1857-yilning 23-aprelida Rossiyaning Gʻarbiy Sibir oʻlkasidagi Tara shahrida tavallud topgan Abdurashid Ibrohimning tomirlari qadimiy Buxoro tuprogʻiga va u yerdan koʻchib ketgan asilzoda oʻzbek xonadoniga borib taqaladi. XX asr jahon tarixi va maʼrifatparvarlik harakati haqida soʻz ketganda, “Musulmon olamining sayyohi” deya eʼtirof etilgan Abdurashid Ibrohim butun umrini turkiy xalqlarning birligi, erkini himoya qilish va maʼrifat tarqatishga bagʻishlagan. 

Oʻsha davrlarda Tara shahridagi buxorolik oʻzbeklar mintaqaning maʼrifiy va ijtimoiy hayotida muhim oʻrin tutgan. Ibrohimning otasi Umar Bey oʻz davrining siyosiy jarayonlarida faol ishtirok etgan, Sibir muxtoriyati va erkinligi yoʻlida fidoyilik koʻrsatgan shaxs edi. Onasi Afifa xonim esa boshqurt tatarlaridan boʻlib, qariyb qirq yil davomida Tara shahrida qizlarga muallimalik qilgan maʼrifatparvar ayol boʻlgan. Oilaviy muhit yosh Abdurashidda oʻzligini anglash, ajdodlar yurti boʻlmish Turkistonga nisbatan yuksak muhabbat tuygʻularini shakllantiradi. U butun hayoti va faoliyati davomida oʻzbekligidan faxrlanib, buxorolik ajdodlarining munosib davomchisi ekanini isbotlab keldi.

Otasi keskin siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etgani sababli bor mol-mulkidan ayrilib, oila ancha ogʻir iqtisodiy holatga tushib qoladi. Shunga qaramay, yosh Abdurashid yetti yoshidanoq maʼrifat yoʻlini tanlaydi. U Taradan 80 km uzoqlikda joylashgan Avvush qishlogʻidagi madrasada taʼlim oladi. Sakkiz oylik oʻqishdan soʻng onasining tashabbusi bilan Orenburg viloyati, Chilyabinsk yaqinidagi Elman qishlogʻidagi maktabda tahsilini 4 yil davom ettirdi. Ammo olgan bilimlaridan koʻngli toʻlmagan yigitcha Qozon yaqinidagi mashhur Qishqar madrasasiga yoʻl oladi. Ismoil mudarris qoʻlida taʼlim olish jarayoni unda katta taassurot qoldiradi.

 

1877-1878 yillardagi Usmonli va Rossiya urushi uning ham hayotiga taʼsir koʻrsatdi. Pasport muddati oʻtib qolgani sababli hibsga olinib, bir yilga yaqin qamoqda qoladi. Bu davr uning siyosiy qarashlari shakllanishida burilish nuqtasi boʻldi, chunki qamoqxonada u turli oʻlkalardan kelgan mahbuslar bilan musulmon turkiylarning rus bosqini ostidagi ogʻir holatini muhokama qilardi.

1879-yilning avgustida Madinaga borish maqsadida Odessa orqali Istanbulga kelgan Ibrohim puli tugab qolib, bir muddat shaharda qolishga majbur boʻladi. Bu yerda u mashhur alloma Shahobiddin Marjoniy va tatar boylari bilan uchrashgan boʻlsa-da, ulardan yordam ololmaydi. Nihoyat, hajga ketayotgan bir boyning xizmatiga kirib, Arabistonga yetib oladi. 1880-yildan boshlab Madinada qolib, diniy taʼlim bilan bir qatorda siyosiy bilimlarni ham chuqur egallaydi. Har yili haj mavsumida dunyoning turli chekkalaridan kelgan musulmonlar bilan uchrashib, musulmon olamining muammolarini tahlil qiladi. Besh yil davomida fiqh, hadis va qiroat ilmlarini oʻrganish barobarida arab va fors tillarini ham mukammal egallab, ijozatnoma oladi.

