XIII-XV asrlar Markaziy Osiyo xalqlari etnik tarixida muhim tarixiy davr sanaladi. Moʻgʻullar imperiyasi, Amir Temur va Temuriylar hukmronligi yillarida Movarounnahrda, asosan, mahalliy turkiy va soʻgʻdiy xalqlar bilan birga barlos, jaloyir, qavchin, arlot, sulduz, bahrin, nayman kabi oʻnlab koʻchmanchi va yarim koʻchmanchi xalqlar istiqomat qilgan. Shuningdek, sabablarga koʻra, mintaqaga turli oʻlkalardan ham aholining maʼlum bir qismi (asosan, olim-u fozillar, usta, hunarmand, meʼmor, naqqosh va boshqalar) koʻchirib keltirildi. Oʻz navbatida, mintaqadan urush va boshqa sabablar bilan mahalliy aholi boshqa oʻlkalarga olib ketildi. Bu oʻziga xos “koʻchirish siyosati” asosan hukmron doira xohish-irodasiga koʻra amalga oshirildi. Mazkur etno-siyosiy holatga ham oʻzining sezilarli taʼsirini oʻtkazdi. Olib kelingan va olib ketilganlarning bir qismi keyinchalik oʻz yurtiga qaytib ketgan boʻlsa, qolgan qismi Movarounnahr mahalliy aholisi bilan aralashib, oʻzbek xalqi etnik tarkibining yanada boyishiga xizmat qildi.

Tarixda biron-bir hududda turgʻun turib, boshqa etnik guruhlarning aralashishidan xoli shakllangan etnos boʻlmagan. Eng qadimgi davrdan to hozirga qadar maʼlum guruh etnoslar bir hududdan boshqa hududga koʻchib borib, yerli xalq bilan aralashgan va yangi etnik uyushmani tashkil etgan. Bu jarayon ayrim hollarda koʻchuvchi xalqning oʻz xohishi bilan, boshqa hollarda hukmron doiraning siyosati tufayli yoki tabiiy-geografik hodisalar sababli amalga oshgan. XIII–XV asrlarda ham xalqlarning koʻchish jarayoni davom etgan va bu koʻp jihatdan mustamlaka siyosatning namunasi edi.

1219–1221-yillardagi toʻqnashuvlardan soʻng Xorazmshohlar imperiyasi tugatilgach, Chingizxon va vorislari ayricha “koʻchirish siyosati”ni amalga oshirdi. Moʻgʻullar davrida oʻnlab turk-moʻgʻul etnoslari ikki daryo oraligʻi hududlariga kelib oʻrnashdi. Shuningdek, Movarounnahrdan ming-minglab mahalliy aholi vakillari qoʻshni oʻlkalarga majburan koʻchirildi. Bu esa mintaqadagi etnik jarayonlarga jiddiy taʼsir koʻrsatdi.

“Koʻchirish siyosati”dan moʻgʻullar boshqaruvda siyosiy toʻlgʻama sifatida ham foydalandilar. Natijada mintaqada ularga qarshilik koʻrsatgan xalqlar koʻchirilib, oʻlkalarda tinchlik oʻrnatildi. Bu jarayon moʻgʻullarning dastlabki harbiy yurishlari davridanoq avjiga chiqdi. Xususan, Chingizxon va oʻgʻillari Sharqiy Turkistonni ishgʻol etgach, Movarounnahr va Xurosondagi koʻpgina shaharlarning musulmon aholisini sharqqa koʻchirib, Beshbaliqdan Xonbaliqqa (Pekin) qadar choʻzilgan shimoliy Xitoy mintaqalariga joylashtirdilar. Shuningdek, Chingizxon vorislari davrida rivoj topgan Turkiston-Xitoy tijorati ham Xuroson va Movarounnahr savdogarlarini bu yerga jalb qildi. Natijada, bu hududda Movarounnahrning shahar va qishloqlari nomi bilan bogʻliq kasabalar, xususan, Pekinga yaqin joyda samarqandlik muxojirlarning “Samarqand” nomli kasabasi paydo boʻldi.

