Rejissor Ruslan Soliyevning jadidlar tarixidan soʻzlovchi “Armon” filmi premyerasidan soʻng Oyina.uzda uning muvaffaqiyatlari, kamchiliklari va mujdalari borasida faollar hamda soha mutaxassislari ishtirokida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Moderator: Farrux Jabborov, mehmonlar: tarixchi Bahrom Irzayev, bloger Shahnoza Soatova va kinoshunos Shohida Eshonboboyeva.

Farrux Jabborov: Assalomu alaykum Oyina.uz mushtariylari, chatga xush kelibsiz. Bugungi kunda, jadidchilik zamonaviy tilda aytganda, “trend” mavzulardan biriga aylanmoqda. Bu mavzuda maqolalar yozilyapti, kitoblar bosilyapti va mana endi filmlar ham suratga olinmoqda. Yaqinda rejissor Ruslan Soliyevning shu yoʻnalishdagi filmi ekran yuzini koʻrdi va tarmoqlarda faol muhokamalarga sabab boʻldi. Shu boisdan Oyina portali ushbu kino boʻyicha maxsus chat-suhbat oʻtkazishga qaror qildi. Ushbu suhbatimizda tarixchi Bahrom Irzayev, bloger, jadidshunos Shahnoza Soatova va kinomutaxassis Shohida Eshonboboyeva mehmon sifatida qatnashadi.

Dastlabki soʻzni mavzuga eng yaqin insonga — Shohida Eshonboboyevga beramiz.

Shohida Eshonboboyeva: Assalomu alaykum, hammaga.

Har bir xalq tarixida bot-bot eslanuvchi, oʻrganiluvchi davrlar bor. Jadidlar davrini shunday davrlardan biri deyish mumkin. 1996-2000 yillarda ham jadidlar merosiga keng miqyosda murojaat qilingan, ushbu mavzuda koʻplab filmlar suratga olingandi. Oʻsha yillarda “Armon” hujjatli filmida eslab oʻtilgan jadidlarimizning deyarli yarmi haqida alohida kinolar tomoshabinlarga namoyish qilingan. 2017-yildan boshlab jadidlar yana sahnaga qaytdi. Ularning merosi va tarixi tez-tez tilga olina boshlandi. Bu jihatdan “Armon” filmini toʻliq zamonamizga mos film deb ayta olaman.

Farrux Jabborov: Shohida opa, “Armon” filmiga munosabatlarda “bu qanday kino oʻzi, badiiy filmmi yoki hujjatli” degan savollar boʻlyapti. Haqiqatdan ham film anʼanaviy hujjatli filmlardan farq qiladi, siz bunga nima deysiz?

Shohida Eshonboyeva: Hujjatli filmlari turli xil maktablarga ega, ularda oʻziga yarasha farqlar mavjud. Biz muhokama qilayotgan filmda badiiy usullardan keng foydalanilgan, aktyorlar yordamida voqealik tiklangan, bu jihatdan kino biz oʻrganib qolgan televizion hujjatli filmlardan ajralib turadi. Umuman filmda yangi yondashuvlardan foydalanilgan va bu yaxshi, chunki kino sohasi bir joyda qotib qolmaydi, u yangiliklar bilan toʻlib boradi.

Farrux Jabborov: Rahmat Shohida opa. Rostdan ham soʻnggi vaqtlarda tariximiz va yuz yil oldingi tariximizni oʻrganish kuchaydi. Bu borada juda koʻp ishlar qilinmoqda. “Armon” filmi namoyish qilingach ijtimoiy tarmoqlarda unga turli xil munosabat bildirilyapti va munozaralar paydo boʻlmoqda. Shu boisdan hozir soʻzni ijtimoiy tarmoqlar faoli Shahnoza Soatovaga beramiz. Shahnoza opa siz jamoatchilik munosabatida qanday tendensiyalarni kuzatdingiz?

Shahnoza Soatova: Assalomu alaykum.

Toʻgʻrisi filmni ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarni oʻqib, keyin koʻrdim. Kinoni ushbu qarashlar taʼsiriga tushmay koʻrishga harakat qildim, ammo xulosalarim baribir ijtimoiy tarmoqlardagi bilan uygʻun boʻlib qoldi. Film oddiy tomoshabin uchun juda yaxshi, sifatli kontent boʻlgan. Asar shoshma-shosharliksiz, ikki yil davomida tayyorlangan va bu uning qiymatini oshiradi.

