Biz har kuni minglab soʻzlarni aytamiz, yozamiz va eshitamiz. Ammo oʻylab koʻrganmisiz, soʻz nima oʻzi? Qanday qilib havoning oddiy tebranishi, boʻgʻizdan chiqqan tovush toʻlqini bir zumda boshqa bir inson qalbida shodlik, koʻzida yosh yoki tafakkurida yangi bir olamni yaratadi? Hazrat Alisher Navoiy bejiz “Soʻzdurki, nishon berur oʻlikka jondin, Soʻzdurki, berur xabar vujudqa dindin…” demagan edi. Haqiqatan ham, til insoniyat tarixidagi eng buyuk, eng sirli va eng qudratli moʻjizadir.
Bugungi kunda dunyoda 7 000 dan ortiq tirik til mavjud. Ammo har 14 kunda ulardan biri butunlay yoʻqolib bormoqda, soʻnggi sohibi vafot etishi bilan butun bir dunyoqarash, afsonalar, tabiat sirlari va madaniyat ummoni tarix tubiga gʻarq boʻladi. Bir tilning yoʻqolishi bitta oʻsimlik yoki hayvon turining qirilib ketishidan kam fojia emas.
Til bizning oʻzligimiz ekan. Biz kimmiz? Biz bir harf oʻrgatganga qirq yil qulluq qilishga rozi boʻlgan, ilm qadrini yuksak tutgan millatning davomchilarimiz. Biz hatto qabristonni buyuk adabiyotga aylantirgan Bilgalarning bolalarimiz. Soʻzni muqaddas bilgan va isrofidan tiyingan otalarning merosxoʻrimiz.
Bugun koʻchalardagi peshlavhalarda urchigan ajnabiy soʻzlar, nuqsonli yozuvlar koʻngilni ranjitishi tabiiy. Ammo ular oʻz-oʻzidan paydo boʻlgan emas. Atayin ham qilingan emas. Oʻsha gʻashimizga tegayotgan xatolar, aslida, biz yoʻl qoʻygan xatolarning oqibati, katta avlod yoʻl qoʻygan kamchiliklarning inʼikosi, xolos. Oilada, dasturxon atrofida milliy qadriyatlar haqida suhbatlashish oʻrniga boshqa xalq filmlari tomosha qilinayotgan boʻlsa, u xonadonni qadim qadriyatlar tark etadi. U uyda oʻzlik oʻksiydi, til ranjiydi. Otalar va bolalar oʻrtasida tafovut kuchayadi. Koʻchadagi ajnabiy soʻzlar ham, millatimizga yarashiqsiz urf-odatlar ham hech kimni ajablantirmay, tabiiy holga aylanib boraveradi. Hazrat Navoiy “Avvalu oxiringgʻa solgʻil koʻz, Bil ham avval soʻzu ham oxir soʻz” deydi “Sabʼai sayyor”da. Demak, olamning avvali ham, intihosi ham soʻz atalgan favqulbashar quvvat manbaiga bogʻliq.
Amerika hindulari bilan bogʻliq bir rivoyat koʻp eslanadi kitoblarda. Hindu qabilalaridan birining eʼtiqodiga koʻra baliq goʻshti halol, boshqa goʻshtlar esa harom hisoblanar ekan. Uzoq davom etgan qurgʻoqchilik tufayli koʻl-u daryo suvlari tortilib, baliqlar kamayib ketibdi. Goʻshtga boʻlgan ehtiyoj qondirilmagach, odamlar zaiflashib, ogʻir mehnatga, jangga yaroqsiz boʻlib qolishibdi. Qabila oqsoqollari kengashib bu ahvoldan chiqish choralarini qidirishibdi. Shunda bir donishmand: “Agar kiyikni tog‘ baligʻi deb atasak, odamlar uni isteʼmol qilisharmikan?” debdi. Buni sinab koʻrishga qaror qilishibdi. Maʼlum vaqt oʻtgach, odamlar “tog‘ baligʻi”ni bemalol isteʼmol qilishga koʻnikishibdi. Shu tariqa qabila ahli qiyinchilik yillaridan omon oʻtib olishibdi.
Ulugʻlar “Soʻz murakkab vaziyatlarda sadoqatli doʻst, tang hollarda najot” deb bejiz aytishmaydi. Amir Temur shiddatli janglarning birida askarlariga toʻlash uchun tangalarning tamom boʻlganligi va xazinadan tanga yuborishi zarurligi haqida Bibixonimga xabar joʻnatibdi. Chopar tanga oʻrniga ikki enlik xatni Amir Temurga eltibdi. Xatda yozilgan ekan: “Tangalaringiz tamom boʻlgan ersa, siyosatingiz ham tugaganmi, amirim?” Buyuk sarkarda vaqtinchalik pul oʻrnini bosadigan boshqa manbalardan foydalangan va janglarda muvaffaqiyatini davom ettirgan ekan. Nari borsa oʻntagina soʻz orqali najot yubormaganmidi Bibixonim?!
Soʻzning taʼsir kuchi hamma davrlarda, hamma xalqlarda eʼtirof etilgan va unga ehtirom koʻrsatish muttasil taʼkidlab kelingan. Oʻpkadan kelayotgan havo oqimining ogʻizda «jonlanishi», turfa ohang, turfa maʼno kasb etishi odamzodni hayratga solgan boʻlishi tabiiy hol. Bu hayratni sheʼriyat mulkining sultoni buyuk Navoiy benihoyat goʻzal tarzda ifodalangan:
Ham soʻz ila elga oʻlimdan najot,
Ham soʻz ila topib oʻlik tan hayot.
Xalqning hikmat ganjinasi boʻlmish maqol va iboralarimizda ham bunga monand hayrat jilvalarini istagancha topish mumkin: Oʻz qadrini bilgan soʻz qadrini bilir. Bir soʻz kuldiradi, bir soʻz oʻldiradi. Soʻz kishining oʻzagi. Koʻz yetmaganga soʻz yetar. Suv toshni yorar, soʻz boshni.
Tilning bunday qudratini his qilgan xalq hech qachon uni qadrsizlantirmaydi. Oʻzbek tili “Devoni lugʻatit turk”dan, “Qutadgʻu bilik”dan, Yassaviy “Hikmatlar”idan, Navoiyning shohbaytlaridan qolgan qudrat bizga. Ana shu qudratni asrashimiz, uni yana-da boyitishimiz har birimizning yelkamizdagi sharafli burchimiz ekanini unutmaylik.
Maʼrufjon YOʻLDOSHEV
filologiya fanlari doktori, professor