Movarounnahr qoʻlga kiritilgach, moʻgʻullar mahalliy aholini, xususan, tojiklarning aksariyatini Sharqiy Turkiston va shimoliy Xitoy hududlariga koʻchirdi [10: 190–213]. Natijada Movarounnahrda forsiyzabon aholi kamayib, turklashish jarayoni kuchaydi. Sharqiy Turkiston va shimoliy Xitoy hududiga koʻchirilgan Oʻrta Osiyoning mahalliy aholisi vakillari esa qisqa fursatda xitoylashdilar. Ular orasida moʻgʻullar bilan birga kelib joylashgan turk-moʻgʻul qabilalari ham bor edi. Xitoylashib ulgurgan mazkur etnoslar “doʻngan”lar nomini oldi. “Doʻngan”lar tarkibida eroniy unsurlar ham koʻp boʻlgan. Xususan, birgina Xorazmdan mazkur hududga 100 mingdan ortiq oila koʻchirilgan edi. Xitoy va unga tutash hududlarga keltirilgan etnoslar orasida oʻrta osiyoliklar koʻpchilikni tashkil etgan va ular sa-mu-jenlar deb nomlangan. Ular hokimiyat amaldorlari sifatida moʻgʻullardan keyingi yuqori mavqeni egallagan edilar.

Koʻchirishning navbatdagi toʻlqinlari moʻgʻullar bosqinidan keyin Chigʻatoy (1224–1242) va avlodlari davrida ham davom ettirildi. Bu baʼzida ulus hukmdorlari tomonidan amalga oshirilgan boʻlsa, boshqa hollarda Chigʻatoyzodalarning oʻzaro kurashi ham mintaqadan mahalliy etnoslarning asir sifatida qoʻshni oʻlkalarga olib ketilishiga sabab boʻldi. Jumladan, Chigʻatoyzoda Misur Movarounnahrga hujum qilib, Samarqand, Buxoro, Kesh va Termiz aholisining maʼlum qismini asir oldi va Gʻazna, Shibirgʻon hamda Farobga joylashtirdi. Kebekxon (1309, 1318–1326) Xurosonda hokimiyatni qoʻlga olgach, mazkur xalqlarni Balx va uning atroflariga koʻchiradi. Yana bir Chigʻatoyzoda Yasavur (u Chigʻatoy ulusining soʻnggi xoni Qozonxonning otasi edi) Kebekxon davrida Xuroson amirlari yordamida Movarounnahrga bostirib kirib, xalqini asir oldi. Xuroson amirlari Movarounnahr shaharlari, jumladan, Samarqand, Buxoro va Keshdan 50 mingdan ortiq oilani asir olib qaytdilar. Asirlarning salmogʻini ularni Amudaryodan kechib oʻtishiga uch oy ketganidan ham bilish mumkin. Ayni shu davrda Joʻjizoda Bobo Oʻgʻul Joʻji ulusi hukmdori Oʻzbekxonga (1312–1342) qarshi kurashib, Xorazmga bostirib kirdi va shaharlarni vayron qilib, 50 mingga yaqin asirni Xurosonga joylashtirdi[11:315-316]. Chingiziylarning bu kabi kurashlari natijasida Movarounnahr va Xorazmning mahalliy aholisi son jihatidan kamayib boraverdi. Shuni taʼkidlash joizki, koʻchirilganlarning aksariyati manzilga yetmasdan yoʻllarda ochlik va kasallikdan vafot etgan.

Oʻz navbatida mazkur davrda Onon, Kerulen va Ila vodiysi boʻylaridan bir qancha turk-moʻgʻul qabilalari Movarounnahrga koʻchirib keltirildi. Fazlulloh Rashididdinning (vafoti 1318-yil) yozishicha, Chigʻatoy bilan birga Movarounnahrga kelib oʻrnashgan qabilalarning salmogʻi Duvaxon davrida (1281–1307) bir barobarga ortgan. Movarounnahrga koʻchirilgan turk-moʻgʻul urug‘-qabilalarining eng yiriklari – barlos, jaloyir, qavchin, arlot, sulduz, bahrin, nayman va boshqalar edi.

