Sulaymon Xoʻjayev 1892-yil Toshkentning Kamolon mahallasida oʻrtahol dehqon Umarxoʻja xonadonida dunyoga kelgan. Sulaymon uch yoshida otasidan yetim qoldi. 1910-yilgacha onasi Oftob xonim hamda togʻasi homiyligida maktab va madrasa taʼlimini olib, arab, fors tillarini puxta oʻrganadi. Sulaymon Xoʻjayev 1911–14-yillarda Margʻilonda prikazchik boʻlib Orenburg va Moskva shaharlari bilan savdo ishlarini olib borgan. 1914-yil Toshkentga qaytib kelib baqqollik doʻkoni ochadi. 1915-yil yana madrasada oʻqishni davom ettiradi. “Turon” truppasida Munavvar qori Abdurashidxonov rahbarligida Saʼdulla Tursunxoʻjayev, Nizomiddin Xoʻjayev, Gʻulom Zafariy, Shokirjon Rahimiy kabi jadid taraqqiyparvarlari safida faoliyat olib bordi.
Sulaymon Xoʻjayev 1917-yil apreldan Beshogʻoch militsiyasida ishlaydi. 1918-yil boshida bir guruh taraqqiyparvarlar bilan Qoʻqonga boradi. Ular Qoʻqon shahri yaqinidagi qishloqlardan biriga joylashib, Turkiston Muxtoriyatini qoʻllab-quvvatlash va tashviqot qilish bilan mashgʻul boʻladi. Muxtoriyat qonga botirilgach Toshkentga qaytib, 1923-yilgacha Eski shahardagi “Behbudiy” maktabida oʻqituvchilik qiladi.
1924-yil Toshkent pochta, telegraf kursiga oʻqishga kiradi. Soʻng oʻgʻli Hamid bilan Moskvaga borib, kino maktabida oʻqiydi. Sulaymon Xoʻjayev 1926-yildan Toshkent kinofabrikasida ish boshlaydi. 1927-yil uning ishtiroki va maslahatchiligida dunyoga kelgan “Ravot qashqirlari” Sulaymon Xoʻjayevga ulkan muvaffaqiyat keltiradi.
1928-yil 14-noyabr oʻgʻli Hamid Sulaymon Moskvadan Berlin universitetida tahsil olayotgan Ahmadjon Ibrohimovga yoʻllagan xatida oʻzi haqida: “... Har holda mamlakatim uchun bir ilmiy xodim boʻlish istagidaman. Qanday boʻlsa ham qorongʻuliqdagʻi xalqimizni yorugʻliqqa chiqorish niyatidaman. Maqsadim madaniyat uchun kurash, yorugʻliq toʻsquni bulutlar bilan kurash. Bulardan tashqari oʻzbek sanʼati, adabiyoti ruhiga qarshi boruvchilar bilan kurashaman. Shunday kurashlar uchun Siz aytganingizdek kuchlik-bilimlik boʻlish lozim. Shunday boʻlgʻoch Sizdek oʻzbeklar ichidan chiqib oliy tarbiya topqon olimlarimizning soʻzlarin qabul etish bilan oʻz ilmimni-da takomillashtirib, xalqimizning turli ehtiyojlarigʻa javob berarlik darajada tayyorlanishga oʻzimning qatʼiy vaʼdalarimni berib qolaman”, deydi. Xat mazmunidan Sulaymon Xoʻjayev Ahmadjon Ibrohimov orqali Germaniyadan bir muncha kino uskunalarni olib kelganini va Hamid Sulaymonning ham Germaniyada oʻqish niyatida boʻlganini anglash mumkin.
Sulaymon Xoʻjayev Butunittifoq Davlat kinematografiya instituti (VGIK)ning birinchi tanlovidayoq oʻqishga qabul qilindi. 1932-yili oʻqishni tamomlab, ssenariynavis va rejissor diplomini olib qaytib keladi. Shu vaqt Oʻzbekiston hukumatidan “inqilob” haqida filmlar yaratish topshirigʻi boʻladi. Film 1916-yilgi Oʻzbekistondagi qoʻzgʻolonlarning tub mohiyatini ochishga qaratilgan murakkab syujetli boʻldi. Sulaymon Xoʻjayev bu filmning ssenariy muallifi, rejissori va bosh qahramon ijrochisi ham edi. Bu davrda oʻsha qoʻzgʻolonga qatnashgan odamlarning koʻpi tirik edi. U Jizzax, Toshkent atrofi, Janubiy Qozogʻiston, Qirgʻizistonga chiqib materiallar yigʻib, taniqli olim Fitrat, Shohid Esonlar bilan maslahatlashgan holda kinofilmni ishlashga kirishadi.
Qisqa muddatda 1916-yilgi Jizzax qoʻzgʻoloni haqida hujjatli kino yaratiladi. Biroq, 1932-yil mazkur “Tong oldidan” filmini komissiya birinchi koʻrishidayoq “фильм антирусский, нельзя показовать” degan xulosa beradi. 1933-yil filmga bir qancha oʻzgarishlar kiritgan holda qayta ishlashadi, ammo film ekran yuzini koʻrmay qolib ketadi. Aksincha, 1934-yil 11-noyabrda Toshkentdagi kinofabrikada rejissor boʻlgan oʻzbek kinodargʻasi Sulaymon Xoʻjayev ishdan olinadi. Uni 1934-yil 4-dekabr kuni doʻstlari davrasida aksilinqilobiy targʻibot olib borgan degan ayblov bilan qamoqqa olishib, 1935-yil 4-aprelda OʻzSSR NKVD qoshidagi “uchlik” tomonidan 6 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm etiladi. Jazoni avval Oʻrta Osiyo lagerining (САзлаг) birinchi palatka va ikkinchi baraklarda oʻtagan. 1936-yil dekabridan Malik sovxozida boshlagan. 1937-yil 14-avgustda OʻzSSR NKVD qoshidagi “uchlik” tarkibida Sulaymon Xoʻjayev, Xudoyorxonning nabirasi Mansurbeklar boʻlgan yetti kishini qandaydir aksilinqilobiy tashkilot tuzganlikda ayblab otuvga hukm qiladi. 1937-yil 20-avgustda barchalari Malik sovxozi atrofida maxsus obyektda otib tashlangan.
Sulaymon Xo‘jayev 1957-yil 30-dekabrda oqlangan. Biroq, oʻgʻli taniqli olim Xamid Sulaymanovga 1943-yil 20-iyun jazoni oʻtash davrida vafot etgan degan yolgʻon maʼlumotnoma tutqazishgan.
Bahrom IRZAYEV