1885-yili Taraga qaytgan Abdurashid Ibrohim tez orada jadidchilik gʻoyalarini yoyishga kirishdi. U “Usul-i jaded” maktabini ochib, Ismoil Gaspiralidan oʻquv qoʻllanmalarini oladi. Taradagi yetti yillik faoliyati davomida Shahobiddin Marjoniy, Rizoiddin Fahriddin va Ismoil Gaspirali kabi ulug‘ siymolar bilan doimiy maktub almashib turdi. 1890-yilda oʻn nafar iqtidorli talabasini Istanbuldagi nufuzli maktablarga joylashtirdi.

1892-yilda Abdurashid Ibrohim Orenburg diniy majlisi tomonidan qozi etib tayinlandi. 1893-yilda mahkama raisi hajga ketgach, sakkiz oy davomida raislik vazifasini ham bajardi. Bu davrda u nafaqat diniy, balki ijtimoiy ishlarda ham faol boʻlib, Ufada yetimlar va faqirlar uchun xayriya jamiyati tuzadi. Rossiya musulmonlarining huquqlarini himoya qilish maqsadida Peterburgda yuqori lavozimli amaldorlar bilan uchrashdi. Biroq, siyosiy harakatlarining natijasiz qolishi va xavfning ortishi sababli 1897-yilda Istanbulga koʻchib oʻtdi.

Abdurashid Ibrohim oilasi bilan

Istanbulda u “Liva ul-hamd” nomli risolasini chop ettirib, Rossiya zulmi ostidagi turkiy xalqlarni Turkiyaga koʻchib oʻtishga chorladi. Uning bu daʼvati natijasida 70 mingga yaqin kishi koʻchib kelgani aytiladi. Shuningdek, 1888-yilda Buxoroga safar qilib, u yerdagi yetakchilar bilan ruslarning siyosiy va madaniy bosimiga qarshi birgalikda kurashish choralarini muhokama qiladi. Bu saʼy-harakatlarning barchasi Abdurashid Ibrohimning butun umri davomida millat istiqboli va maʼrifati uchun qaygʻurgan shaxs boʻlganidan dalolat beradi.

Abdurashid Ibrohim Buxorodan Istanbulga qaytgach, maʼrifiy va siyosiy jarayonlar bilan yaqindan tanishishda davom etadi. Rus sotsialistlaridan biri V. Amfiteatrovning Shveysariyadaligidan xabar topgach, u yerga yoʻl oldi va u bilan uchrashib, Rossiya imperiyasi hududida istiqomat qiluvchi musulmon turkiylarning siyosiy hamda madaniy huquqlarini taʼminlash masalasini muhokama qiladi. Shveysariyadagi bir necha oylik faoliyatidan soʻng Istanbulga qaytib, 1900-yilning oxirida Peterburgga yoʻl oladi. Bu yerda noshirlik ishlarini jadallashtirib, “Mirʼat” nomli jurnalga asos soladi. Mazkur nashr 1900-yildan to 1909-yilgacha, yaʼni 22-soni chiqqunga qadar maʼrifatparvarlik gʻoyalarini tarqatishda muhim xizmat qildi.

Olimning faoliyati faqat Yevropa va Rossiya bilan cheklanib qolmadi. 1902-1903-yillarda u Yaponiyaga safar qilib, rus hukumatining bosqinchilik siyosatiga qarshi tashviqot ishlarini olib bordi. Uning bu harakatlari rus elchisining eʼtiroziga sabab boʻldi va Yaponiyadan chiqib ketishi talab qilindi. Shunga qaramay, Abdurashid Ibrohim Yaponiyada islom dinini maʼrifatparvarlik gʻoyalarini yoyish maqsadida Usmonli sultoni Abdulhamid II ga murojaat qildi. Sulton Abdulhamid keyinchalik bu haqda eslab, yapon imperatorlik oilasi vakili uning huzuriga kelib, islom haqida maʼlumot soʻraganini, bunga esa aynan Abdurashid Ibrohimning saʼy-harakatlari sabab boʻlganini taʼkidlagan. Sulton Abdulhamid oʻz xotiralarida Abdurashid Ibrohimning nafaqat diniy olim, balki turk, arab, fors, rus va yapon tillarini mukammal bilgan, hatto qirq yoshidan keyin fransuz va lotin tillarini oʻrgangan oʻta salohiyatli shaxs boʻlganini eʼtirof etgan. Bu maʼlumotlarni sulton surgunda boʻlgan kezlari qoʻriqchisi Ali Fathi Beyga soʻzlab bergan.