Moʻgʻullarning ikki tomonlamali “koʻchirish siyosati” Movarounnahr aholisining etnik holatiga jiddiy taʼsir koʻrsatib, shakllangan oʻzbek elati tarkibini butunlay oʻzgartirib yubora olmadi. Ular shakllangan etnos tarkibini boyitdi, urush va undan keyingi yillarda mintaqada keskin kamayib ketgan aholini hajman koʻpaytirdi.

“Koʻchirish siyosati” Amir Temur va Temuriylar davrida ham davom etdi. Ammo koʻlami, maqsadi bilan moʻgʻullar davrinikidan tubdan farq qilgan. Temuriy hukmdorlar qoʻshni oʻlkalarga qarshi olib borgan kurashlari natijasida mahalliy xalqlarni asir qilib, Movarounnahr shahar va qishloqlariga keltirganlar. Bu sulola davridagi “koʻchirish siyosati”ning farqi mintaqaga asosan olim-u fuzalolar, hunarmandlarning koʻchirilganida koʻrinadi. Shuningdek, ularning koʻlami moʻgʻullar asir qilgan etnoslar hajmidan ancha kam edi.

Bu davrda koʻchirib keltirilganlar, asosan, Old Osiyo mamlakatlaridan edi. Xususan, 1388-yil Fors shohi Shoh Shujo‘ amiri Alouddin inoq kishi-qarosi va Fors hunarmandlari bilan Samarqandga koʻchirildi. Amir Temurning Tabrizga, Ozarboyjonga, Xorazmga, Oltin Oʻrdaga, Hindistonga, Rumga qilgan yurishlari natijasida ham koʻplab xalqlar Samarqand va uning atroflariga keltirib joylashtirildi.

Bu jarayonni Temuriyzodalar ham davom ettirishdi. Jumladan, Umarshayx Mirzo Qoshgʻarni egallagach, u yerning aholisi va aslzodalarini Oʻzganga keltirdi va ular uchun Raboti Sarhang nomli kasaba bunyod etdi.

Koʻchirib keltirilganlarning umumiy soni ispan elchisi Klavixo esdaliklarida yuz mingdan oshiqroq boʻlgani qayd etilgan. Ularning asosiy qismini yuqorida taʼkidlaganimizdek, hunarmandlar va nomdor kishilar tashkil qilgan. Masalan, Sohibqiron Damashqdan har xil ipak mato toʻqiydigan ustalarni va boshqa hunarmandlarni koʻchirgan. Hirot tarixchisi Fasih Havofiyning (1375–1442) yozishicha, Amir Temurning Xorazmga qilgan soʻnggi harbiy safarida yurt oqsoqollari va nomdor kishilar koʻchirilgan. Ular asosan, Samarqandga va Zarafshon vohasiga joylashtirilgan. Koʻchirilganlar keyinchalik, Movarounnahrning mahalliy aholisiga aralashib ketgan boʻlsa-da, ularning baʼzilari etnik nomini keyingi asrlarda ham saqlab qolgan.

Bu davrning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, Amir Temur moʻgʻullar davrida Movarounnahrdan koʻchirilgan xalqlarning avlodlarining maʼlum qismini qaytarib kelgan. Xususan, moʻgʻullar davrida Xitoyning turli hududlariga joylashtirilgan oʻrta osiyoliklarning bir qismi oʻlkalariga qaytgan. Shu tariqa 1200 dan ortiq sa-mu-jenlar Xitoydan Samarqandga keltirilgan. X.Alan Temuriylar davri tarixiga oid manbalariga asoslanib, qaytarilganlar yuz ming atrofida boʻlgan, deydi. Ammo qaysi manbalarga asoslangani haqida toʻxtalmaydi.

Amir Temur va Temuriylar davrida ham Movarounnahrdan turli istilolar tufayli mahalliy aholi vakillari boshqa oʻlkalarga asir sifatida olib ketilgan. Jumladan, Oltin Oʻrda xoni Toʻxtamishxon istilolari ham mintaqa xalqlarining qisman kamayishiga sabab boʻldi. Xususan, u Tabrizning yuz mingga yaqin aholisini qatl etib, ikki yuz mingga yaqin ozarboyjonlikni asir olgan. Shuningdek, u Amir Temurning Erondaligidan foydalanib, Kesh va Naxshabga hujum qilib, vohadan koʻpgina asirlar bilan ortga qaytadi.

