Maʼlumdurki, dunyoda har kim umid va aʼmol ila yashaydur. Kecha-kunduz mehnat va mashaqqat tortmoq oyanda* uchundur. Har kim oʻz oyandasini yaxshilikka harakat etar va kelar zamonda oʻz orzusi va havasigʻa yetmoq uchun qech dam olmasdan hol qadarincha harakatdadur. Tiriklik kulfati va mehnati asnosinda har kim oʻz oyandasi va istiqboligʻa bir nav yaxshi umid ila qarab va oʻzigʻa bir muddao qaror berib va oʻshal muddao va yoinki murodin hosil qilmoq uchun koʻshish etib, har kun chekaturgan kulfatini oʻshal muddaosini hosil qildirmoq uchun oʻzigʻa olmay yana ziyodaroq intiladur. Va baʼzan oʻshal murod-u muddaosini, goʻyo hosil boʻldi, deb rohatlanib oʻzigʻa tasalli beradur. Va hech ahadi* ushbu muddao-u murodni orqasidan yugurmoqdan xoli emas. Ana shul muddao va murodlarni ilmi isloh ila aʼmol derlar.

Endi aʼmolimizgʻa diqqat qilmoq kerak. Aksar xalqimizni aʼmoli shulki, ishlasa va foyda qilsa. Shoyadki, oʻgʻil va qizini toʻy qilsa va ham qanday! Oʻz qatorindagi odamlarni qilgan toʻyidan ziyodaroq!

Bechora kosibni aʼmoli toʻydur. Oʻzi rohat yuzi koʻrmaydur. Kecha-kunduzni 18, balki 20 soatni mehnatgʻa oʻtkaraturgon kosiblarimiz bordur. Haqqincha yemaydur, kiymaydur. Oʻn va yigirma sanalar mehnat va mashaqqat etar va xudodan oʻgʻil tilar, toʻy qilmoq uchun. Ana, bechorani aʼmoli. Yigirma sanalik mehnati uch kun toʻyda tamom. Yana Ahmad porina* qavli va xona girad. Toʻy musrifi* uchun qarz egalaridan qochadur. Katta toʻy qilib xotun olgon bir qism bechoralarni holigʻa yigʻlamoq kerak. Uch kunlik toʻyni azosi baʼzi oilalarda oʻn yil, hatto, bir umr surar, balki bevatan va xonavayronlikgʻa sabab boʻlur. Bir kosibni aqd-u nikohigʻa, toʻy-u obroʻsigʻa ming soʻm. Bir oʻrtahol uchun 2000 yo 3000 soʻm. Nimboy uchun toʻrt-besh ming soʻm kerak. Bu soʻmlarni yuzdan yetmish beshi yeyilib-ichilib... ketar. Bu soʻmlar aslinda kimniki edi? Bonka, firma, foydaxoʻrniki. Tabiiy, bulargʻa pullarini bermoq lozim, na berilur? Bog‘-u xona va uyi ichindagi asbobni sotib bermoq kerak. Bechora kelin va kuyovni koʻrpa va libosigʻacha sotilur, qarzxohgʻa berilur. Nimboylar sinar. Tirikliginda boʻlmasa, oʻlganda sinar. Ahl-u ayoli darbadar boʻlur. Oy, bu nima? Toʻgʻrisi, bir nav devonalik emasmi? Subhonolloh, qarz olib xalqgʻa osh bermoq aqlsizlik emasmi? Hamda illati bedavosidur. Har kishi bir uylansa va soʻngra oilasidan bir oʻluk koʻmsa, Ollohi akbar. U xona ahli kosib boʻlsa, bu dunyogʻa oʻzigʻa kelmasdan ketar. Holo, baʼzi bechora oʻlsa, ani boy qarindoshlari, obro‘ qilurmiz, deb sag‘ir molini xalqgʻa ellar ila yirtish, nalov qilib berar. Bechora sagʻirlar nonini boy kishilar qoʻltugʻiga olib ketar. “Lo taʼkulu amvol al yatima. Kulu va ishrabu va lotusrifu” qanda qoldi?.. (tarjimasi “Yetimning molini yemanglar. Yenglar, ichinglar, isrof qilmanglar” (hadis).