Biroq, menda bir-ikki eʼtirozlar bor. Masalan, oʻtmishning yumshoq qilib koʻrsatilishi. Buni oʻsha qonli, dramatik voqealar: oq podshoning oʻldirilishi, Turkiston muxtoriyatining qulatilishi mavzusi aylanib oʻtilganda koʻrish mumkin.

Shuningdek, Anbar Otin va Muqimiy gʻazallari aslida emas, tarjimada berildi. Ayniqsa, Anbar Otin gʻazali oʻsha davrdagi oʻzbek ayolining haqiqiy ahvolini yoritar edi va uni asliyatdagidek berish toʻgʻri boʻlardi, menimcha.

Qolaversa, film maʼlum bir nuqtagacha juda yaxshi ketdi, yaʼni qardosh xalqlar jadidchilik harakati, Alosh Oʻrda, shaxsiy fojialar namoyish qilindi. Keyin birdan film boshqa kanalga oʻtib qolgandek boʻldi. SSSR davri muvaffaqiyatlari eslana boshlandi, “Toʻgʻri shunday qurbonlar boʻlgan, lekin bunday yutuqlar ham boʻlgan” degan maʼno chiqa boshladi. Bunday ritmni biz rus-sovet propagandasida koʻrganmiz. Men filmning topilmalari, ustunliklarini bilan birga mana shu jihatlarini ham aytib oʻtgan boʻlardim va bu menda xavotir uygʻotdi.

Farrux Jabborov: Rahmat Shahnoza opa. Chindan ham filmning oxirgi 15 daqiqasida sovet propagandasining yorqin kadrlaridan foydalanilgan. Bu tarixiy neytrallikni saqlash uchun berilganmi yoki boshqa maʼlum bir maqsad yoʻlida qilinganmi? Bu savolga javobni tarixchi Bahrom Irzayevdan olamiz.

Bahrom Irzayev: Film haqida gapiradigan boʻlsak, birinchi navbatda uning nomiga toʻxtalish kerak. Nega “Armon”? Shuni yaxshiroq yoritish kerak. Ikkinchidan film kim haqda? Agar jadidlar haqida boʻlsa u yerda Nalivkin, Mandelshtam va shunga oʻxshash insonlar nima qilyapti? Ularning jadidlarga nima aloqasi bor?

Albatta, filmda yutuqlar bor. Adib Xolid, Temurxoʻja va katta-katta olimlarning loyihaga jalb qilingani quvonarli hol. Faqat meni oʻylantirgani filmda jadidchilik Ismoil Gʻaspiralibeydan boshlangandek koʻrsatilyapti. Aslida esa yangi ruhdagi fikrlar ildizi Furqat, Muqimiy, Qursaviy, Marjoniy, Ahmad Donish kabi olimlarga borib taqaladi. Kinoda ushbu insonlar ham eslab oʻtilishi lozim edi.

Bundan tashqari, Turkiston va Buxoro jadidchilari aytib oʻtildi, lekin negadir Xorazm millatparvarlari, “yosh xorazmliklar” tilga olinmadi. Qatagʻon davrini tasvirlashda ham emotsiyalar, toʻlqinlik yetishmadi.

Men Shahnoza opaning fikrlariga qoʻshilaman. Filmda ikkita tomonni ham oqlashga harakat qilingan, hech kimni aybdor qilmaslikka urinilgan va oqibatda qorishiq kino paydo boʻlgan. Ikkita qarama-qarshi gʻoyani birdaniga alqashning iloji yoʻq.

Bu yerda barcha masʼuliyat rejissor zimmasida emas, ssenariyni yozishda tarixchi olimlar va manbalar bilan koʻproq ishlanishi lozim edi.

Farrux Jabborov: Toʻgʻri taʼrif berdingiz Bahrom aka. Usmon Nosir borasida men ham ikkilanib qoldim, chunki u jadid emas, jadidlar shogirdi edi. Film ijodkorlari tarixiy voqealikni tizimlashtira olmagan.