Yana bir moʻgʻul xoni Uvaysxonning oʻgʻli Eson Bugʻa (Yunusxonning akasi) ham Andijonni qoʻlga kiritgach, aholisini asir qilib, maʼlum qismini Qoshgʻarga eltadi. XVI asr tarixchisi Muhammad Haydar dugʻlotning “Tarixi Rashidiy” asariga koʻra, bular birozdan soʻng moʻgʻullashib ketganlar.

Koʻchirishning keyingi toʻlqinlari XV asr oxiri XVI asr boshlariga toʻgʻri keladi. Shayboniyxon (1451–1510) yurishlari davrida ham mahalliy aholi hamda yarim koʻchmanchi etnoslar Movarounnahrning Samarqand, Hisor, Qunduz va boshqa hududlaridan chiqib qoʻshni viloyatlarga, xususan, Qobulga [12:116] joylashgan. Mirzo Bobur (1483–1530) bilan birga koʻplab turkiy va turklashgan etnoslar Qobul va Hindiston hududlariga borib oʻrnashadi. Ularning keyingi avlodlari mazkur hududlarda istiqomat qilishdi. Jumladan, 1881-yilgi xalq sayimida birgina Dehli yonida va Raval Pandeda 23 593 kishi chigʻatoy (turkiy etnos – U.S.), 12 137 barlos deb qayd etilgani ham soʻzimizni isbotlaydi.

Bu davrda shuningdek, mintaqa doirasida ham “koʻchirish siyosati” amalga oshirildi, yaʼni Movarounnahr shahar va qishloqlarining maʼlum aholisi bir shahardan ikkinchisiga oʻtkazildi. Xususan, 781/1379-1380-yildagi Xorazm yurishidan keyin Amir Temur shahar aholisining aslzodalarini va mashhur kishilarni Keshga koʻchirgan boʻlsa, 1388-yilgi soʻnggi jangdan keyin qalʼa devorlarini yer bilan tekislatib, arpa ektirdi (Amir Temur Xorazmni shu ahvolda tashlab qoʻymadi, albatta. U Dashti Qipchoq yurishidan qaytgach, Musika qavchinni (Xanki qavchinning oʻgʻli) Xorazmga yubordi va u yerda imorat qurishni buyurdi) va aholisini Samarqandga keltirdi. Xorazmliklarning maʼlum qismi keyinchalik yurtiga qaytgan boʻlsa-da, qolgan qismi esa koʻchib borgan shahar va qishloqlarda “Urganjiy”, “Xorazmiy” kabi joy nomlarini tashkil etib, turgʻun yashab qoldilar.

Movarounnahr xalqlarining “koʻchirish siyosati” ikki buyuk sulola (Chingiziylar va Temuriylar) davrida ham davom etdi. Chingiziylar mintaqadan yuz minglab aholini asir sifatida olib chiqib, qoʻshni mintaqalarga joylashtirishdi. Bu jarayon soʻnggi Chigʻatoyzodalar davrigacha, shuningdek, Amir Temur va Temuriylar zamonida ham amalga oshirildi. Moʻgʻullar oʻlkadan mahalliy etnoslarni olib chiqishi va oʻzaro urushlardagi qirgʻinlar natijasida Movarounnahr aholisi qisman kamaydi. Chingiziylar kamayib ketgan yerli xalq tarkibini Onon, Kerulen va Ila vodiysi boʻylaridan keltirilgan turk-moʻgʻul etnoslari hisobiga toʻldirishdi.

Amir Temur va Temuriylar davrida Movarounnahrga Old Osiyoning turli mamlakatlaridan asosan olim-u fozillar va hunarmandlar koʻchirib keltirildi. Ular Samarqand va Zarafshon boʻylariga joylashtirildi. Koʻchirib keltirilganlar orasidagi ilm vakillariga poytaxt va unga qoʻshni shaharlarda faoliyatini davom ettirishi uchun barcha imkoniyatlar yaratildi. Temuriylar olim-u fozillarga homiylik qildilar. Koʻchirib keltirilganlar qoʻli bilan Movarounnahrda oʻnlab meʼmoriy inshootlar bunyod etishdi.

