxtalik; tartib va tozalik; ehtiyotkorlik; tejamkorlik.

Tatarlarning ilmga eʼtibori sabab juda koʻp olimlar yetishib chiqqan. Hozirgi kunda ular turkiylar orasida IQ darajasining yuqoriligi bilan ajralib turadi. Tatarlar birinchi koʻrinishda juda qoʻrs, ikkinchi koʻrinishda yaxshi doʻst. Doʻstlashganda yaxshi maslahatchi, yaxshi yoʻldosh, yomon kunda tirgak boʻla oladi.

Qadimda tatarlar ham boshqa turkiylar qatori koʻchmanchilik bilan kun kechirishgan. U davrda ular asosan oʻtovlarda yashashgan. Oʻtovlar hozirgi kungacha qarauyli (yurtovskiye) tatarlarida saqlangan. Janub tatarlari kigiz oʻtovlarda, shimoliy hududlarda koʻproq qayin poʻstlogʻi bilan yopiladigan yogʻoch uylarda yashashgan. Yevropa hududidagi tatarlar XIII asrdan izba, yaʼni “agʻach өy”lardan foydalana boshlagan. XIX asrga kelib oʻtovda yashaydigan tatar deyarli qolmagan.

Tatar libosi turk va islom anʼnalarining simbiozidir. Liboslarning asosini kүlmәk (koʻylak) va ishton tashkil qiladi. Erkaklar ishtoni chalbar deb atalgan. Ularning ustidan yengsiz kamzul, bashmet yoki qazaqin deb ataladigan kiyim kiyilgan. Boshga anʼanaviy tarzda tүbәtәy (doʻppi) kiyib, uning ustidan salla oʻrashgan. Toʻbatay soʻzi keyinchalik ruslarga “tyuteteyka” shaklida oʻzlashgan.

Erkaklar kiyimi ayollarnikidan koʻp farq qilmaydi. Faqat erkaklar kiyimi dagʻal va qoʻpolroq, ayollarniki nozik va bezaklarga boy qilib tikilgan. Ayollar kiyimi metal tangalar bilan ham bezatilgan. Qishda chekmen, chepkan va toʻn kiyishgan.

Oyoq kiyimlari orasida yozgi bashmaq, itek (etik), kүplәk (tufli) muhim oʻrin tutadi. Tatarlar musulmon oʻlaroq maxsi kiyishadi va uni turkiy formantda ichitek (ichetik) deb atashadi. Tatarlar mohir bezakchi boʻlishadi. Ular barcha kiyimlarini, jumladan oyoq kiyimlarini ham did bilan bezatishadi. Kiyimlarining oʻta bejirim bezaklaridan tatar ruhi sezilib turadi.

Ornamentlar

Tatar ornamentni uema (oʻyma) yoki urnek (oʻrnak) deyishadi. Har bir tatar bolalikdan naqshlar orasida oʻsadi.

Tatarlar uyining tashqi, ichki qismi, hovli, har bir maishiy predmet, kiyim-kechak, hatto oyoq kiyimlarini ham naqshlar bilan bezatishadi. Anʼanaviy tatar uylarida bezaksiz jihozni topish qiyin.