Bugun oʻzidan sanʼatkor yasab olgan, sahnaga chiqib almoyi-jalmoyi qoʻshiq kuylashdan or qilmaydiganlarning sanogʻi yoʻq. Ular yaratgan “eʼjod” namunalarini tinglagan odam na madaniy hordiq, na maʼnaviy ozuqa oladi. Qaytanga dili xufton boʻlib, shunga sarflagan vaqtiga attang deydi. Yaxshiyam, oramizda mumtoz sanʼatimizni asrab-avaylayotgan, qadr-qimmatini oshirayotgan sanʼatkorlarimiz bor. Ulardan biri Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Abdulla Shomaʼrupovdir. Uning “Sensan sevarim xoh inon, xoh inonma” (Lutfiy gʻazali), “Ruxsoring” (Bobur gʻazali), “Sallamno” (Fuzuliy gʻazaliga Amiriy muxammasi), “Parvona qilgansiz”, “Mastona boʻldim”, “Savdoi muhabbat” (Mashrab gʻazali), “Salom ayting” (Xudoyberdi Qoraboyev sheʼri) kabi qoʻshiqlari sanʼatsevar qalblarga bahramandlik ulashib kelayotir. 

Abdulla Shomaʼrupovning maqom, haqiqiy asarning jonbaxshlik xususiyati, jonli ijro, “Shashmaqom”, ustoz-shogirdlik mavzularidagi mulohazalariga quloq tutdik.

Tahririyat

Maqom hech qachon ommaviy sanʼat turi boʻlmagan. Uni xoslar kuylagan, xoslar tinglagan. Adabiyot, din va tarixdan tushunchasi bor odamgina maqomdan lazzat ola bilgan. Shu bois “Maqomni ilgari hamma eshitgan, hozir hech kim tinglamayapti”  degan fikrlarga unchalik qoʻshilmayman. Insonning yoshi ulgʻayib, oʻzligini anglagach, unda mumtoz kuy-qoʻshiqlarga ragʻbat uygʻonadi.

Xoh musiqa, xoh naqqoshlik, xoh xattotlik yo tasviriy sanʼat boʻlsin, haqiqiy asargina inson ruhiyatiga taʼsir etish siriga ega. Ular orasida  musiqa oʻziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Masalan, surat bir marta chizilsa-da, odamlar undan bir necha asrlar davomida maʼnaviy ozuqa olishi mumkin. Musiqa sanʼatida ijrochi yarim soat yoki yigirma daqiqa jonli kuylaydi. Oʻsha lahzalarda ijrochi musiqaning ruhiyati va kayfiyatini tinglovchiga yetkazib berishi kerak boʻladi. Chunki har ijroda musiqiy asar qayta tugʻiladi. Bu yuksak mahorat va tajribaga bogʻliq.

Maqomda shunday turkumlar borki, ularning yoshini hech kim aniq bilmaydi. Ayrimlarining yaralganiga besh-olti asr boʻlgan deyiladi. Ushbu qoʻshiqlar bastakorining nomi ham nomaʼlum. Masalan, “Shashmaqom”da bastakor nomi nomaʼlum, biroq juda mukammal asar. “Shashmaqom”ni bir kishi yaratmagan degan taxminlar bor. Yillar davomida har xil bastakorlar sayqallab borgan degan talqinlarga ham duch kelish mumkin. Unda “moʻgʻulcha”, “qashqarcha” degan usullar bor. “Moʻgʻulchai dugoh”, “Moʻgʻulchai chorgoh” deb bejiz aytilmagan. Bu uning jugʻrofiyasi kengligidan dalolat.

Koʻpchilik mumtoz ashulalarimizning barini maqom deb oʻylaydi. Aslida unday emas. “Shashmaqom” – asarning nomi. “Shashmaqom” xuddi hazrat Alisher Navoiyning “Xamsa”siga oʻxshaydi. “Xamsa”dagi besh dostonning tartibi qatʼiy belgilanganidek, “Shashmaqom”dagi olti maqom – Buzruk, Rost, Navo, Dugoh, Segoh, Iroqda notalarning qanday joylashuviga qarab tovushlar ohangi ham oʻzgarib boradi.