1905-yilda yaponlarning ruslar ustidan qozongan gʻalabasi Abdurashid Ibrohimga katta umid bagʻishlaydi. Ayniqsa, yaponlarning asir tushgan musulmon turkiylarga koʻrsatgan hurmati uni ruhlantirib, mustamlaka ostidagi musulmonlarni ozod qilishda Yaponiya bilan hamkorlik qilishga ishontirdi. Biroq, uning bu kabi siyosiy faoliyati Rossiya hukumatini xavotirga soldi. 1904-yilda u Istanbulda hibsga olinib, rus amaldorlariga topshirildi va Odessada qamoqqa tashlandi. Shunday boʻlsa-da, Rossiya imperiyasi bosqini ostidagi turkiy xalqlarning hukumatga koʻrsatgan kuchli bosimi natijasida u ikki haftadan soʻng ozodlikka chiqdi.

Rossiya imperiyasidagi 1905-1906-yillardagi siyosiy inqiroz va inqilobiy kayfiyat Abdurashid Ibrohim uchun ham qulay imkoniyat yaratdi. U Rossiya va Turkistonning turli oʻlkalarini kezib chiqib, musulmonlarni siyosiy jarayonlarda va saylovlarda faol ishtirok etishga chaqirdi, Rossiya musulmonlarining I, II va III qurultoylarini tashkil etishda asosiy tashabbuskorlardan biri boʻlib tarixda qoldi.

Rossiyaning yapon urushidagi magʻlubiyati muxolif kuchlarning, jumladan, musulmonlarning ham oʻz talablarini ochiq bildirishiga yoʻl ochgan edi. Abdurashid Ibrohim 1904-yili ichki ishlar vaziri Svyatapolk Mirskiy bilan uchrashib, Rossiyadagi turkiy xalqlarning huquqiy talablarini bayon qildi. Uning saʼy-harakatlari bilan 1905-1917-yillar oraligʻida besh marta musulmonlar qurultoyi oʻtkazildi. Birinchi qurultoy 1905-yilning avgustida boʻlib oʻtdi. Bungacha u Ufadagi diniy boshqarmani isloh qilish, oʻquv dargohlarini tizimlashtirish va iqtisodiy mustaqillikka erishish boʻyicha keng koʻlamli loyiha tayyorlagandi, biroq rasmiylar buni “xayolparastlik” deb rad etishdi. Shunga qaramay, u oʻz safdoshlari bilan birgalikda siyosiy partiya tuzishga qaror qildi. Mashhur maʼrifatparvar Ismoil Gaspirali bilan hamkorlikda Nijniy Novgorodda qurultoy oʻtkazish rejalashtirildi. Shahar hokimiyati majlisga ruxsat bermagach, tarixiy yigʻilish Oka daryosidagi kemada oʻtkazildi. Oʻshanda Ali Mardon Toʻpchiboshining “Agar bizga daryoda ham ruxsat berishmaganda, qurultoyni osmonda boʻlsa ham oʻtkazar edik” degan gaplari musulmon xalqlarining ozodlik va birlik yoʻlidagi qatʼiyatini ifodalovchi ramzga aylandi.

Rossiya musulmonlarining 1905-1906-yillardagi qurultoylari tarixda ilk bor sunniy va shia mazhabidagi dindoshlarning bir maqsad yoʻlida birlashishiga xizmat qildi. Abdurashid Ibrohim uchinchi qurultoydan soʻng Peterburgga qaytib, “Ulfat” gazetasi orqali millatni uygʻotishda davom etdi. Chor hukumati gazetani taqiqlab qoʻygach, qozoq ziyolilari bilan hamkorlikda “Rahbar” va “Najot” kabi yangi nashrlarga asos soldi. Politsiya taʼqibidan qutulish uchun u Peterburgni tark etib, Buxoro, Samarqand, Fargʻona va Yettisuv kabi oʻlkalarga bir yillik sayohatga chiqdi. Bu safar davomida mahalliy xalqni rus istibdodiga qarshi kurashishga va maktablarda “Usul-i jaded” taʼlim tizimini joriy etishga chorladi. Keyinchalik Qozonda toʻrtinchi musulmon qurultoyini ham daryo ustidagi kemada oʻtkazishga muvaffaq boʻldi.