Ey musulmonlar, bu oyat-u masʼalai sharʼigʻa kim amal qilur? Va muni xaloyiqgʻa kim bildurar? Har kun bir musulmonni nimarsalari bozorgʻa dini uchun... sotilur. Va har kun sudda naqadar hovli, xona, bog‘ sotilur. Har kun naqadar veksellar “protest”, naqadar doʻkon, korxona hajz (pechat) boʻlur. Bu nimaning jazosi? Toʻy, maʼraka, ta’ziya, koʻpkari, bazm. Bir mahallada ahli savob yigirmadan bir yoʻq. Iymoni islomni dalillari ila bilaturgʻonlarni nari qoʻyduk. Erta qozilar barham boʻlsa, zamoncha qozi boʻlaturgʻon birgina kishi butun oʻn milyoʻn Turkistonda yoʻq... Yoʻq, yana yoʻq. Hoy, hoy, xaloyiq! Bizlar devonami sog‘? Albatta... Biz toʻy va maʼraka xayolidan lazzat olarduk. Toʻy-u maʼrakamiz ila faxr qilar eduk. Toʻy-u maʼrakaga sarf qilinaturgʻon oqchani jamlamoq va yo qoʻlgʻa kirguzmoq uchun harakat etarduk. Agarda toʻy va maʼrakagʻa qadimgidek oqcha toʻkmasak, ul oqchani na qilmoq kerak? Munga javob berilurki, toʻy va maʼraka qilinsun. Ammo hozirgidek isrof etmasdan qilinsun. Va mumkin qadarincha kichik qilinsun. Va ortuqcha pul ila bolalarni musulmon va rusi yaxshi oʻqitulsun. Toʻy-u maʼrakagʻa sarf qilinaturgʻon oqchani eski madrasa va mozoru masjid hamda maktablarni shikast-rextlarigʻa sarf qilinsun. Toʻy va maʼraka oqchasidan bolalarni hukumat maktablarigʻa berilsun va bu oqchadan talabalarni Makka, Madina, Misr, Istanbulgʻa va Rusiya dorilfunun va dorulsanoatlarigʻa yuborilib diniy va dunyoviy va zamonaviy odamlar yetishdurmoqgʻa saʼy qilinsun. Bizni Turkistonda muallim ozdurki, toʻy-u maʼrakagʻa sarf qilinaturgʻon oqcha ila Kafkaz, Qirim, Oʻrunburg va Qozongʻa usuli taʼlim oʻrganmoq uchun bola yubormoq kerakdur. Hukumat maktablarigʻa kirmoq uchun ruscha bilmoq va imtihon bermoq lozim. Va bu imtihonni bermoq uchun har bolani ikki sana ruscha oʻqutub, tarbiyat etmoq kerak. Va bul ikki sana uchun har bir bolagʻa 600 soʻm aqcha kerakdur. Aqchalik otalar, albatta, toʻy va maʼrakagʻa qizgʻonmaganlaridek, bolani oʻqutishgʻa ham qizgʻonmasalar kerakdur. Bolalar uchun tarbiyatxona (pansiyon) ochmoq kerak. Va bu tarbiyatxonalar zamoncha va ham milliy va diniy ruhda boʻlishi kerakdur. Bu tarbiyatxonalarni ochmoq uchun va hukumat maktablarigʻa bola tayyor qilmoq uchun nashri maorif yoinki jamiyati xayriya va yoinki tarbiyati atfol jamiyati va yo oʻzga ism ila, xulosa, jamiyatlar kerakdur. Toki bul jamiyat(lar) xalkdan oqcha jamlab millat bolalarini oʻqutish va millatni oyandasi uchun kerak boʻlaturgon qozi, yaʼni sudya, zakunchi, yaʼni huquqshunos, injiner, yaʼni muhandis, muallim, yaʼni zamona maktabdori, millatni homiysi va xodimi, yaʼni Davlat Dumasigʻa deputat, milliy sanoatxonalarimizni isloh va ihyo etguvchi*, yaʼni texnik, tijoratxona va bonkalarda bizgʻa yordam berguvchi, yaʼni tijorat ilmini oʻqugon kommirsant, shahar dumaxonalarigʻa va minbaʼd Turkistonda ochilaturgʻon zemstva idoralarinda bizni tarafdan kirib va saylanib, biz uchun, vatani Rus uchun, din, mubayyini islom uchun, zaufo* uchun, fuqaro uchun ishlaydurgʻon odamlarni yetushdurmoq kerakdur.

Hozirgi moʻysafidlarimiz tursun, oʻrta yoshlar yaqinda oʻlib ketar, zamona har kuni yangilashur. Yangi ilm va yangi fikrlik va fununi zamoniyani darbar qilgan odamlarni talab qilur. Bukundan boshlab, har shahardan har sana oʻn yigirmalab hukumat maktablarinda bola berilsa, oʻn besh sana soʻngra har shaharda 4-5 zamona odami tayyor boʻlur va hukumat mansablarigʻa, zamona doiralarigʻa, tijorat va sanoatxonalarinda kirib, bizlargʻa manfaat yetkurar. Kelar zamon boshqadur. Hatto, hozirda ikkimiz urushsak, yahudiy va ajnabiy zakunchilarigʻa borurmiz. Boshimiz ogʻrisa, ajnabiy doʻqturigʻa borurmiz. Sabab nadurki, oʻzimiz oʻqub zamoniy odam boʻlmaymiz? Ana endi biz uchun toʻy va maʼraka va koʻpkari oʻrninda shul yuqoridagi aytulgon ishlar aʼmol – ideal – murod – tilak – muddao boʻlsun. Valo, mun(i)siz biz kundan kun yoʻq va zabun boʻlarmiz.

Mahmudxoʻja BEHBUDIY,

“Oyina” j., 1913 yil, 6-7-sonlar, 130–132, 154–156 betlar

*oyanda – kelajak

ahadi – kishi

porina – bechora

musrifi –xarajati

ihyo etguvchi – tiriltirguvchi, tiklovchi

zaufo – ayollar