Odatda mumtoz ashulalar oʻrin olgan konsertlarga odamlar kam keladi. Yaxshiyam oʻzbeklarning nahorgi oshi bor. Bugun milliy musiqamiz oshlarda yangrab turibdi. Boshqa oilaviy tadbirlarda milliy musiqa deyarli ijro qilinmaydi.

Sanʼat sohasida shogird tayyorlash murakkab jarayon. Sanʼatning aniq formulasi yoʻq. Musiqani oʻqitish, oʻrgatish metodikasi bor, xolos. Yetuk sanʼatkor boʻlish uchun falon-falon qilish kerak degan yoʻriqnomalar ham bor. Musiqa bilim yurtida shu yoʻsinda minglab talabalar oʻqiydi, biroq ular orasidan bir-ikki nafar sanʼatkor chiqadi. Inson qalbida ilm olishga chanqoqlik boʻlmasa, ustozi kim boʻlishining foydasi yoʻq. Musiqa ilmi gʻisht quyish, beton qorish kabi majburiy oʻrgatiladigan kasb emas. Bu inson ruhiyati bilan bogʻliq hodisa.

Ustozim Kamoliddin Rahimov nihoyatda ziyrak inson edi. Ilk koʻrishganimda oʻn besh yashar edim. Hamza nomidagi musiqa bilim yurtida oʻqib yurgan yillarim xonadoniga bordim. Toʻyga ketayotgan ekan. Oʻzi bilan birga olib ketdi. Shu tariqa toʻrt yil yonida yurib, musiqa sirlarini oʻrgandim.

Kamoliddin akaning shunday odati bor edi: haqiqiy shinavandaning koʻnglini juda hurmat qilardi. Bunday odamlarni ustozdek bilardi. “Falon joyida yaxshi aytmadingiz, mana bu yerida soʻzi ketib qoldi” degan tanbehlarni ham koʻtarardi. Ustozga muxlislarining gapi ogʻir botmas, ularning aytganini qilardi. “Muxlislarni xafa qilib boʻlmaydi, Ular sanʼatimiz rivojiga hissa qoʻshadigan insonlar”, – derdi u kishi.

Kamoliddin Rahimov “Tanovar”ning toʻqqiz usulini kuylashni bilar edi. Shuningdek, “Nima uchun “Tanovar” deb ataladi?” degan savolni qoʻyar va oʻzi javob berardi. Tilimizga arab tilidan, fors tilidan kirgan soʻzlar koʻp. Arab tilida “anvor” – nurlar degan maʼnoni anglatadi. “Anvor” soʻzining oldiga feʼl yasovchi “ta-” old qoʻshimchasini qoʻysak, u feʼlga aylanadi. Masalan, “kalom”ning “takallum”ga, “nuzzul”ning “tanazzul”ga, “rahm”ning “tarahhum”ga aylanishi. “Anvor”ga “ta-” old qoʻshimchasi qoʻshilsa, “tanovar”, yaʼni “nurlarning oʻyini, harakati, oʻzidan nur sochish” degan maʼno kelib chiqadi.

“Adolat tanovari” turi ayollar tomonidan kuylangan. Erkaklar davrasida maqom yoki katta ashula aytilgan.

Haqiqiy sanʼatkor boʻlish uchun hayotning achchiq-chuchugini tatib koʻrish, musofirchilikni ham boshdan kechirish kerak ekan. Harbiy xizmatda vatandan olisda boʻlganman. Postda qorovullikda turganimda vatanni, yaqinlarimni qoʻmsab, ovozimni baralla koʻtarib qoʻshiq kuylardim.

Iztirob chekish har bir insonning boshida bor. Inson dunyoga keldimi, iztirobsiz oʻtmaydi. Qoʻshiqda iztirob boʻlishi kerak. Hamma gap shunda.