1908-yil 16-sentabrda Abdurashid Ibrohim mashhur “Buyuk sayohat”ini boshladi. U Rossiyaning turli hududlaridan oʻtib, Moʻgʻuliston, Manjuriya va Vladivostok orqali Yaponiyaga yetib bordi. U yerda yetti oy davomida islom dinining maʼrifatparvarlik gʻoyalarini yoyish bilan shugʻullandi, soʻng Koreya, Xitoy, Singapur hamda Hindiston orqali Hijozga oʻtib, haj amalini ado etadi. 1910-yilda Istanbulga kelib, 1912-yilda Usmonli fuqaroligini qabul qiladi. Oʻzining uch yillik sayohat xotiralari va Yaponiyadagi islom dini holati haqida “Olami Islom: Yaponiyada islomning tarqalishi” nomli fundamental asarini yozadi. Shu bilan birga, “Sirotulmustaqim”, “Sablurrashod” va “Taaruf-i muslimin” kabi nufuzli nashrlarda faol maqolalar chop etadi.

1911-yilda Italiya Liviyaga bostirib kirganida, Abdurashid Ibrohim yoshi ulug‘ boʻlishiga qaramay, “bir otash qalbimni qopladi, hech boʻlmasa ozodlik kurashchilariga suv tashishga yarayman” degan niyat bilan Trablus (Tripoli) jabhasiga yoʻl oldi. U yerda besh oy davomida Derne va Bingazida jang qildi hamda mashhur qoʻmondon Anvar Posho bilan yaqindan doʻstlashdi. Anvar Poshoning jasoratini yuksak baholagan olim, Istanbulga qaytgach, urush tafsilotlari boʻyicha oʻtkazgan konferensiyalari bilan katta shuhrat qozondi.

Bolqon urushi davrida Edirnaning dushman qoʻliga oʻtishi Abdurashid Ibrohimni qattiq qaygʻuga soldi. U oʻzining “Islom dunyosi” jurnali orqali butun dunyo musulmonlarini, jumladan, Yaponiya, Xitoy va Hindistondagi doʻstlarini yordamga chaqirdi. Natijada turli oʻlkalardan moddiy koʻmak va koʻngillilar kela boshladi. 1914-yilda ruslar Shimoliy Anadolu hududlariga bostirib kirganda, u yana Anvar Posho bilan hamkorlikda turk askarlarining ruhini koʻtarishga intildi. Rossiya armiyasi safidagi musulmon turkiylarni oʻz qardoshlariga qarshi jang qilmaslikka daʼvat etdi. Urushning ogʻir oqibatlarini koʻrgach, u Istanbulda “Turk-tatar musulmonlari huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi”ni tuzdi. Bu tashkilot Kavkaz, Turkiston, Qrim va Qozon kabi bosib olingan hududlarning haq-huquqlarini xalqaro miqyosda himoya qilishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi.

Birinchi jahon urushi yillarida Abdurashid Ibrohimning faoliyati xalqaro siyosiy maydonda yangi bosqichga koʻtarildi. Germaniya va Usmonli davlati ittifoqchi boʻlgani sababli, Anvar Poshoning topshirigʻiga binoan u Berlinga yoʻl oldi. U yerda Berlin yaqinidagi “Zossen” lagerida saqlanayotgan turkiy asirlar bilan uchrashdi. Olim asirlar oldida nutq soʻzlab, ularni xalifalikni himoya qilishga va bu kurash orqali Rossiya mustamlakasidagi turkiy xalqlarning hurriyatiga erishish mumkinligiga ishontirdi.

