Jahon va milliy adabiyotimiz tarixida er-xotinning shoir-u shoira ekaniga misollar koʻp. Lekin oilada, ota-onadan tashqari, farzandning ham yetuk shoir boʻlishi noyob hol. Qoʻqon adabiy muhitining yorqin vakillaridan boʻlmish Amir Umarxon va Nodirabegimning oʻgʻli Muhammad Alixon (taxminan 1803/06 – 1842-yillar) ham “Xon” taxallusi bilan sheʼrlar bitgan. Uning Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliy ijodiga ixlosi baland boʻlgan (qarang: Rossiya FAning Sankt-Peterburgdagi Sharq qoʻlyozmalari instituti fondi, D400 raqamli qoʻlyozma, 3a-b-varaq).

Muhammad Alixon ikki ulug‘ shoir ijodini xalq orasida keng targʻib qilishda ibratli tashabbuslar koʻrsatgan. “1889-yilda uning maxsus farmoyishi bilan “Xazoyin ul-maoniy” 300 nusxada koʻchirtirilib, xonlikning turli shaharlariga joʻnatilgan” (Joʻraboyev O. Xon adabiy merosiga doir. “Oʻzbek tili va adabiyoti” jurnali. 2017-yil, 6-son. 127-bet).

Xonning shu kungacha aniqlangan ijodiy merosi yuzga yaqin sheʼr va bir necha maktubdan iborat. Oʻzbek tilida gʻazal va muxammas, fors-tojik tilida esa ruboiy va fard yozgan. Bizgacha yetib kelgan adabiy merosi ichida mustaqil asarlar qatorida Navoiy, ayniqsa, Fuzuliyga ergashib yozilgan tatabbu’ va taxmislar alohida oʻrin tutadi. Xon Fuzuliyning “Sayr qil, koʻrkim, gulistonning na obu tobi vor, / Har taraf ming sarvi sarsabz-u guli serobi vor” (Muhammad Fuzuliy. Qalb gavhari. Toshkent, “Hilol nashr”, 2014. 114-bet) degan matla’ bilan boshlanadigan gʻazaliga Xon “Dizmaki, mujgona chashmim gavhari serobi vor, / Koʻyida yori nisor etmakka xush asbobi vor” (“Xon adabiy merosiga doir”, 128-bet) deb javob yozgan. Fuzuliyning “Ul parivashkim malohat mulkining sultonidur, / Hukm oning hukmidur, farmon aning farmonidur” (“Qalb gavhari”, 110-bet) deb boshlanuvchi gʻazaliga Xon tatabbu’ bogʻlab, maqtaʼda “Oʻtlig‘ ohi toji zardur, qon yoshi taxti ravon / Bu chashm birla malomat kishvarining Xonidur” (“Xon adabiy merosiga doir”, 129-bet) deydi. Ozarboyjon shoiri yorni “malohat mulkining sultoni” desa, Xon “malomat kishvarining xoni” deya oʻzining ijtimoiy mavqei va taxallusiga ishora qilgan holda nozik soʻz oʻyini qoʻllaydi.

Xonning bu kabi muvaffaqiyatli chiqqan tatabbuʼlari talaygina. Fuzuliyning “Karam qil, kesma soqiy...” soʻzlari bilan boshlanadigan gʻazaliga Xon taxmis ham bogʻlagan. Asos gʻazal 9 bayt, Xon faqat 5 baytdan foydalanib, muxammas yaratgan. Baʼzi parchalarni tahlil qilsak:

Figʻonkim, jismimi poymol qildi aqdi xalxoli,

Biraxti dudi savdo boshim uzra anbarin xoli,

Banga maʼlum emaz ul koʻya dushti koʻnglim ahvoli,

Sabo, koʻyinda dildoring nadur aftodalar holi,

Bizim yerdin kelursan, bir xabar ver oshnolardan.

Mumtoz adabiyotda oshiq aksar hollarda sabo – mayin shamol orqali maʼshuqa bilan xabarlashadi. Lekin Fuzuliyning lirik qahramoni safdoshlari – dildor koʻyida aftoda boʻlgan oshnolaridan xabar olgisi kelib saboga murojaat qilmoqda. Nega? Chunki ishq yoʻli nihoyatda ogʻir, yana halokatli ham. Bu yoʻlda faqat hamdard oshiqqina oshiqning taftini oladi. Oʻsha hamdardlardan biri Xonning lirik qahramoni boʻlib, Fuzuliyning lirik qahramoniga yorning “aqdi xalxoli” – oyogʻiga taqilgan taqinchoq tugunidan poymol boʻlgani, “anbarin” – xushbuy qora xoli boshida qora tutun paydo qilgani va natijada koʻngli nomaʼlum holatga tushganidan figʻon qiladi. “Ogʻuning shifosi – ogʻu” deganlaridek, bu figʻon fuzuliyona dardga xonvor tasalli boʻladi va u qalbda bir qatim nurday visol tamannosi – orzusini uygʻotadi:

Dili zorimda yasongach anbarin moʻlar tamannosin,

Degil: “Tark etmakim gulrux sanamlar zulfi savdosin”,

Sani hinding-la mushkuldur qatlim-u dardim mudovosin,

Dema zohidki: “Tark et siymbar butlar tamoshosin”,

Banikim, qutqarar Tangri sotoshdurmish balolardan.