Har qaysi kishiga iqtidor beriladi. U ijodning asosiy oʻzagi hisoblanadi. Kimdir iqtidordan foydalanadi, kimdir esa uni koʻmib tashlaydi.

Koʻpchilik ashula bilan qoʻshiqning farqiga bormaydi. Ashula va qoʻshiqning musiqiy shaklida  farq bor. Qoʻshiqda soʻz boʻlinmaydi, ohang soʻzga xizmat qiladi. Masalan, “Illila yorim, uygʻonsin... ”. Bu yerda soʻz boʻlinmayapti.

“Sensan sevariiiim... ”da i tovushida ikki, uchta nota boʻlib ketayapti. Ashulada ohangga soʻz boʻysunadi.

“Sensan sevarim, xoh inon, xoh inonma...” ashulasi estrada ritmidan tobora yana mumtozlashib borayotgandek...

Ijodkor xohlaydimi-yoʻqmi, muhitdan kelib chiqib ijod qiladi. Musiqa ham davr nuqtayi nazaridan oʻzgaruvchan ohang. Bir musiqaning ellik yil oldingi ijrosini xuddi shunday tarzda takrorlab boʻlmaydi, oqar daryodek qaytarilmaydi.

Yoshlik davrimizda yaxshi cholgʻuni topish qiyin edi. Dastavval fabrikada chiqarilgan rubob va dutorlarni chalib oʻrganganman. Sozandaning sozi asbob deyiladi, bu soʻzning oʻzagi “sabab” soʻzidan. Mohirlikda “sababchi” mukammal boʻlishi muhim. Soz tinglovchi va sozanda oʻrtasida kuy yetkazib beruvchi vosita, yaʼni sababchidir.

Hozir chalayotgan sozimni ustozim Kamoliddin Rahimov sovgʻa qilgan. Satoni boʻlsa 1989-yilda sozgar usta Faxriddin aka yasab bergan.

Men sanʼatsevar oilada ulgʻayganman. Amakimning oilasi bilan bir hovlida yashardik. Eskishahardagi tor koʻchadan keng bogʻli hovlimizga kirilardi. Ota-onam sanʼatga muhabbatli insonlar edi. Har oqshom xontaxta atrofida patnis chertib, xalq qoʻshiqlari yoki Ahmad Yassaviy, Xoʻjanazar Huvaydo gʻazallari kuyga solib aytilardi. Oʻsha paytlar milliylik qon-qonimga singib ketgan boʻlsa, ajabmas.

Oilada qatʼiy bir tartib belgilanmagan edi. Hamma bolalar oʻzini erkin tutardi. Ehtimol, shuning uchun ham ijodkor boʻlgandirman. Otam ishdan uyga qaytganda, onam bizdan shikoyat qilib, “Bularni urishib qoʻying, toʻpolonchi boʻlib ketayapti...” derdi, otam esa yoz payti boʻlsa, “qish kelsin, bularning bir adabini beraman”, qish boʻlsa, “yoz kelsin, bularning bir adabini beraman...” deb poʻpisa qilib qoʻyardi.  U kishining qattiq tanbeh berib urishganini eslolmayman.

“Hofiz” soʻzida katta masʼuliyat bor, yuk bor, burch bor. “Hofiz” soʻzi “muhofiz” – muhofaza qiluvchi, saqlovchi maʼnosini anglatadi. Hofizlik rutbasi faqat Qurʼoni karimni oʻquvchilarga emas, balki boshqa sanʼat sohiblariga  nisbatan ham berilgan. Oʻtmishda, inqilobdan oldingi davrlarda sanʼatkor  ming baytdan ortiq gʻazalni yoddan bilsa, unga hofizlik rutbasi berilgan. Arab tilini bilmayman, ammo mumtoz gʻazallarda uchrovchi arabcha, forscha soʻzlarning mazmunini tushunaman.

Nigora UMAROVA yozib oldi.

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 4-son.

“Ashula bilan qoʻshiqning farqi nimada?” suhbati