Diplomatik yoʻnalishda ham faol boʻlgan Abdurashid Ibrohim Stokgolmda tashkil etilgan “Rossiyadagi xorijiy millatlar jamiyati”da musulmonlar vakili sifatida ishtirok etdi. 1916-yilda u Yusuf Oqchura va Ali Husaynzoda kabi safdoshlari bilan birgalikda AQSh prezidenti Vilsonga Rossiya musulmonlarining ogʻir ahvoli toʻgʻrisida telegramma yoʻlladi. Shuningdek, Lozannada oʻtgan konferensiyada asir millatlarning siyosiy va diniy huquqlarini himoya qilish uchun kurashdi.

1918-yili ayolining vafotidan soʻng, Abdurashid Ibrohim ona yurti Sibirni sogʻinib, inqilob olovi ichida qolgan Rossiyaga qaytdi. Vayronaga aylangan Petrogradni koʻrgach, oʻzining tugʻilgan shahri Taraga yoʻl oldi va u yerda oʻgʻil va qiz bolalar uchun alohida maktablar ochdi. Bolsheviklarning tazyiqlariga qaramay, ikki yil davomida xalqning maʼrifati yoʻlida xizmat qildi. Keyinroq Rossiyadagi fuqarolar urushi va Idil-Ural mintaqasidagi dahshatli ocharchilik davrida Moskvada yordam qoʻmitasi tuzishda qatnashdi. Garchand boshqalar Turkiyadan yordam soʻrashni taklif qilgan boʻlsa-da, Abdurashid Ibrohim oʻziga xos milliy gʻurur bilan bunga qarshilik bildirdi. U Rossiya tarkibidagi turkiy xalqlar urush yillarida Turkiyaga qarshi jang qilgani uchun endi ulardan yordam soʻrashga maʼnaviy haqimiz yoʻq, deb hisoblardi. Ammo, Turkiya hukumati oʻzining ogʻir holatiga qaramay, qardoshlik yordamini ayamadi va mintaqaga 20 vagon oziq-ovqat mahsulotlarini yubordi.

Moskvada boʻlgan vaqtida Abdurashid Ibrohim Lenin va Stalin bilan yaqin muloqotda boʻlib, xalqaro uchrashuvlarda tarjimonlik ham qildi. Biroq, 1923-yilda bolsheviklarning ziyolilarga, ayniqsa, tatar maʼrifatparvarlariga nisbatan boshlagan qatagʻonlari uning hayotini xavf ostiga qoʻydi. Shu sababli, u Moskvani tark etib, Turkiyaga qaytishga majbur boʻldi.

Abdurashid Ibrohim umrining keyingi yillarini (1925–1933) Konyaning Boʻyridelik qishlogʻida oʻtkazadi. Qishloq Sibirdan koʻchib kelgan tatarlarning maskani boʻlib, qahramonimiz bu yerda nafaqat dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullandi, balki shogirdlar yetishtirib, islom dunyosining dolzarb muammolariga bagʻishlangan asarlar yozishni davom ettirdi.

Biroq oʻsha davrdagi siyosiy muhit tufayli oʻz asarlarini Turkiyada nashr ettirish imkonidan mahrum edi. 1933-yilda Tokiodagi musulmonlar rahbari Qurbonaliga yozgan maktubida uzoq Sharqda islom dini uchun yangi ufqlar ochish istagi borligini bildiradi. Uning tasavvurida agar yaponlar islomni qabul qilsalar, Tokio kelajakda islom olamining muhim markazlaridan biriga aylanishi mumkin edi.

1933-yilning 12-oktabrida, 76 yoshli mutafakkir yapon zobiti Masatane Kandaning taklifi bilan Tokioga koʻchib oʻtadi. Garchi keksalik va sogʻligʻidagi muammolar sayohatni qiyinlashtirsa-da, u oʻz gʻoyalari yoʻlidan qaytmaydi. Abdurashid Ibrohim Tokioga kelishi bilanoq keng koʻlamli faoliyatini boshlab yuboradi: 1909-yildan buyon mablag‘ yigʻilib, qurilishi toʻxtab qolgan Tokio jome masjidining tamal toshini qoʻyadi. Natijada dunyo musulmonlari va mahalliy dindorlarning saʼy-harakati bilan 1937-yilda Tokio jomeʼsi tantanali ravishda ochiladi.