Oʻqirman xayolida hamdard oshiqlar suhbat qilayotgandek boʻladi. Goʻyo biri (Xonning lirik qahramoni) ikkinchisiga (Fuzuliyning lirik qahramoni) qarab “Zor dilimda “anbarin moʻlar” – xushboʻy qora sochlar tamannosi uygʻonsa, ey zohid, sen “Gulrux sanamlarning zulfi savdosini tark et” deb aytma” degan kabi boʻladi.

Xon uchinchi misrada nega aynan “hind” soʻzini qoʻllagan? Mumtoz sheʼriyatimiz, jumladan, Navoiy ijodida yor sochi rangi vajhidan hindga qiyoslanadi. Masalan, “Zulfing ochilib orazi diljo‘ bila oʻynar, / Hindu bachae shoʻxdurur su bila oʻynar” (Alisher Navoiy. Bir pari paykar gʻami. Toshkent, “Sharq”, 2006. 82-bet) degan bayt bejiz yozilmagan.

“Hind” soʻzi yorning qora sochiga taalluqliligini bildik, lekin uning misradagi “dard” va “mudavo” – davo soʻzlariga nima aloqasi boʻlishi mumkin?

Taxminimizcha, Xon qadimdan Hindistonda rivojlangan hind tabobatiga ishora qilgan holda “zohid” – dunyoviy noz-neʼmatlardan voz kechib, faqat ibodat bilan mashgʻul boʻlganlarga qarata bunday demoqda: “Ey zohid, yorning qaro zulfi – men uchun dordir va u meni qatl qilishi muqarrar. Bu dardga sening hind millatiga mansub eng mahoratli tabibing ham shifo topa olmaydi. Bas, mening halok boʻlishim aniq ekan, kumushtan goʻzallarni tomosha qilishimga mone boʻlma. Zero, Tangri mening boshimga solib, holdan toydirgan bu balolardan goʻzallarning visolidan boshqa nima qutqarishi mumkin?!”

Taxmisning navbatdagi bandiga yuzlanamiz:

Dagil behuda manzur etdugum ul koʻy tamkini,

Ki dufrogʻi-la ravshan etmisham chashmi jahonbini,

Gar istarsen sirishkim selini daf’ etmak oyini,

Tabibo, xoki koʻyi yordindur ashk taskini,

Biza ortturma zahmat, koʻz yoshitur toʻtiyolardan.

Ushbu bandda hind tabobati mavzusi dardmand oshiqlarga doim sogʻliq istab nasihat qiladigan “tabib”ga ulanadi. Ammo ishq dardidan begona tabibning nasihati oshiqqa yoqmaydi. Shu bois oshiq uning har qanday gʻamxoʻrligini rad etadi. Bu safar ham shu hol takrorlanib, tabib oshiqqa yorning “ul koʻy tamkini” – ogʻir, tahlikali koʻchasiga kirgani “behuda” ekanini bildiradi. Oshiq esa yor koʻchasining tufrogʻi sabab uning koʻzi yanada ravshan tortganini, aksincha, tabib koʻzyosh selini bartaraf qilmoqchi boʻlsa, maʼshuq koʻchasi xokini koʻzga surishiga monelik qilmasligini, zero, mahbub poyining tutiyosi koʻz nuriga nur qoʻshishini taʼkidlaydi.

Musulmon olamida har qanday goʻzal suhbatlar duo bilan yakunlangani singari, ushbu taxmisning soʻnggi bandida iltijo ruhi ustuvor:

Banga, ey charxi kajraftor, javr-u qahr oz ayla,

Damodam oʻdlug‘ ohim shuʼlasindan axtar oz ayla,

Parivashlarga Xontek nagʻmai “Ushshoq” soz ayla,

Fuzuliy, nozaninlar koʻrsang, izhori niyoz ayla,

Tarahhum umsa ayb oʻlmaz gadolar podsholardan.

Fuzuliy ijodiga ota-onasi singari muhabbati cheksiz boʻlgan Xon mazkur taxmisida buyuk ozarboyjon shoiri anʼanalarini oʻziga xos tarzda davom ettirib, asos gʻazaldagi manzarani oʻquvchi koʻz oʻngida yanada rangin va taʼsirchan gavdalantirishga erishgan.

Rustam TURSUNOV,

mustaqil tadqiqotchi

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 4-son.

“Xonning Fuzuliyga taxmisi” maqolasi