Xoʻsh, navbatdagi savolga oʻtsak – ushbu film bugungi jamiyatimizga qanday mujda, signallar beradi?

Shohida Eshonboyeva: Film hozirgi yoshlarga keng maʼlumotlar beradi ammo chuqur emas. Oldinroq aytganimdek, filmda tilgan olingan jadidlarning 50 foizi haqida 1990-yillarda alohida filmlar suratga olingan.

Toʻgʻri, kino yangi jihatlarga ega, masalan Temurxoʻja, Fayzulla Xoʻjayev nevarasining chaqirilishi, tarjimonlar ishtiroki, qozoq va qirgʻiz jadidlari eslanishi kabi. Biroq mavzuga chuqur kirilmagan, asosiy axborotlar shunchaki qayta aytilgan, ochilmagan sirlar olib chiqilmagan. Jadidlarni yanada yaxshiroq tanish, ommalashtirish uchun ularning har biri haqida alohida filmlar yaratish kerak.

Film tarix bilan yaxshi tanish boʻlmagan yoshlarga foydali boʻlishi mumkin, ammo XX asr Turkiston tarixidan xabardor boʻlgan insonlarga bu film katta maʼlumot bermaydi.

Shahnoza Soatova: Filmda “Jadidlar bizning qahramonlarimiz” degan gʻoya borligi yaxshi. Faqat aytganimdek, oʻsha qaysidir nuqtada “tarixga qaytadan, oʻsha davr koʻzi bilan qarab koʻr, sovetlarning yutuqlariyam boʻlgan” degan fikr chiqib keladigan sahnalar boʻldi. Bu menimcha ikki tarafni teng ushlashga urinish natijasi, lekin birdaniga ikki stulda oʻtirib boʻlmaydi, ayniqsa, jadidlar masalasida.

Farrux Jabborov: Chindan ham film soʻngidagi lavhalardan sovetlar ishlari farovonlikka olib kelgan degan maʼno chiqadi.

Endi tinglovchilardan bu boradagi savollar va fikrlarni eshitsak.

Dilorom Karimova: Assalomu alaykum. Bu film menga juda yoqdi, ham hujjatli, ham badiiy jihatlar aralashgan omixta film sifatida juda tomoshabop boʻlgan. Mana olimlarimiz filmning kamchiliklarini sanadi, lekin menimcha ikki yil bunday katta koʻlamli kinoni suratga olish juda kam vaqt. Filmni alohida, qismlarga boʻlib davom ettirish kerak edi.

Latofat Abdirimova: Birinchi aytadigan gapim – kinodan maqsad yoʻq. Bu film nima uchun olingan? Jadidlarni hayotini hikoya qilish uchunmi yoki tarixning ochilmagan sahifalarini ochish uchunmi? Uzr-ku, lekin kino natija uchun qilingan ishga oʻxshaydi.

Yoshlar bu filmni koʻrib, shunchaki “tarixda shunaqa boʻlgan ekan” degan deb ketadi. Ular oʻsha davrdagi muammolar hozir ham aktualligi, jadidlar qahramonligini his qilmaydi. Bu jihatdan film maqsadsiz va yoshlar hech qanday chuqur maʼlumot bera olmaydi.

Jontemir: Ssenariyni oʻzbek yozmagan, chetdan qaralganda ingliz yoki rus millati vakili yozgani sezilib turadi. Masalan, biz uchun allaqachon yod boʻlgan maʼlumotlar ular uchun yangilik boʻlgan va filmga olib chiqilgan. Kartinada umuman milliy ruh yoʻq. Xuddi Moskvadan buyurtma qilingandek.

Yangi tuzumdagi maktablar ochishga oq podsho buyruq bergan, degan lavha oʻsha eski “bizni ruslar kelib madaniyatli qildi, ungacha yovvoyi edik” iborasining qayta takrorlanishi boʻlibdi. Menimcha, rejissor juda bilimsiz, oʻz tarixini, ota-bobolarini bilmaydi, bilganda bunday ssenariy asosida film olinishiga yoʻl qoʻymasdi.

Davra suhbatining to‘lig‘ini ushbu havola orqali eshitishingiz mumkin.