Shuningdek, Amir Temurning xatti-harakatlari natijasida bu davrda Chingiziylar tomonidan asir olinib, boshqa oʻlkalarga joylashtirilgan etnoslarning avlodlari Movarounnahrga qaytariladi. Natijada qoʻshni oʻlkalardan koʻchirilganlarning tarixiy makoni bilan bogʻliq yangi joy nomlari (jumladan, Bogʻdod, Damashq va boshqalar) paydo boʻla boshladi.

Sevinch ULASHOVA,

tarix fanlari doktori, dotsent

Foydalanilgan manbalar va adabiyotlar

1.                 Alan H. Bozkırdan Cennet Bahçesine Timurlular (1360-1506). – İstanbul, 2007.

2.                 Barfield T. The Perilous Frontier. – Oxford, 1989.

3.                 Barthold V.V. Turkestan down to the Mongol Invasion. – London, 1928.

4.                 Bretschneider E. Mediavel Researches From Eastern Asiatic Sourcces. I. – London, 1967.

5.                 Chʼen Y. Western and Central Asians in China under the Mongols/ trans. L.C.Goodrich. – Los Angeles, 1966. 

6.                 Dardess J.W. Conquerors and Confucians. Aspects of Politcal Change in Late Yüan China. – New York, 1973.

7.                 Haenisch E. Steuergerichtsame der chimesischen Kloster unter der Mongolenherrschaft // ZDMG. XCV. – Р. 317-319;

8.                 Peter B. Golden. Türk halklari tarihine giriş/ çev. O.Karatay. Ankara, 2002.

9.                 Puncab Census. Vol. I. – Calcutta, 1881.

10.            Togan Z.V. Hwarezmische Sätze in einem arabischen Fiqhwerke // Islamica. III. – Leipzig, 1927. – S. 190-213.

11.            Togan Z.V. Umumi Türk Tarihine Giriş. С. 1. En Eski devirlerden 16 asra kadar. – İstanbul, 1981.

12.            Ulashova S.U. Sharq manbalarida Chigʻatoy ulusi hukmdorlari. Monografiya. – T.: Alfraganus universiteti, 2025. – 314 b.

13.            Бобур. Бобурнома. – Т.: Ўзбекистон, 2008.

14.            Грумм-Грижимайло Г.Е. Описание путешествия в Западный Китай. Т. II. – СПб., 1899.

15.            Клавихо Руи Гонсалес де. Дневник путешествия в Самарканде к двору Тимура (1403-1406 гг.) / Подлинный текст с переводом и примечаниями, составленными под редакцией И.И.Срезнаевского. – СПб., 1881.

16.            Мирзо Муҳаммад Ҳайдар. Тарихи Рашидий. – Т., 2010.

17.            Муиниддин Натанзий. Мунтахаб ут-таворихи Муиний /Форс тилидан таржима, сўз боши ва изоҳлар муаллифи: Ғ.Каримий. – Т.: Ўзбекистон, 2011.

18.            Низомиддин Шомий. Зафарнома / Форс тилидан ўгирувчи Ю. Ҳакимжонов. Таржимани қайта ишлаб нашрга тайёрловчи ва масъул муҳаррир А.Ўринбоев. – Т., 1996. 

19.            Равшанов П. Қашқадарё тарихи. – Т., 1995.

20.            Рашидиддин. Жомеъ ат-таворих / Топкапи саройидаги (Туркия) қўлёзма. № 1518. 

21.            Сафаров Г. Очерки по истории Китая. – М., 1933. 

22.            Тизенгаузен В.Г. Сборник материалов относящихся к истории Золотой орды. Т. II. – М.-Л.: Наука, 1941.

23.                 Улашова С.У. XIII-XV асрлар манбаларида Мовароуннаҳрдаги этник жараёнлар. Монография. – Т.: Firdavs-shoh, 2023. – 206 б. 

24.            Фасих Хавафи. Муджмал-и Фасихи / Перевод, предисловие, примечания и указатели Д.Ю. Юсуповой. – Т.: Фан, 1980. 

25.                 Шарафуддин Али Яздий. Зафарнома / Сўз боши, изоҳ ва кўрсаткичлар муаллифлари: Ашраф Аҳмад, Ҳ.Бобобеков. – Т.: Шарқ, 1997.